O'tgan ishga ko'z-yosh to'kib, hasrat chekib o'tiradiganlarga dunyo kulib boqmaydi. Shuningdek boshqalarning qiyinchiligi ustidan kulib, vaqtlarini zoye ketkazadiganlarga ham kunlar shafqat qilmaydi. Kunlar o'tib ketaveradi, ular esa ortda qolib ketaveradilar.
To'kilgan sutga, ya'ni qo'ldan ketgan ishga o'ksinib o'tirmang, balki ishingizga qo'shimcha kuch, sa'y-harakat bering, toki bu harakat sizni qo'ldan chiqarganlaringiz o'rnini yopadigan yutuqlarga erishtirsin!
Agar qandaydir ishni bajarishda fursatni qo'ldan boy bersangiz va bundan ichingiz alangalansa, uning olovini ushbu oyat bilan o'chiring:
“Shoyad Robbimiz uning o'rniga undan ko'ra yaxshirog'ini bersa. Biz o'z Robbimizga rag'batlimiz, dedilar”(Qalam surasi, 32-oyat).
Hech qachon afsuslanmang, agar oldingi ishingiz natijasa yaxshi bo'lgan bo'lsa, keyingi safargisi zo'r bo'ladi. Agar yomon bo'lgan bo'lsa, tajriba bo'ladi.
O'tgan ish haqida o'ylab, uning atrofida aylanib yurmang, agar unda yaxshilik bor bo'lganida edi unga hozir erishgan bo'lardingiz!
Dunyo sizga qanchalik torlik qilsa ham, muammolaringiz qancha ko'paysa ham, mashaqqatlar sizga ketma-ket to'qnashsa ham, sizda o'zingizni o'nglashga, yangidan harakat qilib ko'rishga imkon bo'ladi. Albatta o'zingizda azmu-qaror topa olasiz!
Qanday bo'lishi haqida o'ylab vaqtingizni zoye ketkazmang, darrov ishga kirishing! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarini doim yodingizda tuting:
“Senga biror musibat etsa, “Shunday qilmaganimda bunday bo'lardi, unday bo'lardi”, dema. Balki: “Alloh shuni taqdir qildi, Alloh nimani xohlasa qiladi”, deb aytgil. Chunki “Unday qilmaganimda edi, bunday qilmaganimda edi” kabi so'zlar shaytonga ish ochib beradi”(Imom Muslim rivoyati).
Umid uchquni qanchalik kichik bo'lmasin, hayot qiyinchiliklari ortidan qanchalik zaiflashmasin aslo o'chmaydi. Chunki qalbingizdagi umid bog'ichining narigi tarafi Allohga bog'langandir!
Mododmiki Alloh siz bilan ekan, umidsizlik sizga rahna solmaydi. Faqat sizning vazifangiz – Allohdan umidingizni unib-o'sishi, butun vujudingizga yoyilishi uchun ishonch bilan ozuqalantirishingizdir!
Ko'pchilik odamlar sizda umidsizlik uyg'otishga harakat qilishadi, sizga doim “Bo'ldi, taslim bo'l, endi ortingga qayt”, deb aytishadi. Siz ularga e'tibor bermang, qayrilib ham qaramang, o'zingiz uchun tanlagan yo'lingizdan yurishda davom eting. Zero haq uzra sobit turish naqadar ham katta jasorat!
Alloh qudrati, fazlu-marhamati shu qadar keng Zotki, siz o'ta umidsizlikka tushgandan “Kaliti yaratilmagan ham bo'lsa kerak”, deb o'ylaganingiz eshikni ham ochib bera oladi. Asosiysi siz shunga ishonsangiz, Allohdan madad so'rasangiz, haq yo'lda sobit tursangiz bo'lgani!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Respublikamiz hojilari ishtirokida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
Mavsum boshidan shu choqqacha 83 ming 274 ta tadbir o‘tkazildi. Ularda 508 478 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi.
Oilaviy sharoit va tushunchalaridan kelib chiqib, ular bilan tinchlik qadri va shukronalik, yoshlar tarbiyasi, illatlarga barham berish, ilm-ma’rifatga targ‘ib, yot g‘oyalarga qarshi kurashish mavzularida suhbatlar o‘tkazildi.
Ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordamlar berildi. 11 mingdan ziyod hojilar ishtirok etayotgan tadbirlar natijasida jamiyatdagi ma’naviy muhit yanada yaxshilanmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati