E_''TIROF
Islom dini ma'rifatini keng yoyish va ilmiy faoliyatlarni e'tirof etgan holda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga O'zbekiston Halqaro Islom akademiyasi “Faxriy doktori” ilmiy darajasi berildi. Shu munosabat bilan O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi a'zolari muftiy hazratlarini samimiy muborakbod etadi.
Haqiqatan yurtimizda Islom dini ma'rifatini keng yoyish va xalqimiz ma'naviyatini yuksaltirishda diyorimiz olimu ulamolari, xususan muftiy hazratlarining hissalari juda ham katta. Hazrat butun umrlari davomida muborak dinimiz ta'limotlarini tarqatish bilan shug'ullanib kelmoqdalar. U kishi Samarqand viloyati Payariq tumanida joylashgan “Imom Buxoriy” ziyoratgoh-jome masjidi imom-xatibi, Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifalarida ko'p yillar samarali mehnat qilganlar. 2006 yilda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga tayinlanib, mana 15 yildan buyon dini mubinimiz va mo'min-musulmonlar xizmatida bo'lmoqdalar.
Ta'kidlash joizki, muftiy hazratlari nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo miqyosidagi obro'-e'tiborli ulamolardan biridir. Hazrat 2013 yilda Diniy idora tarixida ilk bor Islom olami uyushmasi ta'sis majlisining a'zosi hamda Butun dunyo ulamolar kengashi a'zosi etib saylanganlar. Shuningdek, 2021 yil 17 martdan O'zbekiston Halqaro Islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Halqaro ilmiy hay'ati raisi hisoblanadilar.
Mana shunday xizmatlari e'tirof etilib, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 1 yanvardagi Farmoniga asosan islomiy tamoyillarga sodiqligi, urf-odatlarni asrab-avaylash, yosh avlodni umuminsoniy g'oyalar, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga katta hissa qo'shgani, muborak Islom dinining insonparvarlik g'oyalarini keng targ'ib qilib kelayotganlari uchun muftiy Usmonxon Alimov hazratlari “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandilar.
2021 yil 19 aprelda muftiy hazratlari Davlatimiz Rahbarining 2016 yil 28 dekabrda “O'zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoniga muvofiq, ta'sis etilgan birinchi darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni sohibi bo'ldilar.
Islom dini ma'rifatini keng tarqatish ishlar uchun Rossiya Federatsiyasi Sverdlovsk viloyati musulmonlari idorasi tomonidan “Kumush yarim oy” medali, Qirg'iziston musulmonlari idorasining 1-darajali «Ientiemoq» medali («Ittifoq») bilan ham taqdirlanganlar.
So'nggi yillarda muftiy hazratlari xalqaro e'tibor va ehtirom sabab Ummon Sultonligi Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan e'lon qilinadigan “Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni” ro'yxatidan 12 yildan buyon munosib o'rin egallab kelmoqdalar.
Muftiy hazratlari Islom dini ma'rifatining tolmas targ'ibotchisi hamdir. U kishi yurtimiz masjid va madrasalari diniy ta'lim tizimida islohotlarni amalga oshirish, o'quv rejalari va dasturlarini tayyorlash hamda ularni hayotga tatbiq etish ishlariga bevosita boshchilik qilmoqdalar. Bundan tashqari, xorijiy mamlakatlarda bo'lib o'tadigan xalqaro anjumanlarda ilmiy asoslangan mazmunli ma'ruzalari bilan muntazam ishtirok etmoqdalar.
Muftiy hazratlari yurtimizda chop etiladigan diniy mavzudagi gazeta-jurnallar tahrir hay'atlarining a'zosi, nashr etilayotgan diniy kitoblarning mas'ul muharriri sifatida ham islom ma'rifati targ'ibotiga katta hissa qo'shmoqdalar. O'ttizga yaqin asar va yuzdan ziyod ilmiy-ommabop maqolalar muallifi hisoblanadilar.
Qur'oni karim oyatlari ma'nolarini tarjima va tafsir qilish ishi juda ham mashaqqatli, mas'uliyatli va ayni vaqtda sharafli vazifadir. Shu ma'noda, xalqimizning Qur'oni karimga bo'lgan ehtiyojini ta'minlash yo'lida muftiy hazratlari tomonidan Qur'oni karimning ma'nolari tarjimasi va tafsiri kitobi ta'lif etilgan “Tafsiri Irfon” kitobida Qur'oni karim oyatlari bugungi voqeligimizga moslab, xalqchil tilda, ayni chog'da, yuksak ilmiy mahorat bilan tarjima va tafsir etilgan.
Darhaqiqat, Islom dinining ezgu ta'limotlarini barchaga go'zal shaklda etkazish savobi ulug' amallardan hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda O'z diniga xizmat qiluvchilarni shunday ifoda etadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنْ تَنْصُرُوا اللَّهَ يَنْصُرْكُمْ وَيُثَبِّتْ أَقْدَامَكُمْ
“Ey, imon keltirganlar! Agar sizlar Allohga yordam bersangiz (dinining rivoji uchun harakat qilsangiz), U ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur” (Muhammad, 7).
Islom dini yo'lida soch-soqoli oqargan mo'ysafid odamlar haqida Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
مَنْ شَابَ شَيْبَةً فِي الْإِسْلَامِ كَانَتْ لَهُ نُورًا يَوْمَ الْقِيَامَةِ
“Islom yo'lida kimning sochiga oq tushgan bo'lsa, Qiyomat kuni unga nur bo'ladi”, deya marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Islom dini ravnaqiga salmoqli hissa qo'shayogan, dovrug'i nafaqat O'zbekiston balki qo'shni va xorij mamlakatlarida ham ma'lum bo'lgan Muftiy hazratlarining serqirra faoliyatlari barchamizning faxru iftixorimizdir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi a'zolari nomidan muftiy Usmonxon Temirxon o'g'li hazratlarini Halqaro Islom akademiyasi “Faxriy doktori” ilmiy darajasi berilgani munosabati bilan muborakbod etamiz. Alloh taboraka va taolodan u kishiga din, millat va Vatan yo'lidagi xizmatlari va ilmiy ijodlarida muvaffaqiyatlar bardavom bo'lishini tilaymiz!
O'zbekiston musulmonlari idorasi
#Haj_2025
Yurtimizda davlatimiz va hukumatimiz tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli so‘nggi yillarda mo‘min-musulmonlar Islomning barcha ruknlari, xususan, haj amallarini to‘la-to‘kis ado etmoqdalar.
2016 yilda 5200 nafar vatandoshimiz haj amallarini ado etgan bo‘lsa, 2017 yildan bunday sharafga erishganlar soni yana ikki ming kishiga ko‘payib, 7200 nafarga yetdi. 2022 yilda 12 mingdan ziyod, 2023–2024 yillarda esa 15 mingdan ortiq mo‘min-musulmon hajni ado etdi.
Bu yil ham 15 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning beshinchi ruknini ado etadilar, inshoalloh.
Bugun Toshkent shahridagi «Shayx Zayniddin» jome masjidi majlislar zalida shu yil hajga boruvchi guruh rahbarlari ishtirokida ilk yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj va umra markazi bo‘limi boshlig‘i Maqsud Karimov qatnashgan yig‘ilishni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domda Yunusov kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Tadbirda Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridan bu yil ellikboshi bo‘lib hajga boruvchi diniy soha xodimlari ishtirok etgan bo‘lsalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Surxondaryo viloyatlaridan boruvchi guruh rahbarlari ZOOM platformasi orqali onlayn qatnashdilar.
Yig‘ilishda guruh rahbarilariga haj mavsumidagi muhim vazifalar eslatilib, ularga guruhlar aniq bo‘lgach, ziyoratchilar bilan uchrashib, Islomning beshinchi rukni bo‘lgan hajga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari, ehrom bog‘lash, hajning arkonlari, shartlari, farzlari, vojib va sunnatlarini atroflicha tushuntirishlari zarurligi qayd etildi.
Alloh taolo bu yilgi haj mavsumini yuqori saviyada o‘tkazishni nasib etsin. Har bir ziyoratchining haji mabrur bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati