Hanafiy mazhabiga ko'ra, Fotiha surasidan keyin omiynni har bir namozxon ichida (maxfiy) aytadi. Barcha mujtahid ulamolarimizning nazdlarida namozda Fotiha surasidan keyin “omiyn”ni aytish sunnat hisoblanadi. Hanafiy mazhabimiz va molikiy mazhabida “omiyn”ni ovoz chiqarmay aytish kerak bo'ladi. Bunga quyidagi ma'lumotlar dalil qilib keltirganlar:
Hadisi sharifda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqda bunday dedilar: “Ichida (maxfiy) qilingan duo ustida (oshkor) qilingan duoning etmishtasiga teng keladi” (Imom Abu Shayx rivoyati).
Muhaddis Ibn Hibbon “Sahih” asarida ushbu hadisni keltiradi: “Duoning yaxshisi maxfiysidir”.
Demak, “omiyn”ni ichimizda aytsak, mazkur oyat va hadislarga amal qilgan bo'lamiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan doimo birga yurgan hazrat Ali va Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhumo kabi sahobiylarning “omiyn”ni ichlarida aytishlari ham kuchli dalil hisoblanadi. Boshqa bir rivoyatda hazrat Umar roziyallohu anhuning ham “omiyn”ni ichlarida aytib namoz o'qiganlari ta'kidlanadi.
Hanafiy ulamolar xuddi shu ma'nodagi, lekin boshqa sahobai kiromlarning ismlari zikr qilingan rivoyatlarni ham keltiradilar.
Agar “omiyn”ni ovoz chiqarib aytish afzal bo'lganida, u zot alayhissalom bu narsani bayon qilgan bo'lardilar va orada hech qanday shubha qolmas edi. Holbuki, u zot sollallohu alayhi vasallamning o'zlari imomlik qilayotganlarida, ba'zan ta'lim uchun birinchi safdagilar eshitadigan qilib “omiyn”, deganlaridan boshqa hech bir dalil yo'q. Ayniqsa imomga iqtido qilgan kishilarning “omiyn”ni ovoz chiqarib aytganlari haqida hech qanday rivoyat ma'lum emas.
“Sunnatga muvofiq namoz o'qing” kitobidan olindi.
Mir Arab oliy madrasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov boshchiligida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot tadbirida Buxoro viloyati hokimligi vakillari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita viloyat mutaxassislari, diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tuman va shahar imom-xatiblari hamda otinoyilar ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar kitobda inson qadrini ulug‘lash g‘oyasining mazmun-mohiyati, uning jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy hayotida tutgan o‘rni hamda tarbiyaviy ahamiyati xususida atroflicha fikr-mulohazalar bildirishdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga “Inson qadri” kitobi taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati