Madhiyaning har bir so‘zi butun O‘zbekiston ahlining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoati, xalqimizga xos mehmondo‘stlik, ajdodlar yodi hamda millat g‘ururini mujassam etgan.
Har kuni beqiyos zamin, jannatmakon o‘lkada yashayotganimizni dilimizga jo etib turguvchi qadrdon madhiyamiz esa madhiyalikka nomzod 80 ga yaqin she’rning sardori sifatida qalblarimizga jo bo‘lgan. Har biri maxsus komissiya tomonidan g‘oyat sinchkovlik bilan, jiddiy ko‘rib chiqilgan dastlabki madhiyalardan qirqqa yaqini saralab olinib, ularning 27 tasi tanlovning I bosqichida ishtirok etdi. II va III bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 3 ta madhiya matni esa final bosqichiga munosib ko‘rildi. Bular — Mutal (Mutavakkil) Burxonov va Abdulla Oripov, Baxtiyor Aliyev bilan Abdulla Oripov, Rustam Abdullayev va Mirpo‘lat Mirzo hamkorligidagi madhiyalar edi.
1992 yil 10 dekabr kuni Oliy Kengashning 400 dan ziyod deputat yig‘ilgan 11-sessiyasida gulduros qarsaklaru olqishlar bilan Mutal Burxonov va Abdulla Oripov muallifligidagi hozirgi madhiyamiz qabul qilindi. Zero, o‘z ishining mohir ustalari bo‘lgan ikki muallifning ulkan ijodiy salohiyati aks etgan madhiyamiz boshidan oxiriga qadar qalbimizni hayajonga soladigan sehrga ega. Yurtimizga xos barcha ulug‘vorlik, xalqimizga xos barcha buyuklik mujassam bo‘lgan unda.
O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov "Unutilmas Mutal akamiz" maqolasida xalqimizning bu muazzam qo‘shig‘i haqida shunday yozgan edi: "Madhiya — tirik hayot, jonli turmush. U turli fikrdagi vatandoshlarni bir necha daqiqadayoq so‘z va ohang kuchi bilan birlashtira oluvchi buyuk qudratdir".
Barcha yurtdoshlarimizni ushbu sana bilan tabriklaymiz, milliy madhiyamiz qudrati yanada yuksalib, dunyo bo‘ylab baralla yangrayversin!
https://www.youtube.com/watch?v=AzzBEGs3wjk&t=140s
Muhayyo Turdaliyeva, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA
An’om surasi Qur’oni Karimning oltinchi surasi bo‘lib, u Makkada nozil bo‘lgan, bir yuz oltmish besh oyatdan iborat. An’om – "Chorva mollari" deganidir. Surada bir necha oyatlar chorva mollari haqida kelganligi sababli u An’om deb nomlangan. Qur’oni Karimda Allohga hamd aytish bilan boshlanuvchi besh sura bo‘lib, ulardan birinchisi Fotiha bo‘lsa, ikkinchisi An’om surasidir.
Surada Islom aqidasi asoslari, Alloh taoloning yagona ilohligi, shariat ahkomlari, jumladan, oilaviy masalalar, hayvonlar va uning go‘shti haqidagi masalalar, jihod ahkomlari, g‘ayridinlarga doir ko‘rsatmalar, qiyomat, oxirat, payg‘ambarlar, dunyo va hayot mohiyatiga taalluqli ma’lumotlar bayon qilingan.
Ushbu suraning fazilatlari haqida hadislarda ham keng bayon qilingan.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "An’om surasi nozil qilinayotganda Jabroil alayhissalom bilan birga tushgan farishtalar ko‘pligidan yer bilan osmon orasini to‘sib qo‘ygan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam farishtalarning baland ovozda tasbeh aytayotganini eshitib, u zot alayhissalom ham tasbeh aytgan va Allohga sajda qilgan" (Imom Muslim rivoyati).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "An’om surasi nozil bo‘layotganda farishtalar saf tortib, tasbeh aytib turishdi, ularning juda ko‘pligi tufayli yer ham silkindi", dedilar. Shu vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh taolo barcha aybu-nuqsonlardan pokdir, Unga hamdu sanolar bo‘lsin", deb tasbeh aytdi.
Vosila ibn Asto’ al-Laysiydan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Tavrotni o‘rniga menga yettita uzun sura berildi", dedilar. Ushbu suralardan biri An’om surasidir.
Ushbu sura haqida mufassir olimlar fikrlari:
Ibn Abbos roziyallohu anhu: “An’om surasi Makkada to‘laligacha nozil qilingan. Uning atrofida yetmish ming farishta tasbeh aytib turgan”, deganlar.
Hazrati Umar roziyallohu anhu: “An’om surasi Qur’oni Karimdagi eng sara fazilatli suralardan biridir” deganlar.
Surada boshqa samoviy dinlarda ham buyurilgan ayrim shar’iy hukmlar kelgan bo‘lib ular quyidagilar:
Shuningdek, surada Alloh ta’alo insonlarni eng katta zulm - shirkdan saqlanishga buyuradi. Shirk sababli inson barcha qilgan xayrli amallari savobidan ayriladi, dunyo va oxiratda ziyon ko‘ruvchilardan bo‘ladi.
Suradan kelgan ayrim oyatlar bilan tanishamiz:
"Hamd osmonlar va yerni yaratgan, zulmatlar va nurni paydo etgan Allohga (xos)dir" (1-oyat). Ya’ni yeru-osmondagi barcha narsa va maxluqotlar doimo Allohga hamd aytib turadi. Buni insonlar ko‘rmaydi, eshitmaydi va his qilmaydi. Hamd faqat olamlar robbi Allohgadir.
"Ulardan oldin necha asr (kishilari)ni halok etganimizni ko‘rmadilarmi?! Ularga Yerda sizlarga bermagan imkoniyatlarni berdik, ustilariga osmon (yomg‘ir)ni yog‘dirdik va ostilaridan anhorlarni oqizib qo‘ydik. So‘ngra gunohlari tufayli ularni halok qildik va ulardan keyin boshqa asr (kishilari)ni keltirdik" (6-oyat).
Ushbu oyatda tarixda yashab o‘tgan avvalgi qavmlar hayotini o‘rganish orqali ulardan ibrat olishga, yagona Alloh taologa ibodat qilishga, yaxshi amallarni qilish va yomonliklardan qaytishga chaqiriladi.
"G‘ayb (yashirin ish va narsalar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o‘zga bilmas. Yana, quruqlik va dengizdagi narsalarni (ham) bilur. Biror yaproq (uzilib) tushsa (ham) uni bilur. Yer zulmatlari (qa’ri)dagi urug‘ bo‘lmasin, ho‘lu quruq bo‘lmasin, (hammasi) aniq Kitob (Lavhul-mahfuz)da (yozilgan)dir" (59-oyat).
Bu oyatda g‘ayb ilmlarini Alloh taoloning o‘zigina bilur deyilmoqda. Payg‘ambarlarning ham faqat ayrimlariga bu ilmdan ato etilgan. Oyatda Alloh taoloning azaliy “ilm” sifati bilan oshkorayu-pinhona narsalardan doimiy ravishda ogoh ekani bildirilmoqda. Shu ilmiga binoan qiyomatgacha bo‘ladigan ishlarni “Lavhul-mahfuz”ga oldindan bitib qo‘ygan. Insonlar taqdirini Alloh taolo buyruq tariqasida emas, balki vasf va ta’rif sifatida yozgan. Masalan, falon kimsa o‘z ixtiyori bilan shayton vasvasasiga beriladi, deb yozilgan. “Berilsin!” deb yozilmagan. Aks holda banda javobgar bo‘lmas edi.
"Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur). Kimki (bir) yomon (gunoh ish) qilsa, faqat o‘sha (gunoh) miqdorida (bir gunohga yarasha) jazolanur. Ularga nohaqlik qilinmagay" (160-oyat).
Ushbu oyat sharhida Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis keltiriladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim bir yaxshilik qilishni niyat qilsa-yu, uni qilmasa, unga bitta yaxshilik yoziladi, agar uni qilsa, unga o‘nta yaxshilik yoziladi. Kim bir yomon ishni niyat qilsa-yu, uni qilmasa, unga yomonlik yozilmaydi. Agar o‘sha ishni qilsa, unga bitta yomon amal qilgani yoziladi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
“Tafsiri hilol”, “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”
va boshqa manabalar asosida Dilshodjon Mamadaliyev tayyorladi