Qur’oni karimda maxluqotlar ichida eng mukarrami va mukammali inson ekani bayon etiladi (Isro surasi, 70-oyat, Tin surasi, 4-oyat). Barcha nozu ne’matlar inson uchun. Shu bois Alloh taolo bani basharni ongli qilib yaratdi.
Ong faqat insonga xos, desak yanglishamiz. Ayrim jonivorlar borki, ularning nomi Qur’oni karimda hamda hadisi shariflarda zikr etilgan. Hatto ularning jannatga kirishi aytilgan.
Abdurahmon Jomiy jannatga kiradigan o‘nta hayvondan biri “G‘or egalari”ning “Qitmir” degan itiga atab yozgan she’rida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga: “Agar g‘or egalarining iti jannatga kirsa, men ham kirishim kerak. U G‘or egalarining iti bo‘lsa, men Sizning sahobalaringizning itiman”, deydi.
Jannatga kiruvchi o‘n hayvon:
1. G‘or egalarining iti.
2. Yunus balig‘i (Yunus alayhissalomni yutgan baliq).
3. Ismoil alayhissalom o‘rniga qurbonlik qilingan qo‘chqor.
4. Solih alayhissalomning tuyasi.
5. Ibrohim alayhissalomning ho‘kizi.
6. Uzayr alayhissalomning ulovi (eshagi).
7. Sulaymon alayhissalomning chumolisi.
8. Sulaymon alayhissalomning Bilqisga yuborgan hudhudi.
9. Muso alayhissalomning sigiri.
10. Muhammad sollallohu alayhi va sallamning tuyasi.
Tolibjon NIZOM tayyorladi.
Bugun, 6 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Hasan Safarxoniyni qabul qildi.
Samimiy muloqot chog‘ida Homidjon domla Ishmatbekov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ikki xalqni yagona din va mushtarak qadriyatlar birlashtirib kelayotgani, so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.
Uchrashuvda ilmiy-ma’rifiy va madaniy yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish ikki tomon uchun ham samarali bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Hasan Safarxoniy O‘zbekistondagi barqaror taraqqiyotni yuqori baholab, mamlakatning musulmon olamidagi nufuzi ortib borayotganini e’tirof etdi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada aloqalarni rivojlantirish, qo‘lyozmalarni qo‘shma tarzda tadqiq etish, Qur’oni karim ta’limi va tafsiri, haj va umra tadbirlarini tashkil etish hamda qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida mehmon samimiy qabul va esdalik sovg‘a uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati