Haq taolo O'zining so'nggi payg'ambari Muhammad alayhissalomga birinchi nozil qilgan vahiysi, Qur'oni karimning eng avvalgi oyatlaridayoq butun insoniyatni o'qish, ilm olish va yozishga buyurib: «O'qing (Ey Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo'lmish Rabbingiz ismi bilan! (U) insonni laxta qondan yaratdi. O'qing! Rabbingiz esa karamlidir. U insonga qalam bilan (yozishni ham) o'rgatdi. U insonga bilmagan narsalarini bildirdi», degan (Alaq surasi, 1-5-oyatlar).
Bugun yurtimizda ilmu ma'rifat ravnaqi yo'lida ulkan ishlar amalga oshirilayotgani ham mana shu oyatlarga hamohang tarzda Allohning amriga itoatkorlikdir. Ayniqsa, ta'limni rivojlantirishga berilayotgan e'tiboru g'amxo'rlik bu ishlarning eng xayrlisi va savoblisi bo'lmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi faoliyatining yo'lga qo'yilishi islom ma'rifatini keng yoyish, buyuk ajdodlarimizning boy merosini, avvalambor, xalqimizga, Qolaversa, dunyo hamjamiyatiga etkazish va yosh avlodni ulug' allomalar asarlarida aks etgan ezgu ta'limotlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu muassasaga mamlakatimizning islom madaniyatida tutgan o'rnini, buyuk allomalarimizning jahon tamadduniga qo'shgan hissasini ko'rsatib berishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish, bugungi globallashuv davrida yurtimizda islom dinining haqiqiy maqomini jamoatchilikka tushuntirish hamda targ'ib qilish vazifalari yuklatilgan.
Ayni kunda markazda ilmiy izlanishlar olib borilayotgani, ajdodlarimizning asarlari tadqiq qilinib, tarjimalar amalga oshirilayotgani O'zbekistonda Uchinchi Renessansga mustahkam poydevor qo'yilayotganidan darakdir.
2018 yil 15 iyun' Ramazon hayiti kuni Prezidentimiz Islom tsivilizatsiyasi markazi Poydevoriga tamal toshi qo'yib, ushbu Ilm-ma'rifat maskanining ichki va tashqi ko'rinishi, bezatilishi haqida dolzarb fikr-mulohazalarini bildirib, zaminimiz asrlar davomida jahon tsivilizatsiyasining ajralmas qismi, islom madaniyati markazlaridan biri bo'lib kelganini aks ettiradigan yaxlit majmuaga aylantirish bo'yicha zarur topshiriqlar bergan edi. O'tgan davr mobaynida amalga oshirilgan barcha sa'y-harakatlar ana shunday ezgu maqsadlarni ro'yobga chiqarishga safarbar etilmoqda.
Prezidentimiz O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi binosi qurilish jarayonlari bilan tanishish uchun bir necha bor tashrif buyurib, bunyodkorlik ishlarini doimiy kuzatib kelmoqda.
Joriy yilning 8 aprel' kuni muborak Pamazon kunlarida davlatimiz rahbari ushbu markazga yana bir bor kelib, majmuani ko'rkam va sifatli qilib qurish bilan birga, uning mazmuniga alohida e'tibor qaratish zarurligini ta'kidladi. Shuningdek, Islom tsivilizatsiyasi markazi xalqimizning ma'naviy qudrati qay darajada ekanini ko'rsatishi kerakligini ham qayd etdi.
Darhaqiqat, Islom tsivilizatsiyasi markazi uch qavatli, mahobatli, qadimiy obidalarimiz shaklida barpo etilayotgani, bu ish qariyb to'rt yildirki, keng ko'lamda davom etayotgani uning naqadar ulkan loyiha ekanidan dalolatdir. Majmuaning yaqin yillardan ish boshlashi xalqimiz uchun ham, boshqa musulmon o'lkalar uchun ham ulkan voqeaga aylanishi, shubhasiz. Zero, bu bunyodkorliklar zamirida ilmu ma'rifat tarqatishdek ezgu niyatlar mujassamdir.
Inshaalloh, tez kunlarda muhtasham markazning ochilishini ko'rish barchamizga nasib etsin, omin.
Nuriddin HOLIQNAZAROV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Qariyb o‘n oydirki, yurtimizning barcha hududlarida “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Hoji ota, hoji onalar, imom-xatib va faollar bilan birga mahallalarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, notinch, ajrim yoqasida turgan oilalar holidan xabar olib, qimmatli va’z-nasihatlar bilan ularning ko‘ngillariga iliqlik olib kirish barobarida xayriya va ehsonlar ulashmoqda.
Bugunga qadar 84 ming 793 ta tadbir o‘tkazildi. Ularda 518 121 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi. 11 mingdan ziyod hojilar ishtirok etayotgan tadbirlar natijasida jamiyatdagi ma’naviy muhit yanada yaxshilanmoqda. Zero, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot kishilik jamiyatida doimiy qilinishi lozim bo‘lgan ishlar sirasiga kiradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati