Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ko‘p hollarda Qur’oni karim tilovatidan keyingi duolarni savobini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bag‘ishlaymiz, deb boshlaymiz. Ayrimlar buning hojati yo‘q. Payg‘ambarimiz alayhissalom ummatning ustozlari bo‘lgani uchun, ummatlarining amallaridan savoblar shundoq ham yetib turadi, deyishadi. Boshqalar Rasululloh alayhissalom ma’sum, barcha xato va gunohlardan pok, u zot bizning duolarimizga, savob bag‘ishlashimizga ehtiyojlari yo‘q, deyishadi. Aslida turli savobli amallar bajarib, savobini Rasulullohga bag‘ishlash mumkinmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Solih amallar qilib, ularning savobini faqat gunohi bor odamga bag‘ishlanadi, degan tushunchaning o‘zi xatodir. Chunki bag‘ishlangan savob inson gunohlarining kechirilishi bilan birga oxiratdagi maqomi ham oshishiga sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga savob bag‘ishlash masalasida ulamolarimiz bu amal joiz va bag‘ishlovchining o‘ziga ulkan manfaat bo‘ladi, deyishgan.
To‘g‘ri, u zot alayhissalom bizning duo yoki savoblar bag‘ishlashimizga muhtoj emaslar, ammo u zotga yaqin bo‘lish, shafoatlariga noil bo‘lish uchun shu amallarga biz muhtojmiz.
Qolaversa, savob bag‘ishlash hadya berish hisoblanadi. Taqdim qilingan hadyadan oluvchi xursand bo‘lganidek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham pokiza ruhlariga bag‘ishlangan savoblardan shubhasiz, mamnun bo‘ladilar. U zoti bobarakot alayhissalom Alloh taologa eng muqarrab payg‘ambar, duolari beshak ijobat bo‘ladigan zot bo‘lishlariga qaramay hazrati Umar roziyallohu anhu umraga ketayotgan vaqtda unga: “Ey Birodar, duolaringizda bizni unutmang”, deb duo so‘raganlar.
Holbuki, Payg‘ambarimiz alayhissalom biror kishining duolariga muhtoj emas edilar.
Masalan, kimdir birovdan yaxshilik ko‘rsa, minnatdorchilik sifatida uning haqiga duo qiladi, go‘zal tilaklar aytadi. Sarvari olamning nafaqat biz ummatlarga, balki butun insoniyatga qilgan yaxshiliklari behisobdir.
Demak, biz u zot alayhissalom haqlariga minnatdorchilik ma’nosida ham duolar qilib, salavotlar aytamiz.
Ummatning ilk muallimlaridan hamda faqih sahobiylardan biri Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin u zotning nomlaridan umra qilganlar.
Ibn Muvaffaq rahimahulloh esa u zot nomlaridan yetmishta haj qilganlar. Abu Bakr ibn Sarroj degan alloma u zot alayhissalom uchun o‘n mingdan ortiq xatmi Qur’on va shuncha adadda qurbonlik qilganlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi bilan diniy soha vakillari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jismoniy faollikni oshirish va o‘zaro do‘stona munosabatlarni mustahkamlash maqsadida sport musobaqalari izchil ravishda tashkil etilmoqda.
Shu doirada Qashqadaryo viloyatida voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka bo‘yicha musobaqalarning final bosqichi o‘tkazilib, shahar va tumanlardan saralangan g‘oliblar faol ishtirok etdilar. Qizg‘in bahslar yakunlanib, har bir sport turi bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, keyingi bosqich musobaqalarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdilar.
Musobaqada O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov hamda Qashqadaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Farhod Kushakov ishtirok etib, qatnashchilarga ezgu tilaklar bildirdi va respublika bosqichida omad tiladi.
Tadbirni yuqori saviyada tashkil etishda yaqindan ko‘maklashgan Qashqadaryo viloyati hokimligi va viloyat sport boshqarmasi rahbariyati hamda xodimlariga minnatdorchilik bildiramiz.
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati