Shu yil 17-18 oktyabr' kunlari Qohirada o'tkazilgan xalqaro anjuman doirasida Muftiy Nuriddin domla hazratlari Misr Arab Respublikasi muftiysi Shavqiy Ibrohim Allom janoblari bilan uchrashuv o'tkazdilar. Unda O'zbekistonning Misrdagi elchisi Mansurbek Qilichev, Misr Arab Respublikasi muftiyligi vakillari va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.
Samimiy muloqot chog'ida Shavqiy Allom hazratlari Muftiy Nuriddin domla hazratlariga nufuzli anjumandagi faol ishtiroklari uchun minnatdorchilik bildirib, u kishi tomonidan xalqaro anjumanda bildirilgan muhim masala va takliflar e'tirofga loyiq ekanini izhor qildi.
O'z navbatida Muftiy Nuriddin domla hazratlari ham Misr muftiysi Shavqiy Allom janoblariga xalqaro anjumanga taklif etganlari va uning yuqori darajada tashkil qilgani uchun tashakkur aytdilar.
Sermazmun uchrashuv chog'ida ikki davlat muftiylari Misr va O'zbekiston qadimdan Islom dini markazlari bo'lgani, bu diyorlardan etishib chiqqan allomalar, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Kosoniy va «Sohibi Hidoya» Burhoniddin Marg'inoniy kabi mutafakkirlarning butun dunyoda Islomning yoyilishi va rivojiga munosib hissa qo'shganlari, bu qadim an'ana bugungi kunda ham davom etayotganini ta'kidladilar.
Hususan, O'zbekiston va Misr davlat rahbarlarining sa'y-harakatlari, diniy-ma'rifiy sohaga qaratayotgan alohida e'tiborlari natijasida ikki davlat diniy idoralari butun dunyo Islom olami mamlakatlari uchun bugungi kunning dolzarb mavzulariga bag'ishlangan mana shunday xalqaro anjumanlar o'tkazayotganlarini qayd etdilar.
Uchrashuvda Misrdagi Dorul Ifto va O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi o'rtasida o'zaro hamkorlik qilish, xususan, mutaxassislar kasb-mahoratini oshirish, o'zaro tajriba almashish, hamkorlikda anjumanlar o'tkazish hamda dolzarb mavzularda zamonaviy fatvolar ishlab chiqish kabi muhim masalalarga alohida diqqat qilindi.
Uchrashuv do'ston va samimiy ruhda o'tdi.
Bugun Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Shoh Mashrab” jome masjidida imom-xatiblar, noiblar va otinoyilar ishtirokida 2025 yil yakunlari hamda 2026 yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Hafizullo domla Zayniyev so‘zga chiqib, yurtimizdagi diniy-ma’rifiy islohotlar va soha xodimlarining jamiyatdagi o‘rni, xususan, imomlarning shaxsiy namuna bo‘lishlari muhimligini ta’kidladi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tuman bo‘yicha bosh mutaxassisi Shoxruhmirza Mamadiyev esa hududdagi xayriya ishlari va ma’naviy targ‘ibot tadbirlarining samaradorligiga to‘xtaldi.
Yig‘ilishda otinoyilar oldida turgan dolzarb vazifalar — «mahallabay» ishlash, oilalarni yarashtirish va bid’at-xurofotlarga qarshi kurashish masalalari alohida muhokama qilindi.
Tadbir yakunida faol imomlar va otinoyilar tuman hokimligining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati