بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي شَرَعَ لَنَا الْأَحْكَام وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِ الأَنَامِ الَّذِي كَانَ نَمُوذَجًا لِلْعُلَمَاءِ وَالْعَوَامِّ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ الكِرَامِ، أَمَّا بَعْدُ.
Muborak dinimiz ko'rsatmalari inson hayotining hamma jihatini o'z ichiga qamrab oladi va uning shaxsiy, oilaviy va ijtimoiy hayotidagi o'rnini belgilab beradi. Islom shariati insonning hayoti va mol-mulkini muhofaza qilish maqsadida odam bolasini aziz va mukarram deb e'lon qilgan. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deb marhamat qiladi:
وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آَدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا
ya'ni: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo'ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O'zimiz yaratgan ko'p jonzotlardan afzal qilib qo'ydik” (Isro surasi 70-oyat).
Inson zotiga turli xil ulovlarning bo'ysundirilishi, harakatlanishi uchun qulay imkoniyatlar qilingani, keyingi asrlarda yangi-yangi transport vositalarining kashf etilishi – Alloh taolo tomonidan bandasiga ato etilgan ulug' ne'matlardir. Bu haqda Alloh taolo O'z kalomida shunday marhamat qiladi:
وَتَحْمِلُ أَثْقَالَكُمْ إِلَىٰ بَلَدٍ لَّمْ تَكُونُوا بَالِغِيهِ إِلَّا بِشِقِّ الْأَنفُسِ ۚ إِنَّ رَبَّكُمْ لَرَءُوفٌ رَّحِيمٌ (7 ) وَالْخَيْلَ وَالْبِغَالَ وَالْحَمِيرَ لِتَرْكَبُوهَا وَزِينَةً ۚ وَيَخْلُقُ مَا لَا تَعْلَمُونَ (8)
ya'ni: “Shuningdek, ular (mazkur hayvonlar) sizlar jonlaringizni qiynab etadigan yurtlarga yuklaringizni ko'tarib borur. Albatta, Rabbingiz mehribon va rahmlidir. U yana minishingiz uchun va ziynat sifatida otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana, sizlar (hali) bilmaydigan narsalarni ham yaratur” (Nahl surasi 7, 8-oyatlar).
Islom shariati yo'l harakati qoidalariga – ijtimoiy qoidalar sifatida qaraydi va unga rioya qilishga buyuradi. Yo'l harakati qoidalariga rioya etish shariatning quyidagi uchta maqsadlariga etishga xizmat qiladi:
Transport vositasini boshqarishda musulmonlar rioya etishlari lozim bo'lgan ko'plab sunnatlar va odoblar mavjud. Eng muhim vazifa – inson ulovda yurganida o'zi va o'zgalarni xatarga qo'ymasligi, piyodalar, yo'lovchilar va boshqa haydovchilar hayotiga xavf solmasligi kerak. Buning uchun esa yo'l harakati ishtirokchilarining barchasi yo'l harakati qoidalariga qat'iy rioya qilishlari lozim bo'ladi. Qoidani buzish – boshqa bir yo'l harakati ishtirokchisi haqqini poymol qilish va unga zulm qilish hisoblanadi.
Islomning asos qoidalaridan biri hisoblangan hadisi sharifda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:
لَا ضَرَرَ وَلَا ضِرَارَ (رواه الامام ابن ماجه عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه)
ya'ni: “(Islomda) Zarar ko'rish ham zarar berish ham yo'q” (Imom Bayhaqiy, 133-hadis). Ushbu shar'iy qoidaga ko'ra haydovchi o'zgalarning joni, moliga etkazgan zarari uchun javobgar bo'ladi. Faqat haydovchiga bog'liq bo'lmagan, uning aybi yo'q holatlar – bundan mustasno hisoblanadi.
Islom Fiqhi Akademiyasi va Saudiya Arabistoni podshohligining ilmiy bahslar va fatvo berish bo'yicha doimiy qo'mitasi kabi fatvo idoralari va jumhur ulamolar yo'l harakati qoidalariga amal qilish – vojib ekani haqida xulosa berganlar. Demak, yuqoridagi sabablarga ko'ra yo'l qoidalariga amal qilishning lozimligi hamda uni buzganlarga moliyaviy jazolar qo'llash joizligi kelib chiqadi.
Har bir musulmon haydovchi o'zining beparvoligi, ma'suliyatsizligi, avtotransportga xizmat ko'rsatish va yo'l harakati tartib-qoidalariga rioya etmaslik oqibatida baxtsiz hodisa ro'y bersa, amaldagi qonunlar asosida javob berishi, shariat nuqtai-nazaridan esa gunohkor bo'lishi va Qiyomat kunida Alloh taoloning huzurida ham javob berishini unutmasligi lozim. Qur'oni Karimda “Sizga qanday yaxshilik etsa, u Allohdandir. Sizga qanday noxushlik etsa, u o'zingizdandir....”, – deyilgan (Niso surasi 79-oyat).
Ta'kidlash joizki, ayrim mutaassib shaxslar: “Yo'l harakati qoidalari Qur'oni karimda ham, sunnatda ham vorid bo'lmagan, u islom shariatidan tashqaridagi narsa, demak, unga amal qilmasa ham bo'laveradi” degan o'ta xatarli “fatvo”larni bermoqdalar. Ba'zi musulmonlarning bu kabi nayranglarga uchishi oqibatida bugungi kunda yo'ldagi tartibsizliklar, dilxiraliklar va yo'l-transport hodisalari ro'y bermoqda. Aslida esa yo'lda harakatlanishda qoidalarga rioya etish, odob va madaniyat borasida musulmonlar peshqadam bo'lishlari lozim.
Yo'llardagi baxtsiz hodisalarning aksariyati tezlikni oshirish va qarama-qarshi yo'lga chiqish oqibatida sodir bo'lmoqda. Buning sababi, birinchi navbatda shoshqaloqlikdir. Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam har bir ishda sahobalarni shoshqaloqlikdan qaytarib kelganlar va hadisi shariflaridan birida:
التَّأنِّي من اللهِ والعجَلَةُ من الشيطانِ (رواه البيهقي في "السنن الكبرى")
ya'ni: “Bosiqlik – Allohdan, shoshqaloqlik – shaytondandir”, – deganlar (Imom Bayhaqiy, 20280-hadis).
Shuningdek, yo'lning qatnov qismida to'xtab, yo'lovchi olish, harakatni to'sib gaplashib turish yoki transport vositasini yo'lning o'rtasida qoldirib ketish ham shariat man etgan amallardan hisoblanadi. Sahl ibn Muoz o'z otasidan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Bu jonivorlarni yaroqli holida mininglar va yaroqli holida tark etinglar. Ularni yo'l va bozorlarda gaplashish uchun kursilar qilib olmanglar”, – deganlar (Imom Hokim, 444-hadis).
Abu Sirmadan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Kim zarar etkazsa, Alloh unga zarar etkazadi. Kim mashaqqat tug'dirsa, Alloh uni mashaqqatga qo'yadi”, – deganlar (Imom Abu Dovud, 3635-hadis).
Insonning hayoti va sog'lig'i Alloh taolo tomonidan vaqtincha berilgan. O'z sog'lig'iga zarar etkazgan odam ushbu qilmishi uchun Yaratgan oldida javob beradi. Haydovchi va piyodalar transport yo'llarida yo'l harakati qoidalariga amal qilmasligi, avvalo o'z hayotlarini, qolaversa boshqa insonlarni ham xavf ostiga qo'yadi. Alloh taolo Qur'oni karimda insonlarni o'z jonlarini tahlikaga solishdan qaytargan:
وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ
ya'ni: “O'zingizni halokatga tashlamang” (Baqara surasi 195-oyat).
Tezlikni cheklashda asosan haydovchi va yo'lovchilarning hayotini saqlash nazarda tutiladi. Haydovchining bu cheklovni buzishi o'zining va boshqalarning hayotini xatarga qo'yish bo'ladi. Shu bois qator fatvo markazlari va ulamolar, jumladan, Saudiya Arabistoni muftiyati ruxsat etilgan tezlikdan yuqori tezlikda harakatlanish oqibatida ro'y bergan baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan haydovchi o'z joniga qasd qilgan bo'ladi, deb fatvo bergan.
Ta'kidlash joizki, aksariyat yo'l-transport hodisalari mast holda transport vositasini boshqarish sababli yuz beradi. Mast holda rulga o'tirish amaldagi qonunlarni qo'pol ravishda buzish, islomda esa og'ir gunoh hisoblanadi. Asl qoida – transport vositasi haydovchisi harakat davomida mashinasi bilan sodir qiladigan har bir hodisaga mas'uldir. Haydovchi mashinaning oldi, orqasi va yon tomonlari bilan etkazgan zararga zomin (javobgar) bo'ladi. Haydovchi yo'l harakati qoidalarini buzish bilan haddan oshib o'zgaga zarar etkazsa, javobgar bo'ladi. Chunki islom shariatida haddan oshuvchi doimo javobgar hisoblanadi.
Haydovchi o'zining, yo'lovchilarning hamda boshqalarning xavfsizligiga
va salomatligiga ham mas'ul hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan uning yo'l harakati xavfsizligiga rioya qilishi Islom shariatida vojib hisoblanadi.
Shunga ko'ra, yo'l harakati qoidalariga amal qilmaydigan kishiga transport vositasini boshqarish shar'an joiz emas. Chunki u mazkur qoidalarni buzish orqali birovlarning haqlarini poymol qiladi, o'zining ham, boshqaning ham hayotini xavf ostiga qo'yadi hamda omma xalq manfaatlarini ko'zlab joriy qilingan nizomga qarshi chiqqan bo'ladi. Bu esa – Islom shariatiga mutlaqo ziddir.
Imom Muslim Abu Bakra raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Musulmon agar bir musulmon birodariga qurol o'qtalsa, to uni tushirmaguncha farishtalar unga la'nat aytadi”, – deganlar (Imom Muslim, 2616-hadis). Zamonamiz ulamolari temir transport vositasini belgilangan qoidalarga xilof ravishda haydab kishilarning hayotiga tahdid solayotgan haydovchi ham ushbu hadisi sharifga muvofiq farishtalar la'natiga duchor bo'ladi, deydilar.
Ayrim holatlarda zaruratsiz signal chalish, ovoz chiqaradigan vositalarni baland qo'yish bilan o'zgalarga ozor berish hamda qorong'i vaqtda ko'zni qamashtiradigan taqiqlangan yoritgichlarni yoqib yurish holatlari kuzatiladi. “Qo'li va tili bilan o'zgalarga ozor bermagan kishi – (komil) musulmondir” deyilgan (Imom Buxoriy, 6484-hadis) hadisga ko'ra bunday harakatlar dinimizda qaytarilgan amal hisoblanadi.
Transport vositasini yo'l yurishga to'liq javob beradigan darajada yaroqli bo'lishi ham dinimiz talablaridan sanaladi. Shu bois haydovchi transport vositasining texnik sozligini, tozaligini va to'liq jihozlanganligini tekshirishi va yo'lga to'la-to'kis tayyorlashi kerak. Fiqhiy qoidaga ko'ra, “Vojib usiz mukammal bo'lmaydigan ish ham – vojibdir”. Demak, transport vositasini haydash joiz bo'lishi uchun ushbu texnika yo'lga to'la yaroqli bo'lishi lozim. Transport vositalarining texnik holati va jihozlari me'yoriy talablarga to'la muvofiq bo'lishi kerak. Aks holda – transport vositasini haydash shar'an mumkin bo'lmaydi. Shu jumladan, foydani ko'zlab yuk tashishga mo'ljallangan transport vositasini belgilangan vazndan ortiq yuklash ham yo'l harakati xavfsizligiga, demak, insonlarning hayotiga tahdid solishi sababli shar'an joiz emas.
Islomda naqliyot vositalariga alohida e'tibor beriladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'sha vaqtda miniladigan barcha ulovlardan yaroqli holda foydalanishga, yaxshi parvarish qilishga buyurganlar. Transport vositasi yo'lga yaroqli bo'lishi lozim bo'lganidek, uni haydovchi shaxs ham uni haydashga layoqatli bo'lishi shar'an vojib. Ya'ni haydovchi o'zi minmoqchi bo'lgan transport vositasini haydashga ayni vaqtda aqlan va jismonan layoqatli bo'lishi hamda kerakli bilim va tajribaga ega bo'lishi lozim. Aks holda, u o'zining ham, boshqalarning ham hayotini xavf ostiga qo'yishi muqarrar. Bu esa shar'an harom hisoblanadi. Shuning uchun, haydovchi shaxsning transport vositasini bezarar, o'ziga ham, boshqalarga zarar keltirmay boshqarishiga to'la ishonchi bo'lmasa, ayniqsa, mastlik holatida, sezgirlik va e'tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta'sirida, yo'l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblik holatida transport vositasini boshqarish shar'an joiz emas.
Soha mutaxassislarining ta'kidlashicha, baxtsiz hodisalarda eng ko'p aybdorlar yosh haydovchilardir. Ularning uquvsizligi va tajribasizligi borasidagi Alloh taoloning huzuridagi mas'uliyat – haydovchilarning o'qitish tizimidagi mas'ullarning zimmasidadir. Ular haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo'yicha zimmalaridagi vazifalarini vijdonan bajarishlari, etarli bilim va malakaga ega bo'lmagan o'quvchilarga haydovchilik guvohnomasini bermasliklari lozim. Aks holda malakasiz haydovchining sodir etayotgan yo'lbuzarliklariga bu dunyoda ham, Qiyomatda ham tegishli tarzda javobgar bo'ladilar. Hadisda ta'kidlangan: “Barchangiz qo'l ostingdagilarga mas'ulsizlar” (Imom Buxoriy, 2409-hadis).
Shuningdek, piyodalar ham yo'l harakatida o'z hayotlarini xatarga qo'ymasliklari talab etiladi. Piyodalar trotuardan yoki piyodalar yo'lkasidan, faqat ular bo'lmagandagina ehtiyotlik bilan yo'l yoqasidan yurishlari, yo'lning qatnov qismini piyodalar o'tish joylaridan, shuningdek er osti va er usti o'tish joylaridan, ular bo'lmaganda esa chorrahalarda trotuar chiziqlari yoki yo'l yoqasi bo'ylab kesib o'tishlari kerak. Ushbu qoidalarni buzish insonning bila turib o'z hayotini xatarga qo'yishi hisoblanib, bunday ish qilgan musulmon shariat nuqtai nazaridan gunohkor bo'ladi.
Yo'l odoblaridan muhimlari – o'zaro iltifot ko'rsatish va hurmat bilan munosabatda bo'lish hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda: “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o'n barobar (ko'paytirib yozilur)...” deb ta'kidlagan (An'om surasi 160-oyat).
Yuqorida bayon qilinganlardan kelib chiqib, quyidagilarni xulosa qilish mumkin:
- dunyodagi aksariyat fatvo uyushmalari va islom ulamolari xulosasiga muvofiq, yo'l harakati qoidalariga amal qilish shar'an vojib amal hisoblanadi. Zero, mazkur qoidalar shariatimiz ta'limotlariga to'g'ri keladi. Musulmonlar ushbu qoidalarga e'tiqodan va qunt bilan amal qilishlari kerak;
- ruxsat etilgandan yuqori tezlikda harakatlanishi oqibatida ro'y bergan baxtsiz hodisa tufayli vafot etgan haydovchi shar'iy jihatdan haddidan oshgan va o'z joniga qasd qilgan maqomida hisoblanadi.
- yo'l harakati qoidalariga amal qilmaydigan yoki bunga layoqati bo'lmagan shaxslarning transport vositasini boshqarishi joiz emas;
- yo'l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan holatda transport vositasini boshqarish shar'an joiz emas;
- transport vositasi yo'lga yaroqli bo'lmagan holatda undan foydalanish shar'an man etiladi;
- yo'l jamoa foydalanadigan tarmoq ekani sababli yo'l harakati ishtirokchilari o'zaro odob va madaniyat bilan munosabatda bo'lishlari, boshqalarga xalaqit berishdan, qo'pol so'z va xatti-harakatlardan saqlanishlari lozim.
Musulmon kishini yo'l harakati qoidalari, odob va madaniyatlariga amal qilishi kuzatuv kameralari yoki yo'l harakati havfsizligi bo'linmalari xodimlari nazorat qilayotgani uchun emas, balki amaldagi yo'l harakati qonun-qoidalariga amal qilish – Islom shariatining talabi deb e'tiqod qilgan holda bajarishi kerak. Shunda yo'lda yurish ham ibodatga aylanadi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati
Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi studiyalar orqali 60 mingdan ziyod yoshlar vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilganlarni samimiy qutlab, yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yoshlarimiz juda katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekanini ta’kidladi. Barcha darajadagi rahbarlar yoshlarni til va kasb-hunarga o‘rgatish, sportga jalb etish, g‘oya, loyiha hamda startaplariga ko‘mak berish, ularni ishli va daromadli qilish bo‘yicha yanada faol ishlashi, birorta yigit-qizni e’tiborsiz qoldirmasligi zarurligi qayd etildi.
