Misrlik yosh qiz Rihab Saloh ash-Sharif bir yarim yil ichida Qur'oni karimni to'liq yodlashga va uch oyda to'liq ko'chirib yozishga muvaffaq bo'ldi. Bu haqda IQNA sayti "Cairo-24" ga tayanib xabar berdi. U Misr shimolidagi Qina viloyatining Farshut shahrida yashaydi.
Ayni paytda 21 yoshli Rihab Misr Arab Respublikasining Asyut shahridagi "al-Azhar" universitetining adabiyot fakulteti uchinchi kurs talabasi bo'lib, arab tili va adabiyotini o'rganmoqda.
Ma'lum bo'lishicha, dastavval u Qur'oni karimni bir yarim yil ichida to'liq yodlashni o'z oldiga maqsad qilgan edi.
Qohiraning “Cairo-24” telekanaliga bergan interv'yusida u Qur'oni karimni "al-Azhar" universitetida tahsil olayotgan paytda yod olishni boshlagani, biroq bir yarim yil avval uni to'liq yod olishga qaror qilganini aytdi.
Rihab Qur'oni karimni faqat yodlash uchun yozishni boshlagani va bu muqaddas kitobni uch oyda yozib tugatganini ma'lum qilgan.
Qur'oni Karimni yozib, so'ng yodlash qadimdan Qur'on hofizlarining o'z xotiralarini mustahkamlash uchun qo'llagan usullaridan biri sanaladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati