Bugun, 28 mart kuni Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan “Go'zal” jome masjidining yangi binosiga ilk g'isht qo'yish marosimi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari boshchiligidagi bir guruh ulamolar, imom-xatiblar, faxriy domlalar va mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Qur'oni karim oyatlari tilovat qilinib, Muftiy hazratlari yaxshi niyat va duolar bilan jome masjid poydevoriga tamal toshini qo'yib, bu xayrli tashabbusga xizmat qilayotgan kishilar haqiga duo qildilar.
– Masjidimiz o'tgan asrning 90-yillarida 500-600 kishiga mo'ljallab qurilgan, – deydi “Go'zal” jome masjidi imom-xatibi Muhammadravshan Raimqulov. – Biroq bugun mahallamiz ham kengayib, aholimiz soni ham oshib bormoqda. Masjidimiz esa mahalla ehtiyojini qondira olmayapti. Ayniqsa, juma namozlarida ko'plab namozxonlar masjidga tashqarisida namoz o'qishga to'g'ri kelyapti. Qolaversa, namozxonlar uchun boshqa sharoitlar ham u qadar qoniqarli emas edi. Shu bois mahalla faollari va mutasaddilar bilan kelishgan holda masjidni qaytadan qurishni maqsad qildik. Buzish ishlarini o'tgan yilnin avgustida boshlagan bo'lsak, endilikda yangi inshootning poydevoriga ilk g'ishtini qo'ymoqdamiz. Inshaalloh, masjidimiz kelgusi yilning oxirlarida ishga tushadi.
Homiylar va xashar yo'li bilan bunyod etilayotgan masjid milliy me'morchilik yo'nalishida qurilayotgan bo'lib, 6000 namozxonga mo'ljallanmoqda. Aholiga qulay bo'lishi uchun zamonaviy qurilish ashyolariyu jihozlardan foydalanishga harakat qilinmoqda. Kelgusida masjidda keng va yorug' xonaqoh, ayollar uchun alohida namozxona, tahoratxona, 35 metrli minora, kutubxona, alohida majlislar zali, sartaroshxona, avtoturargoh, kitob do'koni va shu kabi bir qator qulayliklarga ega majmua barpo etiladi.
Tadbir davomida muftiy hazratlari qurilish jarayoni bilan tanishdilar, jome poydevoriga ilk g'ishtni qo'yib berdilar, loyiha va rejalar bo'yicha usta, mutaxassislar bilan maslahatlashdilar, homiylarga minnatdorlik bildirib, masjid barpo qilishda yordam berayotgan barchaning haqiga duo qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Ramazon Qur’on oyidir. Ha, Ramazonning eng buyuk fazilatlaridan biri – bu uning Qur’on oyi ekanidadir. Alloh taolo O‘zining so‘nggi Kitobi, Qiyomatga boqiy qoladigan, barchani ojiz qoldirgan mo‘jiz Kalomi Qur’oni karimni nozil qilish uchun aynan Ramazon oyini tanlagan. Shuning o‘zi bu oyning qanchalar ulug‘ ekanini anglash uchun yetarlidir. Shuning uchun ham ramazon Qur’on oyi, Qur’oni karim nozil bo‘lgan oy deyiladi.
Buyuk Robbimizning O‘zi bu haqida xabar bergan: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir” (Baqara surasi, 185-oyat).
Alloh taolo boshqa bir oyatda Qur’oni karimni Ramazon oyining qaysi kechasida nozil bo‘lgani haqida marhamat qilib bunday degan: “Albatta, Biz u(Qur’on)ni Qadr kechasida nozil qildik” (Qadr surasi, 1-oyat).
Ramazon oyida qadimdan mo‘min-musulmonlar Qur’oni karimni tilovat qilish, o‘qib-o‘rganish hamda eshitishga alohida bel bog‘lardilar. Ramazon oyi chinakamiga o‘qish, o‘rganish oyiga aylanar edi. Chunki bu savobli amalni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshliq sahobalar va keyingi islom ummati joriy qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida Qur’oni karimni ko‘p o‘qish, uni o‘rganish, takrorlashni, dars qilishni ham yo‘lga qo‘ygan edilar. Har doimgidek, bu borada ham avvalo o‘zlari amaliy o‘rnak bo‘lganlar. Bu haqda Ibn Abbos raziyallohu anhumo bunday deganlar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng saxiyliklari Ramazonda – Jabroil u zot bilan uchrashganda bo‘lar edi. Jabroil Ramazonning har tunida u zot bilan uchrashib, Qur’onni dars qilishardi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu muborak hadisi sharifdan ma’lum bo‘ladiki, Nabiy alayhissalom Ramazon kechalarini Qur’oni karim tilovati bilan, uni vahiy farishtasi Jabroil alayhissalom bilan dars qilib, takrorlab o‘tkazar ekanlar.
Qur’oni karim va hadisi shariflarda Qur’oni karimni tilovat qilishning fazilatlari bayon qilingan. Bu haqda Alloh taolo “Fotir” surasida bunday degan: “Albatta, Allohning kitobini tilovat qiladiganlar, namozni to‘kis ado etib, Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq qilganlar, hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo‘lurlar. Chunki U zot ularga ajrlarini to‘liq qilib berur va O‘z fazlidan ziyoda ham qilur. Albatta, U o‘ta mag‘firatli va o‘ta shukr qilguvchidir” (29–30-oyatlar).
Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kuni men: “Ey Rasululloh, menga nasihat qiling?” dedim. U zot: “Allohga taqvo qil, chunki u barcha ishlarning boshidir”, dedilar. “Ey Rasululloh, yana ziyoda qiling”, dedim. Shunda u zot: “Sen Qur’on tilovatini o‘zingga lozim tut. Zero u sen uchun yerda nur va osmonda zaxiradir”, dedilar” (Ibn Hibbon “Sahih”da uzun hadisda rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi zaif).
Abu Zarr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nasihat so‘raganida, u zot eng birinchi navbatda Abu Zarrga taqvoni mahkam ushlashni tayinladilar. Haqiqatan, taqvo barcha ishlarning boshidir. Agar ish taqvo asosida amalga oshirilsa, u Alloh dargohida maqbuldir. Taqvosiz qilingan amal har qancha chiroyli ko‘rinmasin, miqdori ko‘p bo‘lmasin, natija berishi qiyin.
Abu Zarr roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan yana nasihat qilishlarini so‘raganida, u zot unga Qur’on o‘qishni buyurdilar. Sababi Qur’on nurdir. U banda yo‘lini yoritadi. Banda Qur’on bilan zalolat zulmatidan chiqib, hidoyat sari yuradi. Qur’on banda qalbiga nur bag‘ishlaydi. Qur’on qabrda bandagi nur bo‘ladi. Qolaversa, qiyomat kuni atrof qorong‘i bo‘lganida, Qur’on uning yo‘lini yorituvchi nur bo‘ladi. Demak, Qur’on o‘qish bilan banda ilohiy nurga erishar va tilovatdan hosil bo‘lgan savoblar uning foydasiga zahira bo‘lib borar ekan. “Zaxira” deganda hojat tushganda foydalanish maqsadida biron narsani yig‘ish, to‘plab qo‘yish nazarda tutiladi. Umid qilamizki, Qur’on o‘qiganimiz uchun olgan ajr-savoblarimiz qiyomat kuni bizga asqotadi!
Shuningdek, Qur’on tilovat qiladigan kishining oxiratdagi darajasi ham yuqori bo‘ladi. Bu haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Qur’on sohibiga: “Qiroat qilib ko‘tarilaver. Qur’onni dunyoda qandoq dona-dona o‘qigan bo‘lsang, xuddi shundoq o‘qing. Albatta, sening manziling oxirgi qiroat qilgan oyatingning makonidan bo‘ladi”, deyiladi” (Imom Termiziy rivoyati).
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamshunday deganlar: “Kim Qur’on o‘qisa, bas, u nubuvvat (darajasi)ga pog‘onama-pog‘ona ko‘tarilib boribdi. Faqat unga vahiy qilinmaydi, xolos. Qur’on sohibi qalbida Allohning Kalomi bo‘la turib g‘azab qilgan kishi bilan tortishishi va johil kishiga qo‘shilib johillik qilishi to‘g‘ri emas” (Bayhaqiy “Shuabul-iymon”da va Hokim “Mustadrak”da rivoyat qilgan).
Qur’on o‘qish, uni tadabbur qilish orqali banda yuksak ruhiy maqomga, ulug‘ martabaga chiqib boradi. Banda dunyodagi eng go‘zal xulqlarni aynan Qur’on o‘qish orqali biladi va ularni o‘ziga singdiradi.
Qur’on tilovatida dangasalik qilgan vaqtimizda quyidagilarni esga olaylik!
– Bir bet uchun 5 ming savob bor.
– Bir juz (pora) Qur’on uchun 100 ming savob bor.
– Bitta xatm uchun 3 million savob bor.
“Alloh istagan kishilariga (savobni) bir necha barobar qilib beradi” (Baqara surasi, 261-oyat).
Qur’on tilovatiga vaqt topa olmay bahona qidiradigan odamlarga
Ushbu so‘zlar doimo ko‘z o‘ngingizda tursin: “Qur’on nimaiki narsaga aralashsa, unga baraka olib kiradi”.
Doktor Hasan Husayniy rahmatullohi alayh bunday deydi:
"Tun vahshati, yolg‘izligini faqat duo o‘chiradi.
Ruh mashaqqati, charchog‘ini faqat namoz ko‘taradi.
Qalbni Qur’on va zikrdan boshqa biron narsa xotirjam qilolmaydi".
Alloh taolo Oli Imron surasining 103-oyatida: «Hammangiz Allohning “arqoni” (Qur’on)ni mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang hamda o‘zaro adovatda bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo‘ygan Allohning ne’matini yodda tuting Uning ne’mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do‘zax chohi yoqasida turgangizda, sizlarni undan qutqardi Shoyad, haq yo‘lni topgaysizlar, deb, Alloh o‘z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi», deb marhamat qilinadi.
Birlik kuch-qudrat demakdir. U saodat va salomatlik keltiradi. Firqalarga bo‘linish esa insonni zaiflashtiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlarini tadqiq etgan olimlar musulmonlarning Qur’onni mahkam tutib, hamjihat bo‘lganlari bois katta zafarlarga erishganliklarini ta’kidlaydilar. Yuqoridagi oyatning nozil bo‘lishiga Madinada yashaydigan Xazraj va Avs qabilalarining muntazam adovatlari sabab bo‘lgan edi. Ushbu oyatda Qur’oni Karim nozik o‘xshatish bilan mustahkam arqonga kiyoslanmoqda. Mana shu arqonni mahkam tutgan kishi omon qolishi, ya’ni gunoh va yomonliklardan xalos bo‘lishi mumkin.
Allohim, barchamizni Qur’onni mahkam ushlab, hayotga tadbiq etadigan, Qur’onga muvofiq hayot kechiradigan O‘zingni xos bandalaringdan qilgin!
Muhammad Quddus Abdulmannon
Xo‘jaobod tuman “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.