Yillar davomida yaratilgan imkoniyatlar natijasida yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi nufuzli oliygohlarda tahsil olayotgan talaba yoshlarimiz 500 nafardan, TOP-100 talikdagi oliygohlarda o‘qiyotgan yigit-qizlarimiz 3,5 ming nafardan oshdi. Yoshlarimiz yaratgan 63 ta startap loyihasi AQSH, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklari bozorlariga kirib borgan. Yosh sportchilarimiz xalqaro arenalarda 720 ta oltin, 671 ta kumush, 854 ta bronza medalining sohibi bo‘ldi. Bugun yosh tadbirkorlar yurtimizdagi biznes vakillarining 35 foizini tashkil etmoqda.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Yoshlar taraqqiyoti global indeksida eng tez sur’atlarda rivojlanayotgan davlat deb e’tirof etilgani bejiz emas. Joriy yilda Toshkent shahrida Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati bosh qarorgohi tashkil etilishi, Samarqand shahrida Yoshlar parlamenti a’zolarining 12-global konferensiyasi, “Take Off” xalqaro startap sammiti va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘tkazilishi bu maqomni yanada mustahkamlaydi.
Davlatimiz rahbari har yili 600 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelayotgani, 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkich 1 millionga yetishini qayd etib, yoshlarga o‘z imkoniyati va qiziqishiga mos ish topishi uchun sharoit yaratish eng muhim masala ekanini ko‘rsatib o‘tdi.
Yoshlar o‘rtasidagi so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ularning uchdan biri tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan.
O‘tgan yili yoshlar bandligini ta’minlash uchun banklar va Yoshlar ishlari agentligiga 400 million dollar yo‘naltirilgani, “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlari hisobidan 15 ming nafar yosh o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yib, 50 ming kishini ish bilan ta’minlagani ta’kidlandi.
Bu ishlarning davomi sifatida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi e’lon qilindi.
Bunda moliyalashtirish imkoniyatlari kengaytiriladi: o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 100 million so‘mdan 300 million so‘mgacha oshiriladi. Yosh tadbirkorlarning loyihalari uchun 10 milliard so‘mgacha kredit ajratish mumkin bo‘ladi. Innovatsion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat beriladi. Servis va umumiy ovqatlanish sohasida 1 mingdan ziyod ish o‘rni yaratgan mahalliy brendlardan franshiza olib, filial ochishga qiziqqan yoshlar uchun qulay moliyalashtirish paketlari joriy qilinadi.
Joriy yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushirilib, yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kredit ajratish yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million so‘mgacha, tadbirkorlik ko‘nikmasiga ega bo‘lib biznes boshlayotganlarga 300 million so‘mgacha, faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lganlarga 2 milliard so‘mgacha, kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard so‘mgacha kredit berilishi belgilandi.
Shuningdek, tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarning 30 foizi biznes ko‘nikmasi yetishmasligi sabab qiyinchilikka uchrayotgani qayd etildi. Shu bois, har bir hududda tadbirkorlikka o‘qitish, g‘oyani biznesga aylantirish, buxgalteriya, bank, marketing, ichki va tashqi bozorlarga chiqish bo‘yicha kompleks xizmat ko‘rsatadigan “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etiladi.
Nufuzli xorijiy oliygohlar ilg‘or tajribalar asosida yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitishda hamkorlik qilishga tayyor ekani qayd etilib, kamida 40 ming yoshni biznesga o‘rgatadigan “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturini boshlash belgilandi. Dasturni muvaffaqiyatli tugatgan eng yaxshi 1 ming nafar yoshning loyihasiga uch yil muddatga 200 million so‘mgacha 7 foizli ssuda beriladi.
Har yili “Yosh tadbirkorlar” tanlovi o‘tkazilib, eng yaxshi 100 ta loyihani brendga aylantirish uchun “Yoshlar venchurs” jamg‘armasidan 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
1 martdan yangi ish boshlayotgan yosh tadbirkorlarga infratuzilmaga ulanish bilan bog‘liq davlat xizmatlarining xarajatlari Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.
Ijtimoiy tashabbuslar bo‘yicha “Fikringni ber (Voice Up)” inklyuziv oromgohi tajribasi kengaytirilib, uni har bir hududda o‘tkazish va 1 ming nafar yoshni qamrab olish, eng yaxshi tashabbuslar ishtirokida Samarqand shahrida Xalqaro inklyuziv yoshlar oromgohini tashkil etish vazifasi belgilandi.
“O‘sish va rivojlanish (Upshift)” loyihasi doirasida bu yil media, dizayn, hunarmandchilik, ishlab chiqarish va innovatsiya yo‘nalishlarida ham tanlov o‘tkaziladi. Eng yaxshi 40 ta startapni moliyalashtirish uchun 2 milliard so‘m ajratiladi.
Texnikumlarda ta’lim dasturlarini ish beruvchilar talabi asosida yangilash, dual ta’limning qamrovini kengaytirish, moddiy-texnik bazani yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Texnikumlarga ham oliygohlar kabi “spin-off” ochishga ruxsat berilib, o‘quvchilarning startap loyihalariga 1 milliard so‘mgacha ajratiladi. Joriy yildan texnikum o‘quvchilari uchun ham “Ishla va sayohat qil (Work and travel)” dasturi asosida 6 oy xorijda ishlab, qo‘shimcha daromad topish imkoniyati yaratiladi, ishtirokchilarga yo‘lkira xarajatlari uchun ssuda ajratiladi.
Xorijiy til sertifikatiga ega yoshlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi samara bergani ta’kidlanib, sertifikat olgan yoshlar 600 mingdan oshgani, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 ming instruktor shakllangani aytildi. Xususiy o‘quv markazlarining soni 3 karra ko‘payib, 38 mingdan oshgan.
Xususiy o‘quv markazlari uyushmasini tashkil etish tashabbusi qo‘llab-quvvatlanib, uyushma a’zosi bo‘lgan markazlarga binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi. Bunday markazlar o‘qituvchilarini ilg‘or ta’lim markazlariga stajirovkaga yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
“Ko‘mak” dasturi doirasida olis va chekka hududlarda xorijiy til o‘quv markazlarining faoliyatini kengaytirish uchun 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi. Olis hududlardagi o‘quv markazlari ijtimoiy soliqni 1 foiz, o‘qituvchilar uchun daromad solig‘ini 7,5 foiz miqdorida to‘laydi (hozir 12 foiz).
Joylarda ehtiyojmand oilalardagi yoshlarni bepul o‘qitadigan o‘quv markazlariga qo‘shimcha imtiyozlar berilishi belgilandi: yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi, kommunal xarajatlarining yarmi qoplab beriladi, o‘qituvchilarga to‘langan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq “keshbek” tariqasida qaytariladi.
Volontyorlik faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Yurtimizda huquqiy asoslar yaratilgani hisobiga volontyor yoshlar 5 karra ko‘payib, ekologiya, tibbiy xizmat, ta’lim, favqulodda vaziyatlarda ko‘maklashish yo‘nalishlaridagi volontyorlar soni 100 mingdan oshgani aytildi.
Volontyorlik harakatini rivojlantirish bo‘yicha Vasiylik kengashini tuzish, Yoshlar ishlari agentligida “Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasini tashkil etish rejalashtirildi. Jamg‘armaga har yili budjetdan 20 milliard so‘m, qo‘shimcha ravishda mahalliy budjetlardan 3 milliard so‘mdan ajratiladi. Shuning hisobidan volontyorlik loyihalariga 100 million so‘mgacha grant beriladi, “ijtimoiy faollik kartasi” orqali ball tizimi joriy etiladi.
Yig‘ilishda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlikni ommalashtirish masalalari ham ko‘tarildi.
Yosh oilalar uchun uy-joy ipoteka dasturi doirasida kredit stavkasining 14 foizdan oshgan qismi budjetdan qoplab berilishi aytildi.
“Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasi orqali eng iste’dodli yozuvchilarga ijodiy buyurtma berib, bir yil davomida oyiga 20 million so‘mdan haq to‘lash, eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga hamda milliy adabiyotni xorijiy tillarga tarjima qilish va chop etish xarajatining yarmini qoplash belgilandi.
Yangi o‘quv yiliga qadar eng yaxshi 100 ta asardan iborat to‘plamni tayyorlab, barcha maktab va texnikumlarga yetkazish, eng faol kitobxon o‘quvchilarni 10 million so‘mdan mukofotlash vazifasi qo‘yildi.
Kutubxona, “book cafe” va kitob do‘koni ochib, oyiga 10 ming donadan ortiq kitob sotuvini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga 3 yilga 1 milliard so‘mgacha 7 foizli ssuda berish mexanizmi nazarda tutildi.
Jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan yoshlarning jamiyatga tez moslashishi uchun “Ikkinchi imkon” loyihasi boshlanishi ma’lum qilindi. Unda 8-12 oylik intensiv kurslarda dasturlash, veb-dizayn, kompyuter muhandisligi, boshqa kasblar va xorijiy tillarga o‘qitish orqali daromadli ishga ega bo‘lishiga shart-sharoit yaratiladi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari yoshlar bilan muloqot qilib, ularning turli sohalarga oid taklif va tashabbuslarini tingladi.
Tadbir davomida mutasaddilarning hisobotlari ham eshitildi.