Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Yanvar, 2025   |   2 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:32
Asr
15:23
Shom
17:08
Xufton
18:27
Bismillah
01 Yanvar, 2025, 2 Rajab, 1446

18.06.2021 y. Silai rahm – qarindoshlik aloqalarini yaxshilash

15.06.2021   3564   15 min.
18.06.2021 y. Silai rahm – qarindoshlik aloqalarini yaxshilash

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي حَثَّ الْمُؤْمِنِيْنَ عَلَى الْمَحَبَّةِ وَصِلَةِ الْأَرْحَامِ، وَحَذَّرَهُمْ مِنَ الْقَطِيْعَةِ وَالْخِصَامِ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ، نَبِيِّ الرَّحْمَةِ وَرَسُولِ السَّلاَمِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحَابَتِهِ الْكِرَامِ، أَمَّا بَعْدُ

SILAI RAHM – QARINDOShLIK ALOQALARINI YaHShILASh

Muhtaram jamoat! Silai rahmning o'ta muhimligi sababidan ushbu mavzuni yana bir bor sharhlashga qaror qildik. Dinimizda o'zgalarga yaxshilik qilish, ular bilan do'stlik aloqalarini bog'lashga buyuriladi va targ'ib qilinadi. Hususan, qarindoshlar o'rtasidagi yaxshi munosabatlarni mustahkamlash juda savobli ekani, bu har bir musulmonning zimmasidagi ilohiy burch ekani ko'p ta'kidlanadi.    

“Silai rahm” arabcha so'z bo'lib, “sila” – bog'lash, “rahm” – qarindosh, ya'ni “qarindoshlik aloqalarini bog'lash”, degan ma'noni bildiradi.

Silai rahm qilish – o'zgalarga nisbatan qarindoshlariga g'amxo'r va muhabbatliroq bo'lish, ulardan xabardor bo'lib, moddiy-ma'naviy jihatdan qo'llab turishdir. Qarindoshlar ichida boshqalarga nisbatan eng haqdorlari ota-ona, aka-uka, opa-singil kabi yaqin qarindoshlardir.

Umuman olganda silai rahmni bog'lash dinimiz hukmiga ko'ra vojibdir. Uni uzish esa katta gunohlardan biri hisoblanadi. Bunga ulamolar ittifoq qilishganini Imom Qurtubiy va Qozi Iyozlar naql qilganlar.

Qur'oni karimning bir qancha oyatlarida qarindoshlik aloqalarini bog'lashning fazilati va uni uzishning yomonligi haqida so'z yuritilgan. Jumladan, quyidagi oyatda qarindoshlikni bog'laydigan kishilar maqtaladi:

 وَالَّذِينَ يَصِلُونَ مَا أَمَرَ اللَّهُ بِهِ أَنْ يُوصَلَ وَيَخْشَوْنَ رَبَّهُمْ وَيَخَافُونَ سُوءَ الْحِسَابِ   

ya'ni: “Ular Alloh bog'lanishga buyurgan narsalarni (ya'ni qarindoshlar bilan aloqani) bog'laydilar, Parvardigorlaridan qo'rqadilar va (oxiratda) hisob-kitobning noxush kechishidan cho'chiydilar” (Ra'd surasi 21-oyat).

Alloh taolo bandalarini yaxshiliklarga buyuradi va yomonliklardan qaytaradi. Buyurilgan amallar ichida muhimlaridan biri silai rahm qilishdir. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:

إِنَّ اللَّهَ يَأْمُرُ بِالْعَدْلِ وَالْإِحْسَانِ وَإِيتَاءِ ذِي الْقُرْبَى وَيَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنْكَرِ وَالْبَغْيِ يَعِظُكُمْ لَعَلَّكُمْ تَذَكَّرُونَ

ya'ni: “Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyuradi hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytaradi. Eslatma olursiz, deb (U) sizlarga (doimo) nasihat qilur” (Nahl surasi 90-oyat).

Oyati karimalarda qarindosh urug'lik aloqalarini uzganlarga qattiq tahdid qilinadi:

فَهَلْ عَسَيْتُمْ إِنْ تَوَلَّيْتُمْ أَنْ تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ وَتُقَطِّعُوا أَرْحَامَكُمْ أُولَئِكَ الَّذِينَ لَعَنَهُمُ اللَّهُ فَأَصَمَّهُمْ وَأَعْمَى أَبْصَارَهُمْ

ya'ni: “Agar (imondan) bosh tortsangiz, aniqki, sizlar erda buzg'unchilik qilarsizlar va qarindoshlaringiz (bilan ham aloqalaringiz)ni uzasiz, albatta unday kimsalarni Alloh la'natlagandir, bas, ularning (quloqlarini) «kar», ko'zlarini «ko'r» qilib qo'ygandir” (Muhammad surasi 22-23-oyatlar).

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham bu mavzu juda muhimligini ta'kidlab shunday deganlar:

مَنْ كَانَ يُؤْمِنُ باللهِ وَاليَومِ الآخِرِ، فَلْيَصِلْ رَحِمَهُ

مُتَّفَقٌ عَلَيهِ

ya'ni:“Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo'lsa, qarindoshlik aloqalarini bog'lasin (Muttafaqun alayh).

Payg'ambarimiz alayhissalom bizga silai-rahm sababli rizqning mo'l-ko'l bo'lishi, umrning uzoq bo'lishini uqtiradilar:

من أحَبَّ أنْ يُبْسَطَ لَهُ في رِزْقِهِ، ويُنْسأَ لَهُ في أثَرِهِ، فَلْيَصِلْ رَحِمَهُ

  مُتَّفَقٌ عَلَيهِ 

ya'ni:“Kim rizqi keng bo'lishi, umri uzun bo'lishini xush ko'rsa, qarindoshlik aloqalarini bog'lasin”(Muttafaqun alayh).

Alloh taoloning izni bilan silai rahm, uni bog'laganlarni duo, uzganlarni duoibad qilib turadi. Oisha onamiz Payg'ambarimiz alayhissalomdan rivoyat qiladilar:

لرَّحِمُ مُعَلَّقَةٌ بِالْعَرْشِ، تَقُولُ: مَنْ وَصَلَنِي وَصَلَهُ اللهُ، وَمَنْ قَطَعَنِي قَطَعَهُ اللهُ

أخرجه البخاري عن عائشة رضي الله عنها

ya'ni:“Rahm (qarindoshlik) Arshga osilib: “Kim meni ulasa, Alloh uni ulasin! Kim meni uzsa, Alloh uni uzsin!”, deydi”(Imom Buxoriy rivoyatlari).

Silai rahmni uzish gunohi kabiralardandir. Shuni bilib ham hech bir sabab va shubhasiz silai rahmni uzishni halol sanagan, mumkin deb e'tiqod qilgan kishi jannatga kirmaydi. Bu haqida Payg'ambarimiz alayhissalomdan quyidagi hadis rivoyat qilinadi:

لَا يَدْخُلُ الْجَنَّةَ قَاطِعٌ" قَالَ سُفْيَانُ فِي رِوَايَتِهِ: "يَعْنِي قَاطِعَ رَحِمٍ

متفق عليه

ya'ni:“Kesuvchi jannatga kirmaydi”. Sufyon rahimahulloh o'z rivoyatlarida: “Qarindoshlikni uzuvchi nazarda tutilgan”, deydilar (Muttafaqun alayh).

Yuqoridagi oyati karima va hadisi shariflarga ko'ra silai-rahm musulmon kishiga farz bo'lgan amaldir. Agar har birimiz silai-rahmga amal qilib, qarindosh urug'larimizning holidan xabardor bo'lsak, jamiyatdagi juda ko'plab muammolar barham topadi. Aks holda dunyoda ham oxiratda ham ko'p qiyinchiliklarga duchor bo'linadi.   

Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar:

لَيْسَ الْوَاصِلُ بِالْمُكَافِئِ وَلَكِنْ الْوَاصِلُ الَّذِي إِذَا قَطَعَتْ رَحِمُهُ وَصَلَهَا

رواه الامام البخاري

ya'ni: Haqiqiy silai rahm qiluvchi kishi qarindoshlari tarafidan unga qilingan aloqaga javob tariqasida (bordi-keldi) aloqa qilayotgan odam emas, balki ular tarafidan aloqa uzilgan paytda ularga aloqani bog'lagan odamdir (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Sahoba Abu Talha raziyallohu anhu Madinada eng badavlat ansorlardan edilar. Uning Masjidi Nabaviy ro'parasida Bayraho nomli bog'i bo'lib, uni juda yaxshi ko'rardi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ham boqqa kirib, undagi buloqning suvidan ichar edilar. Anas raziyallohu anhu aytadilar: “Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizcha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar...” oyati nozil bo'lgan paytda, Abu Talha raziyallohu anhu: “Ey, Allohning Rasuli! Mening eng yaxshi ko'rganim Bayraho bog'im. Uni Alloh yo'lida sadaqa qildim. Men uni oxiratga zaxira bo'lishini umid qilaman. Bog'ni Alloh buyurgan joyga ishlating”, dedi. Nabiy sallallohu alayhi va sallam: “Alloh senga baraka bersin! Bu juda foydali mol bo'ldi, juda foydali mol bo'ldi. Ey Abu Talha, uni o'zingning muhtoj yaqinlaringga sarflashingni foydali deb bilaman”, dedilar. Abu Talha raziyallohu anhu bog'ni qarindoshlari va amakilarining o'g'illariga bo'lib berdilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Maymun ibn Mihron aytadilar: “Umar Ibn Abdulaziz menga: “Silai rahmni uzgan kishilar bilan do'st bo'lmagin, chunki Alloh taolo ularni Qur'oni karimning ikki oyatida la'natlagan”. (Bu erda Ra'd surasi 25-oyat va Muhammad surasi 22-23-oyatlari nazarda tutilgan).

Demak, silai rahm qarindoshlar bilan chiroyli munosabatda bo'lish, ularning xursandchiliklari bilan quvonish, musibatlariga hamdard bo'lish, muhtoj bo'lsalar ularga yordam berish, ularni doimo ziyorat qilib turish, ko'ngillarini olish, dillarini og'ritishdan saqlanish, ulardan biror yomonlik etsa ham kek saqlamay kechirib yuborish, qalbida ularga nisbatan hasad va adovat saqlamasdan o'rtada muhabbat paydo qilish yo'lida bor kuch va g'ayratini sarf qilish kabi fazilatlarni o'z ichiga oladi.

Bugungi kunimizda silai-rahm bilan bog'liq, gohida ko'zga tashlanadigan noxush voqealar dinimiz ko'rsatmalariga ziddir. Masalan, ota-onalar dunyodan o'tgach, aka-uka, opa-singillar o'rtasida arzimagan mol-mulk, erni deb kelishmovchiliklar chiqishi yoki sekin-sekin munosabatlar yomonlashib, o'zaro uzoqlashib, begonalardek bo'lib ketishlari, bir-birlarini yo'qlash, tez-tez xabarlashishni ham unutishlari o'ta ayanchli holatlardir.

Silai rahmga amal qila olmaslikning yana bir sababi isrofdir. Aka boy, uka kambag'al. Aka eb-ichish, kiyinish, uy-joy, ulov va to'y-marakada hashamat va  isrofga yo'l qo'yadi, lekin atrofidagi “jigar”larini unutadi. Ularga etarlicha ahamiyat bermaydi. Aslida odam mo''tadil yo'l tutsa, ham o'ziga yaxshi sharoit, ham silai rahmga amal qilishi mumkin. Alloh taolo hatto infoq-ehson qilishda ham o'rta yo'lni tutishga buyurib shunday deydi:

 وَالَّذِينَ إِذَا أَنْفَقُوا لَمْ يُسْرِفُوا وَلَمْ يَقْتُرُوا وَكَانَ بَيْنَ ذَلِكَ قَوَامًا

ya'ni: “Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo'llari) buning o'rtasida – mo''tadildir” (Furqon surasi, 67-oyat).

 Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham hadislarining birida:

لُوا وَاشْرَبُوا، وَالْبَسُوا وَتَصَدَّقُوا، فِي غَيْرِ إِسْرَافٍ وَلاَ مَخِيْلَةٍ

(رواه الإمام البخاري)

ya'ni: “Yenglar, ichinglar, kiyininglar va sadaqa qilinglar, isrof va maqtanchoqlik qilmagan holda” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Isrofgarlikdan qutulish yo'llari:

  1. Har ishda Alloh taolo buyurgan mo''tadil yo'lni tutib, haddan oshish va isrofgarlikdan o'zni saqlash;
  2. Payg'ambarimiz alayhissalom, sahoba va tobeinlar hamda ulug' zotlarning hayot tarzlarini o'rganib, ularga ergashish;
  3. Dunyodagi faqir va miskinlar, uysiz-joysiz, och-nahor yurgan xalqlarning holatini ko'z oldiga keltirish;
  4. Isrofgar, dunyoparast odamlardan uzoqlashib, qalbi siniq, xoksor kishilarga yaqin yurish;
  5. Oila va farzandlarni sabr va qanoat kabi go'zal fazilatlar sohibi qilib tarbiyalash.

Shuni ham ta'kidlash kerakki, ba'zilar unumdor erga ega bo'lib, uni qarovsiz holda qoldirib, na o'zlari va na boshqalar undan foydalanmayotganiga guvoh bo'lamiz. Mana shunday qilish ham erni isrof qilish va haqqini ado qilmaslikka kiradi.

2021 yil 8 iyun' kuni davlatimiz rahbari tomonidan muhim bir Farmon imzolandi. Unga ko'ra er resurslaridan unimli foydalanish, uni o'zboshimchalik bilan egallash holatlariga butunlay chek qo'yish belgilangan.

Darhaqiqat, er, suv, ko'chat va boshqa dehqonchilik bilan bog'liq narsalarni isrof qilmaslik, avaylab va ehtiyot qilib foydalanish zarur ekanini unutmasligimiz lozim.  

Mana shu o'rinda, ba'zi kishilar ongida shakllanib qolgan moddiy boyliklar, jumladan er ham “davlatniki bo'lsa, xohlagancha foydalanish, talon-taroj qilish mumkin”, degan noto'g'ri tushunchalar nihoyatda xatarlidir. Chunki davlat mulki – xalq mulkini nohaq egallash, yakka shaxs mulkini egallashdan gunohi kattaroq bo'ladi. Zulm qilgan bo'lsa, bir kishini topib rozi qilish mumkin, lekin xalqning haqqiga xiyonat qilsa, millionlab odamlarni qanday rozi qiladi?!

Hulosa qiladigan bo'lsak, dinimiz talabiga ko'ra yaqin qarindoshlar doim bir-birlarini hollaridan ogoh bo'lib, o'zaro yordamchi bo'lib turishlari kerak. O'tgan ulug'larimiz: “Qarindoshnikiga qadam ranjida qilmasang, muhtoj bo'lganida molingdan bermasang, silai rahmni uzibsan”, der edilar.

Odatdagi va xursandchilik kunlari, ayniqsa hayit kunlari o'zaro ziyoratlashish, hadyalar almashish, olisda bo'lsa, telefon yoki internet yordamida hol-ahvol so'rash odamga katta savob keltiradi.    

Alloh taolo barchamizni silai-rahm qiluvchilardan qilsin, rizqimizni mo'l, amalimizni solih, umrimizni uzun qilsin!

 

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Yusuf alayhissalom qissasidan ibratlar”mavzusida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Rajab oyini Rasululloh ﷺ qanday o‘tkazganlar?

31.12.2025   2973   2 min.
Rajab oyini Rasululloh ﷺ qanday o‘tkazganlar?

“Rajab” so‘zi qanday ma’noni anglatadi? 
– Arab tilidagi “rajab” so‘zi o‘zbekchada “ulug‘lash”, “hurmatlash” ma’nolarini ifoda etadi.

Rajab oyi qanday oy? 
– Rajab oyi – Alloh taolo urush qilishni harom qilgan (zulqa’da, zulhijja, muharram, rajab) oylardan biridir. 

Rajab oyining qanday fazilatlari bor? 
– Rajab oyi barakali va ulug‘ oy bo‘lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko‘plab ajru savoblar beriladi. Ibodatlar va duolar ijobat bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Besh  kecha  borki,  unda  duolar  rad  etilmaydi: rajab oyining  avvalgi  kechasi; sha’bon oyining  yarmidagi  kecha; juma kechasi; fitr kuni kechasi va qurbonlik kechasi” (Ibn Asokir rivoyati).

Rajab oyini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazganlar?
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rajab oyida ro‘za tutganlar. Usmon ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: “Sa’id ibn Jubayrdan rajab oyida turganimizda rajab ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik”, deyayotganini eshitganman”, dedi”.

– Rajab oyi kirganda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma barik lana fi rajabin va sha’bana va ballig‘na ramazona” (Allohim, rajab va sha’bon oylarida bizlarga baraka ato qilgin va bizlarni ramazon oyiga yetkazgin!”) deb duo qilganlar (Imom Bayhaqiy va Imom Tobaroniy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan). 

Ulamolardan biri: “Rajab shamolga, sha’bon bulutga, ramazon yomg‘irga o‘xshaydi. Kimki rajab oyida ekin ekmasa, sha’bon oyida uni sug‘ormasa, ramazon oyida qanday hosil oladi?” degan. 
Shunday ekan, ramazonda olajak hosilimiz mo‘l bo‘lmog‘i uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olgan holda rajab oyida ko‘proq solih amallar bilan birga astoydil duolar qilishni ham unutmaylik! 

G‘aflatda qolmaylik, azizlar, vaqt g‘animat, umr bevafo!

 Davron NURMUHAMMAD