Ro'za – ruh tarbiyasi
Alloh taolo mo'min bandalariga o'ta karamlidir. U insonlarning amallarini kengligi osmonlaru Yercha bo'lgan jannat bilan taqdirladi. Mo'minlar jannatga barchasidan kirishlari uchun har bir darvoza oralig'idagi masofani qirq yillik yo'l qilib qo'ydi. Rivoyatlarda zikr qilinishicha, jannatga kiruvchilar shu qadar ko'p bo'ladiki, hatto bunday keng darvozalarda ham tiqilinch hosil bo'ladi.
Shunday bo'lsa-da, ro'zadorlar jannatga kirishlari uchun alohida darvoza bilan xoslandi. Payg'ambarimiz alayhissalom bunday marhamat qiladilar: «Jannatda “Rayyon” deb nomlanuvchi darvoza bor. Qiyomat kuni undan faqat ro'zadorlar kiradi. (Qiyomatda) “Ro'zadorlar qayerda?” deb nido qilinadi. Bas, (ro'zadorlar) o'rnilaridan turishadi. (Darvozadan) ulardan boshqa hech kim kirmaydi. (Barchalari) kirib bo'lgach, darvoza berkitiladi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Hofiz ibn Hajar rahimahulloh “Fathul Boriy”da bunday deydi: «Hadisda “jannatda” deyildi, “jannat uchun” deyilmadi. Sababi, jannatdagi mazkur darvozadan kirganlarga rohat-farog'at borligini his ettirish, unga nisbatan zavq-shavqni oshirishdir».
“Rayyon” lafzi tashnalikning ziddi – “chanqoqni qondirish” ma'nosini anglatadi. Demak, lafz bilan ma'no o'zaro uyg'un. “Rayyon” deb nomlanishiga yana bir sabab shuki, unda juda ko'p daryolarning mavjudligidir. Ya'ni, dunyoda ixlos bilan tutilgan ro'za evaziga qiyomatda ro'zadorning chanqog'i qondiriladi. Jannatda esa, salqinlik bardavomdir. “Rayyon” lafzi “chanqoqni qondirish”ni ifodalasa-da, to'qlikka ham ishoradir. Zero, chanqoqning bostirilishi to'qlikka ham dalolat qiladi. Bunday gap bor: “Ro'zadorni ko'proq ochlik qiynaydi. Chunki ko'pchilik suvsizlikka chidashi mumkin, lekin ochlikka sabr qilish qiyin”.
Bu ta'rif ro'zadorning holiga munosibdir. Alloh taolo bunday deydi: «Do'zax egalari jannat egalariga: “Bizga ham suvdan yoki Alloh sizga rizq qilib bergan narsadan to'kinglar”, deb nido qiladilar. Ular: “Albatta, Alloh bularni kofirlarga harom qilgan”» (A'rof surasi, 50-oyat).
Rayyondan kirish uchun ro'zador ro'zasining savobi kamaymasligi kerak. Chunki ro'zada taom, ichimlik va boshqa hissiy narsalardan tiyilishgina emas, balki ajrni kamaytiruvchi barcha narsalardan saqlanish vojibdir.
E'tibor beraylik, Rayyondan kirish Ramazonning farz ro'zasini tutuvchi ro'zadorlar uchun xoslanayotgani yo'q. Boisi Ramazon ro'zasini barcha musulmonlar tutadi. Rayyon darvozasidan kiruvchilar deb farz ro'zalarga nafl ro'zalarni ergashtiruvchilar aytilyapti.
Bu esa ro'zaning Parvardigor nazdida qanchalik yuksak maqomga ega ekanini anglatadi. Nabiy alayhissalom ham buni yanada yorqinroq ifodalab: «“Ro'zadorlar qayerda?” deb nido qilinadi. Bas, (ro'zadorlar) o'rnilaridan turishadi. (Darvozadan) ulardan boshqa hech kim kirmaydi. (Barchalari) kirib bo'lishgach, darvoza berkitiladi», deb bashorat bermoqdalar.
Ba'zi olimlarning fikricha, qiyomatda ro'zadorlarga qilinadigan ushbu nido ularni ulug'lash, hurmatlash, amallarining savobi buyuk ekanini bildirish uchundir.
Jannat darvozalari sakkiztadir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o'sha darvozalarni birinchi bo'lib ochib, ularga kiruvchidirlar. So'ngra barcha mo'minlar amaliga muvofiq darvozadan kiradi. Chunki hammaning o'ziga yarasha turli yaxshi amallari bor, jannatga kirish imtiyozlariga egadir. Lekin Rayyon darvozasi orqali kirolmaydi. Yaxshi amallarda peshqadamlar jannatning barcha eshiklaridan chaqirilishga haqli bo'ladi. Fikrimizni Nabiy alayhissalomning bashoratlari tasdiqlaydi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Ota-onam sizga fido bo'lsin, yo Rasululloh! Qiyomatda nido qilinganlar faqat bitta eshikdan kirishadimi yoki hamma eshikdan chaqiriladigan biron kishi ham bo'ladimi?” deb so'radi. Nabiy alayhissalom: “Ha, bo'ladi. Siz o'shalardan bo'lishingizni umid qilaman”, deb javob berdilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Jannat ahli uchun ko'z ko'rmagan, quloq eshitmagan, bashar xayoliga kelmagan ne'matlar bor. Jannatda uzundan-uzoq soyalar, jilo sochuvchi nurlar, daryolar mavjud. Uning tuprog'i mushk va za'farondan. Toshlari yoqut va marjondan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Hamda O'zi ularga ta'riflab bergan jannatga kiritar” (Muhammad surasi, 6-oyat). Shuningdek, jannatda xonalar, ishkomlar, qasrlar bo'lib, behisht ahli o'z maskanini taniydi. Jannatdagi uylar tilladan bo'lib, bunga Payg'ambarimiz alayhissalom guvoh bo'lganlar. Alloh taolo u zotga jannatni ko'rsatgan.
Rivoyatda kelishicha, Nabiy alayhissalom jannatdagi tilladan barpo etilgan qasrning go'zalligidan ajablandilar. Qasr haqida so'radilar. U zot alayhissalomga: “Bu qurayshlik yigitga tegishli qasr”, deyildi. Payg'ambarimiz alayhissalom: “O'sha men bo'lsam kerak”, degan o'yda qasrning egasi kim ekanini so'radilar. Umar ibn Hattob roziyallohu anhu ekani aytildi. Nabiy alayhissalom Umar roziyallohu anhuga bu haqda xabar berar ekanlar: “Ey Abu Hafs, agar rashkchiligingni bilmaganimda, u erga kirgan bo'lardim”, dedilar. Umar roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomdan ushbu xabarni eshitib yig'ladi va: “Yo Rasululloh, sizdan rashk qilarmidim”, dedi (Imom Termiziy va Imom Nasoiy rivoyati).
Payg'ambarimiz alayhissalomdan jannat uylarini tasvirlab berishlarini so'rashganda, bunday deganlar: “Jannat binolarining g'ishti kumushdan va tilladan. Suvog'i hidi kuchli, yoqimli mushkdan” (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyati). Bundan tashqari, shunday xonalar borki, tashqaridan uning ichi, ichkarisidan tashqari ko'rinadi. Uylarni omonlik va xotirjamlik qurshagan, suvlarning mayin jildirashi eshitiladi. Uylar atrofida go'zal ishkomlar bor. Jannatda g'ulom va xizmatchilar bo'ladi. Likopchalari tilladan. Huru iynlar u erda istiqomat qilishadi, tashqariga chiqishmaydi: “Chodirlarni lozim tutgan hurlar bor” (Ar-Rohman surasi, 72-oyat). Jannatda anhorlar bor. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “...(daraxtlar) ostidan anhorlar oqib turgan jannat bor” (Buruj surasi, 11-oyat). Unda daraxtlar bor. Payg'ambarimiz alayhissalom: “Jannatda bir daraxt borki, otliq kishi uning soyasida yuz yil yurib ham, undan o'tolmaydi” (Imom Termiziy rivoyati), deb marhamat qilganlar.
