Bugun, 19 noyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlari va Qirg'iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Zamir hoji Rakiyev o'rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo'lib o'tdi.
Qabul marosimida Qirg'iziston Respublikasi Din ishlari bo'yicha davlat komissiyasi raisi Toyganbay Abdikarov va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Sodiqjon Toshboyev ishtirok etdi.
Din ishlari bo'yicha raisi Sodiqjon Toshboyev so'nggi yillarda mamlakatlarimiz Rahbarlarining sa'y-harakatlari bilan ikki davlat o'rtasidagi aloqalar kengayib borayotgani, ayniqsa, diniy-ma'rifiy sohadagi hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko'tarilgani, ikki mamlakat ulamolari turli anjumanlarda, ma'rifiy tadbirlarda birga-birga ishtirok etayotganlari, chegara oldi mintaqalarda muntazam aholi bilan suhbatlar olib borilayotganini alohida qayd etdi.
Din ishlari bo'yicha davlat komissiyasi raisi Toyganbay Abdikarov esa O'zbekistondagi tarixiy shaharlarni ziyorat qilish katta baxt ekani, o'zaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish ikki tomon uchun ham manfaatli bo'lishi, ayniqsa malakali diniy soha xodimlari tayyorlashda O'zbekistondagi madrasalar salohiyatidan foydalanish, qadim-qadimdan O'zbekiston zaminidan O'rta Osiyoga ilmu ma'rifat taralgani, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi mo''tabar zotlarning fayzu barakoti sababidan bu diyor mana shunday ravnaq topayotgani kabilarga alohida urg'u qaratdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlari ikki davlat ulamolari Islom dini ma'rifatini keng yoyish, mo'min-musulmonlar birdamligini ta'minlash va ikki qardosh xalq orasidagi do'stlikni rivojlantirish, diniy idoralar o'rtasidagi hamkorlikni ravnaq toptirishda juda ham katta ishlar amalga oshirilayotganini so'zladilar.
Qirg'iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Zamir hoji Rakiyev hazratlari O'zbekistondagi tabarruk qadamjolar ziyoratidan behad mamnun ekani, Hazrati Usmon Mushafi ushbu yurtga fayz bag'ishlab turgani, Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi ulug' insonlar yana etishib chiqishi va ikki mamlakat do'stligini yanada mustahkamlash zarurligi to'g'risida so'z yuritdi.
Qirg'iziston Islom universiteti rektori Abdishukur Narmatov O'zbekiston musulmonlari idorasi huddi tarixda bo'lgani kabi O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasi kabi Markaziy Osiyodagi diniy idoralar faoliyatidagi kabi hamjihatlikni oshirishi, ulamolar ma'rifat tarqatishda katta salohiyatga ega ekani, bugungi tahlikali va murakkab davrda xalqlar, ayniqsa, yoshlarni to'g'ri yo'lga boshlash juda ham zarurligi kabilarga urg'u qaratdi.
Tashrif yakunida tomonlar esdalik sovg'alarini taqdim etdilar.






O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
5 yanvar kuni Namangan viloyati bosh imom xatibi Abdulloh domla Samatov boshchiliklarida viloyat vakilligi xodimlari, shahar va tuman bosh imom-xatiblari hamda "Haj-2025" ziyoratchilaridan iborat tuzilgan ishchi guruh a’zolari uchun Namangan viloyati Namangan tumanidagi “Sayid Jaloliddin“ jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda ishchi guruh a’zolari hamda mahallalarda ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lgan hojilar bilan Namangan tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
birinchi yo‘nalish – imom-xatibning “Haj-2025” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish;
ikkinchi yo‘nalish – imom-xatibning masjidni boshqarish faoliyatini yaqindan o‘rganish, maslahat va ko‘mak berish;
uchinchi yo‘nalish – imom-xatib uchun namuna tarzida peshin namozi vaqtida masjidga kelganlarga dolzarb mavzuda ma’ruza qilib berish.
Ishchi guruh a’zolari yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha Namangan tumanida faoliyat olib bordi.
Shuningdek Ishchi guruh a’zolari Namangan tumani masjidlari hududidagi mahallaning bir necha xonadonlariga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘raldi. Xonadondagi yoshlarni ta’lim tarbiyasi bilan tanishildi, ularning muammolari o‘rganildi, taklif, fikr, mulohazalari tinglandi va mahallalarda namunaviy bo‘lgan oilalarga kirib keksalardan yurtimiz haqqiga duoi hayrlar olindi.
Imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati viloyatning boshqa tumanlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati