Misrlik yosh qiz Rihab Saloh ash-Sharif bir yarim yil ichida Qur'oni karimni to'liq yodlashga va uch oyda to'liq ko'chirib yozishga muvaffaq bo'ldi. Bu haqda IQNA sayti "Cairo-24" ga tayanib xabar berdi. U Misr shimolidagi Qina viloyatining Farshut shahrida yashaydi.
Ayni paytda 21 yoshli Rihab Misr Arab Respublikasining Asyut shahridagi "al-Azhar" universitetining adabiyot fakulteti uchinchi kurs talabasi bo'lib, arab tili va adabiyotini o'rganmoqda.
Ma'lum bo'lishicha, dastavval u Qur'oni karimni bir yarim yil ichida to'liq yodlashni o'z oldiga maqsad qilgan edi.
Qohiraning “Cairo-24” telekanaliga bergan interv'yusida u Qur'oni karimni "al-Azhar" universitetida tahsil olayotgan paytda yod olishni boshlagani, biroq bir yarim yil avval uni to'liq yod olishga qaror qilganini aytdi.
Rihab Qur'oni karimni faqat yodlash uchun yozishni boshlagani va bu muqaddas kitobni uch oyda yozib tugatganini ma'lum qilgan.
Qur'oni Karimni yozib, so'ng yodlash qadimdan Qur'on hofizlarining o'z xotiralarini mustahkamlash uchun qo'llagan usullaridan biri sanaladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 15 dekabr kuni Malayziyaning «Nasyrul Quran» markazi bosh ijrochi direktori Muhammad Ashharim bin Abdullatif boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondida bo‘ldi. Mehmonlarni fond rahbari Jahongir Salamov kutib oldi.
«Nasyrul Quran» markazi – dunyodagi Qur’on chop etish bo‘yicha yirik markaz bo‘lib, Malayziyada faoliyat ko‘rsatadi. Majmua Madinadagi Qirol Fahd majmuasidan keyin ikkinchi eng yirik Qur’oni Karim bosib chiqaruvchi markaz hisoblanadi.
«Nasyrul Quran» majmuasining faoliyati ichki va dunyo miqyosida Qur’on nusxalariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish imkonini beradi.
Majmua har yili bir million nusxa Qur’on chop etishni maqsad qilgan bo‘lib, uning 70 foizi ichki foydalanish uchun, qolgan qismi esa ehtiyojmand boshqa mamlakatlarga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlash joizki, «Nasyrul Quran» markazi vaqf tashkiloti hisoblanadi.
Uchrashuv davomida tomonlar bir necha masalalar yuzasidan fikr almashdi. Xususan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi va vaqf tashkiloti hisoblanmish «Nasyrul Quran» markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, Qur’oni karim va qadimgi qo‘lyozma asarlarni o‘rganish bo‘yicha hamkorlik qilish, vaqf ishlarini raqamlashtirish, islomiy fintek sistemasi qo‘llash bo‘yicha birgalikda ishlash, vaqf mulklarini ko‘paytirish, ta’lim sohasi va vaqf sohasida tajriba almashish shular jumlasidandir.
Mazmunli va manfaatli bo‘lgan uchrashuv so‘nggida Muhammad Ashharim bin Abdullatif fond rahbariga minnatdorlik bildirdi. Tomonlar o‘zaro esdalik sovg‘alari almashishdi.
Vaqf.uz