QUR_''ONI KARIMDAGI ENG BUYuK OYaT
(Oyatal kursining fazilati)
Hurmatli jamoa! Bugungi ma'ruzamizda Qur'oni karim oyatlari ichida eng buyugi va ulug'i deb ta'riflangan, Payg'ambarimiz alayhissalom ertayu kech o'qib yurishni tavsiya qilgan, hadisi shariflarda bir qancha fazilatlari bayon qilingan, Baqara surasining 255-oyati bo'lmish, Oyatal kursi haqida suhbatlashamiz. Barchamizga ma'lum bo'lgan Oyatal kursi quyidagichadir:
اللَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ الْحَيُّ الْقَيُّومُ لَا تَأْخُذُهُ سِنَةٌ وَلَا نَوْمٌ لَهُ مَا فِي السَّمَاوَاتِ وَمَا فِي الْأَرْضِ مَنْ ذَا الَّذِي يَشْفَعُ عِنْدَهُ إِلَّا بِإِذْنِهِ يَعْلَمُ مَا بَيْنَ أَيْدِيهِمْ وَمَا خَلْفَهُمْ وَلَا يُحِيطُونَ بِشَيْءٍ مِنْ عِلْمِهِ إِلَّا بِمَا شَاءَ وَسِعَ كُرْسِيُّهُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ وَلَا يَئُودُهُ حِفْظُهُمَا وَهُوَ الْعَلِيُّ الْعَظِيمُ
ya'ni: “Allohdan o'zga hech qanday iloh yo'q, faqat Uning o'zi bordir! U tirik va abadiy turuvchidir. Uni mudroq ham, uyqu ham olmaydi. Osmonlar va Yerdagi (barcha) narsalar Unikidir. (Qiyomat kuni) Uning huzurida kim ham (gunohkorlarni) Uning ruxsatisiz shafoat qila olardi?! Allohodamlarning oldilaridagi va ortlaridagi bor narsani biladi. (Odamlar) Uning ilmidan faqat (U) istagan miqdoricha o'zlashtirurlar. Uning Kursiysi osmonlar va Yerni (ham) o'z ichiga sig'dira olur. U ikkisini muhofaza etish Uni toliqtirmas. U Oliy va Buyukdir” (Baqara surasi 255-oyat).
Endi ushbu “Oyatal kursi”ni qisqa tafsiri bilan tanishsak:
“Allohdan o'zga hech qanday iloh yo'q, faqat Uning o'zi bordir!” Alloh yakkayu-yagona, faqatgina Allohga ibodat qilinadi. Ungagina iltijo qilib, hojatlar so'raladi. Allohdan boshqaga ibodat qilish esa, katta adashish va Allohga shirk keltirishdir.
“U tirik va abadiy turuvchidir”. Allohning tirikligi azaliy va abadiy bo'lib, uni boshlanishi ham, tugashi ham yo'q. Alloh barcha borliqdagi narsani boshqaruvchi va yaratuvchidir. Allohning izni va yordamisiz biror-bir ko'kat o'smas, biror-bir barg to'kilmas, hech kim rizq topa olmas va biror-bir jonzot harakat qila olmas hatto nafas ham ololmaydi. Demak, Alloh taolo eru osmondagi barcha narsani boshqarib, ularni harakatga keltirib turadigan Zotdir. Ushbu “Al-Hay va Al-Qayyum” ismlarini ba'zi ulamolarimiz Ismi A'zam deb, bu ismlar bilan duo qilinsa ijobat bo'ladi deganlar. Bunga Payg'ambarlar alahissalomlarning quyidagi duolarini misol keltirganlar:
كَانَ دُعَاءُ عِيْسَى عَلَيْهِ السَّلاَمُ عِنْدَ إِحْيَاءِ الْمَوْتَى بِإِذْنِ اللهِ: (يَا حَيُّ يَا قَيُّومُ)،
وَلمَّاَ أَرَادَ سُلَيْمَانُ عَلَيْهِ السَّلاَمِ عَرْشَ بِلْقِيْسِ، دَعَا قَائِلاً: (يَا حَيُّ يَا قَيُّومُ)،
ya'ni: “Iso alayhissalom Allohning izni bilan o'liklarni tiriltirishda “Yo Hayyu, yo Qoyyum” deb duo qilganlar. Sulaymon alayhissalom Bilqisning taxtini Allohning izni bilan oldilarida hozir bo'lishini xohlaganlarida “Yo Hayyu, yo Qoyyum” deb duo qilganlar”.
