ZAKOT NIMA?
«Zakot» so'zi lug'atda «poklik» va «o'sish» degan ma'nolarni anglatadi. Zakot bergan kishining moli poklanadi. Qachon zakotini bersa, poklanadi, bo'lmasa yo'q. Zakoti berilgan molga baraka kiradi, ko'payib, o'sadi.
Shar'iy istilohda «Zakot – maxsus moldan maxsus juzni maxsus shaxsga Allohning roziligi uchun shariatda tayin qilingandek mulk qilib berishdir».
«Maxsus mol» – nisobga etgan mol demakdir. «Maxsus juz» – zakot beruvchining mulkidan ajratiladigan miqdordir. Misol uchun, bir kishiga «Ushbu uyda bir yil o'tirib turishing senga zakot», deb bo'lmaydi. «Maxsus shaxs» deganda zakot olishga haqli bo'lgan shaxs nazarda tutilgan. «Allohning roziligi uchun» jumlasi esa zakotning ibodat niyati bilan berilishi kerakligini anglatadi. «Shariat tayin qilgan» deganda zakot chiqarish miqdori shariatda ko'rsatilgan miqdorga to'g'ri kelishi kerakligi nazarda tutiladi. Ozgina sadaqa berib, «shu zakot» deb bo'lmaydi. «Mulk qilib berish» degan jumladan esa «o'sha berilayotgan mol uni oluvchiga mulk bo'lmagunicha zakot bo'lmaydi» degan ma'no anglanadi.
Zakot Islomning besh ruknidan biri bo'lib, shariat farz qilgan amaldir.
Zakot Islomdagi besh ruknning uchinchisidir. U islomiy ibodat bo'lib, aqiydaning ajralmas qismidir. Kim zakotni inkor etsa, kofir bo'ladi, bordiyu uni ado etmasa, osiy bo'ladi.
Fiqh kitoblarimizda ibodatlar qismi alohida, muomalalar qismi alohida bayon qilingan bo'lib, zakot ibodatlar qismida kelgan. Zakotda ibodat ma'nosi bo'lishi bilan birga, ulug' insoniy g'oyalar, axloqiy ko'rinishlar, ruhiy qadriyatlar ham mavjud. Unda faqat moddiy ma'no emas, balki ma'naviy, ruhiy, axloqiy ma'nolar ham o'z aksini topgan. Zakotda uni beruvchiga ham, zakot oluvchiga ham, ular yashab turgan jamiyatga ham ko'plab dunyoviy va uxroviy foydalar bor.
Zakot ibodati tufayli zakot beruvchi kishi o'zining ixtiyoridagi mol-dunyo Alloh tomonidan berilgan ne'mat ekanini, bu mol-dunyoga vaqtinchalik ega bo'lib turganini tushunib etadi. Shuning uchun u qo'lidagi mol-dunyoni Alloh ko'rsatgan halol-pok yo'llarga sarflashga intiladi. Bu har bir shaxs, har bir jamiyat uchun iqtisodiy muammolarni hal qilishda juda muhim va zarur omildir.
Zakot ibodati nafaqat zakot beruvchi va zakot oluvchiga, balki jamiyatga ham ulkan foyda keltiradi. Shuning uchun zakot ibodati tatbiq qilingan jamiyatlarda ko'p mushkulot va muammolar o'z-o'zidan hal bo'ladi.