Shu kunlarda yurtimizda Ramazonga tayyorgarlik ishlari yuqori kayfiyatda davom etmoqda. Ayniqsa, yurtimizda yangi masjidlarning ketma-ket ochilayotgani yurtdoshlarimiz uchun Ramazonga munosib tuhfa bo'layotir.
Kuni kecha O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari poytaxtimizdagi “Ko'kcha Oqtepa” masjidi ochilishida ishtirok etgan bo'lsalar, bugun, 25 mart kuni Sirdaryo viloyati Guliston tumanida joylashgan “Shodmonxo'ja” jome masjidi yangi binosining ochilish marosimida qatnashdilar.
Muftiy hazratlari dastlab yig'ilganlarga masjiddagi ilk juma mavi'zasini qilib berdilar. Shu paytgacha bu masjid faqat mahalla masjidi sifatida faoliyat yuritayotgan edi. Endilikda u jome masjidga aylantirildi.
Muftiy hazratlari so'zi avvalida masjidlarimizdagi qulaylik haqida gapirar ekan, bularning barchasi Allohning bizga bergan ulkan ne'mati ekanini alohida qayd etib, bu kunlarga shukronalar aytish kerakligini ta'kidladilar. Shu bilan birga masjid bunyod etish ulkan ajri savobli amal ekanini hadislar bilan dalillab, qurilish ishlarida ko'makchi bo'lgan barcha yurtdoshlarimiz haqiga duo qildilar.
Ma'lumot uchun qayd etish joizki, “Shodmonxo'ja” jome masjidi binosi yaqingacha yaroqsiz ahvolda bo'lib, namozxonlarga bir qancha noqulayliklar tug'dirar edi. Shu boisdan mahalla ahli va masjid ma'muriyati bilan kelishilgan holda o'tgan yilning iyun' oyida masjidni qayta qurish ishlarini boshlab yuborishdi. Mahalliy aholining ko'magi va hashari bilan masjid binosi qisqa fursat – to'qqiz oy ichida qaytadan bunyod etildi. Mingdan ziyod namozxonni sig'dira oladigan masjid zamonaviy qiyofaga keltirilib, namozxonlar uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Tahoratxonalar, masjid ma'muriyati xonalari, kutubxonalar kerakli jihozlar bilan jihozlandi. Issiqlik va sovutish tizimlari, shu bilan bir qatorda zamonaviy ovoz kuchaytirgichlar o'rnatildi. Masjid atroflarini ko'kalamzorlashtirish uchun zamonaviy sug'orish tizimlari tashkil etilib, archalar ekildi.
Allohga behisob shukrlar bo'lsinki, yurtimizda bu kabi jome masjidlarning soni yanada ko'payishi kutilmoqda. Alloh taolo Ramazon oyida ham bunday xushxabarlarni bardavom qilsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Albatta, Alloh sizlardan biringiz ish qilganda uni yaxshilab qilishini sevadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Musulmon har ishni puxta, chiroyli va mukammal qilishi lozim. Chala, sifatsiz, “bizdan ketguncha, egasiga yetguncha” qabilida ish qilish musulmon insonga mutlaqo munosib emas. Sifatsiz ish qilgan odam o‘zicha oz ish qilib, ko‘p narsa topganga o‘xshaydi.
Aslida esa u o‘ziga zarar qilgan bo‘ladi. O‘zi bajarmagan ishini bajargan qilib ko‘rsatish, sifatsiz ishini sifatli ish sifatida taqdim etish, xom-ashyoning arzonini ishlatib, qimmatidan foydalanganini da’vo qilish kabilar yolg‘onchilik, munofiqlik hisoblanadi. Bular “qo‘shib yozish”, “qalloblik” kabi nomlar bilan ham hammamizga tanish.
Ishdagi bu nuqsonlarni davlat, xalqaro tashkilot va shirkatlar, xususiy shirkat va shaxslar qo‘lida ish bajaryotganlar sodir etishadi. Bunga mas’ul hisobchilarning bajarilmagan rejaning ortig‘i bilan bajarilgani haqida hisobot tayyorlashlaridan tortib, suvoqchi ustaning suvalgan devorning o‘lchoviga yo‘q narsani qo‘shib haq olishigacha misol keltirish mumkin. Bunday ko‘zbo‘yamachiliklar amalga oshirilayotgan paytda oson ko‘rinsa ham, aslida koni zarardir. Bu dunyoda ham, oxiratda ham sharmandalikdir.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bundan qaytarganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizga nisbatan aldamchilik qilsa, bizdan emas”, dedilar.
“Halol kasb-hunar – qut-baraka keltirar” kitobidan