Bag‘rikenglik haftaligi
Oʻzbekiston – bagʻrikeng mamlakat. Unda turli millat va elat vakillari asrlar davomida ahil-inoq yashab kelgan. Qiyin kunlarda bir-biriga yordam berib, quvonchli damlarda shodligiga sherik boʻlgan. Bagʻrikenglik xalqimiz uchun shunchaki umuminsoniy xislat boʻlibgina qolmay, davlat darajasida eʼtibor qaratiladigan qadriyat hamdir.
BMT Bosh Assambleyasi qaroriga koʻra, 1997-yildan buyon har yili butun dunyoda 16-noyabr Xalqaro bagʻrikenglik kuni sifatida nishonlanadi. Bu sanani yurtimizda ham nishonlash yaxshi anʼanaga aylangan. 2019-yildan buyon ushbu sanaga bagʻishlab tadbirlar tashkil etiladi.
Bugun Oʻzbekiston jahon mamlakatlari uchun bagʻrikenglik namunasini oʻzida mujassam etgan davlat sifatida namoyon boʻlmoqda. Davlatimizning bu boradagi koʻp asrlik tajribasi, millatimizga xos bagʻrikenglik Markaziy Osiyo va boshqa rivojlangan mamlakatlar uchun andaza boʻlib xizmat qiladi, desak mubolagʻa emas.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmi tasi hamda Din ishlari boʻyicha qoʻmita qator tashkilotlar bilan hamkorlikda Xalqaro bagʻrikenglik kuniga bagʻishlab mamlakatimizda “Bagʻrikenglik haftaligi”ni oʻtkazmoqda. Haftalik doirasida davra suhbatlari, konferensiyalar, fotokoʻrgazma va boshqa madaniy-maʼrifiy, ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etilishi belgilangan.
Haftalikni oʻtkazishdan asosiy maqsad fuqarolik burchi, masʼuliyatini anglash, vatanparvarlik, shaʼn va qadr-qimmat, shuningdek, bagʻrikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyatini mustahkamlash orqali aholi, jumladan, bolalar va yoshlarning jamiyat rivojidagi ishtirokini faollashtirish, millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bagʻrikenglik hissini yanada kuchaytirishga hissa qoʻshishdir.
Haftalikning ilk tadbiri Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Media marka zida mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, xorijiy davlatlar bilan doʻstlik aloqalarini rivojlantirish borasidagi ishlar yuzasidan “Oʻzbekiston — bagʻrikeng diyor” mavzusida Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi bilan boshlandi.
Press-klub sessiyasida qator tashkilotlar, milliy madaniy markazlar rahbarlari va konfessiya vakillari ishtirok etdi. Spikerlar mamlakatimizdagi millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik siyosatiga yuqori baho berib, “Bagʻrikenglik haftaligi” doirasida boʻlib oʻtadigan tadbirlar xalqlarimiz orasidagi doʻstlik rishtalari, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.
Xalqaro press-klub sessiyasidan soʻng “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida turli millat va diniy konfessiya vakillari ishtirokida Mustaqillik monumentiga gulchambar qoʻyish tadbiri boʻlib oʻtdi.
Haftalik dasturiga koʻra, yurtimizning barcha hududida turli tadbirlar oʻtkazili shi belgilangan. Davlat umumtaʼlim mak tablarida “Milliy anʼana va udumlar” koʻrgazmalari, “Bagʻrikenglik – mening nazdimda” mavzusida insholar tanlovi, “Mening bagʻrikeng dunyom” mavzusida rasmlar tanlovi hamda bagʻrikenglikni targʻib qiluvchi sheʼrxonlik kechalari oʻtkaziladi.
Davlat oliy taʼlim muassasalarida “Biz – bir mamlakatda yashayotgan yagona xalqmiz”, “Diniy maʼrifat va millatlararo bagʻrikenglik – jamiyat barqarorligi sharti”, “Millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik – umrboqiy qadriyatlar” mavzularida davra suhbatlari, “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” mavzusida ilmiy-amaliy va maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish koʻzda tutilgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar)lardagi xiyobon va sayilgohlarda “Oʻzbekiston – bagʻrikeng diyor” shiori ostida madaniy tadbirlar, qardosh xalqlar yozuvchi, shoir va rassomlarining badiiy asarlari koʻrgazmalari boʻlib oʻtadi.
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda nodavlat telekanallar orqali oʻzbek xalqining bagʻrikengligi, mehmondoʻst va tinchliksevarligi hamda buyuk ajdodlar merosiga bagʻishlangan badiiy va hujjatli filmlar namoyishi koʻzda tutilgan.
Guldana Avezdurdiyeva,
Respublika turkman madaniyat markazi raisi:
– Bagʻrikenglik Oʻzbekistondagi turli millatlar hamjihatligi, birdamligi ifodasidir. Tarixga nazar solsak, oʻzbek xalqining bagʻrikengligi oʻziga xos qadriyatga aylanib ulgurgan. Albatta, bu qadriyatning munosib davom ettirilishi, kelajak avlodga oʻz holicha yetkazilishi bugunning talabi. Haftalikning yuqori saviyada oʻtkazilayotgani, hech shubhasiz, millatlarimiz orasidagi totuvlikni yanada rivojlantiradi, mehr oqibatni yanada mustahkamlaydi.
Fursatdan foydalanib, Respublika turkman madaniyat markazi hamda Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan turkman millati vakillari nomidan barcha vatandoshlarni bayram bilan samimiy muborakbod etaman. Doʻstligimiz, hamjihatligimiz hamisha barhayot boʻlsin!
Yeji Matsulevich,
Oʻzbekistondagi Rim-katolik cherkovi yepiskopi:
– Ilgari Xalqaro bagʻrikenglik kuni faqat bir kun nishonlangan boʻlsa, hozir butun haftalik doirasida bayram qilinmoqda. Bu ham Oʻzbekistonning qanchalik bagʻrikeng mamlakat ekanini ifoda etadi. Qolaversa, butun millat, elat hamda turli din vakillari ahil va totuv yashayotganini koʻrsatadi. Mazkur bayram bilan butun Oʻzbekiston ahlini muborakbod etaman.
Jonibek ALIJONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2024-yil 13-noyabr, 230-son
Ўзбекистон халқаро исломшунослик академиясида “Спорт – тинчлик элчиси” шиори остида “Имом Мотуридий кубоги” спорт мусобақаси бўлиб ўтмоқда.
Очилиш маросимида Дин ишлари бўйича қўмита раиси Содиқ Тошбоев, Олий таълим, фан ва инновациялар вазири Конгратбай Шарипов, Спорт вазири Адҳам Икрамов, Ўзбекистон Миллий Олимпия қўмитаси раисининг биринчи ўринбосари Отабек Умаров қатнашиб, иштирокчиларни табриклаш баробарида улуғ аллома бобомиз номи остида ўтказилаётган мусобақанинг аҳамияти, таълим-тарбияга берилаётган эътибор тўғрисида нутқ сўзлашди.
Шунингдек, тадбир иштирокчиларига ҳаж сафарида бўлиб турган Ўзбекистон мусулмонлари идораси раиси, муфтий Шайх Нуриддин Холиқназар ҳазратлари Макка шаҳридан видеотабрик йўллаб, иштирокчиларни қутлаш баробарида динимиз кишиларни спорт билан шуғулланишга буюрганини таъкидлаб, жумладан бундай дедилар:
– Динимиз инсонларни ҳар томонлама кучли, бақувват, жисмонан ва руҳан соғлом бўлишга тарғиб этади. Қувватли инсон, аввало, ўзи учун, қолаверса, атрофдаги, жамиятдаги инсонлар учун манфаатлидир. Куч-қувватли, чиниққан инсон ибодатда мустаҳкам бўлиш баробарида инсонларга ёрдам қўлини чўзишда, юрт ривожига ҳисса қўшишда барчага ўрнак бўлади. Зеро, Пайғамбаримиз соллаллоҳу алайҳи ва саллам: “Фарзандларингизга сузишни, камондан ўқ отишни ва от минишни ўргатинглар”, дея марҳамат қилганлар. Бошқа бир ҳадиси шарифда: “Ёзишни, сузишни ва камондан ўқ отишни таълим бериш фарзанднинг ота-онада зиммасидаги ҳаққидир”, деганлар.
Илк маротаба ташкил этилаётган ушбу спорт мусобақасида Ўзбекистон халқаро исломшунослик академияси, Академия қошидаги академик лицей, Ўзбекистон мусулмонлари идораси тасарруфидаги Тошкент ислом институти, Мир Араб олий мадрасаси, Ҳадис илми мактаби ва Термиз ислом институти талабалари мини-футбол, волейбол, стол тенниси, шахмат-шашка каби спорт турлари бўйича беллашиш баробарида миллий ўйинлар – кураш, арқон тортиш, тош кўтариш каби баҳсларда ҳам қатнашмоқда.
Мазкур тадбир Президентимиз ташаббуси, тегишли қарор ва фармонлари ижроси ўлароқ ташкил этилган бўлиб, ундан кўзланган мақсад талаба-ёшлар ўртасида спортни оммалаштириш, ёшларни соғлом турмуш тарзига ва жисмоний фаолликка жалб қилиш, дўстона алоқаларни мустаҳкамлашга қаратилган.
Тадбир давомида Ўзбекистон Республикаси Спорт вазирининг тегишли буйруғига мувофиқ Ўзбекистон халқаро исломшунослик академияси ректори Музаффар Комилов "Жисмоний тарбия ва спорт аълочиси" кўкрак нишони билан тақдирланди.
Шунингдек, Ўзбекистон халқаро исломшунослик академияси ва Ўзбекистон Республикаси Спорт вазирлиги, Ўзбекистон Миллий олимпия қўмитаси ҳамда Ўзбекистон Миллий паралимпия қўмитаси ўртасида Ҳамкорлик келишувлари имзоланди.
Ўзбекистон мусулмонлари идораси
Матбуот хизмати