Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Mart, 2025   |   10 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:25
Quyosh
06:43
Peshin
12:38
Asr
16:38
Shom
18:27
Xufton
19:40
Bismillah
10 Mart, 2025, 10 Ramazon, 1446

29.04.2022 y. Silai rahm – qarindoshlik aloqalarini yaxshilash

27.04.2022   4804   16 min.
29.04.2022 y. Silai rahm – qarindoshlik aloqalarini yaxshilash

بسم الله الرحمن الرحيم

SILAI RAHM – QARINDOShLIK ALOQALARINI YaHShILASh

Muhtaram jamoat! Alloh taolo biz bandalariga shu qadar mehribonki, O'zining roziligini ibodat bilan topishimiz bilan bir qatorda, o'zaro muomalalarni chiroyli va xolis qilish bilan ham topish imkoniyatini bergan.

Silai rahm – qarindoshlik rishtalarini bog'lash bo'lib, u insoniy muomalalarning eng afzalidir. Uning aksi bo'lgan qarindoshlik rishtalarini uzish esa, u eng og'ir gunohlardan hisoblanadi.

Silai rahm dinimiz mohiyatini ko'rsatib beruvchi buyuk bir ibodatdir. U Qur'oni karim oyatlarida Allohning o'zigagina ibodat qilish barobarida zikr etiladi:

وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَبِذِي الْقُرْبَى

ya'ni: “Allohga ibodat qilinglar. Unga hech narsani sherik qilmanglar. Ota-onangizga va yaqin qarindoshlarga yaxshilik qiling” (Niso surasi 36-oyat).

Ushbu amal mo'min-musulmonlar hayotida eng ahamiyatli amallardan biri bo'lgani uchun Qur'oni karim oyatlarida qayta-qayta takrorlanadi. Quyidagi oyatda Alloh taolo silai rahmni o'zi buyurganini ta'kidlaydi. Vaholanki, dinimizdagi barcha amallarni Alloh taolo buyurgan. Barcha buyruqlarni bergan zot aynan silai rahmga buyurganini ta'kidlagani ushbu ibodat naqadar muhim amal ekanini bildiradi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday dedi:

 وَالَّذِينَ يَصِلُونَ مَا أَمَرَ اللَّهُ بِهِ أَنْ يُوصَلَ وَيَخْشَوْنَ رَبَّهُمْ وَيَخَافُونَ سُوءَ الْحِسَابِ   

ya'ni: “Ular Alloh bog'lanishga buyurgan narsalarni (ya'ni qarindoshlar bilan aloqani) bog'laydilar, Parvardigorlaridan qo'rqadilar va (oxiratda) hisob-kitobning noxush kechishidan cho'chiydilar” (Ra'd surasi 21-oyat).

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham silai rahmni namoz va zikr ibodatiga tenglashtirganlar: “Bir a'robiy Nabiy sallallohu alayhi vasallamning yo'llarini to'sib chiqib: “Menga jannatga yaqinlashtiradigan va do'zaxdan uzoqlashtiradigan amalning xabarini bering”, – dedi. Shunda Rasululloh alayhissalom: “Allohga ibodat qilasiz. Unga hech narsani shirk keltirmaysiz. Namozni ado qilasiz. Zakotni berasiz. Silai rahm qilasiz”, –dedilar”.

Silai rahm insoniylikning yuksak ko'rinishi hisoblanadi. U kishining asliyatini ochib beruvchi go'zal bir xislatdir. Buni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Hiro g'orida bo'lganlarida Jabroil alayhissalom kelib: “O'qing!” deb “Alaq” surasi nozil bo'lgan mashhur voqeadan ham anglashimiz mumkin. Ushbu voqeadan keyin Nabiy sallallohu alayhi vasallamning qalblari titrab-qaqshab, uylariga  qaytdilar. Hadicha onamizning oldilariga kirganlarida: “Meni o'rab qo'yinglar! Meni o'rab qo'yinglar!” dedilar. U zotdan qo'rqinch ketguncha o'rab qo'yishdi. Keyin u zot Hadicha onamizga xabarni ayta turib: “O'zimga bir narsa bo'lmasa edi, deb qo'rqdim”, – deganlarida Hadicha onamiz: “Unday emas! Allohga qasamki, Alloh sizni hech qachon sharmanda qilmaydi. Siz silai rahm qilasiz. Zaifga yordam berasiz. Odamlar qilmagan yaxshiliklarni qilasiz. Mehmonga ziyofat berasiz. Musibatga uchraganlarga yordam berasiz”, dedilar. Ushbu hadisda silai rahm Rasululloh sallalohu alayhi vasallamning buyuk axloqlari qatorida zikr etilmoqda. Shuningdek, ushbu hadisdan mazkur axloqlar, jumladan silai rahm bilan sifatlangan insonlarni hech qachon Alloh taolo sharmanda qilmasligini ham bilib olishimiz mumkin. Zero, bu so'zlarni insoniyat tarixida eng buyuk ayollar safida zikr etiladigan, eng birinchi bo'lib Islom ne'mati bilan sharaflangan va o'ta kuchli farosat sohibasi bo'lgan onamiz Hadicha binti Huvaylid raziyallohu anho aytmoqdalar va bu so'zlar Islomning eng ishonchli manbalarida bugungi kungacha naql etilib kelinmoqda.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam payg'ambarlikning ilk kunlaridanoq silai rahmga chaqirishni boshlaganlari ham ushbu ish naqadar ahamiyatga ega amal ekanini bildiradi.

Abu Umoma Bohiliy raziyallohu anhu aytadilar: Men Amr ibn Abasa raziyallohu anhudan: “Sizni nega “Islomda ilk musulmonlardan” deyishadi? – deb so'radim. U zot bunday deb javob berdilar: “Men odamlar zalolatda ekanini ko'rardim va butlar hech narsa emasligini bilardim. So'ngra Makkada bir odamning xabarini eshitdim. Tuyamga minib Makkaga keldim. Qarasam, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni qavmi o'rab turibdi. Yonlariga bordim va: “Siz kimsiz?” – dedim. “Payg'ambarman”, – dedilar. “Payg'ambarnima degani?”“Allohning elchisi”, – degani. “Sizni Alloh yubordimi?”“Ha”.“Nima uchun yubordi?”  “Allohning biru borligini bildirib, Unga hech narsani sherik qilmaslik, butlarni yo'q qilish va silai rahmni mustahkamlash uchun yubordi”.

Ushbu hadisda silai rahm payg'ambarlikning asosiy vazifasi sifatida hamda Islom dinining asosiy g'oyalari bilan bir o'rinda keltirilmoqda.

Silai rahm o'ziga xos bo'lgan juda ko'p ajrlarga ega qiluvchi ibodat hisoblanadi. Amr ibn Dinor rahmatullohi alayh: “Bilinglarki, farzga bosilgan qadamdan keyin qarindosh tomon bosilgan qadamdan ko'ra kattaroq ajr keltiruvchi amal yo'qdir”, – deganlar.

Silai rahmning o'ziga xosligi shundaki, uning mukofoti dunyoda ham o'ta tez beriladi va oxirat uchun ham katta zaxira bo'ladi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ibn Hibbon rivoyat qilgan hadisda:

الطاعاتِ ثوابًا صلةُ الرَّحِمِإنَّ أعجلَ

ya'ni: “Ibodatlar ichida eng savobi tez keladigani silai rahmdir”, –deganlar.

Payg'ambarimiz alayhissalom bizga silai-rahm sababli rizqning mo'l-ko'l bo'lishi, umrning uzoq bo'lishini uqtiradilar:

من أحَبَّ أنْ يُبْسَطَ لَهُ في رِزْقِهِ، ويُنْسأَ لَهُ في أثَرِهِ، فَلْيَصِلْ رَحِمَهُ

(مُتَّفَقٌ عَلَيهِ)

ya'ni:“Kim rizqi keng bo'lishi, umri uzun bo'lishini xush ko'rsa, qarindoshlik aloqalarini bog'lasin”(Muttafaqun alayh).

     Dinimiz ko'rsatmalarida yaxshilik qilishni avvalo yaqin qarindoshlardan boshlash lozim ekanligi ta'kidlanadi. Zero bu holatda qilingan yaxshilik ikki barobar ajr olishga sabab bo'ladi. Bu xususda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

الصَدَقَةُ عَلَى الْمِسْكِيْنِ صَدَقَةٌ، وَعَلَى ذِي الرَّحْمِ ثِنْتَانِ، صَدَقَةٌ وَصِلَةٌ

ya'ni: “Miskinga qilingan bir sadaqadir. Qarindoshga qilingan sadaqa ikki yaxshilikdir: sadaqa va silai rahmdir” deganlar.

         Rivoyatlarda keladiki, bir kishining amakisining o'g'li og'ir kasallik bilan vafot etganda uning bolalaridan: “Otangizning birortasidan qarzi bormidi?” deb so'raydi. Ular otalarining qarzi bor ekanini aytadilar. U kishi: “Qarzlar mening zimmamga, o'zim to'lab beraman”,  – deydi. U qarz nari borsa o'n ming yoki yigirma ming tanga bo'lsa kerak, deb o'ylagan edi. Biroq bolalardan qarzning 385 ming ekanini eshitadi. Uning o'zi bu xususda shunday degan: “Qarzlarning barchasini bitta-bitta qilib to'ladim. Allohga qasamki, bir necha yillardan beri kasod bo'lib turgan mollarim bor edi. Bir necha kunda sotilib ketdi. Hisoblab qarasam ushbu savdolardan topgan foydam to'lagan qarzlarim teppa-teng chiqdi”.

Umuman olganda silai rahmni bog'lash dinimiz hukmiga ko'ra vojibdir. Uni uzish esa katta gunohlardan biri hisoblanadi. Bunga ulamolar ittifoq qilishganini Imom Qurtubiy va Qozi Iyozlar naql qilganlar.

Silai rahmni joriy qilish qanchalik ulug' bo'lishi barobarida uni uzish gunohi kabiralardandir. Zero oyati karima va hadislarda qarindosh urug'lik aloqalarini uzganlarga qattiq tahdid qilinadi:

فَهَلْ عَسَيْتُمْ إِنْ تَوَلَّيْتُمْ أَنْ تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ وَتُقَطِّعُوا أَرْحَامَكُمْ أُولَئِكَ الَّذِينَ لَعَنَهُمُ اللَّهُ فَأَصَمَّهُمْ وَأَعْمَى أَبْصَارَهُمْ

ya'ni: “Agar (imondan) bosh tortsangiz, aniqki, sizlar erda buzg'unchilik qilarsizlar va qarindoshlaringiz (bilan ham aloqalaringiz)ni uzasiz, albatta unday kimsalarni Alloh la'natlagandir, bas, ularning (quloqlarini) «kar», ko'zlarini «ko'r» qilib qo'ygandir” (Muhammad surasi 22-23-oyatlar).

Ushbu oyat sharhida Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayhning quyidagi so'zlari keltiriladi:“Silai rahmni uzgan kishilar bilan do'st bo'lmagin, chunki Alloh taolo ularni Qur'oni karimning ikki oyatida la'natlagan” (Bu erda mazkur oyat bilan Ra'd surasi 25-oyati nazarda tutilgan).

Alloh taoloning izni bilan rahm (qarindoshlik) o'zini bog'laganlarni haqiga yaxshi duo, o'zini uzganlarni duoibad qilib turadi. Oisha onamiz Payg'ambarimiz alayhissalomdan rivoyat qiladilar:

الرَّحِمُ مُعَلَّقَةٌ بِالْعَرْشِ، تَقُولُ: مَنْ وَصَلَنِي وَصَلَهُ اللهُ، وَمَنْ قَطَعَنِي قَطَعَهُ اللهُ

(أخرجه البخاري عن عائشة رضي الله عنها)

ya'ni:“Rahm (qarindoshlik) Arshga osilib: “Kim meni ulasa, Alloh uni ulasin! Kim meni uzsa, Alloh uni uzsin!”, deydi”(Imom Buxoriy rivoyatlari).

Silai rahmni uzganlar jannatga kirmasligi haqida Payg'ambarimiz alayhissalomdan quyidagi hadis rivoyat qilinadi:

لَا يَدْخُلُ الْجَنَّةَ قَاطِعٌ" قَالَ سُفْيَانُ فِي رِوَايَتِهِ: "يَعْنِي قَاطِعَ رَحِمٍ

(متفق عليه)

ya'ni:“Kesuvchi jannatga kirmaydi”. Sufyon rahimahulloh o'z rivoyatlarida: “Qarindoshlikni uzuvchi nazarda tutilgan”, – deydilar (Muttafaqun alayh).

Yuqoridagi oyati karima va hadisi shariflarga ko'ra silai-rahm musulmon kishiga farz bo'lgan amaldir.

Ba'zi odamlar o'zaro bordi-keldi qilib turgan qarindoshlargagina yaxshilik qilishni silai rahm deb hisoblaydilar. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ushbu tushunchani xato ekanini aytadilar va silai rahmning haqiqiy mohiyatini bayon qilib berganlar:

لَيْسَ الْوَاصِلُ بِالْمُكَافِئِ وَلَكِنْ الْوَاصِلُ الَّذِي إِذَا قَطَعَتْ رَحِمُهُ وَصَلَهَا

(رواه الامام البخاري)

ya'ni: Haqiqiy silai rahm qiluvchi kishi qarindoshlari tarafidan unga qilingan aloqaga javob tariqasida (bordi-keldi) aloqa qilayotgan odam emas, balki ular tarafidan aloqa uzilgan paytda ularga aloqani bog'lagan odamdir (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Demak, silai rahm qarindoshlar bilan chiroyli munosabatda bo'lish, ularning xursandchiliklari bilan quvonish, musibatlariga hamdard bo'lish, muhtoj bo'lsalar yordam berish, ularni doimo ziyorat qilib turish, ko'ngillarini olish, dillarini og'ritishdan saqlanish, ulardan biror yomonlik etsa ham kek saqlamay kechirib yuborish, qalbida ularga nisbatan hasad va adovat saqlamasdan o'rtada muhabbat paydo qilishni o'z ichiga oladi.

Bugungi kunimizda silai-rahm bilan bog'liq, gohida ko'zga tashlanadigan noxush voqealar dinimiz ko'rsatmalariga ziddir. Masalan, ota-onalar dunyodan o'tgach, aka-uka, opa-singillar o'rtasida arzimagan mol-mulk, erni deb kelishmovchiliklar chiqishi yoki sekin-sekin munosabatlar yomonlashib, o'zaro uzoqlashib, begonalardek bo'lib ketishlari, bir-birlarini yo'qlash, tez-tez xabarlashishni ham unutishlari o'ta ayanchli holatlardir. Bu ishlarga mol-dunyoning sababchi bo'layotgani yanada ayanchlidir. Vaholanki, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam molu-mulk haqida bunday deganlar:

تَقيءُ الأرضُ أفلاذَ كبدِها أمثالَ الأُسطوانِ منَ الذَّهبِ والفضَّةِ قالَ: فيجيءُ السَّارقُ فيقولُ: في مثلِ هذا قُطِعَت يدي ويجيءُ القاتلُ فيقولُ: في هذا قَتلتُ: ويجيءُ القاطعُ فيقولُ: في هذا قَطعتُ رحِمي ثمَّ يدَعونَهُ فلا يأخُذونَ مِنهُ شيئًا

(الترمذي)

ya'ni: “Yer o'zining oltin va kumushdan bo'lgan xazinalarini ustunlardek uyum-uyum qayt etib chiqarib tashlaydi. Shunda qotil keladi va: “Men shular sababli odam o'ldirgandim”, deydi. Silai rahmni uzgan keladi va: “Men shular sababli silai rahmni uzgandim” deydi. O'g'ri keladi va: “Men shular sababli o'g'rilik qilgandim”, deydi. Keyin ular bu narsalarni tashlab ketadilar va undan hech narsa ololmaydilar” (Imom Termiziy rivoyati).

Demak, barchadan qoladigan mol-dunyoni deb Alloh taologa osiy bo'lish, u buyurgan amrlarni tark etish, xususan silai rahmdek dunyo va oxiratimiz uchun o'ta foydali ishga beparvo bo'lish mo'min-musulmonga yarashmaydigan ish hisoblanadi.

Alloh taolo barchalarimizning tutayotgan ro'zalarimizni qabul qilsin. Barchalarimizni silai rahm degan buyuk ibodatga amal qiladigan va uning fazilatlariga erishadigan bandalardan aylasin!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishida yangi bosqich: muhim qarorlar muhokama qilindi

7.03.2025   2951   4 min.
Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishida yangi bosqich: muhim qarorlar muhokama qilindi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Ilmiy kengashning qurilish va ekspozitsiya ishlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston FA vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari vakillari, Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash direksiyasi rahbari Rustam Shoabdurahmonov, Shayx Abdulaziz Mansur, xattot Habibullo Solih, akademik Akbar Hakimov kabi bir qator olimlar va tashkilotlar mas’ullari (zoom orqali) hamda Markaz xodimlari ishtirok etdi. 
 

Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi uchrashuvda binoning yangi bosqichdagi rivojlanish yo‘nalishlari muhokama qilindi. 


Unda Markaz ekspozitsiyasida namoyish etiladigan xattotlik asarlari, Qur’on oyatlari yozilgan gilamlar, bino fasadiga o‘rnatilgan hadislar tarjimasi, shuningdek, rassom Bahodir Jalolov va Sobir Raxmetov asarlari, “Bayram” nomli so‘zananing muzey ekspozitsiyasiga qabul qilinishi masalalari ko‘rib chiqildi.


Uchrashuv avvalida Shayx Abdulaziz Mansur Markaz Qur’on zali uchun tayyorlanayotgan 8 ta gilamda aks etishi belgilangan oyatlar haqida o‘z fikrlarini bildirdi:


"Bizning asosiy maqsadimiz – gilamlarda aks etgan muqaddas so‘zlarni  keng jamoatchilikka tushunarli va ravon tarzda yetkazishdir. Shu bois, ravoqlarda aks etgan har bir oyat va hadis o‘zbek tilidagi tarjimasi bilan ham berilishi kerak. Bu Markazga tashrif buyuruvchilarga islom ta’limoti va uning ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini yanada chuqurroq anglash imkonini yaratadi. Shuningdek, tarjimalar aniq, mazmunan mukammal va diniy-ilmiy jihatdan izchil bo‘lishi shart. Bunda eng to‘g‘ri va ishonchli manbalardan foydalanish, mutaxassislar bilan maslahatlashish, olimlarimizning tajribasiga tayanish zarur. Islom sivilizatsiyasi markazi – islom ma’rifati, madaniyati va tamaddunining ulkan ilmiy-madaniy majmuasi bo‘ladi. Uning fasadi ham ma’naviy mohiyatini aks ettirishi kerak. Shu bois, ushbu 44 ta ravoqdagi yozuvlar Markazning umumiy konsepsiyasiga, islom ta’limotiga va tarixiy manbalarga to‘la mos kelishi lozim", – dedi Markaz katta ilmiy xodimi Abdulaziz Mansur.


Qurilish masalalari doirasida binoning to‘rtta asosiy kirish joyida o‘rnatiladigan marmar toshlarda aks etadigan yozuvlar, markaz eshiklari va suratlar galereyasi o‘rtasidagi yo‘lak dizayni, marmar taxtachada aks ettiriladigan matn mazmuni yuzasidan ham takliflar bildirildi. 


"Biz bu yerda markazning asosiy g‘oyalarini aks ettiruvchi ramziy elementlar, yozuvlar va naqshlarni joylashtirishimiz kerak. Ushbu yozuvli toshlar islom ilm-fani, madaniyati, ma’naviyatining eng muhim jihatlarini yozib qo‘yish, ularni tarixiy manbalar asosida ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Chunki bu yerga tashrif buyuruvchi har bir kishi islom sivilizatsiyasining ulkan ilmiy va ma’naviy merosini his etishi kerak. Shuningdek, bu stelalar shunchaki yozuvlar bilan cheklanmasligi lozim", — dedi Markaz bo‘lim boshlig‘i Shoazim Minovarov.


Markaz ilmiy-innovatsion loyihalari, xususan, Maxdumi A’zam ilmiy-tadqiqot fondi bilan hamkorlik, ravoqlar bo‘yicha masalalar ham muhokama qilindi. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi g‘alabasining 80 yilligiga bag‘ishlangan media-loyiha konsepsiyasi taqdim etildi.


"Bugungi Ilmiy kengash uchrashuvi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, har bir uchrashuvda biz ekspozitsiyani yanada boyitish va takomillashtirish uchun yangi takliflarni birgalikda muhokama qilib kelyapmiz. Ayni kunlarda ekspozitsiyani shakllantirishdagi eng muhim jihatlardan biri – uning ilmiy asoslanganligi va keng qamrovli bo‘lishidir. Shu bois, bugungi yig‘ilishda ilmiy tadqiqotlarga asoslangan takliflar muhokama qilindi, hamda ularni amaliy jarayonga tatbiq etish masalalari ko‘rib chiqildi. Ilmiy kengash – bu markazning yuragi, deb aytish mumkin.


Chunki aynan shu yerda ilmiy yondashuv asosida loyihalar shakllantiriladi, tarixiy haqiqatlar qayta tiklanadi va madaniy merosni asrash hamda keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinadi", — dedi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.


Ilmiy kengashning navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi yakunida kun tartibidagi barcha masalalar atroflicha muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati

Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishida yangi bosqich: muhim qarorlar muhokama qilindi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishida yangi bosqich: muhim qarorlar muhokama qilindi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishida yangi bosqich: muhim qarorlar muhokama qilindi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishida yangi bosqich: muhim qarorlar muhokama qilindi
O'zbekiston yangiliklari