Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Mart, 2026   |   12 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:40
Quyosh
06:58
Peshin
12:40
Asr
16:29
Shom
18:17
Xufton
19:29
Bismillah
01 Mart, 2026, 12 Ramazon, 1447

Oylar sultoni — Ramazon: Yil davomida qo'shilgan qiymatdan zakot beriladimi? Qurilishi bitmay qolgan bino hisobidan-chi?

12.05.2021   7437   4 min.
Oylar sultoni — Ramazon: Yil davomida qo'shilgan qiymatdan zakot beriladimi? Qurilishi bitmay qolgan bino hisobidan-chi?

Navbatdagi suhbat O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo'limi mutaxassisi Zikriyo Boborahimov bilan uyushtirildi.

Zakotni men beramanmi yoki otammi?

Savol: Cavdo sohasida ishlayman. Nisobdan oshgan molim bor. Deyarli har kuni almashinib sotiladi. Mol otamning ixtiyorida. Bunga zakot hukmi qanday bo'ladi? Otamga vojib bo'ladimi yoki mengami?

Javob: Mol kimniki bo'lsa, o'sha kishi zakot beradi. Bu haqda Imom Saraxsiy shunday deydilar: «Zakot molning egasiga vojib bo'ladi» («Al-Mabsut» kitobi).

Zakot quyidagi narsalarda vojib bo'ladi:

  • Tillo, kumush, qog'oz pullar, qimmatli qog'ozlar va tangalar;
  • Tijorat mollari, ya'ni oldi-sotti qilinadigan har qanday narsa;
  • Chorva mollari – tuya, mol, qo'tos, qo'y, echki, ot;
  • Dehqonchilik mahsulotlari.

Zakotni hisoblaganda tillo, kumush, qog'oz pullar, qimmatli qog'ozlar va tangalarga tijorat mollarining qiymatini qo'shib hisoblaydi. Bir kishining tilla, kumush, qog'oz pullar, qimmatli qog'ozlar va tijorat mollari eng kamida 85 gramm tillo yoki uning qiymatiga etsa hamda yana bir yil hojatdan ortiqcha bo'lib, kamaymasdan tursa, molining 40 dan birini zakot sifatida berish shart bo'ladi.

Bu haqida Alloh taolo shunday deydi: «(Ey, mo'minlar!) Namozni barkamol ado etingiz, zakotni beringiz va Payg'ambarga itoat etingiz, zora (shunda) rahm qilinsangiz» (Nur surasi, 56-oyat).

Tijorat moli har kuni yangilanib tursa ham, nisobga etganidan bir yil o'tgach, uning qirqdan birini zakot sifatida muhtojlarga chiqarish farzdir. Vallohu a'lam.

Yil davomida qo'shilgan qiymatdan zakot beriladimi?

Savol: Har yil Ramazonda zakot beradigan odam 2020 yil dekabr' oyida o'ziga tegishli do'konni sotuvga qo'yib, 2021 yil mart oyida sotdi. Endi 2021 yil Ramazonda zakot berayotganda bu do'kon savdosidan kelgan pulni ham qo'shib zakot chiqaradimi yoki bu pul bir yil aylangandan keyin zakot vojib bo'ladimi?

Javob: Agar mazkur sotilgan do'konning pulini qo'shmasdan oldin ham mablag'ingiz nisobga etarli bo'lsa, unga do'konning sotuvidan tushgan pulni ham qo'shib zakot berasiz. Agar sizning mablag'ingiz faqatgina mazkur do'konning pulidan iborat bo'lsa, undan bir yil o'tgandan so'ng zakot vojib bo'ladi.

Bu haqida fiqhiy manbalarimizda shunday deyiladi: «Yil davomida muayyan nisob jinsidan orttirilgan narsalar o'z jinsiga qo'shiladi. Ya'ni, nisobning biror turiga ega bo'lgan kishilar yil mobaynida mazkur nisob jinsidan mol orttirsalar, o'sha nisobga qo'shib zakot beradilar» («Durarul hukkom» kitobi). Vallohu a'lam.

Qurilib, bitmay qolgan binodan zakot beriladimi?

Albatta, zakot berish kerak. Bunda bitmay qolgan binoning ayni vaqtdagi qiymatini hisoblab, tijorat moli bo'lgani uchun tilla, kumush va qog'oz pullariga qo'shib hisoblaydi va jami mablag'ning qirqdan biri (1/40)ni zakot sifatida muhtojlarga beradi.

Bu haqda fiqhiy kitoblarimizda shunday deyilgan: «Tijorat (ya'ni sotish niyatida olingan) mollari nima bo'lishidan qat'iy nazar, ulardan zakot berish vojib bo'ladi» («Javharatun nayyira» kitobi). Vallohu a'lam.

Ma'lumot uchun: Sizda shar'iy masalalarda savollar bo'lsa, O'zbekiston musulmonlari idorasining Telegram’dagi @diniysavollar kanaliga, «savollar.muslim.uz» saytiga yoki fatvo bo'limining 78-150-33-44 raqamli koll-markaziga murojaat qilishingiz mumkin.

 

RAMAZON-2021
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

XORIJDAGI 50 TA SHAHARDA VATANDOSHLAR UCHUN RAMAZON TADBIRLARI O‘TKAZILADI

27.02.2026   20579   1 min.
XORIJDAGI 50 TA SHAHARDA VATANDOSHLAR UCHUN RAMAZON TADBIRLARI O‘TKAZILADI

Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan xorijda yashayotgan vatandoshlar uchun keng ko‘lamli iftorlik va ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Joriy yilda ushbu ezgu tashabbus doirasida 50 shaharni qamrab olinib, xorijda mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan va doimiy yashab kelayotgan yurtdoshlarimizni birlashtirmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Makka, Madina, Seul, Istanbul, Anqara, Qohira, Ammon, Kuala-Lumpur, Vashington, Nyu-York, Toronto kabi yirik shaharlarda iftorliklar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, vatandoshlar homiyligida Dallas, Filadelfiya, Orlando, Novosibirsk, Tomsk va Yekaterinburg shaharlarida ham iftorliklar tashkil etilmoqda.

Mazkur xayrli ishlar mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. 

Ularda taniqli ulamolar va imom-xatiblar ishtirok etib, dinimizning insonparvarlik mohiyati, milliy qadriyatlar tarannumi, Vatanga muhabbat va yot g‘oyalardan saqlanish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Shu vaqtgacha O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan xizmat safariga yuborilgan imom-xatiblar tomonidan AQSH, Rossiya va Janubiy Koreyada 90 ta ma’rifiy suhbat va taroveh namozlari o‘tkazilib, ularda 15 mingdan ziyod vatandoshimiz ishtirok etdi. 

Ma’rifiy suhbatlar yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, shukronalik, go‘zal axloq, o‘zaro hurmat, milliy qadriyatlarga ehtirom, Vatanga muhabbat va turli yot oqimlardan saqlanish kabi mavzularni o‘z ichiga olgan. 

Mazkur tadbirlardan ko‘zlangan maqsad xorijdagi vatandoshlarimizni ma’naviy-ma’rifiy qo‘llab-quvvatlash, ona yurt bilan bog‘liqlik tuyg‘usini yanada mustahkamlash va yurtdoshlar o‘rtasida birdamlikni kuchaytirishdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari