Kecha, 15 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Misr Arab Respublikasining mamlakatimizdagi elchisi Tamer Fathi Abdussalom Hammadni qabul qildilar.
Muloqot chog‘ida ikki davlat Rahbarlarining do‘stona munosabatlari tufayli O‘zbekiston va Misr o‘rtasida yaqin hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotgani, ayniqsa, mana shunday iliq munosabatlar natijasida ko‘p qirrali hamkorlik va keng ko‘lamli sheriklik kengaygani, shuningdek, diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.
Ayniqsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Misrning diniy muassasalari – Azhari sharif, Vaqflar vazirligi va Dor al-ifto o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari jadal rivojlangani, xususan, diniy ta’lim yo‘nalishida malakali kadrlarni jalb qilish, imom-xatiblar malakasini oshirish, xalqaro anjuman-ko‘rgazmalarda ikki tomonlama faol ishtirok va hamkorlik qilinayotgani kabi jihatlarga urg‘u qaratildi.
Elchi janoblari samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki yurtni chuqur tarixiy do‘stlik, tamaddun va madaniy rishtalari bog‘lab turishi, xususan, buyuk vatandoshimiz Ahmad al-Farg‘oniy Misrda Nil daryosi suvining miqdorini o‘lchaydigan “Nilometr” asbobi ixtirosi va asli o‘zbekistonlik Ahmad ibn Tulun homiyligida Misr diyori ilm-fan va madaniyatiga beqiyos hissa qo‘shgani, shuningdek, mamlakatdagi “O‘zbekiya” nomli daha go‘zal bog‘lari bilan ajralib turishini alohida qayd etdi.
Tomonlar mutaxassislar kasb mahoratini oshirish, ilmiy-tadqiqot, tajriba almashish, anjumanlar o‘tkazish va jaholatga qarshi kurashish yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar.
Do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda o‘zaro esdalik sovg‘alari almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kunlarning birida Sulaymon ibn Abdulmalik vazir, shahzoda va mulozimlari bilan birga Masjidul haromga bordi. U barcha musulmonlar kabi ehrom (rido va izor) kiyib olgandi.
Uning oldida to‘lin oy kabi nurli, atirgul kurtaklaridek yangi va xushbo‘y ikki o‘g‘li ham bor edi.
Yer yuzining uchdan bir qismini boshqargan musulmonlar xalifasi Baytullohni tavof qilib bo‘lgach, o‘ziga yaqin bir kishidan: “Makkaning olimi kim?” deb so‘radi.
Unga: “Ato ibn Abu Raboh”, deb javob berishdi.
U: “Meni u bilan uchrashtiring”, dedi.
Shunday qilib, u bilan uchrashdi. Ato ibn Abu Raboh qora tanli, jingalak sochli va yassi burunli habash keksa odam ekan.
Xalifa: “Butun dunyoga shuhrati tarqalgan Ato ibn Abu Raboh senmisan?” dedi.
U: “Ha, shunday deyishadi”, dedi.
Sulaymon ibn Abdulmalik: “Bu sharafga qanday erishdingiz?” deb so‘radi.
Ato ibn Abu Raboh: “Insonlarning qo‘lidagi mol-dunyo (ta’ma)dan yuz o‘girish va ilm bilan ularning hojatlarini qondirish orqali”, deb javob berdi.
Yana bunday dedi: “Agar insonlar ilmingizdan behojat bo‘lsalar, mol-dunyoingiz bilan ularning hojatini ravo qilasiz. Agar odamlarning mol-mulkidan behojat bo‘lsangiz, ular sizning ilmingizga muhtoj bo‘ladilar. Peshona teri va qo‘l mehnati orqali rizq talab qilish eng afzalidir. O‘tgan ulamolarning aksariyati kasb-hunar bilan mashg‘ul bo‘lganlar”.
Sulaymon: “Haj amallari haqida Ato ibn Abu Rabohdan boshqa hech kim fatvo bermasin”, dedi.
Sulaymon ibn Abdulmalik o‘g‘illariga: “Ey o‘g‘illarim, Allohga taqvo qiling. Allohga qasamki, Alloh O‘zi xohlagan bandasining darajasini ko‘taradi. Hatto boyligi va nasabi bo‘lmagan habash qul bo‘lsa ham. Allohga qasamki, O‘zi xohlagan kishini xor qiladi, hatto u oliyjanob nasldan bo‘lsa ham”.
Xalifa yana so‘zini davom ettirib bunday dedi: “Siz guvohi bo‘lgan bu kishi – Qur’on tarjimoni Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuning merosxo‘ridir. Shunday ekan ilm o‘rganing, ilm o‘rganing”.
Davron NURMUHAMMAD