O'zbekiston Saudiya Arabistoniga za'faron savdosini yo'lga qo'yadi. O'zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi Ulug'bek Maqsudov “Sunbula technologies Est.” kompaniyasi raisi Ubaydulla Siddiqiy bilan uchrashib O'zbekistonning “BMB Trade Group” kompaniyasi tomonidan etishtirilgan za'faron namunalarini taqdim etdi. Bu mahsulot Saudiya Arabistoni oziq-ovqat va dori-darmon vositalari agentligi (SFDA) tomonidan tekshiriladi va tegishli sifat sertifikati olinadi. Bu hamkorlik haqida Ubaydulla Siddiqiy shunday fikr bildirgan:
“Umid qilamizki, za'faron - bu O'zbekiston bilan hamkorligimizning boshlanishi bo'ladi. Kelajakda keng turdagi mahsulotlar import qilish niyatidamiz. Saudiya vakillari hozir za'faronni Marokash, Ispaniya, Hindiston, Afg'oniston va Pokiston kabi davlatlardan olib kelmoqda. Shu ma'noda O'zbekistonda etishtirilishi boshlangan za'faronga qiziqishimiz katta. Umid qilamizki, o'zbek za'faroni sifat jihatidan raqobatbardosh va Saudiya bozorida o'z o'rniga ega bo'ladi” - deb ta'kidlagan kompaniya raisi.
Shuningdek, Ubaydulla Siddiqiy O'zbekistondan tabiiy asal va tog' o'simlik giyohlaridan tayyorlangan mahsulotlarni ham import qilish imkoniyatini o'rganmoqchiligini aytgan. Uning so'zlariga ko'ra, Saudiya Arabistonida shifobaxsh ekologik toza mahsulotlarga talab yuqori.
Bu uchrashuvda Markaziy va Janubiy Osiyoni bog'lovchi transport koridori yaratish bo'yicha olib borilayotgan sa'y-harakatlar haqida ham ma'lumot berilgan. Bu kabi qulay transport yo'lagining imkon qadar tez muddatlarda qurilishi mintaqa davlatlarining savdo-iqtisodiy aloqalariga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Shu o'rinda suhbatdosh mazkur yangi transport yo'lagi barpo etilishi O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi savdo aylanmasini ham sezilarli oshishiga olib keladi, deb umid bildirdi.
Bu uchrashuv natijasida O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasida savdo – sotiq aloqalari yanada rivojlanishi ikki davlat xalqlari uchun birdek foydalidir.
azon.uz
#Xayriya_karvoni
Bu yilgi muborak Ramazon oyi xalqimiz qalbiga yanada yaqin, ko‘plab xursandchiliklar olib kelayotgan mo‘tabar ayyomga aylanmoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, "Vaqf" xayriya jamoat fondi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan xayriya tadbirlari davomida ramazon tuhfalaridan har yilgidan ko‘ra ko‘proq aholi qatlami bahramand bo‘lishyapti.
"Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi" shiori ostida tashkil etilayotgan tadbirlarda mas’ullar e’tiboridan nafaqat davlat ta’minotidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalar, balki "mahalla yettiligi" tomonidan ehtiyojmand deb topilgan minglab oilalar ham chetda qolmayapti.
Muqaddas oyning o‘tgan to‘rt kuni davomida "Vaqf" xayriya jamaot fondi va uning hududlardagi filiallari tomonidan aholining ehtiyojmand qatlamiga har jihatdan yordam berish borasida ko‘plab xayriya tadbirlari tashkil etildi.
Xususan, fondning Andijon viloyati filiali tomonidan shu kungacha yolg‘iz keksalar, nogironligi bor, boquvchisi vafot etgan, ehtiyojmand deb topilgan 260 ta oilaga homiylarning oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi.
Fondning Toshkent viloyati filiali tomonidan homiylarni jalb qilgan holda 230 nafar aholining kam ta’minlangan qatlami uchun iftorlik dasturxonlari yozildi.
Fondning Buxoro va Samarqand viloyatlari filiallari tomonidan homiylar ko‘magida viloyatning chekka tumanlarida yashovchi ijtimoiy ko‘makka muhtoj va nogironligi bor oilalarga oziq ovqat va kiyim-kechaklar ehson qilindi.
Ana shunday xayriya tadbirlari fondning barcha filiallarida izchillikda o‘tkazilmoqda.
Vaqf.uz