Savol: Men shariatga muvofiq kiyinishim uchun nimalarga e'tibor berishim kerak. Ba'zi muslima ayol-qizlar qora rangli kiyim kiyadilar. Hijob qora rangda bo'lishi shartmi?
Javob: Shariatimizga ko'ra ayollar libosi aynan qora rangda bo'lishi shart qilinmagan. Qur'oni karimda ham, sunnati nabaviyada ham ayollar qora rangli libosda bo'lishi haqida ko'rsatma yo'q. Shariatda talab etilgani – ayollarning libosi avrat a'zolarini to'liq yopishi kerakligidir. Hanafiy mazhabimizga ko'ra ayollarning ikki qo'li, kafti va yuzidan boshqa a'zolari avrat hisoblanadi.
Shuningdek, ayol kishi kiygan kiyimning o'zi ham ziynat bo'lmasligi shart. Ya'ni, nomahram erkak kishilarning e'tiborini o'ziga jalb qiladigan yaltiroq va yashnab turuvchi ranglarda bo'lmasligi talab etiladi. Chunki Alloh taolo Qur'oni karimda: “Ayollar zeb-ziynatlarini ko'rsatmasinlar!” deya buyurgan (Nur surasi, 31-oyat).
Ushbu oyatdan ulamolar ayol kishining libosining o'zi zeb-ziynat bilan burkangan, odamlarni o'ziga jalb qiladigan bo'lmasligi kerakligi kelib chiqishini ta'kidlashgan.
Islom tarixida ba'zi sahobiya ayollarning qora rangli yopinchiqqa o'ranganlarining asosiy sababi o'zlariga nomahram erkaklarning e'tiborini jalb etmaslik bo'lgan. Lekin bundan boshqa muslima ayollarning ham kiyimlari aynan qora rangda bo'lishi shart ekani kelib chiqmaydi. Chunki boshqa ko'plab rivoyatlarda Rasuli Akram alayhissalomning ayollari, qizlari va boshqa sahobiya ayollar ipak, paxta, kanopdan to'qilgan qizil, ko'k, oq va sariq rangli matolardan ko'ylak kiyishgani naql qilingan.
Mashhur tobeinlardan Ibrohim Naxaiy va Alqama ibn Asvadlar Nabiy alayhissalomning ayollarini qizil yopinchiqda ko'rganlarini aytishgan (Ibn Abi Shayba rivoyati).
Yana bir tobein Ibn Abi Mulayka: “Ummu Salama raziyallohu anhoning ustida sariqqa bo'yalgan ro'mol va ko'ylakni ko'rdim”, degan (Ibn Abi Shayba rivoyati).
Shuningdek, Qosim ibn Muhammad Oisha onamizni ehromdalik paytlarida sariq rangli ko'ylak kiyganlarini aytgan. Sahoba Anas ibn Molik raziyallohu anhu esa: “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning qizlari Ummu Kulsumning ustiga yo'l-yo'l chiziqli ipak to'n yopib qo'yilganini ko'rganman”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati)
Rasuli Akram alayhissalomning suyukli qizlari Ummu Kulsum raziyallohu anho yo'l-yo'l chiziqli kiyim kiyganlari, ana shunday rang va shakldagi libos kiyish ayollarga joiz ekaniga dalolat qiladi.
Ayollarning qora kiyim kiyishlariga diniy tus berish noto'g'ri ekanini hozirgi zamon ulamolari ham ta'kidlab o'tishgan. Jumladan: Saudiya Arabistoniga qarashli “Ilmiy tadqiqotlar va fatvo berish doimiy qo'mitasi” tomonidan e'lon qilingan “Ayol kishining ro'moli va libosining rangi haqida”gi fatvosida shunday deyilgan:
“Muslima ayol kishining libosi qora rangga xoslangan emas. U istagan rangdagi libosni kiyishi mumkin. Bunda kiyim avrat a'zolarini to'sadigan bo'lishi, erkaklarning libosiga o'xshamasligi, tor bo'lib, ayolning a'zolarini bildirib turmasligi, yupqa bo'lib, ortidagi narsani ko'rsatadigan bo'lmasligi hamda fitnaga sabab bo'lmaydigan libos bo'lishi shart qilingan”.
Fazilatli shayx Adnan Taha Ammonning “Dastur” gazetasiga bergan intervyusida shunday deydilar: “Hijob kiyimining qora bo'lishi majburiy emas. Lekin har qanday rangda joiz. Shuhrat kiyimi yoki diqqat e'tiborni tortadigan darajada bo'lishi kerak emas. Odatda arab ayollari qora rangli kiyim kiyishadi. Bu urf sanalib, kamtarlik belgisi deb sanashadi. Shaharlarda ayrim qabilalar va ayollar bosh va yuzni bekituvchi rang sifatida oq rangdan foydalanishgan. Aslida dinimiz ayollarni ma'lum bir rangdagi kiyimni kiyishga majburlamaydi”.
Ushbu ma'lumotlardan ma'lum bo'lmoqdaki, dinimizda ayollarning libosi yoki ro'moli muayyan bir rangda yoki shaklda bo'lishi qat'iy belgilanmagan. Balki Islom diniga mansub har bir xalqning o'z millatiga, zamonasiga xos kiyimi bor. Masalan: Eronda boshqacha, Turkiyada boshqacha, Malayziyada, Indoneziyada butunlay boshqacha. Shu boisdan tabiiyki, o'zbek millatiga mansub musulmon ayollarining milliy kiyimi ham o'zgacha. Ayol kishi yuzi va ikki qo'lining kaftlaridan boshqa a'zolarini berkitadigan holda sidirg'a yoki gulli matodan ko'ylak kiyib va ro'mol o'rab yursa joizdir. Kuylak va ro'molni qaysi ko'rinishida yoki rangda bo'lishning ahamiyati yo'q.
Kuzatishlardan yana bir jihatni anglash mumkinki, ayni kunlarda ayol-qizlar orasida qora rangdagi libos kiyishdan maqsad avratni to'sish emas, balki modaga aylanib bormoqda. Shuningdek, urfimizda odat bo'lmagan boshdan-oyoq tim qora libos qiyish jamiyatda ko'pchilikni o'ziga jalb etishi bilan avratdan yopishdan bosh maqsad bo'lgan o'zgalarni jalb etmaslik talabiga zid holatdir. Mana shu jihatni ham doimo yodda saqlash kerak.
Hazrati Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning sahobalari oq kiyim barcha ranglarning eng yaxshisi, shuning uchun uni iloji boricha tez-tez kiyish kerakligini aytganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kiyimlaringizdan oqini kiying. Albatta, ular kiyimlaringizning xayrlisidir. Hamda ularda o'liklaringizni kafanlanglar”, deganlar.
Ba'zi arab xalqlarida ayollar qora rangli kiyim kiyishlarini ayrim mutaxassislar quyidagicha tahlil qilishgan:
1) oq rang erkaklar ustunligini ta'kidlaydi. Ayol erkak kishiga soya kabi ergashishi uchun qora kiyim kiyadi. Shunday qilib, bu kimning ayoli va kimga tegishli ekani darhol tushunarli bo'ladi;
2) qadimgi paytda arab qabilalari orasida tunda ko'plab hujumlar sodir etilardi, o'lja sifatida bolalar va ayollarni qo'lga olishardi. Shuning uchun hujum qilayotganlardan yashirinish maqsadida ayollar qoramtir kiyim kiyishgan;
3) arab mamlakatlarining hududi ancha issiq. Ko'chada qoramtir kiyim kiygan ayollar tezda qizib ketib, ko'chada behuda kezib yurmasdan tezda uyga qaytishga to'g'ri kelgan.
Yuqorida bayon qilinganlardan kelib chiqib, quyidagilarni xulosa qilish mumkin:
- Islom dinida ayol-qizlarning satri avratda bo'lishi talab etilsada, bunda maxsus rangdagi kiyim kiyish shart etib belgilanmagan.
- Ba'zi sharq mamlakatlari ayollarining qora kiyim kiyishi arablarning iqlimiy va madaniy-tarixiy omillari bilan bog'liq bo'lib, bunga diniy tus berish to'g'ri emas.
- Modaga ergashib, qora libos kiyish ham durust emas. Shuningdek, odat bo'lmagan bizning jamiyatdagi tim qora libos qiyish orqali ko'pchilikni o'ziga jalb etish ham dinimizda ma'qullanmaydi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati
Muhtaram Prezident!
Siz Janobi Oliylarini va Siz orqali butun xalqimizni muqaddas Ramazon oyi kirib kelgani munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi a’zolari nomidan samimiy muborakbod etamiz.
Vatan ravnaqi, xalqimiz farovonligi va yurt obodligi yo‘lida tunu kun qilayotgan fidokorona mehnatlaringizga Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin, ulkan zafarlar ato etsin!
Bugun mamlakatimizda kechayotgan islohotlar jarayonida diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni tiklashga qaratilayotgan alohida e’tiboringiz yurtdoshlarimiz qalbida shukronalik tuyg‘usini mustahkamlamoqda.
Tajriba va kuzatishlarimizdan ma’lumki, dunyoning kamdan-kam mamlakatlarida Ramazon oyini munosib o‘tkazish bo‘yicha Davlat Rahbari darajasida alohida qaror qabul qilinadi.
Sizning tashabbusingiz bilan qabul qilinayotgan bunday hujjatlar mazkur oyni yuksak insoniy fazilatlar, saxovat va mehr-muruvvat ayyomiga aylantirmoqda.
«Inson qadri uchun!» tamoyili asosida olib borilayotgan ishlaringizning yaqqol tasdig‘i sifatida, joriy yilning 16 fevral kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholini ijtimoiy himoya qilish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishdagi tarixiy qarorlaringizni alohida e’tirof etamiz.
Ramazon oyi arafasida «Vaqf» xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi – davlatchiligimiz tarixida misli ko‘rilmagan muruvvat namunasi bo‘ldi.
Sizning ushbu tarixiy qaroringiz zamirida buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy rivoyat qilgan: «Amallar niyatlarga qarab e’tiborlidir», degan muborak hadisi sharifdagi xolis va sof niyatlarning ulug‘ hikmati mujassamdir.
Xalq manfaati yo‘lidagi bu g‘amxo‘rlik tufayli minglab oilalarning mushkuli oson bo‘lib, millionlab dillar quvonchga to‘lishi, qancha nogironligi, kasalligi bor kishilarning davolanish va jarrohlik amaliyoti xarajati qoplab berilishi, shubhasiz, yurtimizga fayzu baraka olib keladi.
Siz Janobi Oliylari tashabbuskori bo‘layotgan bunday xayrli amallar xalqaro hamjamiyat va dunyo ulamolari tomonidan ham yuqori baholanmoqda.
Muborak hadisi shariflarda keltirilishicha, “Alloh taolo uchun eng maqbul amal – mo‘minning qalbiga quvonch kiritishdir”.
Ulamolar Allohning nazarida bo‘lgan insonlar qalbiga farah bag‘ishlashni Yaratganni rozi qilish bilan qiyoslaganlar hamda siniq ko‘ngillarni ko‘tarish, mahzun dillarga umid berish va insonlarning og‘irini yengil qilish ilohiy muhabbatga sabab bo‘lishini alohida ta’kidlaganlar.
Yurtimizdagi 2000 dan ziyod masjidlarda Xatmi Qur’onlarning tizimli tashkil etilishi, diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi Sizning islom ma’rifatiga qo‘shayotgan bebaho hissangiz ifodasidir.
Muhtaram Prezident!
Sizdek adolatli, xalqparvar va yuksak e’tiqodli Yurtboshini Allohning O‘zi yetkazgan.
Sizni muborak oy bilan yana bir bor qutlab, Sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilaymiz. Xonadoningizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka arimasin.
Alloh taolo Sizdek vatanparvar, el-yurt dardi bilan yashaydigan farzandni tarbiya qilgan marhum Miromon Ota va Ma’rifatxon Onalarimizning oxiratlarini obod, qabrlarini nurga to‘ldirsin.
Sizning rahnamoligingizda amalga oshirilayotgan har bir xayrli va savobli amallarning ajru mukofotini ularning pok ruhlariga yetkazsin. Alloh taolo ularni O‘z rahmatiga olsin, jannatlarini maskan qilsin, Sizga esa ularning duolari soyasida yanada ulkan xizmatlar qilishni nasib etsin.
Yaratgan ushbu muborak kunlarda jonajon O‘zbekistonimizni o‘z panohida asrasin, ezgu niyatlarimiz ijobatini bersin.
Yuksak hurmat va ehtirom ila,
Shayx Nuriddin Xoliqnazar
Shayx Abdulaziz Mansur
Rahmatullo qori Obidov
Homidjon domla Ishmatbekov
Zayniddin domla Eshonqulov
Shayx Rahmatulla Termiziy
Rahimberdi domla Rahmonov
Shayx Alijon qori Haydarov
Ismoil Muhammad Sodiq
Maxammadbobur domla Yuldashev
Muhammadamin domla Alixonov
Foziljon qori Ubaydullayev
Muhammadayubxon domla Homidov
Habibulloh qori Abdurazzoqov
Abulqosim qori Karimov
Isroiljon qori Ismoiljonov
G‘ulomjon domla Xolboyev
Abduqahhor Yunusov
Doniyor Ikramov
Abdulloh Samatov
Xayrullo Abdullayev
Jobir Elov
Mehmon Jabborov
Habibullo Zokirov
Ahmadxon Alimov
Mirzamaqsud Alimov
Temur Atoyev
Ubaydulloh Abdullayev
Rasuljon Abdullayev
Rahmatulloh Usmonov
Baxramaddin Razov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati