Bismillahir rohmanir rohim
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'atining milodiy 2021 (hijriy 1442) yilgi zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdori bo'yicha
QARORI
Zakotning tillodan nisobi 85 gramm bo'lib, bugungi kunda 1 gramm tilloning o'rtacha narxi 320 000 (uch yuz yigirma ming) so'm ekani e'tiboridan, bu yilgi ZAKOT nisobi 27200 000(yigirma etti million ikki yuz ming) so'm deb belgilandi.
Shunga ko'ra, zarur ehtiyojdan tashqari bir yil davomida 27200 000(yigirma etti million ikki yuz ming) so'm va undan ortiq mablag'ga ega bo'lgan musulmon kishi jami mablag'ining qirqdan biri (1/40)ni hisoblab, uni zakot niyatida kambag'al va faqirlarga beradi.
Fitr sadaqasining miqdori bug'doydan yarim so' (2 kg.), arpadan bir so' (4 kg.), mayizdan yarim so' (2 kg.) va xurmodan bir so' (4 kg.)dir.
Bugungi kunda mazkur mahsulotlarning Toshkent shahar bozorlaridagi narxlari o'rganilganda 1 kg bug'doy o'rtacha 5 ming so'm, 1 kg arpa o'rtacha 3,5 ming so'm, 1 kg mayiz o'rtacha 40 ming so'm va 1 kg xurmo o'rtacha 35 ming so'm ekani ma'lum bo'ldi.
Shunga ko'ra, FITRsadaqasining miqdori:
Har kim o'z imkoniyatiga qarab ushbu to'rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya qiladi.
Fidya miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati qiymatida bo'lib, bugungi kunda bu o'rtacha 25 000 (yigirma besh ming) so'mga to'g'ri kelganidan, bu yilgi FIDYa miqdori bir kun uchun 25 000 (yigirma besh ming) so'm, bir oyga 750 000 (etti yuz ellik ming) so'm deb belgilandi.
Eslatma: Mazkur qiymatlar Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilandi. Har bir viloyat o'z bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati
Munosabat
Insonning qalbi birgina shirin so‘zdan quvonib, to‘lqinlanib ketadi: yayraydi, yashnaydi, boshqalarga ham ezgulik sog‘inadi, shodlik va baxt ulashadi.
Joriy yilning 31 may sanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilar holidan xabar olgani qalblarimizga surur, xursandchilik va shukronalik baxsh etdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi. Unutilmas bu voqelik hojilarimizni behad sevintirdi.
Shukrki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik barqaror. Har bir inson hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli umr kechirishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Mehnat qilgan, harakat qilgan farovon hayot kechirmoqda. O‘z orzu niyatlariga yetmoqda. Albatta, bunda osoyishtalik ne’matining o‘rni beqiyos.
Yangi O‘zbekistonning har tongi taraqqiyot tongi sifatida otmoqda. Barcha sohalarda yangilik va yaxshiliklar bo‘lmoqda. Jumladan, Haj va Umra tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, mo‘min-musulmonlarning ushbu ibodatlarini chiroyli ado etishlari uchun sharoit va qulayliklar yangi bosqichga olib chiqildi.
Xususan, bu yilgi haj mavsumiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Makkai mukarrama hamda Madinai munavvara, qolaversa, Mino vodiysida ziyoratchilar uchun barcha sharoit hozirlandi. Issiq kunlarda yurtdoshlarimizga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘raldi, ichkariga sovutish tizimi o‘rnatildi, gilam va to‘shaklar solindi.
Mamlakatimiz hojilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilgan qulayliklarni Saudiya Arabistonining haj ishlari mas’ullari va o‘zga yurt hojilari ham e’tirof etib, havas bilan qaramoqda.
Ayni paytda ziyoratchilarga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpaz va boshqa mutaxassislar xizmat ko‘rsatib, hamrohlik qilmoqda.
Ziyoratchilarimiz berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duo qilmoqda.
Zotan, yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya barcha islohotlarning asosini tashkil etayotgan ayni pallada hojilarimiz ham ushbu jarayonga o‘z hissalarini qo‘shish, yurtimizga qaytgandan so‘ng bor kuch-g‘ayratlarini yurt tinchligi va taraqqiyoti, oilalar totuvligini ta’minlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ehtiyojmandlarga ko‘mak berishdek savobli ishlarga safarbar etishlarini ta’kidlamoqdalar.
Zayniddin ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi
o‘rinbosari.