Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2025   |   4 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:03
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2025, 4 Rajab, 1447

06.05.2022. Farishtalar ham hayo qilgan zot

04.05.2022   10855   13 min.
06.05.2022. Farishtalar ham hayo qilgan zot

بسم الله الرحمن الرحيم

Farishtalar ham hayo qilgan zot

Muhtaram jamoat! Bugun siz azizlar bilan Islom tarixida to'g'ri yo'ldagi xalifalarning uchinchisi, tirikligida jannat bashorat berilgan buyuk sahoba – Hazrati Usmon ibn Affon raziyallohu anhu haqlarida suhbatlashamiz.

Usmon ibn Affon raziyallohu anhu mashhur “Fil hodisasi”dan olti yil keyin Toif shahrida tavallud topganlar. Demak, u kishi Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan olti yosh kichik bo'ladilar.

Usmon raziyallohu anhuning nasablari Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning nasablari bilan ham ota tarafdan, ham ona tarafdan birlashadi.

Abu Bakr raziyallohu anhu musulmon bo'l­gan kunlarining o'zidayoq jannatning bashoratiga sazovor bo'lgan zotlardan besh kishining Islomga kelishiga sababchi bo'lganlar. Ana o'sha besh kishining biri hazrati Usmon raziyallohu anhu edilar.

Ibn Asokirning rivoyat qilishicha, Usmon raziyallohu anhu o'rta bo'yli, chiroyli va oppoq yuzli, yanoqlari qizg'ish, yuzida chechakdan qolgan izlar bor, soqoli qalin, ikki elkasi keng, boldirlari kichkina, bilaklari uzun, jingalaksoch, eng go'zal odamlardan edilar. Rasuli akram alayhissalom qizlari Ummu Kulsumni Hazrati Usmon raziyallohu anhuga turmushga berayotganlarida: 

إِنَّ بَعْلَكِ أَشْبَهُ النَّاسِ بِجَدِّكِ إبْرَاهِيمَ وَأَبِيكِ مُحَمَّدٍ 

(رَوَاهُ الامَامُ الحَاكِمُ فِي المُسْتَدْرَكِ)

ya'ni: “Sizning bo'lajak eringiz insonlar ichida bobongiz – Ibrohimga va otangiz Muhammadga eng o'xshash kishidir”, – deganlar (Imom Hokim rivoyatlari).

Payg'ambarimiz alayhissalom Usmon raziyallohu anhuga avval Ruqayya ismli qizlarini, uning vafotidan keyin esa Ummu Kulsum ismli qizlarini nikohlab berganlar. Shuning uchun ham Hazrati Usmon raziyallohu anhuni “Zun-nurayn” – ikki nur egasi deb aytiladi. Ushbu fazilatga boshqa sahobalar etisha olishmagan. Rivoyat qilinishicha, Sarvari olamning Ummu Kulsum qizlari vafot etganinida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “Agar yana bir qizim bo'lganida, uni ham, albatta, Usmonga jufti halollikka berardim”, – deganlar.

Hazrati Usmon raziyallohu anhu o'ta hayoli kishi edilar. Bunga Oisha onamiz raziyallohu anhodan rivoyat qilingan quyidagi voqea ham ochiq dalildir: “Bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam mening uyimda yonboshlab yotgan edilar. Shu payt Abu Bakr raziyallohu anhu izn so'radilar. U zotga izn berildi. U zot alayhissalom esa, haligi holatda hazrati Abu Bakr siddiq  bilan gaplashdilar. So'ngra Umar raziyallohu anhu izn so'radilar. U zotga ham izn berildi. U zot alayhissalom yana haligi holatda hazrati Umar bilan ham gaplashdilar. So'ngra Usmon raziyallohu anhu izn so'radilar. U zot alayhissalom yonboshlagan holatlaridan o'tirgan holatga o'zgarib, kiyimlarini to'g'rilab, keyin hazrati Usmonni qabul qildilar. So'ngra hazrati Usmon chiqib ketganlarida men: “Yo Rasululloh, hazrati Abu Bakr kirgan edi, holatingizni o'zgartirmadingiz. So'ngra hazrati Umar kirgan edi, holatingizni o'zgartirmadingiz. Hazrati Usmon kirganda esa, o'tirib, kiyimlaringizni to'g'riladingiz?!” dedim. Shunda Rasuli akram alayhissalom:

 أَلاَ أَسْتَحِي مِنْ رَجُلٍ تَسْتَحْيِ مِنْهُ الْمَلاَئِكَةُ 

(رواه الامام مسلم)

ya'ni: “Farishtalar hayo qiladigan odamdan men hayo qilmas ekanmanmi?!” dedilar (Imom Muslim rivoyatlari).

