Bugun 2021 yil 14 may kuni 101 yil to'ldi.
Nimaga deysizmi?
Vatan ozodligi uchun otilib chiqqan yigitlarning sardori – Madaminbek 1920 yil 14 may kuni fojeali tarzda halok bo'lgan.
1917 yil hokimiyat tepasiga kelgan Bol'sheviklar partiyasi Chor Rossiyasining bosqinchilik siyosatidan zada bo'lgan xalq ustida zulmu zo'ravonlikni battar oshirgani mazlumlar kahrini toshirib yuboradi. 1918 yildan boshlab Farg'ona vodiysining turli nuqtalarida yuragida o'ti bor yuzlab yigitlar qo'rboshilar atrofida uyushib, xudosiz bol'shevik (kommunistlarning eski nomi)larga qarshi janglar olib borishadi.
Kommunistlarga oid manbalarda "bosmachilar", mustaqillikdan keyingi asarlarda "milliy istiqlolchilar" deb nomlangan bu xalq askarlari o'zlarini "mujohidlar" deb atardilar. Tarqoq holdagi faoliyatning samarasizligini tushunib etgan istiqlolchilar etakchilari - qo'rboshilar qurultoy o'tkazib, Madaminbekni o'zlariga amir etib saylashadi. Ana shundan so'ng ishlar ancha oldinga siljiydi. Vatan himoyachilarining soni va salmog'i ortadi, lashkarning intizomi yaxshilanadi. Ular ko'plab qishloq va shaharlardan qizillarni siqib chiqarib, joylarda o'z nazoratlarini o'rnatadilar. Hatto ish shu darajaga etadiki, bol'sheviklar hokimiyati markaziy shaharlarda va temir yo'l stantsiyalaridagina saqlanib qoladi. Bol'sheviklarni butunlay supurib tashlab, milliy hokimiyat barpo etish istiqlolchilik harakatining g'oyasi edi.
Madaminbek begonalar qo'lida o'yinchoq bo'lib qolmaslik va boshqalarga qaram bo'lmaslik uchun tezlik bilan qurol-yarog' ishlab chiqarish choralarini ko'radi va o'ziga qaram bo'lgan hududda engil o't ochish qurollari ishlab chiqaruvchi tsex ochtiradi.
Maxsus harbiy ta'lim olmagan qo'rboshilar boshchiligidagi dehkon, kosib va hunarmandlardan iborat xalq lashkari qat'iyat va fidokorlik ko'rsatib, muntazam qo'shin bilan tengma-teng olishadi, ularning tinkasini quritib, malakali tahsil olgan general va ofitserlarni boshi berk ko'chaga kiritib qo'yadi.
Nihoyat, qizil armiya qo'mondoni Frunze Madaminbek bilan muzokara olib boradi. Ikki qo'mondon Farg'ona vodiysi Sovet davlatiga tobe avtonom jumhuriyat sifatida qoldirilib, undagi ichki ishlar erli xalq istagan usulda olib boriladi, degan yo'sinda tinchlik bitimi imzolanishiga kelishib olishadi. Bitim amalga oshmog'ining muhim sharti, qo'rboshilar tomonidan qizillarga qarshi qurolli harakatlar to'xtatilishi kerak edi. Madaminbek maydonda yurgan qo'rboshilarga hozirgi damda biz uchun tinchlik juda zarur, fursatdan foydalanib abgor ahvolimizni o'nglab olamiz, aks holda shu imkoniyat ham qo'limizda qolmaydi, kuchlar nisbati ruslar foydasiga o'zgarib, hozirgidan tuban ahvolga tushib qolsak, dushman biz bilan murosa qilib o'tirmaydi, hech qanday muxtoriyat ham bo'lmaydi, degan fikrlarni uqtirmoqchi bo'ladi. Lekin hissiyoti kuchli ba'zi qo'rboshilar Madaminbekni o'rislarga sotilganlikda ayblab, unga keskin qarshi chiqishadi. Sotqin degan ayb bilan qo'li yugurdak ba'zi "mujohidlar" darrov o'lim hukmini ijro qilishadi.
Shu o'rinda adolat yuzasidan Madaminbekni aynan kim o'ldirgani noaniq qolganini aytib o'tishimiz kerak. Ba'zilar bo'lib o'tgan ishlarni tahlil qilib, u bol'sheviklar tomonidan uyushtirilgan o'yin qurboni bo'lgan, deydilar. Ehtimol, bu gapda ham jon bordir. Asl voqea qanday bo'lgani Allohga ayon. Har nima bo'lganda ham u qizillar qo'l ostidagi hududda emas, u erdan chiqib, qo'rboshilar bilan uchrashuvga borgan joyida o'ldirilgani qayd etilgan. Bu fakt esa, vatan himoyachisining ishonchli yordamchisi bo'lishi mumkin bo'lgan qurol tor fikrli, qiziqqon kishilar qo'liga tushsa oqibati dahshatli bo'lishi haqidagi fikrni bot-bot xayolga olib kelaveradi.
Ko'p utmay Rossiya hududlarida Oqposhshoning bol'sheviklarga qarshilik ko'rsatayotgan kuchlari tor-mor etiladi. Zalvorli dushmandan qo'li bo'shagan qizil armiyaning kattagina qismi O'rta Osiyoga tashlanadi. Farg'ona vodiysidagi kuchlar nisbati ruslar foydasiga o'zgara boshlaydi. Milliy istiqlolchilar o'zaro ixtiloflar, etishmovchilik va boshqa sabablar bilan tarqoqlashib, ba'zilar engilib, asirga tushadi, ba'zilari qizillar tomoniga o'tib ketadi. Qolgan-qutganlari Vatandan bosh olib ketadi.
Ruslar tomoniga o'tib "kechirilgan"larning aksariyati 30-yillarning qatag'onlarida otib yuboriladi yoki uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi.
Shoir Muhammad Yusuf Vatan ozodligi yo'lida jon fido qilgan qahramonlar haqida quyidagi she'ni yozgan:
“BOSMAChILAR”...
Olmoslardan keskir edi shamshiringiz,
Tutun bo'lib to'zib ketdi taqdiringiz.
Ming yigitga arzirdingiz har biringiz.
Ot o'ynatib yurmadingiz "bosmachilar"...
Tuproq to'shak bo'ldi, bolish-egar boshda,
Jaloliddin kabi mudom jahongashta.
Umringizning yarmi o'tdi tog'u toshda,
Ne kunlarni ko'rmadingiz "bosmachilar"...
Qo'rg'oshinga qalqon bo'ldi o't ko'kraklar,
Kafan bo'ldi qonga botgan oq yaktaklar.
So'nggi makon bo'ldi ba'zan chakalaklar,
Odamday ham o'lmadingiz "bosmachilar"...
Tushunmayin kim qarg'adi, kimlar sotdi,
Ko'nglingizda alam, ko'zda yoshlar qotdi.
Ortingizdan goh bolangiz toshlar otdi,
Yosh deb gina qilmadingiz "bosmachilar"...
Uyingizda sizni kutdi kel, deb, to'ram,
Kelinchaklar kokillari taram-taram.
Ko'ngilga yor sig'armidi yurtda qaram,
Jangohlardan jilmadingiz "bosmachilar"...
Kengashsangiz tor dunyolar keng bo'lardi,
Ergash yoqa bo'lsa, Shermat eng bo'lardi,
Birlashsangiz kim ham sizga teng bo'lardi,
Nechun ahil bo'lmadingiz "bosmachilar"...
"Bosmachi"mish! Bunday demish qay bema'ni!
Tutmaydimi uni bir kun Beklar qoni?!
Hamma sizdek o'z yurtini suysa qani,
Behuda qon to'kmadingiz "bosmachilar"...
Siz yo'q, bunda ko'tarildi darpardalar,
Otdan tushdi sariq mo'ylov sarkardalar
Buxoroni to'pga tutgan sharmandalar,
Afsus, afsus, ko'rmadingiz "bosmachilar"...
Olmoslardan keskir edi shamshiringiz,
Tutun kabi to'zib ketdi taqdiringiz.
Ming yigitga arzirdingiz har biringiz,
Ot o'ynatib yurmadingiz "bosmachilar"...
Nima ham derdik, shoirni o'rtagan dard bu, alamli satrlar bu.
Sharofiddin Latipov
Amir Temur nafaqat buyuk sarkarda, davlat arbobi, balki o‘z davri ilm ahllari homiysi ham bo‘lgan. U mamlakatni rivojlantirishda ilm-fan va islom olimlarining ahamiyati beqiyos ekanligini yaxshi tushungan. “Saltanatda erishgan barcha muvaffaqiyatim va mustahkam joylarni zabt etishim – bularning barchasi Shayx Shamsuddin Fohuriy duosi, Shayx Zaynuddin Xavofiy himmati va Sayyid Baraka marhamati sharofatlari yordamida bo‘ldi”, deb ta’kidlagan edi[1]. Zar qadrini zargar biladi, deganlaridek, Sohibqiron saroyida taniqli mutafakkirlarni jamlashga harakat qilgan.
Mo‘g‘ullar davridan keyin, Amir Temur davrida islomga davlat dini maqomining qaytarilishi yangi ulamolar tabaqalarining shakllanishiga olib keldi[2].
Temur davlatida Samarqand siyosiy poytaxtgina emas, balki ilmiy markaz ham edi[3]. Bu to‘g‘rida Movarounnarda bo‘lgan yevropalik sayyohlar va o‘sha davrda yashab ijod etgan tarixnavis Sharq olimlari yetarli ma’lumotlar qoldirganlar.
Tarixchi Ibn Arabshoh yozganidek, “Temur olimlarga mehribon, sayyidu shariflarni o‘ziga yaqin tutar edi. Ulamo va fuzaloga to‘la izzat-hurmat ko‘rsatib, ularni har qanday odamdan tamom muqaddam ko‘rar edi. Ularning har birini o‘z martabasiga qo‘yib izzatu ikromini izhor qilar edi”[4]. Natijada saltanat poytaxti Samarqandda o‘z davrining turli sohalari bo‘yicha buyuk allomalar jam bo‘ldiki, bu jamlashni Sohibqirondek ilm-fanni yaxshi tushingan va uni qadriga yetgan hukmdorgina amalga oshirishi mumkin edi.
Bunga quyidagi ikki voqeani keltirish mumkin. Amir Temur Xorazmga kelganida, Malik Muhammad Saraxsiy ibn Malik Mu’iziddin Husayn Kurt o‘z jiyani Pirmuhammad G‘iyosiddin Piralidan Amir Temurdan Alloma Taftazoniy rahmutullohi alayhni Saraxsga taklif qilishini so‘rashni iltimos qildi. Amir Temur Alloma Taftazoniy rahmutullohi alayhning ilmdagi fazlini bilib, u zotni Samarqandga taklif qilishni afzal ko‘rdi. Avvaliga Alloma Taftazoniy rahmutullohi alayh Amir Temurning taklifiga javob bermay turdi, so‘ng Hijozga safar qilish niyati borligini aytib, uzr aytmoqchi ham bo‘ldi. Ammo Amir Temur ikkinchi bor taklif yuborganidan keyin Samarqandga ravona bo‘ldi[5].
“Amir Temur o‘ta ahmiyatli va foydali ishlaridan biri bo‘yicha chopar yubordi. Choparga: “Agar yo‘lda otga hojat tushib qolsa, kimni ko‘rsang ham otini ol, agar o‘g‘lim Shohruh bo‘lsa ham”, dedi. Chopar u amr qilgan tarafga tezlab jo‘nadi. Yo‘lda alloma Taftazoniyga duch keldi. U dam olish uchun bir joyga tushgan, otlari chodirning oldiga bog‘langan ekan. Chopar o‘sha otlardan birini oldi. Alloma Sa’duddin Taftazoniy chodirdan chiqib, uni ushlab oldi. Otni chopardan qaytarib oldi.
Chopar Amir Temurning oldiga qaytib borganida bo‘lgan gapni unga aytdi. Shunda Amir Temur qattiq g‘azablandi. Ammo birozdan so‘ng: ”Agar uning o‘rnida o‘g‘lim bo‘lganida, uni qatl qilardim. Lekin qaysi joyga borsam, kitoblari u yerga mening qilichimdan oldin kirib borgan odamni qanday qilib qatl qilaman”, dedi[6].
Toshkent islom instituti Qur’on ilmlari kafedrasi
o‘qituvchisi Qurbanov Sodiq
[1]Abulabbos Shihobuddin Ahmad ibn Muhammad Dimashqiy. Ajoib al-maqdur fi tarix Taymur. – Bayrut: Muassat ar-risola, 1986. – B. 48. 13
[2] Alimov U. Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi. – T.: Movarounnahr, 2008. – B. 59.
[3]Fernand Brudil. Tarix va madaniyatlar qoidalari / Husayn Sharif tarjimasi. – Qohira. Al-hay’a al-misriyya al-omma li-l-kitob, 1999. – B. 77.
[4]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad yusuf. Samarqandning sara ulamolari.-Toshkent: Hilol nashr, 2019.-B.7
[5]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad yusuf. Samarqandning sara ulamolari.-Toshkent: Hilol nashr, 2019.-B.17
[6]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad yusuf. Samarqandning sara ulamolari.-Toshkent: Hilol nashr, 2019.-B.19.