Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Oktabr, 2025   |   1 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:25
Quyosh
06:44
Peshin
12:12
Asr
15:48
Shom
17:34
Xufton
18:47
Bismillah
23 Oktabr, 2025, 1 Jumadul avval, 1447

Ona duosi ijobat

25.09.2025   6272   2 min.
Ona duosi ijobat

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Qabul bo‘lish jihatidan otaning farzandi uchun qilgan duosi Payg‘ambarning ummati haqqiga qilgan duosi kabidir. Onaniki ham shunday” (“Majma’ul odob” kitobidan).


Ona shafqati otanikidan ustunroq bo‘lgani sababli duosining qabul bo‘lishi ham otanikidan tezroqdir. Bir hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “…Onaningi duosi tezroq qabul bo‘ladi”.

Sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan buning sababini so‘raganlarida: “Chunki ona otaga qaraganda farzandga yaqinroq. Yaqin bo‘lganning duosi oldinroq qabul bo‘ladi”, deb javob berdilar (“Majma’ul odob” kitobidan).


Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Allohning ijobat qilishiga aniq ishongan holingizda duo qiling. Bilingki, Alloh g‘ofil va behuda qalbdan duoni qabul qilmas” (Imom Termiziy rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Sizlardan biringiz duo qilsa, rag‘batini katta qilsin (katta narsalar so‘rasin). Chunki beradigan hech bir narsasi Alloh taologa mashaqqat emas”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).


Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy alayhissalom marhamat qiladilar: “Musulmon banda bir gunoh yoki biror qarindoshi bilan orasi ochilishi (shariatga uyg‘un bo‘lmagan narsalar)ni so‘ramagunicha o‘ziga uch narsa berilmasidan duosi qaytarilmaydi: duosi qabul bo‘lib, dunyoda o‘ziga beriladi yoki duosi oxiratga olib qo‘yiladi yoxud duosi qadar bir yomonlikdan uzoqlashtiriladi” (Imom Hokim rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh alayhissalom: «Sizlardan duo qilgach, “Duo qildim, qabul bo‘lmayapti”, deb shoshmaydigan kishining duosi qabul bo‘ladi.

Allohga duo qilinglar va shikoyat qilib: “Ijobat bo‘lmadi, qabul bo‘lmadi”, demanglar», deganlar (Imom Buxoriy rivoti).

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam buyuradilar: “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Alloh azza va jalla duosini qabul qilmaydigan bandasiga duo qilishni nasib etmaydi” (Imom Tabaroniy rivoyati).

 

“Har bir ona bilishi kerak” kitobidan
Nigora MIRZAYEVA tarjimasi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Imomdan ortda qolgani uchun uning namozi buziladimi?

23.10.2025   386   2 min.
Imomdan ortda qolgani uchun uning namozi buziladimi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Imomga namozni avvalidan iqtido qilgan kishi imom rukudan turganidan so‘ng ruku qildi. Imomdan ortda qolgani uchun uning namozi buziladimi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Imomga iqtido qilgan kishi barcha amallarni imomning ketidanoq qilishi afzal sanaladi. Shuning uchun imomga kechikmasdan ergashish afzal bo‘ladi.

Ammo shunga qaramay bir oz kechikish namozni buzmaydi. Masalan, imom rukudan turganidan keyin unga iqtido qilguvchi (muqtadiy) ruku qilsa, kechiktirgani uchun kamchilikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsa ham namozi buzilmaydi. Lekin aksincha, imomdan oldin ruku yoki sajda qilib qo‘ysa va imom bilan birga yoki undan keyin qayta qilib qo‘ymasa, namozi buziladi.


Bu haqda alloma Ibn Obidin batafsil bahs yuritib, quyidagilarni xulosa sifatida keltirganlar:

“Ha, imomga ergashish farz bo‘ladi. Shu ma’nodaki, farz amalni imom bilan birga yoki keyin bajarishi lozim. Masalan, imom ruku qildi, muqtadiy ham u bilan birgalikda ruku qildi. Yoki keyinroq qilib, rukuda imomni topdi, yo imom rukudan boshini ko‘targandan keyin ruku qildi (bularning barchasi ergashish hisoblanadi).

Agar umuman ruku qilmasa yoki imomdan avval rukuga borib, imom rukuga borgunicha rukudan qaytsa va imom bilan birga yoki undan keyin ham ruku qilmasa, namozi buziladi”.

“Demak, ergashishning o‘zi uch xildir:

1. Imomning fe’liga muqorin (bir vaqtda) bo‘lish, masalan, imomning takbiriga o‘z takbirini, rukusiga o‘z rukusini, salom berishiga o‘z salomini muqorin qilish. Agar imomdan oldin ruku qilsa-yu, imom uni rukuda topsa, bu ham shunga kiradi.

2. Imomning fe’liga ketma-ketlikda ergashib, qolgan qismida sherik bo‘lish.

3. Kechikib ergashish (ya’ni, amallarni ketma-ketlikdan ham kechroq bajarish). Mana shu uch turni o‘z ichiga oluvchi mutlaq ergashish farzda farz, vojibda vojib va sunnatda sunnat bo‘ladi. Bunga biror zidlik bo‘lmasa yoki xilof qilish lozim bo‘lmasa (namozi buzilmaydi)”. (“Raddul muhtor” kitobi). Vallohu a’lam.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Maqolalar