Usmon raziyallohu anhuga Alloh taolo tomonidan berilgan nodir sifatlardan yana biri cheksiz saxovat edi. U  zot Islomga kirganlaridan boshlab, umrlarining oxirigacha har juma kuni Alloh taoloning roziligi uchun bir dona qulni ozod qilar va buni o'zlariga vazifa qilib olgan edilar. Agar ozod qilgani qul topa olmasalar, keyin topib, bo'lsa ham ozod etar edilar.

Madinai munavvarada suv taqchilligi vujudga kelib, kishilar ichgani suv topa olmay qoldi. Bu holatdan bir g'ayridin kishi foydalanib qolmoqchi bo'ldi. Uning Ruma nomli bir qudug'i bor edi. O'sha quduqning suvini qimmat narxda sota boshladi. Boyroq kishilar uning suvidan sotib olib, ichdilar, lekin ko'pchilik suvsizlik mashaqqatini cheka boshladi. Ana shu chog'da Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:  

مَنْ يَشْتَرِي بِئْرَ رُومَةَ فَيَجْعَلَ دَلْوَهُ مَعَ دِلَاءِ المُسْلِمِينَ بِخَيْرٍ لَهُ مِنْهَا فِي الْجَنَّةِ

(رواه الإمام الترمذي)

ya'ni: “Kim “Ruma” qudug'ini sotib olib, o'z chelagini musulmonlar chelagi bilan birga qilsa, unga jannatda yaxshiroq quduq berilur”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari). Shunda hazrati Usmon raziyallohu anhu qariyb o'ttiz besh ming dirhamga sotib oldilar. (Bu hozirgi kunda taxminan 350 ta o'rtacha tuya qiymatiga teng bo'ladi).  

Bugungi kunda ushbu quduq atrofida bog' bo'lib, undagi xurmolar soni 15500 tupdan ko'proq. Rasmiy ma'lumotga ko'ra, quduqning chuqurligi taxminan 37 metrni, kengligi taxminan 4 metrni, suvning balandligi taxminan 29 metrni tashkil etadi. Alloh taoloning fazli bilan ushbu vaqfning savobi 14 asrdan beri Usmon raziyallohu anhuga borib turibdi. Modomiki, ushbu quduq mavjud ekan, undan musulmonlar manfaat olishar ekan, Usmon raziyallohu anhuga savob borib turadi.

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hazrati Usmon raziyallohu anhuni maqtab shunday deganlar:

لِكُلِّ نَبِيٍّ رَفِيقٌ وَرَفِيقِي فِي الجَنَّةِ عُثْمَانُ بْنُ عَفَّانَ

(رواه الإمام الترمذي)

ya'ni: “Har bir nabiyning hamrohi bordir. Mening jannatdagi hamrohim Usmon ibn Affondir”, – deganlar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o'zlarining sahobai kiromlaridan o'n kishiga bir paytning o'zida jannatning bashoratini berganlar. Ana shu saodatmand zotlar ro'yxatida Abu Bakr raziyallohu anhu va Umar raziyallohu anhudan keyin, uchinchi sirada hazrati Usmon raziyallohu anhu turadilar.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hazrati Usmon raziyallohu anhudan rozi holda vafot etdilar. Sarvari olam alayhissalom Rafiqi A'loga intiqol qilishlaridan oldin quyidagilarni e'lon qilganlar: “Ey odamlar! Albatta, men Umardan, Usmondan, Alidan, Tol­ha ibn Ubaydullohdan, Zubayr ibn Avvomdan, Sa'd ibn Abu Vaqqosdan, Abdurrahmon ibn Avf­dan va avvalgi muhojirlardan roziman. Bas, ularning qadrini bilinglar”, – dedilar.

Shunday qilib, Usmon raziyallohu anhu yana bir katta baxtga erishdilar, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam rozi bo'lib o'tgan saodatmand kishilar ro'yxatining avvalgi qismidan o'rin oldilar.

Hazrati Usmon ibn Affon raziyallohu anhu ibodatda va taqvoda ham peshqadam sahobalardan edilar. Rivoyat qilinishicha, u zot haj kunlari Ka'baning oldida bir rak'atda Qur'onni to'liq xatm qilar ekanlar. Boshqa kunlari har juma kuni Qur'onni xatmini boshlab, payshanba kuni tamomlar ekanlar. Hazrati Usmon raziyallohu anhu Qur'on tilovati haqida shunday der ekanlar:

إِنِّي لَأَكْرَهُ أَنْ يَأْتِيَ عَلَيَّ يَوْمٌ لَا أَنْظُرُ فِيهِ إِلَى عَهْدِ اللهِ يَعْنِي الْمُصْحَفَ

(رواه الامام البيهقي)

ya'ni: “Men biror kunimni Allohning bu ahdi (ya'ni, Qur'on)ga qaramasdan o'tkazishimni yoqtirmayman” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Boshqa rivoyatda:

حُبِّبَ إليَّ مِنَ الدُّنْيَا ثَلاثٌ: إِشْبَاعُ الجَوْعَانِ، وَكِسْوَةُ العُرْيَانِ، وَتِلاَوَةُ القُرْآنِ

ya'ni: “Menga dunyodagi uchta narsa yaxshi ko'rsatildi: Ochlarni to'ydirish, kiyimsizlarni kiyintirish va Qur'onni tilovat qilish”.

Darhaqiqat, hazrati Usmon raziyallohu anhu ushbu xayrli ishlarni kanda qilmas edilar. Tobeinlardan Shurahbil ibn Muslim u zotning taqvosi va saxovati haqida so'z ketganda shunday der edi: “Usmon raziyallohu anhu odamlarga amirlarning taomini edirar edi. O'zi esa uyiga kirib, sirka bilan zaytun er edi”.

Shuningdek, tahajjud namozi bilan tunlarini bedor o'tkazish, kunduzlari uzluksiz ro'za tutish u zotning odatlari hisoblangan edi. Ibodatga bo'lgan bu oliy himmatlarini ko'rgan kishilar bundan qattiq ta'sirlanishardi. Sahobalardan Ibn Umar raziyallohu anhu Alloh taoloning:

 أَمَّنْ هُوَ قَانِتٌ آنَاء اللَّيْلِ سَاجِدًا وَقَائِمًا يَحْذَرُ الآَخِرَةَ وَيَرْجُو رَحْمَةَ رَبِّهِ

ya'ni: Yoki kechalari sajda qilgan va tik turgan holda ibodat qiluvchi, oxiratdan qo'rqadigan va Parvadigorining rahmatidan umid qiladigan kishi (bilan boshqalar barobarmi?!) (Zumar surasi, 9-oyat) oyati haqida “Bu hazrati Usmon ibn Affon haqlaridadir”, – deganlar.

Hazrati Usmon ibn Affon raziyallohu anhu xalifaliklari davrida o'zlaridan avvalgi xalifalarning ishlarini davom ettirib, musulmonlar ommasi uchun foydali bo'lgan katta ishlarni amalga oshirdilar. Jumladan, Qur'ondan nusxalar ko'chirtirib, barcha o'lkalarga tarqatish, Masjidi Nabaviyni kengaytirish, musulmonlar uchun dengiz flotini tashkil etilishi, Juma namozida birinchi azonning ziyoda qilinishi, qo'riqxonalar tashkil qilish, masjidlarni xushbo'y qilish va muazzinlarga maosh belgilash kabi islohatlarni joriy qildilar.

Muhtaram jamoat! Payg'ambarimiz alayhissalom hayotlik paytlarida hazrati Usmon raziyallohu anhu fitnachilar tomonidan shahid qilinishini aytgan edilar. Hazrati Usmon raziyallohu anhuning umrlarining oxirida ayrim munofiq kimsalar fitna qo'zg'ab, odamlarni xalifaga qarshi qayradilar. Ish kattalashib, fitnachi to'dalar Madinaga bostirib kelib, hazrati Usmon raziyallohu anhuning hovlilarini qamal qilishganida, Madinadagi nizom buzildi, Usmon raziyallohu anhu behuda qon to'kilmasligi uchun sahobalardan urush qilmaslikni talab qildilar. Boshqa viloyatlardan Usmon raziyallohu anhuning himoyasiga madadlar etib kelishiga oz qolganida qo'zg'olonchilar qo'rqib, devordan oshib tushib, hazrati Usmon raziyallohu anhuning hovlilariga kirishdi. Usha paytda u zot Alloh taoloning

   الَّذِينَ قَالَ لَهُمُ النَّاسُ إِنَّ النَّاسَ قَدْ جَمَعُوا لَكُمْ فَاخْشَوْهُمْ فَزَادَهُمْ إِيمَانًا وَقَالُوا حَسْبُنَا اللَّهُ وَنِعْمَ الْوَكِيلُ

ya'ni: “Kishilar ularga: “Odamlar sizga qarshi kuch to'pladilar, ulardan qo'rqinglar”, deganda bu ularning iymonlarini ziyoda qildi va: “Bizga Allohning O'zi etarli, U qanday yaxshi vakil!” dedilar” oyatini qiroat qilib o'tirar edilar (Oli Imron surasi, 173-oyat).

U kishi ularga e'tibor ham bermasdan tilovat qilaverdilar. Fitnachilar o'zlarining jirkanch jinoyatlariga qo'l urishganida ham hech qarshilik qilmay, Allohning Kitobini o'qiyverdilar. Faqat xiyonat qilichining bir zarbasi qo'llarini kesganida: “Allohga qasamki, bu qo'l Qur'on oyatlarini birinchi bo'lib yozgan qo'l edi”, dedilar, xolos. Qon otilib, mushaf sahifalariga tushayotganini ko'rib, darhol qo'llarini o'zlariga tortib oldilar. Shunday qilib ikki nur sohibi – hazrati Usmon raziyallohu anhu hijriy 35 yil 18 zulhijja, juma kuni fitnachilar tomonidan shahid qilindilar.

Alloh taolo Usmon raziyallohu anhudan rozi bo'lsin. Bu zotni Islom ummati uchun qilgan ulkan xizmatlarini qabul aylab, O'zi mukofotlasin! Omin!

Boshqa maqolalar
Videolar

Amaliy tadbirlarning navbatdagisi poytaxtimizning Olmazor tumanida bo‘lib o‘tdi

24.12.2025   3682   4 min.

Shu yil 23 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi o‘tkazib kelinayotgan amaliy tadbirlarning navbatdagisi poytaxtimizning Olmazor tumanida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchilik qildi. Shuningdek, unda Diniy idora bo‘limi boshliqlari Islomiddin domla Zuhriddinov, Muzaffar domla Kamolov va Masjidlar bilan ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi Dilmurod Rahimovlar qatnashdi.

Mazkur tumandagi “Islomobod” masjidida o‘tkazilgan tashkiliy yig‘ilishda Toshkent shahar vakilligi rahbariyati, tuman-shaharlar bosh imom-xatiblari va Olmazor tumanidagi masjid imom-xatiblari ham ishtirok etdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Unda Zayniddin domla Eshonqulov mazkur kitob bugungi hayotimiz bilan naqadar uyg‘un ekani, dinimizda ham inson va uning qadr-qimmati yuksak ulug‘lanishi, har bir diniy soha xodimining faoliyati uchun dasturamal bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Ushbu kitob barcha ishtirokchilarga tarqatildi.

Tadbir davomida tuman bosh imom-xatiblari uchun namunaviy maxsus kiyim namunasi taqdimot qilindi. Unda chakmon, duxoba va milliy do‘ppilar namoyish qilindi.

Shuningdek, Toshkent shahri, xususan, Olmazor tumanida 2025 yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Unda shahardagi imom-xatiblar faoliyatidagi yutuqlar e’tirof etilib, ba’zi kamchiliklar bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Shundan so‘ng Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari Rustamov Ergashali boshchiligida tumanlar bosh imom-xatiblari, shuningdek, tajribali imom-xatiblardan tarkib topgan Ishchi guruh tuzilib, ular Olmazor tumanidagi 21 ta masjid va mahallasiga biriktirildi.

Tadbir doirasida amaliyoti nazarda tutilgan yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagilar amalga oshirildi:

Birinchi yo‘nalish bo‘yicha imom-xatiblar 7 toifaga mansub 105 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi: Xususan:  

- 20 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashilib, tushunchalari to‘g‘rilandi;

- 15 ta xonadonda jazo muddatini o‘tayotganlarning oila a’zolari, muqaddam sudlanganlar bilan suhbat qilindi;

- 20 ta notinch oila o‘rganilib, muammoning sabablari bartaraf etish, arazlashganlarni yarashtirish choralari ko‘rildi;

- 15 ta xonadonda ichkilikka ruju qo‘yganlar bilan suhbat qilinib, zararli odatlardan saqlanish to‘g‘risida nasihat qilindi;

- nogiron, kasal, ehtiyojmand fuqarolar, shuningdek, tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 20 ta oilaga kirilib, ulardan hol-ahvol so‘rash barobarida sovg‘a-salomlar ulashildi, davolanish va dori-darmon uchun moddiy yordam ko‘rsatildi.

Kirilgan 105 ta xonadonning ichidan moddiy imkoniyati cheklanganlariga  homiylarni jalb qilgan holda jami 42 000 000 (qirq ikki million) so‘mlik ro‘zg‘orlik mahsulotlari ehson qilindi. Ular orasidan o‘ta nochor bo‘lganlarining moddiy ta’minotidan xabardor bo‘lib turish rejalashtirildi;

Ikkinchi yo‘nalish bo‘yicha imom-xatib faoliyati o‘rganildi. Jumladan, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar yaratish jihatlari ko‘rib chiqildi.

Uchinchi yo‘nalish bo‘yicha Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan 21 ta masjidda peshin namozini ado qilib, jamoatga ma’ruza qilib berdilar. Tinchlik ne’mati, shukronalik, aqidada adashmaslik, mazhabga ergashish kabi muhim mavzudagi chiqishlarda 3800 ga yaqin tinglovchi qamrab olindi.

Shuningdek, yakuniy yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov qish mavsumini betalofat o‘tkazish bo‘yicha so‘z yuritdi.

Yig‘ilishda mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari bilan muloqatni muntazam yo‘lga qo‘yish, kadrlar masalasiga e’tiborni kuchaytirish, ma’ruzalarni Fatvo markazidan chiqarilgan juma tezislari va qo‘shimcha adabiyotlardan foydalangan holda boyitish, haftaning dushanba va payshanba kunlari ma’ruzalar qilish haqida so‘zladi.

Diniy idora Moliyaviy nazorat va tahlil bo‘limi boshlig‘i Islomiddin Zuhriddinov masjidlarda ish yuritish hujjatlarini takomillashtirish, ehson qutilardagi tushumlarni komissiya a’zolari ishtirokida dalolatnoma asosida bankdagi hisob raqamlarga kirim qilish, to‘y va marakalarni ixchamlashtirish, janoza marosimlarda bid’at-xurofatlarga chek qo‘yish to‘g‘risida gapirdi.

Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Kamolov mavjud mahallalarga barcha imom-xatib va imom-noiblarni biriktirish, mahalla yettiligi bilan homkorlikda ishlarni yo‘lga qo‘yish, shar’iy dalil va hayotiy misollar asosida ma’ruza qilish, kiber jinoyatchilikning oldini olish haqida aytib o‘tdi.

Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Olmazor tumani imom-xatiblari yutuq va kamchiliklari yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

VIDEO