Shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Saudiya Arabistoni hukumati ayrim talablar asosida insonlarga haj safari uchun ruxsat berishga qaror qildi, degan mazmunda tarqatilayotgan xabarlar haqiqatga to'g'ri kelmaydi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi mamlakatimizning Jidda shahrida joylashgan Bosh konsulxonasidagi “Haj” va “Umra” masalalari bo'yicha Attashesi bilan doimiy muloqot qilib, muborak safarlar bilan bog'liq har bir jarayonni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Shu kunlarga qadar, Saudiya Arabistoni hukumati haj va umra safarlarini boshlashga oid biror-bir yakuniy bayonotni e'lon qilgani yo'q.
Ta'kidlash kerakki, Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar va xizmat ko'rsatish markazi ham ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda haj mavsumini o'tkazishga ruxsat berilgani, unga xorijdan 45 ming nafar ziyoratchilar qabul qilinishi haqidagi xabarlarga raddiya berib, “Haj – 2021” mavsumini tashkil qilish va chetdan hojilar qabul qilishga doir hukumat qarori keyinroqe'lon kilinishini ma'lum qildi.
Eslatib o'tish zarurki, Saudiya Arabistoni Fuqarolik aviatsiyasi bosh boshqarmasi (GACA) sayohat va boshqa maqsadlarda mamlakatga tashrif buyuruvchi chet elliklar (kirish to'xtatilmagan mamlakatlardan kelganlar) uchun tibbiy-sanitar va epidemiologik shartlar to'g'risida yo'riqnoma ishlab chiqargan. Unga ko'ra, mamlakatga kirishda har bir chet el yo'lovchisidan Sog'liqni saqlash vazirligi ro'yxatidan o'tgan Pfizer/BioNTech (AQSh-Hitoy), Oxford-AstraZeneca (Buyuk Britaniya–Shvetsiya), Moderna (AQSh) vaktsinalarining ikki dozasi va Johnson & Johnson (AQSh) vaktsinasining bir dozasini qabul qilganlik haqida maxsus sertifikat talab qilinadi.
Vaktsina sertifikatlari kelayotgan yo'lovchilarga emlashni amalga oshirgan davlatning rasmiy sog'liqni saqlash idoralari tasdiqlashi va oxirgi dozani olish muddati (ikki dozali emlashning ikkinchi dozasi yoki bitta dozali emlashning birinchi dozasi) SAPga sayohat qilishdan 14 kundan kam bo'lmasligi kerakligi belgilangan. Har bir vaktsina sertifikatlari Qirollikning nazorat punktlarida tekshiruvdan o'tkaziladi.
Yuqoridagi kabi talablarga javob bermaydigan yo'lovchilar belgilangan manzilga, jo'nab ketgan joylariga qaytarib yuboriladi va yo'l harajatlarini aviakompaniya o'z zimmasiga oladi. Ushbu qoidalarga rioya qilmaslik sayohatchilarga Saudiya Arabistoniga kirish taqiqlanishidan tashqari, qonuniy majburiyatlarni ham yuklaydi. Izolyatsiya bo'yicha ko'rsatmalar yoki karantin qoidalarini buzgan fuqarolar va rezidentlar 200 ming riyol (53,2 ming AQSh dollari) miqdorida jarima yoki ikki yildan ortiq bo'lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi va takroriy buzilgan taqdirda, jazo ikki baravar ko'paytiriladi. Saudiyalik bo'lmagan qonunbuzarlar Qirollikdan deportatsiya qilinadi va shaxsga nisbatan jazo ijro etilgandan keyin ularning mamlakatga kirishiga ta'kiq qo'yiladi.
Ma'lumot o'rnida, 2021 yil 30 may holatiga ko'ra, Saudiya Arabistonidagi koronavirusning tasdiqlangan 449,191 ta holati qayd etilgan. O'lim soni 7,347 dan oshgan. 432,138 shaxs (98%) virusdan to'liq davolangan. Faol shaklda davolanayotgan bemorlar 9706 (2,2%) nafardan iborat. Ayni vaqtda 1348 bemorning ahvoli og'irligicha qolmoqda. Kunlik kasallik yuqtirish ko'rsatgichi 1300-1400 nafarni tashkil etmoqda. Jami vaktsina qilinganlar 13 029 245 nafar (aholi soni – 35.232.118).
O'zbekiston musulmonlari idorasi “Haj” va “Umra” safarlarga oid o'rganishlarni davom ettirgan holda muborak safarlar bilan bog'liq xabarlarni rasmiy nashrlarda e'lon qilinishini ma'lum qiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muborak Ramazon oyida insonparvarlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, kam ta’minlangan va ehtiyojmand shaxslar, yordamga muhtoj oilalarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish maqsadida bir qator amaliy chora-tadbirlar belgilab olingani e’tiborga molik.
Jumladan, respublikadagi 8 ming 992 ta mahallada “yettilik” tavsiyasi asosida hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda 100 ming nafar nogironligi bo‘lgan, yakka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan va ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolarning manzilli ro‘yxati shakllantirildi.
Ro‘yxatga kiritilgan fuqarolar tarkibi asosan ehtiyojmand ayollar, boquvchisini yo‘qotganlar, yakka-yolg‘izlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ijtimoiy reyestrdagi fuqarolar, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turganlardan iborat ekani e’tiborli.

Mazkur fuqarolarga davlat ko‘magi sifatida 100 ming dona Ramazon sovg‘alari tayyorlandi. Har bir sovg‘ada 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari jamlangan (un, o‘simlik yog‘i, guruch, shakar, makaron, grechka, xurmo, pechene, qora choy, ichimlik suvi).
Transport vazirligi bilan birgalikda oziq-ovqat mahsulotlari markazlashgan holda hududlarga yetkazilib, hududiy omborlarga joylashtirilmoqda.
Tuman (shahar) hokimlari boshchiligida, tegishli mutasaddilar ishtirokida ishchi guruhlar shakllantirilib, mahsulotlar mahallalarda “yettilik” a’zolari va faollar tomonidan ehtiyojmand oilalarga manzilli yetkazilishiga e’tibor qaratiladi.
Aytish kerakki, respublika bo‘yicha (oila soni, mahsulot turi va miqdori kesimida) yagona hisobot yuritiladi.
Ramazon oyida barcha mahallalarda ehtiyojmand oilalar xonadonlarida mahalla raislari tomonidan iftorlik dasturxonlari tashkil etiladi. Unga jami 629 ming nafardan ortiq obro‘-e’tiborga ega nuroniylar, ko‘cha (uy) boshilar, ijtimoiy daftar va “Ijtimoiy reyestr”dagi fuqarolar jalb etiladi.

Iftorliklarda diniy ulamolar tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shukronalik hissini oshirish va ma’naviy qadriyatlar haqida ma’ruzalar qilinadi.
Har bir mahalladan 5 nafardan, jami 45 ming nafardan ortiq kambag‘al oilalarning uy-joylari hashar yo‘li bilan ta’mirlanadi. Har bir mahalladan 10 nafardan, jami 100 mingga yaqin kambag‘al oilalarning tomorqalariga sabzavot, poliz, kartoshka va boshqa turdagi ekinlar ekiladi.
20 ming nafar ehtiyojmand oila a’zolarining muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarga sayohatlari tashkil etiladi. Barcha mahallalarda kayvoni va hoji onaxonlar ishtirokida sumalak sayllari o‘tkaziladi.
Mazkur xayriya va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni O‘zbekiston mahallalari uyushmasi mas’ulligida barcha mahallalarda yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish choralari ko‘riladi.
N.Usmonova, O‘zA