Demak, biz ham duolarimizda Alloh taoloning ushbu ikki ism-sifatini aytib, hojatlarimizni so'rashimiz ayni muddao bo'lar ekan.
Uni mudroq ham, uyqu ham olmaydi. Alloh doimo uyg'oq. Uni bir lahza ham uyqu olmaydi. “Solihlar gulshani” nomli kitobda ajoyib voqea keltirilgan: Bir kishi bir begona ayolga ko'ngil qo'ydi. O'sha ayol bir kecha o'z ehtiyoji uchun bir joyga ketgan edi, erkak uning ortidan ergashdi. Ikkisi xoli joyga borganda erkak ayolga fahsh ishni taklif qildi. Ayol unga: “Qara-chi, hamma uxlayaptimikan?” dedi. Haligi kishi ayol zinoga rozi bo'ldi deb o'ylab, tashqariga chiqdi, odamlar yashaydigan joylarni aylanib chiqdi. Hamma uxlayotganini ko'rib, xursand bo'lib, ortiga qaytdi. Kelib, ayolga hamma uxlayotganini aytdi. Ayol: “Alloh tabaroka va taolo-chi? U Zot ham uxlayaptimi?” dedi. Kishi: “Alloh taolo uxlamaydi, Uni mudroq ham tutmaydi”, dedi. Ayol: “Ha, Alloh uxlamagan va hech qachon uxlamaydi ham. Uning yaratgan maxluqotlari bizni ko'rmasa ham, Uning O'zi bizni ko'rib turadi. Mana shundan qo'rqish kerak”, dedi. Erkak bu so'zlardan larzaga tushib, ayoldan uzoqlashdi. Qilgan ishi uchun Alloh taolodan qo'rqib, astoydil tavba qildi. U vafot etgach, bir kishi uni tushida ko'rib, “Alloh taolo senga qanday muomalada bo'ldi?” deb so'radi. U: “Allohdan qo'rqib, tavba qilganim uchun gunohimni kechirdi”, dedi.
Osmonlar va Yerdagi barcha narsalar Unikidir. Osmonu erda nimaki bo'lsa, hammasining egasi Allohdir. Bu egalik umumiy bo'lib, hech narsani chetda qolirmaydi. Bu egalikni hech bir narsa chegaralay olmaydi.
(Qiyomat kuni) Uning huzurida kim ham (gunohkorlarni) Uning ruxsatisiz shafoat qila olardi?! Darhaqiqat, Alloh izn bergan zotlargina gunohkorlarni shafoat qiladi. Bu haqda Imom Qurtubiy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
أَذِنَ اللهُ تَعَالَى لِلْأَنْبِيَاءِ وَالْأَوْلِيَاءِ وَالْعُلَمَاءِ وَالْقُرَّاءِ وَالصَّالِحِيْنَ باِلشَّفَاعَةِ لِمَنْ اِرْتَضَى لَهُمْ الشَّفَاعَةُ، فَيَشْفَعُونَ لِمَنْ أدخلوا النار
ya'ni: “Payg'ambarlar, avliyolar, ulamolar, qorilar va taqvodorlardan iborat Alloh O'zi rozi bo'lgan zotlarga shafoat qilishga ruxsat beradi. Natijada, ular do'zaxga kiruvchilarni shafoat qiladilar”.
Demak, hech kim birovni o'rtasiga tushib shafoatchilik qilishga jur'at qila olmaydi. Faqat Allohning O'zining izni bilangina, U bergan izn chegarasidagina shafoat qila oladi.
Alloh odamlarning oldilaridagi va ortlaridagi bor narsani biladi. Alloh taolo bandalarning avval qilgan, hozir qilayotgan va kejlajakda qiladigan ishlarini ham bilidi. Demak, banda har bir ishini Alloh ko'rib turganini his qilgan holatda qilishi va Qiyomat kuni har bir qilmishidan savol-javob bo'lishini his qilib turishi lozim.
(Odamlar) Uning ilmidan faqat (U) istagan miqdoricha o'zlashtirurlar. Demak, inson, ilmning cho'qqisiga chiqdim, deb jar solganda ham, Alloh izn bergan ozgina ilmga erishgan bo'ladi, xolos. Shuning uchun ham Hizr alayhissalom Muso alayhissalomga:
مَا عِلْمِي وَلاَ عِلْمُكَ مِنْ عِلْمِ اللهِ إِلاَّ كَمَا نَقَصَ هَذَا الْعُصْفُورُ مِنَ الْبَحْرِ
ya'ni: “Men bilan seni ilming Allohning ilmini oldida xuddi dengizdan chumchuq tumshug'ida suv olgandekdir”.
Demak, qaysi sohaning ilmini egallagan bo'lishimizdan qat'iy nazar, ilmimiz qanchaligidan aslo g'ururlanmasligimiz kerak.
Uning Kursiysi osmonlar va Yerni (ham) o'z ichiga sig'dira olur. Mazkur oyati karimani bunday nom olishiga sabab “Kursiy” so'zining oyat ichida zikri kelganidir. “Kursiy”ning lug'aviy ma'nosi o'rindiq, taxt, tayanch va kursidir. Oyatdagi “Kursiy” so'zini tafsir ilmi olimlari turli xil ma'nolarda tafsir qilganlar. Hasan Basriy rahmatullohi alayh: “Kursiydan murod Arshdir”, deganlar. Ibn Kasir rahmatullohi alayh esa: “Kursiydan murod Arsh emas. Arsh kursiydan kattadir”, degan. Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu: “Kursiydan murod Alloh taoloning ilmidir”, – deganlar.
Aqida ulamolari: “Biz Allohning Arshi va Kursisi borligiga iymon keltiramiz. Bu ikki narsa, odamlarning arshi-taxti va kursisiga o'xshamaydi. U ikkisining hajmi, kayfiyati va sifatini faqat Alloh taoloning O'zi biladi. Bizning esa, ularni bilishga hojatimiz yo'q. Agar hojatimiz bo'lganida, Allohning O'zi bayon qilib bergan bo'lardi”, deydilar.
U ikkisini muhofaza etish Uni toliqtirmas. Ya'ni, Alloh taolo osmonlaru erni va ular ichidagi narsalarni saqlashdan va ularni to'xtovsiz boshqarib turishdan charchamaydi. Bu ish Unga hech qanday og'irlik qilmaydi. Bu sifat Allohning qudrati komil va cheksiz ekanligini ko'rsatadi.
U Oliy va Buyukdir. Alloh hamma narsadan yuqori va oliydir, Alloh hamma narsadan ulug'dir.
Imom Navaviy rahmatullohi alayh bu oyati karima haqida shunday deganlar:
"إِنَّمَا تَمَيَّزْتْ آيَةُ الْكُرْسِيِّ بِكَوْنِهَا أَعْظَمَ آيَةٍ لِمَا جَمَعَتْ مِنْ أُصُولِ الْأَسْمَاءِ وَالصِّفَاتِ مِنَ الْإِلاَهِيَّةِ وَالْوَحْدَانِيَّةِ وَالْحَيَاةِ وَالْعِلْمِ وَالْمُلْكِ وَالْقُدْرَةِ وَالْإِرَادَةِ، وَهَذِهِ السَّبْعَةُ أُصُولُ الْأَسْمَاءِ وَالصِّفَاتِ"
ya'ni: “Oyatal kursini eng ulug' oyat bo'lishining sababi – u o'zida Alloh taoloning ism-sifatlarining eng asosiylarini jamlagandir. Ular, Allohning ilohligi, yakkayu yagonaligi, tirik-barhayotligi, barcha narsani bilishi, barcha narsa Uni mulki ekani, barsa narsaga qodirligi va U xohlagan narsagina bo'lishidir. Mana shu ettisi Alloh taoloning eng asosiy ism-sifatlaridir”.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Qur'oni karimdagi eng buyuk oyat qaysi ekanini bildirish maqsadida sahobalar ichida katta qorilardan bo'lgan Ubay ibn Ka'b raziyallohu anhuga savol bilan murojaat qilganlar:
يَا أَبَا الْمُنْذِرِ، أَتَدْرِي أَيُّ آيَةٍ مِنْ كِتَابِ اللَّهِ مَعَكَ أَعْظَمُ"؟ قَالَ: قُلْتُ: اللَّهُ وَرَسُولُهُ أَعْلَمُ. قَالَ: "يَا أَبَا الْمُنْذِرِ، أَتَدْرِي أَيُّ آيَةٍ مِنْ كِتَابِ اللَّهِ مَعَكَ أَعْظَمُ"؟ قَالَ: قُلْتُ:{اللَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ الْحَيُّ الْقَيُّومُ}. قَالَ: فَضَرَبَ فِي صَدْرِي وَقَالَ: "وَاللَّهِ لِيَهْنِكَ الْعِلْمُ أَبَا الْمُنْذِرِ
(رواه الإمام مسلم عنْ أُبَيِّ بْنِ كَعْبٍ رضي الله عنه)
ya'ni: “Ey Abu Munzir! Allohning kitobidagi eng ulug' oyat qaysi ekanini bilasizmi?” – dedilar. “Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq”, – dedim. U zot yana: “Ey Abu Munzir! Allohning kitobidagi eng ulug' oyat qaysi ekanini bilasizmi?” – dedilar. Men “Allohu laa ilaha illa Huval Hayyul Qayyum”, – dedim. Shunda U zot qo'llarini ko'ksimga qo'yib: “Allohga qasam, ey, Abu Munzir, senga ilm muborak bo'lsin”, – dedilar” (Imom Muslim rivoyatlari).
Bu hadisi sharifdan Qur'oni karimdagi eng ulug' oyat “Oyatal kursi” ekanini bilib olamiz.
“Oyatal kursi”ning bir qancha fazilat va foydalari mavjud bo'lib, quyida ulardan ba'zisini keltiramiz:
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam meni Ramazon zakotini qo'riqlashga vakil qildilar. Birov kelib to'plangan egulikdan hovuchlab ola boshladi. Uni ushlab: “Hozir seni Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib boraman”, dedim. U: “Meni qo'yib yubor, bola-chaqam bor, juda ham muhtojman”, dedi. Uni qo'yib yubordim. Tong otganda Payg'ambarimiz alayhissalom: “Hoy, Abu Hurayra! Kechagi asiring nima qildi?” – dedilar. “Ey Allohning Rasuli, juda ham muhtojligidan, bola-chaqasining ko'pligidan shikoyat qilgan edi, rahmim kelib, qo'yib yubordim”, dedim. U zot: “Senga yolg'on gapirgan bo'lib, qaytib kelsa-chi?” – dedilar. Rasululloh alayhissalomning, “qaytib kelsa-chi”, deganlaridan uning yana kelishini bildim va poylab turdim. U kelib, yana egulikdan hovuchlab ola boshladi. Uni tutib oldim va: “Seni Rasulullohning oldilariga olib boraman”, dedim. U yana: “Meni qo'yib yubor, bola-chaqam bor, juda ham muhtojman”, dedi. Rahmim kelib, uni qo'yib yubordim. Tong otganda Payg'ambarimiz alayhissalom: “Hoy, Abu Hurayra, kechagi asiring nima qildi?” – dedilar. “Ey Allohning Rasuli, juda ham muhtojligidan, bola-chaqasining ko'pligidan shikoyat qilgan edi, rahmim kelib, qo'yib yubordim”, dedim. U zot: “Senga yolg'on gapirgan bo'lib, qaytib kelsa-chi?” – dedilar. Uchinchi marta poylab turib, yana ushlab oldim va: “Endi uch marta bo'ldi, seni, albatta, Rasulullohning huzurlariga olib boraman. Har safar qaytib kelmayman, deb yana kelasan”, dedim. U: “Meni qo'yib yuborsang, Alloh senga manfaat beradigan so'zlarni o'rgatib qo'yaman”, dedi. “Ular qanday so'zlar?” – dedim. “Ko'rpangga kirib yotganingda, “Oyatal Kursiy”ni o'qisang, Alloh tarafidan seni qo'riqchi qo'rib turadigan bo'ladi. Tong otguncha senga jinu shayton yaqinlashmaydi”, dedi. Ertasiga ushbu holatni Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga aytsam, U Zot: “O'zi yolg'onchi bo'lsa ham, senga rost gapiribdi, dedilar va: “Uch kundan beri kim bilan gaplashayotganingni bilasanmi, ey Abu Hurayra?” – dedilar. Men “Yo'q”, dedim. U Zot alayhissalom: “O'sha Shayton edi”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Demak, Oyatal kursi o'qilgan uydan jinu shaytolar qochadi va o'qiguvchini Alloh taolo O'z hifzu himoyasida saqlaydi.
Har bir farz namozdan keyin Oyatal kursini o'qish – kishini jannatga kirishiga sababdir. Bu haqda Rasulimiz alayhissalom shunday marhamat qilganlar:
مَنْ قَرَأَ آيَةَ الْكُرْسِيِّ دُبُرَ كُلِّ صَلاَةٍ مَكْتُوبةٍ ، لَمْ يَمْنَعْهُ مِنْ دُخُولِ الْجَنَّةِ ، إلَّا الْمَوتُ
(رواه الامام النسائي عن أبي أمامة رضي الله عنه)
ya'ni: “Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursini o'qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o'lim to'sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyatlari).
Namozdan keyin Oyatal kursini o'qish fazilati haqida boshqa hadisi sharifda shunday deyilgan:
مَنْ قَرَأَ آيَةَ الْكُرْسِيِّ دُبُرَ كُلِّ صَلاَةٍ مَكْتُوبةٍ كَانَ فِي ذِمَّةِ اللهِ إِلَى الصَّلاَةِ الْأُخْرَى
(رواه الامام الطبراني عن الحسن بن علي رضي الله عنه)
ya'ni: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursini o'qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo'ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Demak, har bir farz namozidan keyin “Oyatal kursi”ni o'qishni odat qilgan kishini jannatga kirishi umid qilinadi. Shunday ekan, namozdan keyin o'qiladigan Oyatal kursi va tasbihlarga alohida e'tibor berib, Ularga doimiy amal qilib yurish katta ajrlar hosil bo'lishiga sabab bo'ladi.
Namozdan keyingi tasbehlar haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam quyidagicha marhamat qilganlar: “Kim har namozdan keyin o'ttiz uch marta “Subhanalloh”, o'ttiz uch marta “Alhamdulillah”, o'ttiz uch marta “Allohu akbar”, desa bu to'qson to'qqizta bo'ladi, yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa sharika lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodir” ya'ni, “Allohdan o'zga iloh yo'q, u yakkayu yagonadir, uning sherigi yo'q, mulk unikidir, maqtov ungadir, u hamma narsaga qodirdir”, desa, garchi gunohlari dengiz ko'pigicha bo'lsa ham kechiriladi” (Imom Muslim rivoyatlari).
Namozdan keyin o'qiladigan Oyatal kursi va zikrlar Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning bizga qilgan tavsiyalari bo'lib, mustahab amaldir.
Hanafiy mazhabimiz ulamolari namozdan keyingi zikrlarni farz va sunnat o'rtasida emas, balki namozning oxirida o'qish sunnatga muvofiq bo'lishini ta'kidlaydilar. Bunga Oisha onamizdan naql qilingan quyidagi hadisni dalil qilib keltirishgan:
كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا يَقْعُدُ إلَّا بِمِقْدَارِ مَا يَقُولُ: "اللَّهُمَّ أَنْتَ السَّلَامُ وَمِنْك السَّلَامُ
تَبَارَكْت يَا ذَا الْجَلَالِ وَالْإِكْرَامِ" (رَوَاهُ الامام مُسْلِمٌ وَالامام التِّرْمِذِيُّ)
ya'ni: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam (farz namozining oxirida) salom berganlaridan keyin faqat “Ey Alloh! Sen salomsan, salom sendandir, Sen muborak bo'lding, ey jalol va ikrom egasi!” deydigan miqdoricha o'tirardilar” (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyatlari).
Bu mavzuda Alloma ibn Obidin rahmatullohi alayh shunday deydilar:
وَأَمَّا مَا وَرَدَ مِنْ الْأَحَادِيثِ فِي الْأَذْكَارِ عَقِيبَ الصَّلَاةِ فَلَا دَلَالَةَ فِيهِ عَلَى الْإِتْيَانِ بِهَا قَبْلَ السُّنَّةِ بَلْ يُحْمَلُ عَلَى الْإِتْيَانِ بِهَا بَعْدَهَا لِأَنَّ السُّنَّةَ مِنْ لَوَاحِقِ الْفَرِيضَةِ وَتَوَابِعِهَا وَمُكَمِّلَاتِهَا فَلَمْ تَكُنْ أَجْنَبِيَّةً عَنْهَا فَمَا يُفْعَلُ بَعْدَهَا يُطْلَقُ عَلَيْهِ أَنَّهُ عَقِيبَ الْفَرِيضَة
ya'ni: “Namozdan keyingi zikrlar haqidagi hadislarda ularni sunnatdan avval qilish kerakligiga dalolat yo'q. Balki u hadislarni sunnatdan keyin zikr qilish deb tushuniladi. Chunki sunnatlar farzlarga qo'shiluvchi, ergashuvchi va ularni mukammal qiluvchidir. Sunnatlar farzlardan ayro emas. Sunnatdan keyin qilingan zikrlarni ham, farzdan keyin bajarilgan hisoblanadi” (“Raddul muhtor” kitobi).
Shuningdek, namozdan keyingi tilovati Qur'on va jamoat bo'lib duo qilishlar ham fazilatli amallardan bo'lib, dinimiz ko'rsatmalarida bu amallarga targ'iblar bordi. Sahobai kiromlar “Ey Rasululloh, qaysi duo eng qabul bo'lguvchi bo'ladi?”, deb so'rashganda, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mana bunday javob berganlar:
جَوْفُ الَّيْلِ وَدُبُرُ الصَّلَوَاتِ الْمَكْتُوبَةِ
(رواه الترمذي عن ابي امامة رضي الله عنه)
ya'ni: “(Eng ijobatga yaqin duo) kechaning oxiri va farz namozlaridan keyingi duolardir” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Shunday ekan, farzu sunnatlarni tugatgandan keyin Oyatal kursi, zikrlar, tilovati Qur'on va duo qilishlar ham Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning so'zlariyu fe'llariga mos kelib turganda, odamlardan ajralib qolib, ular sunnat namozini o'qishga turganda anchagina o'tirib qolish, natijada turli tushunmovchiliklar, ixtiloflar keltirib chiqarish ibodatning savobini ketkazib qo'yadi. Bu masalada nafsu xohishimiz bilan emas, balki sunnatga muvofiq yo'l tutsak, ayni muddao bo'lar edi.
Hulosa qilib aytganda zikru tasbehlar hech qanday xarajat talab qilmaydigan, insonga mashaqqat yuklamaydigan amallardir. Lekin ular tilga oson bo'lishiga qaramay, Qiyomat kuni amallar tarozusini to'ldirib, og'ir bosadi. Bu Alloh taoloning biz Islom ummatiga bergan katta imtiyozi va marhamatidir. Diyorimizda qadimdan ushbu go'zal Nabaviy tavsiyalarga amal qilib kelinmoqda va buning ba'zilar da'vo qilgani kabi shariatimizga zid keladigan joyi yo'q.
Alloh taolo barchamizni imon, islomda bardavom qilib, zikru tasbehlarga bo'lgan muhabbatlarimizni bunda-da ziyoda aylasin! O'qiladigan Oyatal kursi va zikru duolarimizning barakotidan Alloh taolo elu yurtimizni turli balo va ofatlardan saqlasin! Omin!
Dunyo ilm-fan rivojida Islom ma’rifati va madaniyatining o‘rni beqiyosdir. Ko‘plab allomalar va ulamolarning ma’naviy-ilmiy asarlari o‘z davridan hozirgi vaqtgacha ahamiyatini yo‘qotmasdan ilm-fan taraqqiyotiga muhim manba sifatida e’tirof etib kelinmoqda. Umumjahon e’zozlagan olimlar va ulamolar Bog‘dod, Damashq, Samarkand, Buxoro, Granada va Tripoli kabi shaharlarda yashab ijod qilganlar. Ular: Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamahshariy kabi ulamolar dinimiz rivojiga hissa qo‘shgan. Abbosiylar davridan boshlab Tripoli shahri mana bir necha asrdirki ilm-fan markazi bo‘lib qolmoqda. Fotimiylar davrida esa Tripoli shahri poytaxt bo‘ldi. Halifa Ibn Ammor Tripolini ilm markaziga aylantirdi va o‘z davrining eng yirik kutubxonalaridan biri ochildi. Manbalarga ko‘ra unda yuz ming jild kitob mavjud edi. Uning davrida olimlar, ulamolar va yozuvchilar ulug‘langan. Ularga g‘amxo‘rlik qilingan va alohida halifa e’tirofida bo‘lishgan.
Hozirgi kunda ham Tripolida nufuzli xalqaro tashkilotlar, universitetlar, kutubxonalar va ilmiy tadqiqot markazlari faoliyat yuritib kelmoqda. Shahar ulamolar, olimlar, tadqiqotchilar va talabalar bilan gavjum. Poytaxtning o‘zida 100 dan ko‘p nufuzli universitetlar mavjud. Tripoli universiteti esa o‘zida ham diniy va dunyoviy ilmlarni jamlagani bilan boshqa universitetlardan ajralib turadi. Ushbu dargoh “200 nufuzli Islom universitetlari” ro‘yxatiga kiritilgan. Tripoli universiteti 1957 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda 70 000 dan ortiq talabalar bu dargohda ta’lim olib kelishmoqda. U turli yo‘nalishdagi 20 ta kollejni birlashtiradi. Islomshunoslik, Ilohiyat, Fiqh, Huquqshunoslik, Tibbiyot, Xorijiy tillar va Iqtisodiyot kabi fakultetlardan tashkil topgan. Tripoli universiteti dinimiz qadriyatlari doirasida rivojlanishni va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llovchi ta’lim muassasasidir. Universitetning maqsadi talabalarga Islom dini va axkomlari asosida ilmiy va axloqiy ta’lim berish va turli dunyoviy bilimlarni o‘rgatishdir. Tripoli universitetining o‘ziga hos jixati shundaki har bir talaba moliyaviy savodxonlik va tadbirkorlikni o‘rganishi shart. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi talabalar universitet tomonidan rag‘batlantiriladi.
Islomshunoslik yo‘nalishi talabalari o‘quv dasturi davomida Quroni karimni to‘liq yod olishi, shariat asoslarini o‘rganishi, Islom tarixi, Hadis ilmi, Meros taqsimoti, og‘zaki va yozma nutq san’ati kabi fanlarni o‘zlashtirishi talab qilinadi. Islomning sof fitratini namoyish etish, ilm olish va uni ulashish ushbu yo‘nalish fakultetining maqsadidir. Adashgan oqimlar va ekstremistik qarashdagi guruhlarni Quron va hadis orqali ezgu yo‘lga chorlash ularning vazifasidir.
Tripoli universitetida 3450 ta ilmiy nashr faoliyat ko‘rsatadi. Ularda talabalarning ilmiy ishlari, amaliyot va tadqiqotlar natijalari keltirilgan. Misol tariqasida, “Islom ta’limini o‘rganishda Qur’oni Karimning ta’siri”, Ahmad Abdul Salam Abu Moziriqning “Irshod al-Hiron” kitobi haqida, Shayx Abu Abdulloh Muhammad bin Ali al-Xorubiyning “Riyod al-Azhar” va “Sirlar xazinasi”ning lingvistik talqini kabi ilmiy izlanishlar va maqolalar nashrlar orqali keng ommaga berib boriladi.
Shohruh UBAYDULLOH