Ixlos bilan tutilgan har bir ro'za – ibodat, solihlarning odati, muttaqiylarning shiorlaridir. U nafsni poklovchi, xulqni go'zallashtiruvchi, taqvo madrasasi, hidoyat manzilidir.
Barchamizga nafaqat Rayyon darvozasidan, balki jannatning barcha darvozalaridan chaqirilish nasib etsin. Rayyon darvozasi hamon ochiq.
Abduqahhor YuNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi o'rinbosari
Bir namozdan keyingi namozgacha, jumadan jumagacha gunohlardan poklanish fursati bo‘lsa, Ramazondan kelgusi ramazongacha – yillik gunohlardan qutilish uchun eng qulay mavsumdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyga alohida e’tibor berardilar. Hatto Rajab oyi kirganda: “Allohumma barik lana fi rajabin va sha’bana va ballig‘na ramazona”
“Allohim, rajab va sha’bon oylarida bizlarga baraka ato qilgin va bizlarni ramazon oyiga yetkazgin” deb duo qilardilar.
Ramazon juda ko‘plab yaxshiliklar hamda imkoniyatlar oyidir. Ularning eng avvali – bu Qur’ondir. Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib Qur’on tushirilgandir”.
Alloh taolo boshqa oyatda bunday marhamat qiladi: “Alif. Laam. Miym. Bu kitobda shak-shubha yo‘q, u taqvodorlarga hidoyatdir”.
Alloh taolo birinchi oyatda ramazon oyida Qur’oni karimni barcha odamlar uchun nozil qilganini, ikkinchi oyatda esa, Qur’on faqat taqvodorlarga hidoyat manbai ekanini ta’kidlamoqda. Shu bois, ramazonda ko‘pchilik odamlarning qo‘liga Qur’on olganini ko‘rasiz.
Qolaversa, ramazonda ko‘p Qur’on o‘qish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda Jabroil alayhissalom bilan Qur’onni dars qilishardi. Shuning uchun biz ham, bu oyda ko‘proq Qur’on o‘qib, o‘rgansak Alloh taoloning rahmatiga erishamiz, Rasulullohning sunnatlariga amal qilgan bo‘lamiz.
Ramazon – xayr-saxovat oyidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiyi edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda yaxshilikda erkin shamoldan ham saxiy bo‘lib ketardilar.
Demak, ramazon oyida imkon qadar har kuni xayr-ehson, sadaqa berishga harakat qilish kerak. Masalan, “Bir odam ramazonda 1000 (ming) riyol sadaqa qila olishg imkoniyatim yetadi” desa, shu ming riyolni har kuni bo‘lib-bo‘lib berib borsin.
Bu bilan siz agar har kuni bir yoki bir nechta ro‘zadorning iftorlik qilishiga sabab bo‘lishingiz mumkin. Muhimi har bir inson qo‘lidan kelgan yaxshilik qilishi kerak.
Ramazondagi eng muhim jihatlardan biri – bomdod va xufton namozlarini jamoat bo‘lib o‘qishga e’tibor berishdir. Ayrimlar taroveh namozini qoldirmasdan o‘qishadi-yu, lekin farz namozlarga unchalik e’tiborli bo‘lishmaydi. Shuni bilingki, bir farz namozni (o‘z vaqtida) ado etish, butun Ramazon oyida qoim bo‘lishdan afzal turadi. Chunki avvalgisi farz amal bo‘lsa, keyingisi nafldir. Shuning uchun, avvalo farz namozlarni o‘z vaqtida jamoat bilan o‘qib, keyin nafl ibodatlarni ado etish lozim. Albatta, Ramazon oyining kechalarini bedor o‘tkazish amallarning eng afzali sanaladi.
Ramazon oyi yaxshiliklarga to‘la oy. Rivoyatlarga ko‘ra, bu oyning har kechasida Alloh taolo 600 mingta do‘zaxga mahkum bo‘lganlarni do‘zaxdan ozod qilinadi. Lekin Ramazonning birinchi kechasining ham bir qancha fazilatlari bor, ammo aksariyat odamlar bundan g‘aflatda qoladilar.
Ramazon oyining birinchi kechasida Alloh taolo bandalariga rahmat nazari bilan boqadi, kimga Alloh rahmat nazari bilan boqsa, uni hech qachon azoblamaydi.
Demak, banda ramazonning ilk kunlaridan boshlab uni g‘animat bilmog‘i lozim ekan.
Alloh taolo ramazonning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning gunohlarini kechirib yuboradi. Ammo aksar odamlar bu kechaning fazilatlaridan ham g‘aflatda qoladilar. Ayniqsa, ramazonning oxirgi toq kechasini “Laylatul qadr” kechasi sifatida bedor bo‘lib o‘tkazadilar-u, lekin ramazonning so‘nggi kechasiga bee’tibor bo‘ladilar.
Qadr kechasi har bir ro‘zador alohida e’tibor berishi kerak bo‘lgan muhim kechadir. Lekin Alloh taolo bu kechaning qachonligini yashirib qo‘ygan. Nima uchun? Chunki shunda biz bu kechani ramazon oyining ilk kunidan boshlab kutamiz va butun ramazon kechasini ibodatda o‘tkazishga harakat qilamiz. Agar qadr kechasining kunini aniq bilganimizda, ehtimol ramazonning boshqa kunlarini dangasalik bilan o‘tkazib yuborgan bo‘lardik. Alloh taolo O‘z fazli bilan ramazondan to‘liq foydalanishimizni istaydi.
Oisha onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay?” deb so‘radilar.
Shunda Nabiy alayhissalom ushbu duoni aytishga buyurdilar: “Allohumma innaka afuvvun, tuhibbul afva, fa’fu ’anniy” (Allohim, albatta, Sen kechiruvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Gunohlarimni kechirgin).
Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Ey Muhammad, Ramazon oyini topib, mag‘firat qilingmagan kishining burni yerga ishqalsin”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Omiyn”, dedilar.
Faraz qiling, imtihon topishirayotgan talabalarga barcha imkoniyat va vositalar muhayyo qilib qo‘yilgan bo‘lsa, ya’ni imtihon mavzulari soddalashtirilgan, imtihon qaysi fandan bo‘lishi oldindan aytilgan, alohida muallim biriktirilgan, savollar o‘rgatilgan, ruchka-qog‘oz ham berilgan. Faqatgina javoblarni yozish qolgan. Lekin shunda ham talaba imtihondan yiqilsa “Nega topshira olmading?” deysiz-mi?!
Xuddi shunday, ramazon biz uchun ko‘plab yaxshiliklarga erishimiz uchun juda katta imkoniyatdir.
Shuningdek, “nasalukal jannata va na’uzu bika minannar” duosini ham ko‘p qilish kerak. O‘tgan solihlar bu zikr va duolarni ko‘p aytardilar. Shunday ekan, ramazonning har kuni “Ashhadu allaa ilaha illalloh, astag‘firulloh, nasalukal jannata va na’uzu bika minannar”ni ko‘p aytishga odatlaning.
Albatta, ramazon – toat-ibodatlar oyi. Bu oyda ko‘proq namoz o‘qish, tahajjudlarda bedor bo‘lish, tilovat, xayr-ehson, sadaqalar qilish ko‘paytiriladi.
Ammo, bu oy – ehtiyojlarni, jamiyatdagi ishlarni to‘xtatib turish oyi emas. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda yanada faol bo‘lardilar. Shu sabab, ko‘plab g‘azotlar, fathlar ham aynan ramazon oyida bo‘lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazonda iymon bilan, savob umidida qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, deganlar.
Alloh taolo tutayotgan ro‘zangizni, qilayotgan duo va ibodatlaringizni O‘z dargohida qabul aylasin!
Davron NURMUHAMMAD