Har qanday musulmon borki, Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning siyratlariga ergashishga va unga to'liq amal qilishga urinadi. Chunki, Alloh taolo o'z oyati karimasida u zotni maqtab shunday deydi:
لَّقَدْ كَانَ لَكُمْ فِي رَسُولِ اللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِّمَن كَانَ يَرْجُو اللَّهَ وَالْيَوْمَ الْآخِرَ وَذَكَرَ اللَّهَ كَثِيرًا
Batahqiq, sizlar uchun–Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo'lganlar uchun va Allohni ko'p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go'zal o'rnak bor edi. (Ahzob surasi 21-oyat).
Biz siz azizlarga Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyini qanday o'tkazganliklarini qisqacha keltirib o'tmoqni niyat qildik.
Ho'p, bu oyda Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qanday amallar bilan mashg'ul bo'lganlar?
Quyida sizga u zotning bu oyda qilgan amallarning ba'zilarini keltirib o'tamiz:
- Saharlikni ohirgi vaqtigacha kechiktirar, iftorlikni tezlashtirar edilar. Sahobalarni ham shunday qilishga buyurar edilar. Ya'ni iftorlikni Quyosh botishi bilan qilar edilar. Lekin ba'zi musulmonlarda iftorlikni shom namozidan keyin hatto, hufton namozigacha kechiktirib xatoga yo'l qo'yadilar. Huddi shuningdek, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalarni saharlik qilishga undar edilar.
- Quyomul Layl ( tungi namoz)ni ko'paytirar edilar.
- Qur'on qiroat qilishni ziyoda qilar edilar. Har Ramazon oyida Qur'oni Karimni Jabroil alayhissalomga bir marotaba o'qib berar edilar.
- Alloh yo'lida ko'plab Hayr-ehson qilar edilar. Vaholanki, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng saxiysi edilar. Lekin u zotning saxiyliklari bu oyda yana ham ziyoda bo'lar edi.
- Fitr sadaqasini iyd namoziga chiqishdan oldin berar va sahobalarni ham shunga buyurar edilar.
عَن ابْنِ عُمَرَ رضي الله عنهما قَالَ: "فَرَضَ رَسُولُ اللَّهِ ﷺ زَكَاةَ الْفِطْرِ مِنْ رَمَضَانَ صَاعًا مِنْ تَمْرٍ، أَوْ صَاعًا مِنْ شَعِيرٍ عَلَى الْعَبْدِ وَالْحُرِّ، وَالذَّكَرِ وَالْأُنْثَى، وَالصَّغِيرِ وَالْكَبِيرِ مِنَ الْمُسْلِمِينَ". رَوَاهُ البخاري
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam fitr sadaqasini qulga ham, hur insonga ham, erkak-ayol, katta-kichik musulmonlarga bir so' hurmo va arpadan berishni farz qildilar”.( Imom Buxoriy rivoyati).
- oxirgi o'n kunlikni ko'proq ibodat bilan o'tkazar edilar.
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: "كَانَ رَسُولُ اللهِ ﷺ إِذَا دَخَلَ العَشْرُ أَحْيَى اللَّيْلَ، وَأَيْقَظَ أَهْلَهُ، وَشَدَّ المِئْزَرَ"
Oyisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning ohirgi o'n kunligi kirganda kechalarni bedor o'tkazar, ahllarini ham uyg'otar va izorlarini shimarar edilar”. (Imom Muslim rivoyati).
Ba'zilar hadisdagi «izorlarini shimarar edilar » degan gapni, ibodatga ko'proq vaqt bo'lishi uchun ayollaridan tiyilar edilar deb tafsir qilishgan. Ba'zilar esa ibodatga qattiq kirishganlaridan kinoya tarzda keltirilyapti deganlar.
- Oxirgi o'n kunligida e'tikof o'tirar edilar. Bu payt ayollardan va barcha ishlardan uzoqlashib, vaqtlarini zikr, tavba va ibodatlar bilan o'tkazar edilar.
Alloh taolo barchamizni Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlariga mukammal tarzda ergashuvchi va qiyomatda shafoatlariga sazovor bo'luvchi bandalardan qilsin.
Internet ma'lumotlari asosida tayyorlandi.
Toshkent Islom instituti talabasi
Muhammad Ali Muhyiddin.
Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga:
– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi.
Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi.
Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.
Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Mana, osoyishtalik siri nimada ekan!
Akbarshoh Rasulov