بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ لله ، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ محمد وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ
Abu Hanifa – buyuk mujtahid imom!
Muhtaram jamoat! Alloh taoloning inoyati bilan Islom dini Payg'ambarimiz alayhissalomga mukammal nozil qilindi. Sahobalar, ulardan keyin tobe'in, taba tobe'inlar va ulamolar ushbu dinni kelajak avlodga etkazishda katta fidokorlik ko'rsatishdi va hozirgacha ko'rsatmoqdalar.
Hususan, mazhab ulamolari Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofe'iy va Imom Ahmad rahimahumulloh Qur'oni karim, hadisi sharif, ulamolar ijmosidan chiqarib olgan usul va fiqhga oid qoidalar bilan dinimizning Qiyomatgacha saqlanib qolishiga hissa qo'shdilar.
Ma'lumki, yurtimiz Islom nuri bilan munavvar bo'lgan paytlardan beri vatandoshlarimiz hanafiy mazhabiga amal qilib kelishgan. Hanafiy mazhabimizga Imom A'zam Abu Hanifa va shogirdlari Imom Abu Yusuf hamda Imom Muhammad rahimahumulloh asos solganlar.
Imom A'zam rahmatullohi alayh – Islom tarixidagi buyuk shaxslardan biri. Mazhabboshimiz sifatida u zotning hayotlarini o'rganar ekanmiz, Alloh taoloning inoyati va tavfiqi u zotga yor bo'lganini anglaymiz. Islom ummati nima sababdan ulug' mujtahidlarning yo'llarini bir ovozdan haq deb bilganlarini tushunib olamiz. Ularning ilmiy salohiyati va insoniy fazilatlariga guvoh bo'lamiz.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh hijriy 80 (melodiy 699) yilda Kufa shahrida xalifa Abdulmalik ibn Marvon davrida tug'ilganlar. Bu davrda bir jamoa sahobalar hayot edilar. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh ularga ergashgan tobe'inlardan bo'lganlar. Chunki u zot Kufaga tashrif buyurgan sahoba Anas ibn Molik haqida: “Anas raziyallohu anhuni ko'rganman”, deganlari bizga ishonchli holda etib kelgan.
Payg'ambarimiz alayhissalom faqihlar haqida shunday deganlar:
مَنْ يُرِدْ اللَّهُ بِهِ خَيْرًا يُفَقِّهْهُ فِي الدِّينِ ﴾ (متفق عليه عن معاوية رضي الله عنه
ya'ni: “Kimga Alloh yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo'yadi” (Muttafaqun alayh). Imom Shofe'iy rahmatullohi alayh aytadilar:
اَلنَّاسُ فِي الفِقْهِ عِيَالٌ عَلَى أَبِي حَنِيْفَةَ
ya'ni: “Odamlar fiqh ilmida Abu Hanifaga qaram (muhtoj)dirlar”.
Mashhur muhaddis va muarrix Imom Zahabiy rivoyat qiladilar:
قِيْلَ لِمَالِكٍ: هَلْ رَأَيْتَ أَبَا حَنِيْفَةَ؟ قَالَ: نَعَمْ، رَأَيْتُ رَجُلًا لَوْ كَلَّمَكَ فِي هَذِهِ السَّارِيَةِ أَنْ يَجْعَلَهَا ذَهَبًا، لَقَامَ بِحُجَّتِهِ
ya'ni: Imom Molikka: “Abu Hanifani ko'rganmisiz?” deyilganda, u zot: “Ha, ko'rganman, agar mana shu ustunni tilla deb isbotlamoqchi bo'lsa, hujjat keltira oladigan kishi ekanini bildim”, – deganlar (“Siyaru a'lomun nubalo” kitobi).
Axloq vataqvolari. Alloh taolo olim bandalarini maqtab, shunday deydi:
إِنَّمَا يَخْشَى اللَّهَ مِنْ عِبَادِهِ الْعُلَمَاءُ إِنَّ اللَّهَ عَزِيزٌ غَفُورٌ
ya'ni: “Bandalari orasida Allohdan ulamolargina qo'rqarlar. Haqiqatan, Alloh qudratli va mag'firatlidir” (Fotir surasi 28-oyat).
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh Alloh taolo harom qilgan amallardan juda ehtiyotkor, o'ta aqlli, sukuti ko'p, doim tafakkurda bo'ladigan kishi edilar. Sergap emasdilar. Kam kulardilar. U kishidan biror masala so'ralsa, javoblari asosli bo'lardi. Dinini ehtiyot qilar, har kimni yaxshilik bilan yod qilardilar. O'zgalarning aybi bilan emas, o'zining nafsi bilan mashg'ul edilar.
Zakovatlari: U zot 20 yoshlaridan keyin fiqh ilmini o'rganishga qattiq kirishdilar va toki umrlarini oxirigacha ta'lim olish, ta'lim berish, fatvo berish va ilm safarlaridan bo'shamadilar. Umrlarini dinning asoslarini mustahkamlash, fiqhiy masalalarga javob topish va botil firqalarga raddiyalar berishga bag'ishladilar.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, bir guruh dahriylar hazrat Imomi A'zam rahmatullohi alayhni oldilariga kelib, munozara qilishmoqchi bo'lishdi. Imomi A'zam rahmatullohi alayh: “Sizlardan bir masala so'rayman, keyin xohlaganingizni qilasiz”, – dedilar va: “Bir kemaning ichi to'la mol bo'lsa va dengiz to'lqinli bo'lsa, kemachi bo'lmasa, bu kema o'z-o'zidan najot topib, biror tarafga keta oladimi?” – deb so'radilar. Dahriylar: “Mumkin emas”, – deb javob berishdi. So'ngra Imomi A'zam rahmatullohi alayh aytdilar: “Bu dunyoning borligi, uning o'zgarib turishi, olamda jarayon etayotgan shuncha ishlar bir Yaratuvchi va boshqarib turuvchisiz sodir bo'la oladimi?!”. Shunda hamma dahriylar tavba qilib, Alloh taoloning bir va borligiga imon keltirishdi.
Ustoz va shogirdlari. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh juda ko'p olimlarning ilmidan foydalanganlar. Hatto ularning soni 4000 mingga yaqin bo'lgani aytiladi. Abu Ja'far u zotdan: “Ey, Abu Hanifa, ilmni kimlardan o'rgandingiz”, – deb so'raganida: “Hammoddan, u – Ibrohimdan, u esa – Umar ibn Hattob, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Mas'ud, Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhumning shogirdlaridan”, – deb javob berganlar. Demak Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning mazhablari bir qancha buyuk sahobalarning ilm buloqlaridan suv ichgan.
Hazrati Umar ibn Hattob raziyallohu anhu Ko'faga buyuk sahobiy Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhuni muallim qilib yubordilar. Hazrati Ali raziyallohu anhu Kufaga kelganlarida, u erda faqihlarning ko'pligidan xursand bo'lib: “Alloh Abdullohni rahmat qilsin, bu diyorni ilmga to'ldiribdi”, – degan ekanlar. O'z navbatida Hazrati Ali raziyallohu anhu ham xalifalik davrlarida poytaxtni Kufaga ko'chirdilar. Keyinchalik bir yarim ming sahobalarni bu shaharga jalb qildilar. Mana shu shaharda tug'ilib o'sgan Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning ustozlari silsilasi ham yuqorida zikr qilingan sahobalarga, xususan Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhuga bog'lanadi. Ya'ni Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh fiqh ilmlarini Hammod ibn Abu Sulaymondan, u kishi Ibrohim Naxaiydan, u kishi Alqama ibn Qaysdan, u kishi Ibn Mas'ud raziyallohu anhudan olganlar.
Abu Hanifa rahmatullohi alayh fiqhga ruju' qo'yib, o'sha vaqtning buyuk mashoyixlaridan dars oldilar. Bu haqda o'zlari quyidagilarni aytadilar: “Men ilm va fiqhning konida edim. Uning ahli ila majlis qurdim. Ularning fuqaholaridan bir faqihni lozim tutdim”. O'sha faqih Hammod ibn Abu Sulaymon rahmatullohi alayh edilar. U zot o'z zamonasining eng yirik olimi faqih, o'ta ziyrak, olijanob bir shaxs edilar.
Imomi A'zam rahmatullohi alayh 18 yil davomida Hammod ibn Abu Sulaymondan fiqh ilmini o'rgandilar. Bu haqda Imomning o'zlari shunday deydilar: “Men Hammodni lozim tutganim kabi, biror kishi boshqani lozim tutganini bilmadim. Ko'p savol beruvchi edim. Hatto ba'zida mendan zerikib: “Ey, Abu Hanifa, qornim shishib, yuragim siqilib ketdi”, – der edilar”.
Makka va Madinaga ko'p marotaba qatnab, u erda ilm majlislari qurish natijasida yuzga yaqin tobe'inlar bilan ko'rishganlar. U zot ayniqsa, ana shu tobe'inlardan hadis rivoyat qilar va fiqh muzokarasini olib borar edilar.
Abu Hanifa hadis ilmida ham etuk edilar.Bu fanda U zotning eng mashhur ustozlaridan biri, tobe'in Ato ibn Abu Raboh raziyallohu anhudirlar. Ibn Abbos raziyallohu anhuning ilmlari o'sha kishida edi. Imom u zotdan hadis eshitar va shu bilan birga “ilm dengizi” deb nomlangan buyuk sahobiy Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhuning fiqhini ta'lim olar edilar. Abu Hanifa rahmatullohi alayh o'z ustozlarini yod etib: “Hammod ibn Abu Sulaymondan ko'ra faqihroq va Ato ibn Abu Rabohdan ko'ra barcha ilmni jamlovchiroq kishini ko'rmadim”, – degan edilar.
Kitoblari. Imom Abu Hanifa rahimahulloh davrlarida kitob yozish keng tarqalgan emas edi. Shu sababli u zot ko'p kitob yozib qoldirmaganlar. Balki odamlarga ijtihod, fatvo va dars berish bilan manfaat etkazganlar. Tarjimai hol kitoblarda u kishiga tegishli kitoblar: “Fiqhul akbar”, “Al-Olim val mutaallim”, “Al-Vasiyya” va “Risolatun ila Usmon Battiy” sanaladi. U zotning shogirdlari darslar davomidagi ma'lumotlarni to'plab kitob shakliga keltirishgan. Darslarda U zot tomonidan aytilgan hadisi shariflarni to'plab, bir nechta hadislar jamlanmasi “Musnadi Abu Hanifa” nomli kitoblar tuzilgan.
U zot fiqh ilmini og'zaki naql qilishdan yozma shaklga o'tkazishda katta ta'sir ko'rsatgan faqihlarning birinchilaridir.
Ibodatlari. U zotning uzoq yillar kechalari ibodat qilishlari, tahajjudlari va xuftonning tahorati bilan bomdodni o'qishlari juda ko'pchilikdan bizga etib kelgan. Abu Osim an-Nabil aytadilar:
كَانَ أَبُو حَنِيَفَةَ يُسَمَّى الْوَتَدَ؛ لِكَثْرَةِ صَلاَتِهِ
ya'ni: “U zot ko'p namoz o'qiganlaridan “qoziq”, – deb atashardi”.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh Qur'oni karimni to'liq va mukammal yod olgan edilar. Abu Yusuf rahmatullohi alayhdan Imom A'zam rahimahulloh har kecha namozda Qur'oni karimni xatm qilganliklari rivoyat qilingan.
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh bir nechta shogirdlarini o'zlari homiylik qilib tarbiya qilganlar. Jumladan, katta shogirdlaridan biri Imom Abu Yusuf rahmatullohi alayh kambag'al oiladan bo'lib, dars halqalariga har doim qatnasha olmas edi. Bir kuni Imom Abu Hanifa u kishini chaqirib, bir xaltachada pul berdilar. Ichida 100 dirham (42,5 g tillaga to'g'ri keladi) bor edi. Abu Yusufga: “Dars halqasini lozim tuting. Pul tugasa menga bildiring”, – dedilar. Shundan keyin Abu Yusuf darsdan qolmadilar. Abu Yusuf u zotga pul tugaganini bildirmasdilar. Lekin pullari tugar- tugamas Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh Abu Yusufga mablag' berardilar. Imomning o'tkir farosati va saxovati sababli Abu Yusuf rahmatullohi alayh etuk olim, mujtahid bo'lib etishdi. Halifa Horun ar-Rashid davrida qoziul quzot (eng katta qozi) lavozimida ishlab, hanafiy mazhabining keng yoyilishiga sabab bo'ldilar.
Ulamolarning maqtovlari. Rasuli akram alayhissalom hadisi sharifda shunday marhamat qiladilar:
وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَو كَانَ الدَّيْنُ مُعَلَّقًا بِالثُّرَيَّا لَتَنَاوَلَهُ رَجُلٌ مِنْ فَارِسٍ
رواه الإمام البخاري عن أبي هريرة رضي الله عنه
ya'ni: “Jonim qo'lida bo'lgan Zotga qasamki, agar din Surayyo yulduziga osilgan bo'lganda ham, forslardan bir kishi uni oladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Ushbu hadisi sharif borasida mashhur muhaddis olim Alloma Suyutiy aytadilar: Bu hadisda Imom Abu Hanifarahmatullohi alayhga ishora qilingan, chunki forsiylardan birortasi Imom A'zam rahimahullohning darajasiga etmagan”, – deganlar (“Tabyizus sahifa” kitobi).
Muhaddislar sultoni, 100 mingdan ortiq hadislarni yod bilgan Yahyo ibn Ma'in (158 h.y.da tug'ilganlar) rahimahulloh aytadilar: “Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh hadis borasida ishonchli bo'lib, yodlagan hadisinigina rivoyat qiladi, yodlamaganini aytmaydi”.
Imom Yahyo ibn Main mashhur muhaddislarning ustozi hisoblanadilar. U zotning ilmi hadislarni va barcha roviylarini to'la qamrab olganidan Imom Ahmad: “Yahyo ibn Ma'in bilmagan hadis – hadis emas”, – deganlar. Hadislar borasida shuncha ilmga ega bo'lishlariga qaramasdan, fiqhda Imom Abu Hanifaning mazhablarida bo'lganlar. Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Ahmad ibn Hanballarning ustozi Yahyo ibn Ma'indek zotlar Imom Abu Hanifani madh etib, boshlariga ko'targan ekan, ba'zi kishilar ushbu buyuk Imomga ta'na qilishdan uyalsalar, yaxshi bo'lar edi.
Yahyo ibn Ma'in shunday deydilar: “Men qiroatda – Hamzaning qiroatida, fiqhda esa Abu Hanifaning mazhabidaman”.
Mashhur muhaddis Imom Zahabiy shunday deydilar: “Bu imomga fiqh va uning eng nozik jihatlari ham taslimdir, bunga shak-shubha yo'q!” “Fiqh borasida unga to'xtalingan, odamlar bu borada unga boqimandadir”.
Hadis roviylaridan, Imom Molikning shogirdi Yahyo Qatton (120 h.y.da tug'ilgan) shunday deydilar: “Abu Hanifa gapiga ko'ra yaxshi sanalgan narsani, albatta olamiz”.
Hatto mazhabsizlar e'tirof etgan Ibn Taymiya ham o'zini “Minhojus sunnah” kitobida Imom A'zam rahmatullohi alayh haqlarida quyidagi maqtov so'zni aytgan:
أَنَّ أَبَا حَنِيفَةَ وَأَصْحَابِهِ مِمَّنْ لَهُ فِي الأُمَّةِ لِسَانُ صِدْقٍ مِنْ عُلَمَائِهَا
ya'ni: “Abu Hanifa va u zotning shogirdlari ummat ichida chinakam maqtovga ega bo'lgan ulamolardandir”.
Muhtaram jamoa!Hulosa o'rnida aytish joizki, fiqhiy mazhab ulamolari har sohada etuk, ijtihod qilish salohiyatiga ega bo'lganlar va bu ishga nihoyatda mas'uliyat bilan yondashganlar. Ularning birorta so'zi dalilsiz bo'lmagan. Ular kuchli asos – Qur'oni karim va sunnatga suyanganlari sababli, hozirgacha butun dunyo musulmonlari bu fiqhiy mazhablarga ergashib kelmoqdalar.
Lekin ming afsuski, ba'zi bir toifalar, mazhabga ergashmaymiz, biz Qur'oni karim va sunnatga ergashamiz, degan puch da'vo bilan Islom ummati o'rtasiga fitna solmoqdalar. Vaholanki, fiqhiy mazhablarga ergashish – ayni Qur'oni karim va sunnatga sahobalar hamda tobe'inlar tushungani kabi ergashishdan boshqa narsa emas! U da'vo qiluvchilar mujtahidlar hal qilgan minglab masalalarni Qur'on va sunnat asosida qaytadan ko'rib chiqmoqchi bo'lishdi, lekin qisqa vaqt ichida o'zaro juda ko'plab ixtiloflarga borishdi. Bu ularning da'volari puch ekani, o'zlari esa ijtihod darajasiga loyiq emasligini ko'rsatdi.
Hozirda ayrim mazhabsizlikka chaqirayotgan toifalar salafi solihlardan bo'lgan Imom Abu Hanifadek zotga ergashilsa, malomat qilib, hozirgi kunda yashayotgan yoki yaqinda yashab vafot etgan qo'shtirnoq ostidagi “shayx”larining yo'llariga ergashish zarurligini aytadilar. Vaholanki, to'rt mazhab sohiblari Rasululloh alayhissalom maqtagan muborak zamonlarda yashab, ijod qilganlar. Qolaversa, to'rt mazhab imomlarining ilmlari va taqvolariga butun ummat ulamolari tasannolar aytishgan.
Mazhabdan yuz o'girish salafi solih yo'lidan yuz o'girish bo'lib, shubhasiz adashishga olib boradi. Shuning uchun ham alloma Muhammad Said Ramazon Butiy: “Mazhabsizlik – islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid'atdir”, deganlar.
Mashhur alloma Shoh Valiyulloh Dehlaviy shunday deydilar: “Hindiston va Movarounnahr yurtlarida shofeiylarni ham, hanbaliylarni ham, molikiylarni ham mazhabi tarqalmagan, boshqa mazhab kitoblari ham etib kelmagan. Shuning uchun ushbu diyorlarda yashovchi, ijtihod darajasiga etmagan kishilarga Abu Hanifa mazhabiga ergashish vojib bo'ladi”.
Yuqoridagi etuk ulamolardan boshqa ko'plab allomalarning bu mavzudagi fatvo va xulosalarini keltirish mumkin. Demak, bizning yurtimizda faqatgina Imomi A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning mazhabiga amal qilish lozim ekani ma'lum bo'lmoqda. Hozirgi kunda mo''tadil, Qur'oni karim va sunnati sharifga asoslangan Hanafiy mazhabiga dunyo musulmonlarining deyarli yarmi amal qilmoqda. Bu hanafiy mazhabiga katta fazilat beradi.
Imom Abu Hanifa haqlarida alohida suhbat qilishimizdan maqsad – ushbu zotni yaxshiroq tanib, u zotga ergashaylik! Zero, Alloh taolo anbiyolarning qissalarini Qur'oni karimda zikr qilib, shunday buyurgan:
أُولَٰئِكَ الَّذِينَ هَدَى اللَّهُ ۖ فَبِهُدَاهُمُ اقْتَدِهْ
ya'ni: “Aynan o'shalar Alloh hidoyatga boshlagan zotlardir. Bas, (Siz ham) ularning yo'liga iqtido qiling!” (An'om surasi 90-oyat).
Islom ummati mujtahid ulamolarga ergashishi bilan Alloh taolo hidoyat qilgan zotlar izidan yurgan bo'ladilar.
Alloh taolo mazhabboshimiz Imom Abu Hanifadan O'zi rozi bo'lsin! U zot qoldirgan ilmiy merosdan to'liq foydalanishga barchamizni muvaffaq aylasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Oyat va hadislarda Qiyomat kuni bayoni” mavzusida bo'ladi, inshaalloh.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni Karimning uchinchi surasi Oli Imron bo‘lib, u Madinada nozil bo‘lgan, ikki yuz oyatdan iborat. Sura Oli Imron deb nomlanishiga sabab unda Imron va uning sharafli oilasi haqidagi qissa kelgan. Oli Imron – «Imronning oilasi» deganidir. Imron – Maryamning otasi (Iso alayhissalomning bobosi)dir.
Qur’oni Karim sura va oyatlari mavzu jihatidan uchga bo‘linadi: tavhid – Allohning yagona ilohligi, shariat hukmlari va tarixiy qissalar. Bu surada barcha mavzular bayon qilinadi.
Sura avvalida Alloh taolodan o‘zga iloh yo‘qligi, U abadiy tirik va qayyum zotligi zikr qilinib, Qur’oni Karimni haqiqatan o‘zidan oldingi ilohiy kitoblarni tasdiqlovchi kitob etib nozil qilingani, osmonlaru yerdagi barcha narsalar Allohning mulki ekanligi va ularning harakati yaratganning iznida ekanligi bayon qilinadi.
Surada dinning asoslaridan bo‘lgan aqida masalasiga alohida urg‘u berilib, Allohning birligi va yagona iloh ekanligiga, farishtalariga, payg‘ambarlar va ularga yuborilgan kitoblarga iymon keltirish, Allohning o‘zigagina ibodat qilish lozimligi, Allohning haq dinidan boshqa din yo‘qligi, kim islom dinidan o‘zga dinni tanlasa, uning qilgan barcha amal va ibodatlari qabul qilinmasligi, oxiratda esa ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lishi aytiladi.
Surada Alloh taolo “Hammangiz Allohning arqoni (Qur’oni)ni mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang...” kabi oyatlari orqali mumulmonlarga Qur’oni karimni mahkam tutishni, unga amal qilishni, sabrli va bag‘rikeng bo‘lishni, barchani yaxshilikka buyurib yomonlikdan qaytarishni, yaxshilik yo‘lida birlashishni, turli firqalarga bo‘linmaslik va ixtiloflarga sababchi bo‘lmaslikni amr qiladi. Allohning bergan ne’matlarini doimo yodda tutish va Unga shukr qilish zarurligini, osmonlar va yerdagi yaratilgan narsalarni ko‘rib tafakkur qilishlikni ta’lim beradi.
Ushbu surada odamlarga ayollar, farzandlar, uyum-uyum oltin-kumushlar, saman otlar, chorva mollari, ekinlar, umuman dunyoga nisbatan mehr qo‘yish ziynatli qilib qo‘yilgani, aslida bular dunyo hayotining o‘tkinchi matohi ekanligi, Allohning huzurida esa bundanda chiroyli joy - jannat borligi, taqvodorlar uchun Allohning huzurida ostidan anhorlar oqib turadigan, abadiy yashaladigan jannat bog‘lari, pok juftlar va Alloh tarafidan rizolik kabi ulkan mukofotlar borligi bayon qilinadi.
Shuningdek, surada Alloh taolo taqvodorlarni shunday sifatlar bilan madh etadi: «Ular farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladigan, g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar» (134-oyat).
«Ular turib ham, o‘tirib ham, yotib ham Allohni zikr etadilar va osmonlaru yerning yaratilishi haqida fikr yuritadilar (va duo qiladilar:) «Ey, Rabbimiz! Bu (koinot)ni behuda yaratmagansan. Sen (ayblardan) pok zotdirsan. Bas, bizni do‘zax azobidan saqlagin!» (191-oyat).
Ushbu surada osmonlaru yerdagi bor narsalar Alloh taoloning mulki ekanligini bir necha bor takrorlab, O‘zi xohlagan kishiga mulk berishi, hohlagan kishidan mulkni tortib olishi, O‘zi hohlagan kishini hidoyatga boshlab mag‘firat qilishi, xohlagan kishini zolimlardan qilib jazolashini bayon qilib, kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zax azobidan panoh so‘rashlikni ta’kidlaydi va bizga chiroyli duolar qilishni o‘z oyatlari ila o‘rgatadi:
«Ey, Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga huzuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi)dirsan» (8-oyat).
«Ey, Robbimiz, bizlar Senga imon keltirganmiz, bizning gunohlarimizni kechir va bizni do‘zax azobidan asra!» (16-oyat).
«Ey, Rabbimiz! Biz «Rabbingizga imon keltiring!» deb, imonga chorlagan jarchi (Muhammad)ni eshitdik va darhol unga imon keltirdik. Ey, Rabbimiz! Bizning gunohlarimizni kechir, xatolarimizni o‘chir va bizlarni solih kishilar qatorida vafot ettir!» (193-oyat).
Surada Imron oilasi haqidagi qissa shunday keltiriladi:
Imron Bani Isroil qavmi ichida eng obro‘li va taqvodor kishilardan biri bo‘lgan. Uning xotini Hanna ham taqvodor va ibodatgo‘y ayol bo‘lib Alloh taolodan doimo farzand berishini so‘rab duo va iltijolar qilardi. Alloh taolo ularga farzand ne’matini bergach, u homiladorlik vaqtida: «Ey, Rabbim, men qornimdagi homilani dunyo ishlaridan ozod etib, Senga nazr qildim, nazrimni qabul ayla! Albatta sen eshitguvchi, bilguvchisan», deb duo qiladi. Chaqaloq tug‘ilgach: «Parvardigor, men qiz tug‘dim, unga Maryam deb ism qo‘ydim. Men Sendan bu qiz va uning zurriyotiga dargohingdan quvilgan shaytonning yomonligidan panoh berishingni so‘rayman», deb duo qiladi.
Hanna Maryamni ibodatxonaga olib borib beradi va uni tarbiyalash uchun o‘sha ibodatxona rohiblaridan biri bo‘lgan Zakariyo payg‘ambarga topshiradi. Zakariyo Maryam tarbiyasini o‘z zimmasiga oladi, ibodatxonada alohida maxsus joy tayyorlab beradi va xabar olish uchun uning oldiga tez-tez kelib turadi. Zakariyo har safar Maryamning xonasiga kirganda, Maryam oldida qishda yoz mevalarini, yozda qishda bo‘ladigan noz-ne’matlarni ko‘rar edi. Zakariyo: «Ey, Maryam, bu narsalar senga qayoqdan keldi?» – deb so‘rasa, Maryam: «Bular Alloh huzuridan. Albatta, Alloh O‘zi xohlagan kishilarga behisob rizq berur», – deb javob berar edi.
Zakariyo Maryam hayotidagi mo‘jizalarni ko‘rib Alloh taologa duo qilib dedi: «Parvardigorim, menga ham o‘z huzuringdan pokiza zurriyot - farzand hadya etgin! Albatta sen duo-iltijolarimni eshitguvchisan». Alloh taolo uning duosini ijobat qildi. Zakariyo va xotini keksa bo‘lishiga qaramasdan Alloh taolo ularga Yahyo ismli solih payg‘ambarni o‘g‘il qilib berdi. Yahyo alayhissalom o‘z xalqini hidoyatga chorlovchi payg‘ambarlardan biri bo‘ldi.
Maryam Alloh taologa juda ko‘p ibodat qilar edi. Shu sababdan ham Alloh taolo uni ayollarning eng afzallaridan biri qilib tanlab oldi va unga Iso Masix ibni Maryam ismli solih payg‘ambarni o‘g‘il qilib berdi.
Shuningdek, surada Iso alayhissalomning Maryam onamizdan Allohning amri bilan otasiz dunyoga kelishi, Maryam onamizning pokligini isbotlash uchun u odamlarga go‘daklik chog‘ida gapirib guvohlik berishi, Alloh taolo izni bilan o‘liklarni tiriltirishi, loydan qush yasab unga dam ursa qushga jon kirib uchib ketishi, tug‘ma ko‘r odamni ko‘zini silasa ko‘rishi, pes kasalligini tuzatishi kabi mo‘jizalarni berilgani keltiriladi. Alloh taolo Iso alayhissalomga yozishni, ilmu-hikmatni, Tavrot va Injilni ta’lim bergani keltiriladi.
Ushbu surada ahli kitoblarning nasoro toifasi haqida keng so‘z yuritilib, ularning Maryam onamiz va Iso alayhissalom haqidagi noto‘g‘ri aqiydasi va gumonlariga raddiyalar beriladi. Ular muqaddas iloh emas, balki Alloh taolo makarram qilib yaratgan bandalaridan biri ekanligini ta’kidlaydi.
Shuningdek, Surada hijratning ikkinchi yilida bo‘lib o‘tgan Badr jangi, uchinchi yilidagi Uhud jangi va undan keyingi davrdagi musulmonlar hayotidan lavhalar keltirilib, ushbu voqealarga munosabat bildiriladi hamda hukmlar bayon qilinadi.
“Badr” Madina shahrining janubi-g‘arbiy hududidagi joy nomi bo‘lib, hijratning ikkinchi yili Makka mushriklari bilan musulmonlar o‘rtasida jang bo‘lgan. Badr jangida mushriklar soni mingga yaqin bo‘lgan, musulmonlar soni esa uch yuzdan ortiq bo‘lishiga qaramasdan Alloh taolo ularga nusrat berib mushriklar ustidan g‘alaba qozonadi.
Uhud jangida dastlab g‘alaba musulmonlar tomonda bo‘ladi, ammo jang yakuniga yetay deganda kamonchi musulmonlar payg‘ambar alayhissalom buyrug‘iga itoat etmay o‘lja ilinjida jang oxirigacha turishi lozim bo‘lgan joylarini tark etadi. Ushbu bo‘sh qolgan joydan otliq mushriklar kirib kelib musulmonlarni qurshovga oladi, ularga katta talofat yetkazib mag‘lub etishadi. Ushbu qissalardan ibrat olgan holda Alloh taologa ibodat qilish va uning payg‘ambari Muhammad alayhissalomga ergashish faqat yaxshiliklarga erishishimizga sabab bo‘lishi, aksincha, ularga itoat etmaslik dunyo va oxirat azoblariga duchor bo‘lishimizdan ogohlantiradi.
Ushbu sura fazilati haqida hadislarda quyidagilar bayon etilgan:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qur’on o‘qinglar. Chunki u qiyomat kuni o‘z ahliga shafoatchi bo‘ladi. Ikki yorituvchi nur – Baqara bilan Oli Imron surasini o‘qinglar. Ikkisi qiyomat kuni ikki bulut (ikki soyabon) yoki bir guruh qushlar shaklida kelib sohiblari hojatini chiqaradi (yoki soyasiga oladi). Baqara surasini o‘qinglar. Uni olish (o‘qish, yod olish, amal qilish) baraka, tark etish hasratdir. Unga sehrgarlar qodir bo‘la olmaydi», deganlar (Imom Muslim, Imom Dorimiy, Imom Ahmad, Imom Hokim, Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Ulamolar tavsiyasiga ko‘ra, mana shu ikki surani o‘qish va unga amal qilishdan hosil bo‘ladigan ajr-savob qiyomat kuni bulut shaklida kelib bandaga soyabon bo‘ladi va jannatga kirishiga sabab bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim juma kuni Oli Imron surasini o‘qisa, Alloh va farishtalari kun botgunicha unga salavot aytadilar», deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Yazid ibn Asvad aytadilar: «Kim kunduzi Baqara va Oli Imron surasini o‘qisa, kech kirguncha nifoqdan salomat bo‘ladi. Kim ularni kechasi o‘qisa, tong otguncha nifoqdan saqlanadi» (Sa’iyd ibn Mansur, Bayhaqiy va Abu Ubayd rivoyati).
Ka’b ibn Molikdan rivoyat qilinadi: «Kim Baqara va Oli Imron suralarini o‘qisa, ikkisi qiyomat kuni kelib: «Parvardigoro, bu banda uchun azob-uqubatga yo‘l yo‘q!» deydi.
Oisha onamizdan rivoyat qilinadi: «Kim yettita uzun suralarni yodlasa, u olimdir» (Imom Ahmad va imom Hokim rivoyati).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallahu anhudan rivoyat qilinadi: «Kim Oli Imron surasini o‘qisa u boydir» (Dorimiy va Abu Ubayd rivoyati).
«Kim Oli Imron surasining 190-200 oyatlarini kechqurun o‘qisa, ushbu oyatlarni tafakkur va tadabbur qilsa, unga butun tunni ibodat bilan o‘tkazganlik savobi beriladi» (Dorimiy rivoyati).
Qur’oni karim taqvodorlar uchun hidoyat va nasihat manbayidir. Uni o‘rgangan inson ilm bilan boyiydi, go‘zal xulq bilan ziynatlanadi, Allohning maxluqotlarini ko‘rib tafakkur qiladi, behisob berilgan ne’matlarga shukr qiladi. Ushbu surani o‘qish, tafsirini o‘rganish, uning oyatlari ma’nosini tafakkur va tadabbur qilish, unga ixlos bilan amal qilish hamda suraning ulug‘ fazilatlariga ega bo‘lishni Alloh taolo barchamizga nasib qilsin.
“Tafsiri hilol”, “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”
va boshqa manabalar asosida Dilshodjon MAMADALIYEV tayyorladi.