Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Fevral, 2026   |   6 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:49
Quyosh
07:07
Peshin
12:41
Asr
16:23
Shom
18:10
Xufton
19:22
Bismillah
23 Fevral, 2026, 6 Ramazon, 1447

Ayollarning libosi qora rangda bo'lishi shartmi?

24.05.2021   10463   8 min.
Ayollarning libosi qora rangda bo'lishi shartmi?

Savol: Men shariatga muvofiq kiyinishim uchun nimalarga e'tibor berishim kerak. Ba'zi muslima ayol-qizlar qora rangli kiyim kiyadilar. Hijob qora rangda bo'lishi shartmi?

 

Javob: Shariatimizga ko'ra ayollar libosi aynan qora rangda bo'lishi shart qilinmagan. Qur'oni karimda ham, sunnati nabaviyada ham ayollar qora rangli libosda bo'lishi haqida ko'rsatma yo'q. Shariatda talab etilgani – ayollarning libosi avrat a'zolarini to'liq yopishi kerakligidir. Hanafiy mazhabimizga ko'ra ayollarning ikki qo'li, kafti va yuzidan boshqa a'zolari avrat hisoblanadi.

Shuningdek, ayol kishi kiygan kiyimning o'zi ham ziynat bo'lmasligi shart. Ya'ni, nomahram erkak kishilarning e'tiborini o'ziga jalb qiladigan yaltiroq va yashnab turuvchi ranglarda bo'lmasligi talab etiladi. Chunki Alloh taolo Qur'oni karimda: “Ayollar zeb-ziynatlarini ko'rsatmasinlar!” deya buyurgan (Nur surasi, 31-oyat).

Ushbu oyatdan ulamolar ayol kishining libosining o'zi zeb-ziynat bilan burkangan, odamlarni o'ziga jalb qiladigan bo'lmasligi kerakligi kelib chiqishini ta'kidlashgan.

Islom tarixida ba'zi sahobiya ayollarning qora rangli yopinchiqqa o'ranganlarining asosiy sababi o'zlariga nomahram erkaklarning e'tiborini jalb etmaslik bo'lgan. Lekin bundan boshqa muslima ayollarning ham kiyimlari aynan qora rangda bo'lishi shart ekani kelib chiqmaydi. Chunki boshqa ko'plab rivoyatlarda Rasuli Akram alayhissalomning ayollari, qizlari va boshqa sahobiya ayollar ipak, paxta, kanopdan to'qilgan qizil, ko'k, oq va sariq rangli matolardan ko'ylak kiyishgani naql qilingan.

Mashhur tobeinlardan Ibrohim Naxaiy va Alqama ibn Asvadlar Nabiy alayhissalomning ayollarini qizil yopinchiqda ko'rganlarini aytishgan (Ibn Abi Shayba rivoyati).

Yana bir tobein Ibn Abi Mulayka: “Ummu Salama raziyallohu anhoning ustida sariqqa bo'yalgan ro'mol va ko'ylakni ko'rdim”, degan (Ibn Abi Shayba rivoyati).

Shuningdek, Qosim ibn Muhammad Oisha onamizni ehromdalik paytlarida sariq rangli ko'ylak kiyganlarini aytgan. Sahoba Anas ibn Molik raziyallohu anhu esa: “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning qizlari Ummu Kulsumning ustiga yo'l-yo'l chiziqli ipak to'n yopib qo'yilganini ko'rganman”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati)

Rasuli Akram alayhissalomning suyukli qizlari Ummu Kulsum raziyallohu anho yo'l-yo'l chiziqli kiyim kiyganlari, ana shunday rang va shakldagi libos kiyish ayollarga joiz ekaniga dalolat qiladi.

Ayollarning qora kiyim kiyishlariga diniy tus berish noto'g'ri ekanini hozirgi zamon ulamolari ham ta'kidlab o'tishgan. Jumladan: Saudiya Arabistoniga qarashli “Ilmiy tadqiqotlar va fatvo berish doimiy qo'mitasi” tomonidan e'lon qilingan “Ayol kishining ro'moli va libosining rangi haqida”gi fatvosida shunday deyilgan:

“Muslima ayol kishining libosi qora rangga xoslangan emas. U istagan rangdagi libosni kiyishi mumkin. Bunda kiyim avrat a'zolarini to'sadigan bo'lishi, erkaklarning libosiga o'xshamasligi, tor bo'lib, ayolning a'zolarini bildirib turmasligi, yupqa bo'lib, ortidagi narsani ko'rsatadigan bo'lmasligi hamda fitnaga sabab bo'lmaydigan libos bo'lishi shart qilingan”.

Fazilatli shayx Adnan Taha Ammonning “Dastur” gazetasiga bergan intervyusida shunday deydilar: “Hijob kiyimining qora bo'lishi majburiy emas. Lekin har qanday rangda joiz. Shuhrat kiyimi yoki diqqat e'tiborni tortadigan darajada bo'lishi kerak emas. Odatda arab ayollari qora rangli kiyim kiyishadi. Bu urf sanalib, kamtarlik belgisi deb sanashadi. Shaharlarda ayrim qabilalar va ayollar bosh va yuzni bekituvchi rang sifatida oq rangdan foydalanishgan. Aslida dinimiz ayollarni ma'lum bir rangdagi kiyimni kiyishga majburlamaydi”.

Ushbu ma'lumotlardan ma'lum bo'lmoqdaki, dinimizda ayollarning libosi yoki ro'moli muayyan bir rangda yoki shaklda bo'lishi qat'iy belgilanmagan. Balki Islom diniga mansub har bir xalqning o'z millatiga, zamonasiga xos kiyimi bor. Masalan: Eronda boshqacha, Turkiyada boshqacha, Malayziyada, Indoneziyada butunlay boshqacha. Shu boisdan tabiiyki, o'zbek millatiga mansub musulmon ayollarining milliy kiyimi ham o'zgacha. Ayol kishi yuzi va ikki qo'lining kaftlaridan boshqa a'zolarini berkitadigan holda sidirg'a yoki gulli matodan ko'ylak kiyib va ro'mol o'rab yursa joizdir. Kuylak va ro'molni qaysi ko'rinishida yoki rangda bo'lishning ahamiyati yo'q.

Kuzatishlardan yana bir jihatni anglash mumkinki, ayni kunlarda ayol-qizlar orasida qora rangdagi libos kiyishdan maqsad avratni to'sish emas, balki modaga aylanib bormoqda. Shuningdek, urfimizda odat bo'lmagan boshdan-oyoq tim qora libos qiyish jamiyatda ko'pchilikni o'ziga jalb etishi bilan avratdan yopishdan bosh maqsad bo'lgan o'zgalarni jalb etmaslik talabiga zid holatdir. Mana shu jihatni ham doimo yodda saqlash kerak.

Hazrati Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning sahobalari oq kiyim barcha ranglarning eng yaxshisi, shuning uchun uni iloji boricha tez-tez kiyish kerakligini aytganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kiyimlaringizdan oqini kiying. Albatta, ular kiyimlaringizning xayrlisidir. Hamda ularda o'liklaringizni kafanlanglar”, deganlar.

Ba'zi arab xalqlarida ayollar qora rangli kiyim kiyishlarini ayrim mutaxassislar quyidagicha tahlil qilishgan:

1) oq rang erkaklar ustunligini ta'kidlaydi. Ayol erkak kishiga soya kabi ergashishi uchun qora kiyim kiyadi. Shunday qilib, bu kimning ayoli va kimga tegishli ekani darhol tushunarli bo'ladi;

2) qadimgi paytda arab qabilalari orasida tunda ko'plab hujumlar sodir etilardi, o'lja sifatida bolalar va ayollarni qo'lga olishardi. Shuning uchun hujum qilayotganlardan yashirinish maqsadida ayollar qoramtir kiyim kiyishgan;

3) arab mamlakatlarining hududi ancha issiq. Ko'chada qoramtir kiyim kiygan ayollar tezda qizib ketib, ko'chada behuda kezib yurmasdan tezda uyga qaytishga to'g'ri kelgan.

Yuqorida bayon qilinganlardan kelib chiqib, quyidagilarni xulosa qilish mumkin:

- Islom dinida ayol-qizlarning satri avratda bo'lishi talab etilsada, bunda maxsus rangdagi kiyim kiyish shart etib belgilanmagan.

- Ba'zi sharq mamlakatlari ayollarining qora kiyim kiyishi arablarning iqlimiy va madaniy-tarixiy omillari bilan bog'liq bo'lib, bunga diniy tus berish to'g'ri emas.

- Modaga ergashib, qora libos kiyish ham durust emas. Shuningdek, odat bo'lmagan bizning jamiyatdagi tim qora libos qiyish orqali ko'pchilikni o'ziga jalb etish ham dinimizda ma'qullanmaydi.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Ramazon kechalari o‘qiladigan nabaviy duolar

23.02.2026   2848   2 min.
Ramazon kechalari o‘qiladigan nabaviy duolar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Allohim, tutgan ro‘zalarimizni, o‘qigan Qur’onlarimizni, zikru salavot, tasbehlarimizni, taroveh namozlarimizni qabul qilgin! Bizga O‘zingning suhbatingni nasib qilgin, bizga dunyo va oxirat yaxshiliklarini bergin, bizni hidoyat qilgin, tavbalarimizni qabul qilgin, bizga rahm qilgin, bizni O‘zingning yo‘lingda, O‘zing uchun uyg‘otgin.

Allohim, a’zolarimizni ibodating bilan, qalblarimizni ma’rifating bilan mashg‘ul qilgin. Bizni o‘tgan solih bandalaringga ergashtirgin, ularga nasib qilgan ne’matlaringni bizga ham nasib qilgin, ularga omonlik berganingdek, bizga ham omonlik bergin, xotirjamlik bergin!

Allohim, dunyo va oxiratda O‘zingning nazaringni nasib qilgin, qalblarimizni lazzatlantirgin, bizni O‘zing rozi bo‘ladiganlardan qilgin!

Barcha holatlarimizda nifoqdan uzoq qilgin. Rahbarlarimizni haq yo‘lda bardavom qilgin, qalblarimizni isloh qilgin, hojatlarimizni ravo qilgin, ayblarimizni yashirgin, g‘ofillardan qilib qo‘ymagin, bizga ilhom berib, to‘g‘ri yo‘llarga yo‘llagin. Nafslarimizni yomonliklardan asragin, bizni O‘zingning zikring, shukring va go‘zal ibodatingga ilhomlantirgin, fazlu rahmating ila duolarimizni qabul qilgin!

Qalblarimizni poklab, ishlarimizni oson qilgin, dunyoyu oxiratdagi g‘amimiz Senga qurbat hosil qilish bo‘lsin. Allohim, bizlarni amal qiluvchilardan qilib, dunyoyu oxiratimizni obod qilgin! Shukrli qalb, zikrli til bergin! Bu dunyoda ilm va amal, oxiratda jannatu jamol nasib qilgin!

Allohim, ey ko‘zlar ko‘ra olmas, aqllar idrok eta olmas, dunyo hodisalari o‘zgartira olmas, dunyo musibatu balolari andishaga sola olmas Zot! Sen tog‘larning og‘irligini, dengiz suvlarining miqdorini, yomg‘ir tomchilarining sanog‘ini, daraxt yaproqlarining adadini, kecha qorong‘iligi qoraytirgan va kunduz nuri yoritgan barcha narsalarni bilasan! Hech bir osmon boshqa osmonni, hech bir yer boshqa bir yerni, hech bir dengiz uning tubidagilarni, hech bir tog‘ uning joyidagilarni ko‘rishingga to‘sqinlik qila olmaydi! Umrimning eng xayrli payti uning oxiri bo‘lsin, amalimning eng yaxshisi so‘nggi amalim bo‘lsin, Sening huzuringga borgan kunim kunlarimning eng xayrlisi bo‘lsin!

Allohim, Sendan «Alloh» isming bilan, «Roxman» isming bilan, men bilgan-bilmagan barcha ismlaring bilan meni mag‘firat qilishingni, menga marhamat ko‘rsatishingni so‘rayman.

Subhana Robbiyal Aliyyul A’lal Vahhob! Yo Vahhob, yo Allohim, Seni zikr qilishim uchun, shukr qilishim uchun, go‘zal ibodat qilishim uchun yordam bergin! Yana ko‘p Ramazon ro‘zalarini tutib, tarovehlar o‘qib, hayitlarni bayram qilishimizni nasib etgin!

Yo g‘iyasul mustag‘iysin, yo Zal jaloli val ikrom, yo akromal akromin!

«Mohi Ramazon muborak» kitobidan