Misrning “Shuruq” gazetasida nashr bosh muharriri Imomiddin Hasanning O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Bu haqda misrlik jurnalist 27 oktyabr kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarini yoritish doirasida O‘zbekistonga safari yakunida shuni ma’lum qildi.
Uning yozishicha, O‘zbekistonda hayratlanarli tomoni shundaki, o‘tmish va bugungi kun bir-biriga yaqin, bir-birini to‘sib qo‘ymaydi. Bu qadimiy tarixga ega, o‘ziga xos merosga ega, dunyoga buyuk allomalar – Al-Xorazmiy, Abu Ali Ibn Sino, Al-Beruniy, An-Nasafiy, Az-Zamaxshariy va At-Termiziy, Burhon Ad-Din Al-Marginaniy, Al-Farg‘oniy va boshqalarni ato etgan mamlakat.
“Yuqorida aytilganlarning barchasi tarixda va o‘tmishda, lekin men 27 oktyabr kuni Misr parlament delegatsiyasi tarkibida parlament saylovlarini kuzatish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurganimda, e’tiborimni mamlakat nafaqat so‘zda, balki amalda ham o‘z tarixi va olimlarini hurmat qilishiga qaratdim. ”, - deya o‘rtoqlashadi muallif.
– O‘tgan uch yil ichida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Marg‘ilonda bu yurtga qilgan uch marta tashrifim chog‘ida bunga guvoh bo‘ldim.
Misrlik jurnalistning fikricha, O‘zbekiston YUNESKOning “Jahon xotirasi” fondiga kiritilgan nodir islom qo‘lyozmalarini to‘plash bo‘yicha dunyoning ko‘plab davlatlaridan oldinda. Uning yozishicha, O‘zbekiston me’morchiligi xalq tarixining timsoli hisoblanadi: Samarqandning mahobatli minoralaridan tortib, Buxoroning murakkab koshinlarigacha, har bir bino mintaqa o‘tmishidan hikoya qiladi.
“Men go‘zallik va tarixdan hayratda qoldim va merosga qanday munosabatda bo‘lish kerakligi haqida xabardorlikni oshirishni hohlardim. Bu meros nafaqat mamlakat va uning zamonaviy aholisiga, balki butun insoniyat va kelajak avlodlariga tegishlidir”, - deya xulosa qiladi Imomiddin Hasan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.
Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.
Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.
“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.
Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.
“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.
Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.
Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.
Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati