Bugungi kunda xalqlar va dinlar orasidagi bag‘rikenglik, tolerantlik g‘oyasi dunyoda eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. “Tolerantlik” lotincha so‘z bo‘lib, sabr-toqat, chidam va bardosh ma’nolarini anglatadi. Ushbu so‘z o‘zgalarning fikr-g‘oyalari, e’tiqodi, his-tuyg‘ulari, turmush tarzi va xulq-atvoriga nisbatan sabr-toqatli bo‘lishni ko‘rsatadi.
Bag‘rikenglik yoki tolerantlik atamasini immunolog olim P.Madevar tomonidan 1953-yilda muomalaga kiritilgan. Olimning ta’kidlashicha, tolerantlik immunitetiga ega bo‘lgan sog‘lom organizmning yot jismlarga qarshi immun ta’sirining susayishi yoki yo‘qolishidir.
Tolerantlik – insonning har qanday vaziyatda erkin faoliyat ko‘rsatish jarayonida oqilona me’yor va murosa muvozanatini ta’minlash tamoyiliga rioya qilishidir. U o‘z ichiga sabr-chidam, mehr-shafqat, murosaga qilish, hamjihatlik, demokratiya, oqilona me’yor, o‘zaro hurmat, insonparvarlik, xalqparvarlik va boshqa yaxshi ishlarni oladi.
Bu tamoyilning ijtimoiy muhitdagi o‘rnini belgilashda axloq, an’analar, jamoatchilik fikri, turmush tarzi, din, ishlab chiqarish usullari, jamiyatning intellektual-aqliy darajasi singari omillar ta’sir ko‘rsatadi. Uning asosi-aql, ko‘ngil ekanligini, uning mahsuli esa shaxsning komilligini belgilashini, uning mezoni-shaxsning sabrliligining namoyon bo‘lishi ekanligini e’tirof etadi. Bag‘rikenglik tamoyili ezgulik, adolat, go‘zallik, insonparvarlik tamoyillari bilan mushtarak holda dunyoda tinchlik va osoyishtalik uchun xizmat qilmoqda. BMT tomonidan 1995-yil tolerantlik-bag‘rikenglik, sabr-toqatlilik yili deb e’lon qilingan edi va shu yili 16-noyabrda YUNESKO Bosh konferensiyasida “Bag‘rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasi” imzolandi. Bu Deklaratsiyaga jahonning 185 davlatida, shu jumladan O‘zbekistonda ham qat’iy amal qilinadi.
Bu hujjatda bag‘rikenglik tushunchasining mazmun-mohiyati har tomonlama ochib berilgan. Bag‘rikenglik-dunyodagi turli boy madaniyatlarni, o‘zini ifodalashning va insonning alohidaligini namoyon qilishning xilma-xil usullarini hurmat qilish, qabul qilish va to‘g‘ri tushunishni anglatadi. Uni bilim, samimiyat, ochiq muloqot hamda hurfikr, vijdon va e’tiqod vujudga keltiradi; bag‘rikenglik-tinchlikka musharraf qiluvchi va urush madaniyatsizligidan tinchlik madaniyatiga eltuvchidir, bag‘rikenglik-eng avvalo, insonning universal huquqlari va asosiy erkinliklarini tan olishidir. Bag‘rikenglikni alohida shaxslar, guruhlar namoyon qilishi lozim.
Har bir odam o‘z e’tiqodiga amal qilishda erkindir va har kim bu huquqqa ega ekanligini boshqalar tan olmog‘i lozim. Bir kishining qarashlari boshqalarga majburan singdirilishi mumkin emas. Jamiyatda bag‘rikenglik timsollarini qaror toptirish hammaning burchidir. Chunki, bag‘rikenglik tinchlik va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning zaruriy sharti hisoblanadi.
O‘zbekistonda 136 millat va elatlar istiqomat qilayotganligi, 7 tilda maktablar, 130 dan ortiq milliy madaniy markazlar faoliyat yuritayotganligi respublikamizda bu tamoyilga alohida e’tibor qaratilayotganidan dalolatdir.
Bag‘rikenglikni saqlash, mustahkamlash va uni yangi ko‘rinishlarda namoyon etish bugungi kun davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Bag‘rikenglikni kunlik hayotimizga singdirish, keng joriy etish tizimli ravishda izchillik bilan tashkil etilmoqda. Bag‘rikenglik bizning xalqimizga xos. Bizning xalqimizda “Kattaga hurmatda, kichikka izzatda bo‘l” degan maqol bor. Bu naqadar zarur va manfaatli maqol bizning millatimizga taalluqli. Ya’ni odamlar o‘rtasida o‘zaro hurmat zarur. Ushbu maqol bag‘rikenglikni ham ifodalaydi. Hurmat va izzat haqidagi so‘zlarni biz bolaligimizdan ota-onalarimizdan, ustozlarimizdan va kattalardan eshitganmiz va amalda bo‘lib kelmoqda. Urf-odatimiz bo‘lgan hurmat va izzat maqoliga amal qilib kelamiz. Ota-onalarga, ustozlar va kattalarga hurmat bilan qarash, do‘stlar, tanishlar va atrofdagilar bilan o‘zaro hurmatda bo‘lish kabi xususiyatlar ham bag‘rikenglikdir deb o‘ylaymiz. Albatta bu bizning madaniyatimiz ekanligini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari bizning xalqimiz juda ham mehmondo‘st xalq. Mehmondo‘stlik uylarimizga, shaharlarimizga va mamlakatimizga mehmonlarni tashrifida yaqqol ko‘rinadi.
Mamlakatimizda bo‘lgan mehmonlar xalqimizning mehmondo‘stligini hamisha e’tirof etib kelmoqdalar. Bag‘rikenglik turli millat va elatlarni oliyjanob g‘oya va ezgu niyatlar yo‘lida hamkor va bahamjihat yashashga undaydi. Bag‘rikenglik vaqtga bog‘liq emas, makon tanlamaydi. Chegaralar unga to‘siq bo‘la olmaydi. Bag‘rikenglik barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari rivojini ifodalaydi. Bag‘rikenglik insonni irqi, jinsi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi hamda ijtimoiy mavqesidan qat’i nazar, bir xilda teng ko‘rishga asoslanadi. Aynan shu jihatdan yangi O‘zbekiston islohotlari nafaqat ichki muomalada, balki mamlakatimizning tashqi siyosatida ham xalqchil g‘oyalar ustuvorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan.
Xulosa qilib aytganda, bag‘rikenglik-tinchlik va osoyishtalik garovidir. U turli millat va elatlarni oliyjanob g‘oya va ezgu niyatlar yo‘lida hamkor va bahamjihat yashashga undaydi. Bag‘rikenglik – dunyodagi turli boy madaniyatlarni, o‘zini ifodalashning va insonning alohidaligini namoyon qilishning xilma-xil usullarini hurmat qilish, qabul qilish va to‘g‘ri tushunishni anglatadi. Bag‘rikenglik – o‘zgalarning fikr-g‘oyalari, e’tiqodi, his-tuyg‘ulari, turmush tarzi va xulq-atvoriga nisbatan sabr-toqatli bo‘lishni ifodalaydi.
Foydalanilgan internet saytlari:
1.uz.wikipedia.org
2.cyberleninka.ru
3.yuz.uz/news
TII “Tillar” kafedrasi katta o‘qituvchisi
Faxriddin Yernazarov tayorladi.
Ўзбекистон халқаро исломшунослик академиясида “Спорт – тинчлик элчиси” шиори остида “Имом Мотуридий кубоги” спорт мусобақаси бўлиб ўтмоқда.
Очилиш маросимида Дин ишлари бўйича қўмита раиси Содиқ Тошбоев, Олий таълим, фан ва инновациялар вазири Конгратбай Шарипов, Спорт вазири Адҳам Икрамов, Ўзбекистон Миллий Олимпия қўмитаси раисининг биринчи ўринбосари Отабек Умаров қатнашиб, иштирокчиларни табриклаш баробарида улуғ аллома бобомиз номи остида ўтказилаётган мусобақанинг аҳамияти, таълим-тарбияга берилаётган эътибор тўғрисида нутқ сўзлашди.
Шунингдек, тадбир иштирокчиларига ҳаж сафарида бўлиб турган Ўзбекистон мусулмонлари идораси раиси, муфтий Шайх Нуриддин Холиқназар ҳазратлари Макка шаҳридан видеотабрик йўллаб, иштирокчиларни қутлаш баробарида динимиз кишиларни спорт билан шуғулланишга буюрганини таъкидлаб, жумладан бундай дедилар:
– Динимиз инсонларни ҳар томонлама кучли, бақувват, жисмонан ва руҳан соғлом бўлишга тарғиб этади. Қувватли инсон, аввало, ўзи учун, қолаверса, атрофдаги, жамиятдаги инсонлар учун манфаатлидир. Куч-қувватли, чиниққан инсон ибодатда мустаҳкам бўлиш баробарида инсонларга ёрдам қўлини чўзишда, юрт ривожига ҳисса қўшишда барчага ўрнак бўлади. Зеро, Пайғамбаримиз соллаллоҳу алайҳи ва саллам: “Фарзандларингизга сузишни, камондан ўқ отишни ва от минишни ўргатинглар”, дея марҳамат қилганлар. Бошқа бир ҳадиси шарифда: “Ёзишни, сузишни ва камондан ўқ отишни таълим бериш фарзанднинг ота-онада зиммасидаги ҳаққидир”, деганлар.
Илк маротаба ташкил этилаётган ушбу спорт мусобақасида Ўзбекистон халқаро исломшунослик академияси, Академия қошидаги академик лицей, Ўзбекистон мусулмонлари идораси тасарруфидаги Тошкент ислом институти, Мир Араб олий мадрасаси, Ҳадис илми мактаби ва Термиз ислом институти талабалари мини-футбол, волейбол, стол тенниси, шахмат-шашка каби спорт турлари бўйича беллашиш баробарида миллий ўйинлар – кураш, арқон тортиш, тош кўтариш каби баҳсларда ҳам қатнашмоқда.
Мазкур тадбир Президентимиз ташаббуси, тегишли қарор ва фармонлари ижроси ўлароқ ташкил этилган бўлиб, ундан кўзланган мақсад талаба-ёшлар ўртасида спортни оммалаштириш, ёшларни соғлом турмуш тарзига ва жисмоний фаолликка жалб қилиш, дўстона алоқаларни мустаҳкамлашга қаратилган.
Тадбир давомида Ўзбекистон Республикаси Спорт вазирининг тегишли буйруғига мувофиқ Ўзбекистон халқаро исломшунослик академияси ректори Музаффар Комилов "Жисмоний тарбия ва спорт аълочиси" кўкрак нишони билан тақдирланди.
Шунингдек, Ўзбекистон халқаро исломшунослик академияси ва Ўзбекистон Республикаси Спорт вазирлиги, Ўзбекистон Миллий олимпия қўмитаси ҳамда Ўзбекистон Миллий паралимпия қўмитаси ўртасида Ҳамкорлик келишувлари имзоланди.
Ўзбекистон мусулмонлари идораси
Матбуот хизмати