Avval xabar berganimizdek, bugun O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari hufton namozini Namangan shahrida joylashgan “Abu Yusuf” jome masjidida namozxonlar bilan birga-birga ado etdilar.
Muftiy hazratlari hufton namozidan so'ng mav'izada bugungi kunda mo'min-musulmonlarga muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida juda katta imkoniyatlar berilayotgani, sharoitlar hozirlanayotgani haqida gapirib, diniy-ma'rifiy sohada qilinayotgan o'zgarishlar, yangilanishlar va xushxabarlar haqida so'zlab berdilar.
Shuningdek, kishilarning diniy-ma'rifiy savodxonligini oshirish, imon-e'tiqodini mustahkamlash, Islom dinining ezgu ta'limotlarini tarqatish asosiy maqsad ekanini ta'kidladilar. bu dunyoda solih amallarni ko'p bajarish, yo'llarni obod etish, ko'priklar qurish va kishilarga foydasi etadigan ishlar qilishning ajru savobi ulug' ekanini alohida qayd etdilar.
Muftiy hazratlari mav'iza yakunida, namozxonlarga bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan muborak dinimiz taraqqiyoti yo'lidagi xayrli ishlar, yangi-yangi ijrootlar, xushxabarlar va bunday ne'matlarga har bir kishi tunu kun Parvardigorga shukrona qilishi lozimligini aytib, Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Ikki ne'mat borki, ko'pchilik insonlar uning qadriga etmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik”, mazmunidagi hadisi shariflarini izohlab berdilar.
Muftiy hazratlarining suhbatlaridan bahramand bo'laman, duolarini olaman, deb kelgan aholi vakillari bilan samimiy, dildan suhbat qildilar. “Abu Yusuf” jome masjidiga jamlangan namozxonlar muftiy hazratlaridan dilni quvontiradigan yangiliklar va imonu ixlosni boyitadigan so'zlarni tinglab, o'z minnatdorliklarini izhor etdilar.
Namangan viloyatiga tashrif davom etmoqda











O'MI matbuot xizmati
Ba’zida dunyoning turli mintaqalarida chigirtkalar ko‘payib, shahar va qishloqlarni, ekin maydonlarini qoplaydi. Sonini aniqlab bo‘lmaydigan darajada ko‘p bo‘lgan chigirtkalar galasi odamlar ongida turli fikrlarni paydo qiladi.
Chigirtkalar Alloh taolo tomonidan yuborilgan “alamli azob” yoki Qiyomat alomati” emasmi degan fikrlar ham bo‘ladi. Tabiatning bunday hodisasi tarixda ko‘plab kuzatilgan bo‘lsa-da, bugungi avlod uchun yangilik bo‘lishi mumkin. Ma’lumki, avvalgi qavmlarning ba’zilari “chigirtka balosi” bilan jazolangan.
Alloh taolo Qur’oni karimda chigirtkalar haqida shunday marhamat qiladi:
“...Qabrlardan ko‘zlari qo‘rqinchga to‘lgan holda, xuddi yoyilgan chigirtkaga o‘xshab chiqib kelurlar.” (Qamar surasi, 7-oyat).
Bundan tashqari, ularning harakat yo‘nalishi keyingi oyatda bayon qilingan:
“Chaqiruvchiga qarab bo‘yinlarini cho‘zib, shoshilib borurlar...” (Qamar surasi, 8-oyat).
Qiyomat kunidagi qayta tirilishni tushuntirish uchun Alloh taolo tomonidan chigirtka misolining keltirilishi bejiz emas. Zero, bu hasharotlar yerdan ko‘tarilganda so‘ng ulkan galalarga aylana boshlaydilar. Birgina chigirtka to‘dasi 1200 kvadrat kilometr maydonga yoyilish xususiyatiga ega. Shundan so‘ng, ular yagona bir yo‘nalishni tanlab, birgalikda ucha boshlaydilar.
Ularning ulkan jamoasi butun osmonni qoplab olishga qodir. Bu holat Qiyomat kunidagi manzarani eslatadi. O‘sha kuni vafot etgan behisob insonlar xuddi shu kabi yer ostidan chiqib keladilar va muayyan bir yo‘nalish bo‘ylab gala-gala bo‘lib yuguradilar.
Xulosa qilib aytganda, bu voqeani Qiyomatning ko‘rinishlaridan bir lahza deb tafakkur qilish mumkin.
Mo‘minlar uchun Qiyomat qoim bo‘lmasdan avval o‘z amallarini qayta taroziga tortib ko‘rish uchun Alloh taolodan berilgan bir ibratdir. Garchi chigirtka bir hashorat bo‘lsa-da, aqlli odamlarni tafakkurga chorlaydi.
Toshkent islom instituti
katta o‘qituvchisi Po‘latxon Kattayev