Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ro‘zadorga ikki xursandchilik bor. Qachon iftor qilsa, xursand bo‘ladi. Robbisiga yo‘liqqanida xursand bo‘ladi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolar ushbu hadisning sharhida bunday deydilar:
"Birinchi xursandchilik - farz ibodatni salomat holda bajargani, Alloh taolo unga kuch-quvvat va tavfiq bergani, ko‘plab savoblarga ega bo‘lgani uchun bo‘ladi.
Ikkinchi xursandchilik - oxiratda Robbiga yo‘liqqanida tutgan ro‘zasi uchun berilgan ulkan savoblarni ko‘rganida bo‘ladi".
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Varshavada muborak Ramazon oyiga bag‘ishlangan vatandoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston elchixonasi O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari bilan birgalikda Varshavada mamlakatimiz vatandoshlari uchun ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi.
Mazkur tadbirda Polshada istiqomat qiluvchi va tahsil olayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar muborak Ramazon oyining inson hayotidagi ahamiyati, shuningdek, minnatdorchilik, sabr-toqat, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat kabi fazilatlarning ahamiyati haqida fikr almashdilar.
Bundan tashqari, vatandoshlar ushbu muborak kunlarda o‘zlariga ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun samimiy minnatdorchilik bildirishdi va eng yaxshi ezgu tilaklarini muhtaram Yurtboshimiz va barcha O‘zbekiston xalqiga yetkazishni so‘rashdi.
Ushbu uchrashuvning vatandoshlar o‘rtasida birdamlikni mustahkamlashga va milliy va ma’naviy qadriyatlarni asrashga hissasini qo‘shishligi ta’kidlandi.
I.Ahmedov tayyorladi.