Sayt test holatida ishlamoqda!
15 May, 2025   |   17 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:24
Shom
19:38
Xufton
21:07
Bismillah
15 May, 2025, 17 Zulqa`da, 1446

Omiyn maxfiy aytiladi, jahriy aytilmaydi

06.12.2023   925   4 min.
Omiyn maxfiy aytiladi, jahriy aytilmaydi

Hanafiy mazhabiga ko'ra, Fotiha surasidan keyin omiynni har bir namozxon ichida (maxfiy) aytadi. Barcha mujtahid ulamolarimizning nazdlarida namozda Fotiha surasidan keyin “omiyn”ni aytish sunnat hisoblanadi. Hanafiy mazhabimiz va molikiy mazhabida “omiyn”ni ovoz chiqarmay aytish kerak bo'ladi. Bunga quyidagi ma'lumotlar dalil qilib keltirganlar:

  1. “Omiyn” lafzi duodir. Uning ma'nosi “ijobat qil”, ya'ni “duoni qabul qil”, demakdir. Qanday duo qilish haqida Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qilgan: “Robbingizga zorlanib va xufyona (ovozsiz) duo qilingiz! Zero, U (duoda va boshqada) haddan oshuvchilarni yoqtirmagay” (A'rof surasi, 55-oyat).

Hadisi sharifda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqda bunday dedilar: “Ichida (maxfiy) qilingan duo ustida (oshkor) qilingan duoning etmishtasiga teng keladi” (Imom Abu Shayx rivoyati).

Muhaddis Ibn Hibbon “Sahih” asarida ushbu hadisni keltiradi: “Duoning yaxshisi maxfiysidir”.

Demak, “omiyn”ni ichimizda aytsak, mazkur oyat va hadislarga amal qilgan bo'lamiz.

  1. Abu Voil roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ali va Ibn Mas'ud roziyallohu anhumo “(Namoz ichidagi) bismillahir rohmanir rohiym”ni ham, “a'uuzu”ni ham, “omiyn”ni ham ovoz chiqarib aytishmasdi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan doimo birga yurgan hazrat Ali va Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhumo kabi sahobiylarning “omiyn”ni ichlarida aytishlari ham kuchli dalil hisoblanadi. Boshqa bir rivoyatda hazrat Umar roziyallohu anhuning ham “omiyn”ni ichlarida aytib namoz o'qiganlari ta'kidlanadi.

Hanafiy ulamolar xuddi shu ma'nodagi, lekin boshqa sahobai kiromlarning ismlari zikr qilingan rivoyatlarni ham keltiradilar.

  1. “Omiyn” lafzini Qur'ondan emasligi hammamizga ma'lum. Buning ustiga, ushbu lafz arabcha ham emas. “A'uuzu billahi minash shaytonir rojiym” esa Qur'onda kelgan, yana Alloh taolo bizga Qur'on o'qiganimizda uni aytishni vojib qilgan. Shunday bo'lsa ham “A'uuzu billahi minash shaytonir rojiym”ni namozda ichimizda aytamiz. Nima uchun endi “omiyn”ni ovoz chiqarib aytishimiz kerak?!
  2. Namoz juda ham mashhur ibodat hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz farz bo'lgan kundan boshlab har kuni besh vaqt namozni jamoat bilan o'qiganlar. U zot sollallohu alayhi vasallamning har bir namozlari minglab kishilar tomonidan sinchkovlik bilan kuzatib borilgan.

Agar “omiyn”ni ovoz chiqarib aytish afzal bo'lganida, u zot alayhissalom bu narsani bayon qilgan bo'lardilar va orada hech qanday shubha qolmas edi. Holbuki, u zot sollallohu alayhi vasallamning o'zlari imomlik qilayotganlarida, ba'zan ta'lim uchun birinchi safdagilar eshitadigan qilib “omiyn”, deganlaridan boshqa hech bir dalil yo'q. Ayniqsa imomga iqtido qilgan kishilarning “omiyn”ni ovoz chiqarib aytganlari haqida hech qanday rivoyat ma'lum emas.

 “Sunnatga muvofiq namoz o'qing” kitobidan olindi.

Jaholatga qarshi ma'rifat
Boshqa maqolalar

“Qiroat qilib ko‘tarilaver”

14.05.2025   1795   3 min.
“Qiroat qilib ko‘tarilaver”

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Tartil bilan Qur’oni karimni qiroat qilish muhim amallardan biri bo‘lib, harflarni maxrajlaridan chiqarib, Allohning kalomini tushunib, tajvid qoidalari bilan to‘g‘ri o‘qishni anglatadi. “Tartil”ning lug‘aviy ma’nosi “biror narsani dona-dona qilib terish”ni anglatadi.

Qur’oni karim Alloh taoloning kalomi bo‘lib, uni tartil bilan o‘qish U zotning buyrug‘idir. Muzzammil surasi 4-oyatda shunday deyiladi: “Va Qur’onni tartil bilan tilovat qil”.

Ali roziyallohu anhudan oyatning ma’nosini so‘rashganda, “tartil – harflarni yaxshilash, vaqf o‘rinlarni bilish”, deb javob qilganlar. Jabroil alayhissalomga Muhammad alayhissalom Qur’onni tartil bilan o‘qib berganlar.

Tartil bilan Qur’on qiroat qilish uchun bir qancha qoidalarga rioya qilish lozim. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  1. Tajvid qoidalariga rioya qilish: “Tajvid”ning lug‘aviy ma’nosi “sifatini oshirish, ziynatlash, chiroyli qilish”ni bildiradi, istilohda Qur’ondagi so‘zlarning har birini o‘z miqdori va sifatida talaffuz qilish, iste’lo va istifola harflarini bir-biridan farqlab, tafxim, tarqiq, idg‘om, izhor kabi qoidalarga amal qilib o‘qishni anglatadi.
  2. Dona-dona, bir maromda va aniq o‘qish: Tartil bilan o‘qishda shoshilmaslik, har bir kalimani aniq tarzda o‘qish muhimdir. Bu oyatlarning ma’nosini tushunishga yordam beradi. Imom Shofeiy tartilning eng ozi tilovatda shoshilishni tark etishdir deganlar.
  3. Ma’nolarini tadabbur qilish: Qur’on ma’nolarini anglash tartilning muhim qismidir. Oyatlarning ma’nosini bilish ularni qalbga singdirishga yordam beradi.
  4. Ixlos va taqvo: Qur’onni faqat Allohning roziligi uchun o‘qish kerak. Ixlos bilan o‘qilgan Qur’onning barakasi va savobi ulug‘ bo‘ladi.
  5. Poklik va ehtirom: Qur’onni tahorat bilan o‘qish, tinch joyda va e’tibor bilan o‘qish tartilning sifatini oshiradi.

Tartil bilan Qur’on o‘qishning foydalari juda ko‘p. Ulardan ba’zilari:

  • Ruhiy oziq: Qur’on qalb uchun nurdir. Uni tartil bilan o‘qish insonning ruhini yanada sayqallaydi va Allohga yaqinlashtiradi.
  • Savob: Har bir harf uchun ko‘plab savob beriladi. Tartil bilan o‘qish bu savobni yanada oshiradi.
  • Qalb xotirjamligi: Qur’on qiroatining ovozi va ma’nosi qalbga taskin beradi, stress va tashvishlarni kamaytiradi.
  • Ilm: Qur’on ma’nolarini anglash va tajvidni o‘rganish orqali insonning bilimi rivojlanadi.
  • Shafoat: Qur’on qiyomat kuni o‘quvchilariga shafoatchi bo‘ladi.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qur’on sohibiga: qiroat qilib ko‘tarilaver. Dunyoda qandoq tartil qilgan bo‘lsang, xuddi shundoq tartil qil. Albatta, sening manziling oxiri qiroat qilgan oyating makonidan bo‘ladir, deyiladi”, dedilar”, (Imom Termiziy rivoyati).

Zafar qori Mahmudov,
Toshkent Islom instituti “Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchisi.