Bugun, 28 mart kuni Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan “Go'zal” jome masjidining yangi binosiga ilk g'isht qo'yish marosimi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari boshchiligidagi bir guruh ulamolar, imom-xatiblar, faxriy domlalar va mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Qur'oni karim oyatlari tilovat qilinib, Muftiy hazratlari yaxshi niyat va duolar bilan jome masjid poydevoriga tamal toshini qo'yib, bu xayrli tashabbusga xizmat qilayotgan kishilar haqiga duo qildilar.
– Masjidimiz o'tgan asrning 90-yillarida 500-600 kishiga mo'ljallab qurilgan, – deydi “Go'zal” jome masjidi imom-xatibi Muhammadravshan Raimqulov. – Biroq bugun mahallamiz ham kengayib, aholimiz soni ham oshib bormoqda. Masjidimiz esa mahalla ehtiyojini qondira olmayapti. Ayniqsa, juma namozlarida ko'plab namozxonlar masjidga tashqarisida namoz o'qishga to'g'ri kelyapti. Qolaversa, namozxonlar uchun boshqa sharoitlar ham u qadar qoniqarli emas edi. Shu bois mahalla faollari va mutasaddilar bilan kelishgan holda masjidni qaytadan qurishni maqsad qildik. Buzish ishlarini o'tgan yilnin avgustida boshlagan bo'lsak, endilikda yangi inshootning poydevoriga ilk g'ishtini qo'ymoqdamiz. Inshaalloh, masjidimiz kelgusi yilning oxirlarida ishga tushadi.
Homiylar va xashar yo'li bilan bunyod etilayotgan masjid milliy me'morchilik yo'nalishida qurilayotgan bo'lib, 6000 namozxonga mo'ljallanmoqda. Aholiga qulay bo'lishi uchun zamonaviy qurilish ashyolariyu jihozlardan foydalanishga harakat qilinmoqda. Kelgusida masjidda keng va yorug' xonaqoh, ayollar uchun alohida namozxona, tahoratxona, 35 metrli minora, kutubxona, alohida majlislar zali, sartaroshxona, avtoturargoh, kitob do'koni va shu kabi bir qator qulayliklarga ega majmua barpo etiladi.
Tadbir davomida muftiy hazratlari qurilish jarayoni bilan tanishdilar, jome poydevoriga ilk g'ishtni qo'yib berdilar, loyiha va rejalar bo'yicha usta, mutaxassislar bilan maslahatlashdilar, homiylarga minnatdorlik bildirib, masjid barpo qilishda yordam berayotgan barchaning haqiga duo qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bu yilgi Ramazon oyi o‘lkamizda o‘zgacha shukuh bilan kutib olindi. Mo‘min-musulmonlar emin-erkinlikda Ramazon ro‘zasini tutib, kechalari taroveh namozlarida qoim bo‘lishmoqda. Bu ibodatlarni xotirjamlikda bajarish katta ne’matdir. Bularning ortida yurt tinchligi, hukumat tomonidan olib borilayotgan tinchlikparvar siyosat yotadi.
Ramazon oyida badaniy ibodatlar bilan bir qatorda ijtimoiy sohada ham ko‘plab ezgu amallar bajariladi, ko‘plab moliyaviy ibodatlar amalga oshiriladi. Boshqa oylardagiga qaraganda shu kunlarda xayriya, ehson ishlari yanada ko‘paygan. Beva-bechoralar, miskin va kambag‘allar holidan xabar olinib, jamiyatning bu toifasiga alohida e’tibor berilmoqda. Qaysi jamiyatda beva-bechoralar, kambag‘al va miskinlar, zaif kishilar holidan xabar olinar, ularning moddiy va ma’naviy ta’minoti bekamu-ko‘st qilinar ekan, o‘sha jamiyatning tinchligi bardavom bo‘ladi, insha Alloh.
Ramazonda saxovatga alohida e’tibor berilishi bejiz emas. Chunki bu oyda qilingan har qanday amalning ajri juda ko‘paytirib beriladi. Alloh O‘zining yo‘lida qilingan sadaqa va infoq yetti yuz barobargacha ko‘paytirilishi Kalomida bayon qilgan. Ramazon oyida esa bu miqdor yanada oshirilishi shubhasiz. Saxovat ko‘rsatayotgan kishining ixlosi va qalbidagi ezgu niyati olinajak ajrni yanada ziyoda qiladi.
Qodir bo‘lgan boy-badavlat, ayni paytda saxiy, qo‘li ochiq kishilar mehr-saxovat ko‘rsatish bilan qalbi o‘ksik, mehrga muhtoj kishilar diliga olam-olam quvonch bag‘ishlaydi. Yaxshilik ko‘rganlar asosan ularga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibordan, mehr-muruvvatdan ko‘ngillari shod bo‘ladi. Zero, moddiy narsalar qisqa fursatda tugab ketishi mumkin. Biroq bir kalima shirin so‘z, e’tibor, tabassum xotiralarda saqlanib qoladi. O‘zaro mehr-oqibat kuchayadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam o‘z hadisi shariflarida: “Birodaring yuziga tabassum bilan boqishing ham sadaqadir”, deganlar. Biz sadaqani faqat moddiy mol-mulk shaklidagina tushunmasligimiz kerak. Sadaqa va saxovat ishlar keng ma’noli bo‘lib, inson hayotining hamma jabhalarini qamrab oladi. Masalan, ota-onaga yaxshilik qilish, ayoliga muloyimlik bilan muomalada bo‘lib, farzandlariga shafqat ko‘rsatish ham saxovatning ko‘rinishlaridan.
Yurtimiz bo‘ylab bunday saxovat ishlarida barcha masjidlar imom-xatiblari, imom noiblari va xodimlari ham faol ishtirok etishmoqda. Xususan, Andijon viloyatidagi barcha mahallalarda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan barcha xonadonlardan xabar olish ishlari amalga oshirib kelinmoqda. Saxovat ko‘rsatgan, bir-biriga mehr-oqibatli bo‘lganlardan Alloh rozi bo‘lsin!