Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Sentabr, 2025   |   3 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:55
Quyosh
06:13
Peshin
12:20
Asr
16:28
Shom
18:19
Xufton
19:31
Bismillah
25 Sentabr, 2025, 3 Rabi`us soni, 1447

Qur’oni karimni sharhlash – Nabiy alayhissalomning huquq (vakolat)lari

18.09.2025   8066   2 min.
Qur’oni karimni sharhlash – Nabiy alayhissalomning huquq (vakolat)lari

Qur’oni karimni sharhlash va tushuntirish Nabiy alayhissalomga berilgan ikkinchi huquqdir. U zot sollallohu alayhi vasallamning Qur’oni karim oyatiga qilgan tafsirlari hal qiluvchi so‘z sanaladi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

﴿بِالْبَيِّنَاتِ وَالزُّبُرِ وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الذِّكْرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ مَا نُزِّلَ إِلَيْهِمْ وَلَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ﴾

“Ochiq-oydin bayonotlar va kitoblar ila (yubordik). Va senga odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishing uchun zikrni nozil qildik. Shoyadki, tafakkur qilsalar” (Nahl surasi, 44-oyat).

Ushbu oyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning asosiy vazifalaridan biri – Qur’oni karimni bayon qilish ekani alohida ta’kidlanmoqda. Makka ahli Qur’on oyatlarining zohiriy ma’nolarini sharhlanishiga ehtiyoj sezishmagan. Chunki Qur’oni karim ularning o‘z ona tilida vahiy qilinardi. Arablarning aksariyati savodsiz bo‘lishiga qaramay, til va adabiyot borasida juda kuchli bilimga ega bo‘lganlar. Ularning sermazmun she’rlari, balog‘atli nutqlari, ta’sirli suhbatlari arab adabiyotining bebaho xazinasini tashkil etardi.

Shu sababli, arablar Qur’on oyatlarining zohiriy ma’nosini yaxshi tushinishgan. Ma’nolarini anglamay qolishlari amri mahol bo‘lgan.

Demak, bundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga arablarga Qur’on oyatlarining botiniy ma’nolarini ham bayon qilib berish vazifasi yuklangani ma’lum bo‘ladi.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi:

﴿ثُمَّ إِنَّ عَلَيْنَا بَيَانَهُ﴾

So‘ngra uni bayon qilib berish ham Bizning zimmamizdadir (Qiyomat surasi, 19-oyat).

Bu oyatni tafsir qilishga aslo hojat yo‘q. Alloh taolo O‘zi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’on oyatlarining tafsirini bildirgan. Shunga ko‘ra, Nabiy alayhissalom biror oyatni qanday tafsir qilgan bo‘lsalar, albatta uni Alloh taolo bildirgan bo‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Qur’oni karim tafsiri va sharhida aytgan so‘zlari hal qiluvchi so‘nggi so‘zdir.


"Islom shariatida sunnatning o‘rni" kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Haj – 2026” mavsumi ziyoratchilari uchun nimcha tayyorlab beruvchi korxonalar o‘rtasida tanlov

24.09.2025   3264   1 min.
“Haj – 2026” mavsumi ziyoratchilari uchun nimcha tayyorlab beruvchi korxonalar o‘rtasida tanlov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Haj – 2026” mavsumi ziyoratchilari uchun nimcha (kamzul) tayyorlab beruvchi korxonalar o‘rtasida tanlov e’lon qiladi

I. Tanlovda qatnashish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  1. Tanlovda ishtirok etish bo‘yicha xat;
  2. Korxona guvohnomasi va rahbarining pasport nusxasi;
  3. Bankdan K-2 shaklidagi ma’lumotnoma;
  4. Erkak va ayollar uchun bittadan nimcha namunasi;
  5. Tijorat taklifi;
  6. Korxonaning so‘nggi bir yilda bankdagi pul mablag‘lari aylanmasi haqida ma’lumot;
  7. Bog‘lanish uchun telefon nomerlari;

Amaldagi qonunchilikka muvofiq zarurat bo‘lsa qo‘shimcha hujjatlar talab etilishi mumkin.

II. Mahsulotlar (erkaklar va ayollar nimchasi) uchun qo‘yilgan talablar:

  • Nimchalar 50, 52, 54, 56 va 58 o‘lchamlarda tikilishi lozim.
  • Nimchalarning oldi qismi tugmali bo‘lishi shart.
  • Nimchaning orqa yuqori qismida O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i aks ettirilgan bo‘lishi kerak.
  • Bayroqning tepa qismida, orqa tomonda lotin alifbosida “UZBEKISTAN” yozuvi joylashtirilishi talab qilinadi.
  • Har bir nimchaning og‘irligi 190–220 gramm zichlikdagi matodan tayyorlangan bo‘lishi kerak.
  • Nimchalar moviy (och ko‘k) rangda bo‘lishi lozim.
  • Old qismida uchta cho‘ntak bo‘lishi: ikki tomonda (yon cho‘ntaklar) va yuqori chap qismida bitta qo‘shimcha cho‘ntak.
  • Old yuqori chap cho‘ntak ustki qismida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Haj” va “Umra” markazi logotipi joylashtirilgan bo‘lishi shart.

Tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan korxona va tashkilotlar 2025 yil 31 oktyabr kuniga qadar yuqoridagi talablar asosida hujjatlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasiga taqdim etishlari mumkin.

Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Qorasaroy ko‘chasi, 47-uy. Telefon: 71-240-04-75, 98-140-04-75

Yangiliklar