Bugun, 16 iyun' kuni Tatariston Respublikasi muftiysi Kamil hazrat Samigullinni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari O'tkir Hasanboyev qabul qildi.
Uchrashuvda Tatariston va O'zbekiston o'rtasidagi do'stlik rishtalarini mustahkamlash bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, ikki davlat diniy idoralarining hamkorlik aloqalarini rivojlanish yo'lida qilinayotgan ishlar aytib o'tildi. Shuningdek, yurtimizda diniy-ma'rifiy sohadagi xayrli islohotlar, O'zbekiston musulmonlari idorasi faoliyat yo'nalishlari, qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berilib, ziyorat turizmi yo'nalishida hamkorlikni rivojlantirish masalasiga alohida to'xtalib o'tildi.
Muloqotda so'z olganlar O'zbekiston va Tatariston o'lkalari o'rtasidagi birodarlik aloqalari juda uzoq tarixga borib taqalishi, ikki xalqning tili, urf-odati, madaniyati va dinu mazhabi bir, kechmishi mushtarakligi ta'kidlandi. O'zaro hamkorlik va do'stona munosabatlarni atoqli tatar ulamolaridan juda ko'plarining Buxoroyi sharif madrasalarida ta'lim olganlari, o'rgangan bilimlarini ona vatanlariga qaytib, bu erlik tolibi ilmlarga o'rgatganlari aytib o'tildi.
Jumladan, unda 1790 yillardan 1808 yilga qadar Buxoro madrasalaridan birida ta'lim olib, buxorolik Naqshbandiyai-mujaddidiya shayxi Niyozquli Turkmoniy qo'lida tariqat qoidalarini o'rganib, ijoza olgan Abu-n-Nasr Abdunnosir al-Qursoviy, 1838-1850 yillari oralig'ida Buxoro va Samarqand madrasalarida ta'lim olgan atoqli alloma Shahobiddin Marjoniy, 1875 yili Buxoroga borib, u erdagi mashhur madrasalardan birida ta'lim olgan Alimjon Borudiy kabi din olimlarining nomlarini esga olindi.
Kamil hazrat Samigullin samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Imom Moturidiyning bir necha asarlari tatar va rus tiliga tarjima qilingani, Hanafiy mazhabida yozilgan ko'plab asarlar nashr etilayotgani, Qozon bosma Qur'oni karim nusxasini o'z uslubini saqlagan holda, zamonaviy shaklda qayta chop etish ishlari amalga oshirilayotganini ma'lum qildi. Shuningdek, u O'zbekistonlik ulamolarning Tataristonda o'zbek millatiga mansub aholi yashaydigan hududlardagi jome masjidlarga borib, ma'ruza qilish taklifini bildirdi.
Uchrashuv do'stona va samimiy ruhda o'tdi.
Tashrif davomida mehmonlar “Hazrati Imom” majmuasini ziyorat qilishdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
"Hidoyat" va "Mo‘minalar" jurnallari hamda "Islom nuri" gazetasi orqali xalqimizga ma’rifat ulashilmoqda. Ushbu nashrlarga eng ko‘p obuna tashkil qilgan xodimlar esa har yili taqdirlanadilar.
Bugun 12 may kuni Toshkent shahridagi "Shayx Zayniddin" jome masjidi majlislar zalida Toshkent shahar imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiligida tashkil etilgan ushbu tadbir "Hidoyat" va "Mo‘minalar" jurnallari hamda "Islom nuri" gazetasiga faol obuna tashkil etgan imom-xatiblar taqdirlandilar va ularga esdalik sovg‘alari ulashildi.
Abu Mas’ud Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim bir yaxshilikka dalolat qilsa, unga o‘sha yaxshilikni qilganning ajridek ajr beriladi", deya marhamat qilganlar. Darhaqiqat, yaqinlarga, do‘stlarga yaxshilik ulashish, ma’rifat tarqatishga dalolat qilish tahsinga sazovor ishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati