Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraktsiyasi tashabbusi bilan “O'zbekistonda islom moliya tizimini tatbiq etish istiqbollari va huquqiy asoslarni yaratish” masalalariga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi. Quyi palata deputatlari, tegishli vazirlik va qo'mita a'zolari, iqtisodchi olim, ekspert, soha mutaxassislari ishtirokida o'tgan tadbirda Islom moliyasi tarixi va bugungi holati, O'zbekistonda islom moliyaviy xizmatlariga bo'lgan ehtiyoj, uning qonunchilik va huquqiy asosini yaratish zarurati bilan bog'liq masalalar muhokama qilindi. O'zbekistonda islom moliyasi bo'yicha o'tkazilgan so'rovnoma natijalari bilan tanishtirildi.
Ma'lumki, islomiy moliya foyda va zararni bo'lishish hamda real aktivlarga asoslangan moliyalashtirishni ko'zda tutadi. Ya'ni, u sherikchilikka asoslanadi. Ular mijoz talabi bilan ob'ektni qurishi, asbob-uskunalar, tovar, xom ashyolar olib berishi yoki ularni ijaraga berishi mumkin. Sheriklik asosidagi moliyalash tizimi esa daxlsizlik, shartnoma majburiyatlariga rioya qilish, tavakkalchiliklar, foyda va daromadlarni adolatli taqsimlash, iqtisodiy farovonlik va ijtimoiy adolatning muvofiqlik tamoyillariga asoslanadi. Axloqiy me'yorlarga rioya qilish, ijtimoiy adolat, qonun doirasida harakat qilish, mablag'larni me'yorida sarflash va monopoliyaga qarshi kurashish mazkur tizimning fundamental asosi hisoblanadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko'ra, so'nggi yillarda jadal rivojlanib borayotgan va jahon moliyaviy makonini ishonchli zabt etayotgan Islomiy moliya tizimiga bo'lgan qiziqish tobora kuchaymoqda. Yangi islomiy banklar, sug'urta tashkilotlari, investitsiya jamg'armalari tashkil qilinib, hatto ushbu tizim musulmon bo'lmagan mamlakatlarda ham keng rivojlanayotgani e'tiborga molik. Dunyoviy davlat bo'lsa-da, aksariyat fuqarolari nasroniy bo'lgan Buyuk Britaniyaning 20 dan ortiq banklarida mijozlarga islom moliyasi mahsulotlari va xizmatlari taklif qilinmoqda.
Ma'lumotlarga ko'ra, Bangladeshning iqtisodiy o'sish sur'ati 5,57 foizdan (2010 yil) 7,9 foizga (2018 yil) etdi. Tadqiqotlarga ko'ra, islom banklari kichik va o'rta biznes sub'ektlarining moliyaviy mablag'larga bo'lgan talabini qondirish orqali Bangladeshning iqtisodiy rivojiga katta hissa qo'shdi. Bugun islom banklari ushbu davlat bank tizimida 24 foiz ulushga ega.
2012 yil Ummon davlatida islom moliyasi tamoyillari tatbiq etilgan bo'lib, o'tgan yillar mobaynida islom moliyasi aktivlari hajmi 12,6 mlrd AQSh dollarga, bank tarmog'idagi ulushi esa 13,7 foizga etgan. Bu davlat hozirda islom moliyasi bozori ko'lami jihatdan dunyoda 15 o'rinda turadi.
Umuman, bugungi kunga kelib, 300 dan ziyod islom banki va moliya muassasalarining yalpi aktivlari 2,5 trillion AQSh dollaridan oshib, yiliga 15-20 foizga o'smoqda. Shu ma'noda, musulmon davlatlardagi faoliyati islomiy moliyalashtirishga asoslangan tashkilotlar mablag'ini O'zbekiston iqtisodiyotiga, xususiy sektorini qo'llab-quvvatlashga jalb etish ayni muddaodir.
Ushbu tadbirning “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashabbusi bilan o'tkazilgani bejiz emas. Partiyaning 2020-2024 yillarga mo'ljallangan Saylovoldi dasturida dunyoda jadal rivojlanayotgan an'anaviy moliya tizimiga muqobil ravishda bank va tadbirkorning sherikchiligiga asoslangan kreditlash mexanizmini joriy etishga qaratilgan qonunchilik tashabbuslarini amalga oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirovga ko'ra, O'zbekistonda allaqachon joriy etilishi kerak bo'lgan bu tizimni amaliyotga tatbiq etilishi afsuski qiyin bo'lyapti. Vaholanki, bugungi kunda Islom moliyalashtirish tizimi dunyoning eng rivojlangan davlatlarida ham joriy etilmoqda. O'zbekiston markaziy Osiyoda eng ko'p musulmon aholiga ega davlat bo'lishiga qaramasdan bu masalalarda Qozig'iston, Qirg'iziston va Turkmanistondan sezilarli orqada qolgan.
Mamlakatimizda Islomiy moliyalashtirish ishlari 2004 yilda boshlangan bo'lib, bu O'zbekistonning Islom taraqqiyot banki (ITB) a'zoligiga qo'shilgani bilan bog'liq. Yurtimiz uchun yangi yo'nalishga bugun biznes vakillarida ham, aholida katta ehtiyoj mavjud. Chunki mamlakatimiz aholisining 90 foizidan yuqori qismi Islom diniga e'tiqod qiladi va e'tiqodi tufayli 15-20 foizga yaqin aholi an'anaviy kreditlash tizimidan foydalanmayapti. Muqobil kreditlash tizimi orqali esa mazkur qatlam ham to'liq qamrab olinishi mumkin. Bu ana shu qatlam omonatlarini iqtisodiyotga jalb etish, ulardan esa oqilona foydalanish uchun katta imkoniyat yaratadi. Ya'ni, bu orqali “zahiradagi” ichki investitsiyalarni iqtisodiyotimizning o'sishiga jalb qilish, xufiyona iqtisodiyot salmog'ini kamaytirish, eng muhimi, tadbirkorlikni rivojlantirish mumkin bo'ladi.
Izlanishlarga ko'ra, O'zbekistondagi biznes sub'ektlarining 80 foizi ichki manbalar hisobidan moliyalashtiriladi va ularning chorak qismigina kredit xizmatidan foydalanadi. Bank aktivlarining 85 foizi esa davlat banklariga tegishli va ularda kichik va o'rta biznesni moliyalashtirish uchun sanoqli mahsulotlar mavjud. Shu bois, aksariyat korxonalar banklarni moliyalashtirishning afzal manbai hisoblamaydi. Bu esa biznes sub'ektlarining moliyaviy hisobotlarga etarli darajada e'tibor bermasligi, soliq idoralariga taqdim etadigan rasmiy hisobotlarida esa aksariyat holatda haqiqiy moliyaviy holatni ko'rsatmasligiga sabab bo'lmoqda. Tijorat banklari ham o'z navbatida bunday hisobotlarga ishonch bildirmaydi va bu ko'plab sub'ektlarni kreditlash imkoniyatidan mahrum qiladi.
Davra suhbatida O'zbekistonda islom moliyasi bo'yicha biznes vakillari hamda aholi ishtirokida o'tkazilgan so'rovnoma natijalari ham e'lon qilindi. To'g'ridan-to'g'ri va onlayn shaklda o'tkazilgan so'rovda 2 235 nafar biznes vakillari, qariyb 5000 nafar jismoniy shaxslar ishtirok etgan. Natijalarga ko'ra, biznes sub'ektlarining 38 foizi, jismoniy shaxslarning esa 56 foizi diniy qarashlari sabab an'anaviy bank kredit xizmatidan foydalanmaydi. Mos ravishda ishtirokchilarning 61 va 75 foizi O'zbekistonda islom moliya muassasalari ish boshlasa yoki islom moliya xizmatlari taklif etilsa, tanlashga tayyor ekanligini bildirgan.
So'rovda banklar ham ishtirok etgan va ulardan O'zbekistonda islom moliya tizimini joriy etishdagi eng katta to'siq va muammolar haqida so'ralgan. Ma'lum bo'lishicha, islom moliya mahsulot va xizmatlari, jumladan, islom sug'urtasi bo'lgan “takoful”ni tartibga soluvchi qonunlar yo'q. Shuningdek, amaldagi bank faoliyati va soliq bo'yicha qonunchilik islom huquqi tamoyillari asosida ishlaydigan banklar uchun moslashtirilmagan. Hozircha islom moliyasi va banki bo'yicha mutaxassislar oliy ta'lim tizimida tayyorlanmaydi. Shu bois mutaxassislar kam, amaliy tajriba esa yo'q. Shuningdek, aholining islom moliyasi haqida bilim va tushunchalari ham etarli emas.
Tadbirda ta'kidlanganidek, Islom moliyasi mahsulotlaridan foydalanish uchun amaldagi bank qonunchiligi, soliq va fuqarolik kodekslari hamda boshqa qonunosti hujjatlariga o'zgartirishlar kiritish yoki alohida qonun qabul qilish lozim. Shuningdek, bu sohada kadrlarni tayyorlash va aholining savodxonligini oshirish ham muhim ahamiyatga ega.
Hulosa o'rnida aytish mumkin, aynan islomiy moliyalash tizimi aholi qo'lidagi bo'sh mablag'larni real iqtisodiyotga jalb qilish orqali ham iqtisodiyot, tijorat va aholi farovonligini sezilarli darajada faollashtirishga qo'shimcha imkon yaratadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun, 1 iyun kuni Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia taklifiga binoan Jidda shahrida tashkil etilgan 49-haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi vazirlar, muftiylar, ulamolar va haj xizmatiga aloqador turli sohalar yetakchilari bilan birga ishtirok etdi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, “Haj” va “Umra” bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy va bir qator soha mutasaddilari qatnashdi.
Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan anjumanni mamlakat Haj va umra ishlari vaziri kirish so‘zi bilan ochib, martabali mehmonlarni Makkai mukarramaga tashriflari va nufuzli tadbirdagi ishtiroki bilan qutlab, haj mavsumini yuqori darajada o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilayotgan yangi loyihalar to‘g‘risida so‘zladi.
Xalqaro anjuman doirasida haj ibodatini yengillashtirish, ziyoratchilarga qulay sharoit yaratish, joriy haj mavsumi yozning issiq kunlariga to‘g‘ri kelayotgani, hojilar salomatliklariga e’tibor qilishlari, Arafot hududidagi Rahmat tog‘iga chiqishdan saqlanishlari, shuningdek, haj xizmatidagi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash kabi muhim mavzular muhokama qilindi.
Xalqaro anjumanda Saudiya Arabistoni Podshohligining ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sohasida amalga oshirayotgan ko‘lamli ishlari haqida so‘z yuritildi. Musulmonlarga xizmat qilish uchun Ikki Muqaddas Masjiddagi eng muhim loyiha va katta o‘zgarishlar taqdimot qilindi. Shuningdek, haj amalini ado etishda qonuniy ruxsatnomalarga va amaldagi qoidalarga rioya qilish alohida ta’kidlab o‘tildi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu simpozium 1970 yildan buyon har yili o‘tkaziladi. Bu yilgi anjumanda 50 dan ortiq davlatdan 500 dan ziyod olim va mutafakkirlar mavzu yuzasidan muhim masalalarni muhokama qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati