Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Aprel, 2025   |   21 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:13
Quyosh
05:37
Peshin
12:27
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
19 Aprel, 2025, 21 Shavvol, 1446

Tasavvuf haqida tasavvur: HOTIMA MO'G'ULLARNI BO'SUNDIRISh

28.03.2021   4459   27 min.
Tasavvuf haqida tasavvur: HOTIMA MO'G'ULLARNI BO'SUNDIRISh

BIZ NIMA QILIShIMIZ LOZIM?

(Hotima)

Biz avvalo yurtimiz qadimda barcha islomiy ilmlarga ulkan hissa qo'shgan va boshqalarga ustoz hamda o'rnak bo'lgan yurt ekanini anglab etishimiz lozim.

Biz imom Buxoriy, imom Termiziy, imom Nasaiy, imom Dorimiy Samarqandiy kabi mashhur muhaddislarning avlodlari ekanimizni anglab etishimiz lozim.

Biz imom Jorulloh Zamaxshariy, imom Abulbarakot Nasafiy, imom Abu Mansur Moturidiy va imom Abu Lays Samarqandiy kabi ulug' mufassirlarning avlodlari ekanimizni anglab etmog'imiz lozim.

Biz Abu Mansur Moturidiy, Sa'duddin Taftazoniy va Umar Nasafiy kabi mashhur aqiyda ilmi ustozlarining avlodlari ekanimizni esdan chiqarmasligimiz lozim.

Biz Burhonuddin Marg'iloniy, imom Kosoniy, Alouddin Samarqandiy kabi buyuk fuqaholarning avlodlari ekanimizni anglab etishimiz lozim.

Biz ko'plab ilm-ma'rifat sohalaridagi kabi, tasavvufda ham peshqadam bo'lgan yurtning farzandlari ekanimizni esdan chiqarmasligimiz kerak. 

Bu yurtning farzandlaridan ba'zilari Islom olamida ma'lum va mashhur bo'lgan Naqshbandiya, Kubroviya va Yassaviya kabi tariqatlarga asos solganlarini anglab etishimiz lozim.

Biz Bahouddin Naqshband, Najmuddin Kubro, xoja Ahmad Yassaviy, Abdulxoliq G'ijduvoniy, xoja Ahror Valiy, So'fiy Allohyor rahmatullohi alayhim kabi ulug' mutasavviflarning avlodlari ekanimizni yaxshi bilishimiz kerak.

Boshqa barcha ilm va ma'rifatlar qatori, tasavvuf ham yurtimiz va xalqimiz tarixida, ularning shon-shuhratini oshirishda katta xizmatlar qilganligini esdan chiqarmasligimiz lozim.

Barcha islomiy ilmlar bilan birga, tasavvuf ham xalqning axloqiy tarbiyasi, oliy qadriyatlar, vatanparvarlik, bag'rikenglik va boshqa kerakli omillarni shakllantirish va tutib turishda katta xizmatlar qilgan. Bu xizmatlarning tafsiloti haqida jild-jild kitoblar yozilgan va yoziladi, inshaalloh.

Biz esa birgina misol keltirib o'tamiz, xolos.

 

MO'G'ULLARNI BO'YSUNDIRISh

Hijriy ettinchi asrda mo'g'ul lashkarlari butun dunyoni zabt etish uchun o'zlarining mashhur yurishlarini boshladilar. Mo'g'ullarga qarshilik ko'rsatganlar asosan musulmonlar edi. Ammo dushman ularni ustara sochni qanday qirgan bo'lsa, qilichdan shunday o'tkazgan edi. Musulmon olamining mashhur ilm va ma'rifat markazlari bo'lgan shaharlar mo'g'ullar tomonidan vayron qilingan edi.

Islom olami mo'g'ullar bosqini ostida qoldi. Ular harbiy ma'noda Islom olamini tamomila engib, tiz cho'ktirdi. Islom olamida: «O'lik tirildi desa, ishongin-u, ammo mo'g'ullar engilibdi desa, ishonma», degan naql tarqalgan edi. 

O'sha paytda mo'g'ullar dunyodagi engilmas kuch bo'lib shuhrat qozonganidan, masihiylar ham, buddachilar ham ularni o'zlariga qaratish yo'lida qo'llaridan kelgan barcha imkonlarini ishga solishar edi. Buddachilar irq, tabiat va muhit jihatidan mo'g'ullarga juda yaqin edilar. Masihiylar esa mo'g'ullar bilan to'qnashmagan, hatto yaxshi aloqalarda edi.

Ammo bu ikki toifa ham o'z niyatlariga eta olishmadi. Ularning hech biri mo'g'ullarni o'z diniga kirita olishmadi.

Bu borada hech kim kutmagan va insoniyat tarixida hech sodir bo'lmagan narsa sodir bo'ldi. Bu mo''jizaning asosiy sababchisi Islom edi. Dunyoga o'zining qo'polligi, beshafqatligi va jangariligi bilan dong taratgan mo'g'ullar o'zlaridan mag'lub bo'lgan odamlarning diniga, Islomga ommaviy ravishda kira boshladilar.

Mazkur mo''jizaning sodir bo'lishida musulmon ulamolar, xususan, mutasavviflar Alloh taoloning inoyati ila bosh omil bo'lgan edilar.

G'arblik mashhur olim Tomas Orland o'zining «Islomga da'vat» nomli kitobida ajoyib bir qissani keltiradi:

«Mo'g'ul sultoni To'g'luq Temurxon o'z odamlari bilan safarga chiqqan edi. U ov qilish niyatida o'zining qo'riq erlarida borardi. Birdan Buxorodan kelgan shayx Jamoluddin boshliq kishilarning o'z erlarida yurganlarini ko'rib qoldi. Ular bilmasdan bu erlarga kelib qolishgan edi. Sulton odam yuborib, ularni ushlatib, oyoq-qo'lini bog'latib oldirib keldi. Asirlar uning huzuriga keltirilganda:

«Mening qo'riqxonamga ruxsatsiz qandoq kirdinglar?!» deb achchiq bilan baqirdi.

«Biz g'ariblarmiz. Man qilingan erda yurganimizni bilmabmiz», dedi shayx bosiqlik bilan.

«It ham sizlardan ko'ra yaxshiroq!» deya baqirdi sulton.

«Sulton to'g'ri aytadilar. Agar Alloh taolo bizni haq din ila ikrom qilmaganida, itdan ham battar bo'lar edik», dedi shayx xotirjam ohangda.

Hukmdor hayrat nazari bilan qaradi-da, ovida davom etdi. Ammo oxirgi gap fikrini chulg'ab olgan edi. Ovdan keyin asirlarni yana bir bor o'z huzuriga keltirishni amr qildi. Ovdan qaytgandan keyin shayx bilan o'zi yolg'iz qoldi va:

«Menga aytgan gapingizni sharhlab bering. Haq din deganingiz nima o'zi?» dedi.

Shayx Islomni sharh qilib bergan edi, sultonning qalbi erib ketdi. Kufrni vasf qilgan edi, sulton undan qo'rqib ketdi. U o'zining zalolat va xatarda ekanini anglab etdi. Ammo sulton hozir o'zi Islomni qabul qilsa, qavmi uni qabul qila olmasligini aytdi. Shuning uchun u shayxdan qachon o'zi biryo'la podshoh bo'lganida huzuriga kelishini iltimos qildi.

O'sha vaqtda Chig'atoy davlati bir necha amirliklarga bo'linib ketgan edi. To'g'luq Temurxon ularni birlashtirib, kuchli markazlashgan davlat qurishga muyassar bo'ldi.

Shayx Jaloluddin yurtiga qaytib, bemor bo'lib qoldi. Umri oxirlab qolganda, o'g'li Rashiduddinni o'z huzuriga chorlab: «To'g'luq Temur kelajakda katta amir bo'ladi. O'sha xabarni eshitganingda, uning oldiga borib, mendan unga salom ayt va menga bergan va'dasini eslat», dedi.

Shunday ham bo'ldi. To'g'luq Temurxonga «podshoh» deb bay'at qilindi va otasining taxtiga o'tirdi. Shayx Rashiduddin otasining vasiyatini amalga oshirish uchun askargohga kirdi. Lekin podshohga yaqin bora olmadi. Ammo u o'zini bildirish yo'lini topdi. Bir kuni sahar chog'ida sultonning chodiriga yaqin joyda baland ovozda azon ayta boshladi. Podshoh cho'chib uyg'ondi, g'azab otiga minib, shayxni tutib keltirishni amr qildi. 

Shayx hozir bo'ldi. Podshohga otasining salomini etkazdi. To'g'luq Temurxon uni esdan chiqarmagan edi. U shahodat keltirib, Islomga kirdi. So'ngra Alloh taoloning dinini o'z qavmi ichida tarqatdi. Chig'atoy avlodlari nufuzi ostida Islom birpasda barcha diyorlarga tarqaldi».

Shunday qilib, dunyo tarixida birinchi marta g'olib xalq o'zi mag'lub etgan xalqning diniga kirdi.

Tasavvufning bunga o'xshash xizmatlari juda ham ko'p. Hozirda ham Islom va uning ruhiy tarbiya qismi bo'lgan tasavvuf ulkan xizmatlar qilishi turgan gap. Faqat biz o'zimiz bu narsani to'g'ri yo'lga qo'yishimiz lozim. Buning uchun nima qilish kerak, degan savol paydo bo'ladi.

Avvalo muqaddas dinimiz Islomni yaxshilab o'rganib, shu asnoda Islomning ruhiy tarbiya qismi bo'lgan tasavvufni ham ilmiy asosda o'rganishni yo'lga qo'yish bizning eng birinchi vazifamiz bo'lishi kerak. Buning uchun dastlab bu masalaning o'zini yaxshilab anglab olishimiz lozim. Tasavvufni butunlay inkor etayotganlarga uning haqiqatini tushuntirishimiz zarur. Tasavvufning tarixini yaxshilab o'rganib, uning nomidan sodir etilgan xatolarni aniqlab, shariat ta'limotlariga zid narsalar qatorida inkor qilmog'imiz bizning vazifamizdir. Shu bilan birga, Qur'on va Sunnatga muvofiq qism – sunniy tasavvufni tan olmog'imiz lozim.

Bu ishni yo'lga qo'yishda imom Molik rahmatullohi alayhining «Kim so'fiy bo'lsa-yu, faqih bo'lmasa, zindiq bo'libdir. Kim faqih bo'lsa-yu, so'fiy bo'lmasa, fosiq bo'libdir. Kim ikkisini jamlasa, muhaqqiq bo'libdir», degan gapini esda tutishimiz lozim.

Ha, biz hozirgi paytda xuddi shu qoidaga amal qilishimiz kerak. Chunki ba'zi so'fiylarimiz fiqh ilmini etarli bilmaydilar. Ba'zi faqihlarimiz tasavvufni etarli bilmaydilar. Ikkisini jamlaganlarimiz esa barmoq bilan sanarli darajada oz.

Ha, hozirda tasavvuf yo'lini tutganligi bilan faxrlanib yurganlarimiz o'zlarining ilmiy darajalarini qayta ko'rib chiqishlari juda ham zarur. Aqiyda, shariat va tariqat boblarida nimalarni ustozdan qabul qilgani va nimalarni o'qiganini sarhisob qilsin. Ilmi etarli bo'lmasa, zudlik bilan ilm olishga o'tsin. Hech bo'lmasa, o'ziga farzi ayn bo'lgan ilmlarni o'rgansin. Bu oddiy muridning vazifasidir. Ammo o'zini boshqalarga boshliq, ustoz, shayx deb bilganlar esa o'z maqomiga yarasha ilmi bormi-yo'qmi ekanini aniqlab olmog'i va kamini to'ldirmog'i zarur.

Zero, takror bo'lsa ham, yana aytamizki, tasavvuf shariatdan tashqaridagi, undan yuqoriroq turuvchi alohida bir yo'l emas. Tasavvuf – shar'iy ahkomlarni sevib, ichki huzur bilan ado etmoqlikdir. Tasavvuf – shariat sohibini – Robbul olaminni sevmoq va Unga mutlaqo taslim bo'lmoqdir. Ammo bu sevgi vujudga bog'liq muhabbat emas.

Tasavvuf adabiyotidagi turli ramzlar, ishoratlar, so'fiy shoirlarning ilohiy ishq haqidagi mubolag'ali tasvirlari, ilohiy yorning vujudini vasf qilishga urinish kabi holatlar ko'pincha shatahotlardan xoli bo'lmaydi. Holbuki, «ishqi ilohiy» degan tushunchaning o'zi ham noto'g'ridir. «Ishq» so'zi vujudga oid maylni ham ifoda etgani uchun, bu so'z asosan erkak va ayolning sevgisiga nisbatan qo'llaniladi. Faqat qalbga doir bu go'zal tuyg'uni esa «muhabbat» deb yoki umuman, «sevgi» deb atamoq to'g'ridir. Shu ma'noda Robbni sevmoq – Uning barcha ism va sifatlarini sevmoqdir. Alloh taologa muhabbat – iymon keltirish talab qilingan asoslarni sevmoq demakdir. Alloh azza va jallani sevmoq – Uning barcha yaratgan maxluqlarini va eng avvalo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sevmoq demakdir. Rasulullohni sevmoq esa u zotning sunnatlariga ergashmoq, sevib amal qilmoqlikdir.

Aslida Alloh taoloning sevgisiga erishishni istagan banda uchun eng to'g'ri yo'l U Zotning maxluqlarini va eng avvalo Robbimizning sevimli habibi bo'lmish Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamni sevishdir.

«Ilohi anta maqsudi va rizoka matlubi» kalomining ma'nosi faqat so'fiylarning emas, barcha mo'min-musulmonlarning shioridir. Muridning yoki solikning va umuman, har bir mukallafning iroda qilgani, ko'zlagani, izlagani – Robbul olaminning roziligidir. Bizning barcha amallarimizning maqsadi ham yolg'iz shu: Robbul olaminning roziligi. Buning uchun shariatda farzu vojib bo'lgan amallarni bekamu ko'st ado etishdan tashqari, sunnat va nafl ibodatlarni ham sevib bajarmoq lozimdir. Ana shu o'rinda bizga bu yo'lda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vorislari bo'lmish shariat olimlarining va ibodatlari, muhabbatlari ila yuksak darajalarga erishgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning go'zal axloqlaridan ko'pini o'ziga singdirgan obidu zohid shayxlarning ustozligi kerak bo'ladi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari va u asosidagi qo'shimcha nafl namozlar, zikrlar, tasbehlar va duolarning adadi benihoya ko'p. Bir odamning bularning barchasiga amal qilishi vaqt va umr nuqtai nazaridan ham deyarli ilojsizdir. Shuning uchun ham shayxlar aniq bir muridning holiga qarab mana shu amallardan ba'zilarinigina tavsiya etadilar, ya'ni solik uchun eng oson yo'lni tanlab, ko'rsatib beradilar. Aynan mana shu ma'nodagi ustozlik Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan shaxsan meros bo'lib qolgan. U zoti bobarakot ham qo'shimcha ibodatga mayl bildirgan sahobalar roziyallohu anhumga ularning har birining o'z holiga, imkoniga qarab, turli vazifalar tayinlaganlari ko'plab hadislarda rivoyat qilingan. Ayni paytda ibodatda haddan oshish, mubolag'aga ketishdan qaytarganlari ham ma'lum va mashhur. Binobarin, silsilalari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga etishini da'vo qilayotgan mustarshidu muridlar mana shu ma'nolarni ham esdan chiqarmasalar, yaxshi bo'lardi.

Shuningdek, hozirda faqihlik da'vosini qilayotganlarimiz ham o'zimizga bir nazar solmog'imiz lozim. Hech bo'lmasa, tasavvuf haqidagi fiqhiy fatvolarni bilamizmi? O'zimiz tasavvufdan nimalarni bilamiz va nimalarga amal qilamiz? Namozlardan keyingi qiladigan zikrlarimiz tasavvufdan emasmi? Bilgan narsalarimizni tartibga solishimiz va bilmaganlarimizni o'rganishimiz hamda amal qilishimiz lozim. Halqqa ham haqiqatni aytib, bu boradagi ixtiloflarga chek qo'ymog'imiz zarur.

Sunniy tasavvufni yo'lga qo'yar ekanmiz, bu narsa faqat muridchilikdan iborat emasligini anglab etmog'imiz lozim. Zero, shayxga kelib qo'l berish va ba'zi virdlarni vazifa qilib olish bilan ish tugab qolmaydi. 

Sunniy tasavvuf boshdan-oyoq ruhiy tarbiyadir. Unda Qur'on va Sunnat asosida kishilarning ruhiy olami, odob-axloqi, ibodatlaridagi xushu' va xuzu'lari tartibga solinadi. Kundalik virdlar faqatgina boshlang'ich qadam, xolos. Qolaversa, yangi yo'lga kirgan muridning virdi bilan yillar davomida soliklik qilgan shaxsning virdi orasida farq bo'lishi kerak.

Ammo dinning barcha sohalarida bo'lgani kabi, tasavvufda ham o'rtacha bir yo'ldan – vasatiylikdan mubolag'aga ketmaslik lozim. Albatta, solik uchun faqat o'z shayxi emas, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shaxsiyatlari ibrat timsolidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning axloqlari ila xulqlanish solikning ham, tariqat shayxining ham asosiy istagi, maqsadi bo'lishi kerak. Ammo ayrim mustarshidu muridlar bu borada shu qadar mubolag'aga boradilarki, ularning bir-birlarining ta'riflaridagi gaplaridan «Bular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ham ma'sumroqmikan», deb o'ylash mumkin. Bu haqda quyidagi hadisi sharif g'oyatda ibratlidir:

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: صَنَعَ النَّبِيُّ  شَيْئًا، فَرَخَّصَ فِيهِ، فَتَنَزَّهَ عَنْهُ قَوْمٌ، فَبَلَغَ النَّبِيَّ ، فَخَطَبَ فَحَمِدَ اللهَ، ثُمَّ قَالَ: «مَا بَالُ أَقْوَامٍ يَتَنَزَّهُونَ عَنِ الشَّيءِ أَصْنَعُهُ، فَوَاللهِ إِنِّي لَأَعْلَمُهُمْ بِاللهِ وَأَشَدُّهُمْ لَهُ خَشْيَةً». رَوَاهُ الشَّيْخَانِ.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir narsa qildilar. Unda ruxsat berdilar. Qavm u narsadan o'zini olib qochdi. Bu (gap) Nabiy sollallohu alayhi vasallamga etdi. U zot xutba qildilar. Allohga hamd aytganlaridan so'ng:

«Qavmlarga nima bo'ldiki, men qilgan narsadan o'zlarini olib qochadilar?! Allohga qasamki, men ularning Allohni eng yaxshi tanuvchisiman va U Zotdan eng ko'p qo'rquvchisiman», dedilar».

Ikki shayx rivoyat qilishgan.

Bu hadisga ortiqcha izohning hojati bo'lmasa kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'zlari qilgan va ruxsat bergan amallaridan parhez qilgan odamlar o'zlarini shariat sohibidan ham taqvodor sanaydilarmi? Astag'firulloh, bu gap hech bir mantiqqa to'g'ri keladimi?

To'g'ri, zohid bo'lish soliklarning sharafli bir maqomidir. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlaridan va u zotning o'zlari «har biri yo'lchi yulduz» deya ta'riflagan sahobai kiromlarining hayot tarzidan bizga ma'lum bo'ladiki, zohidlik tarkidunyochilik emas. Shuning uchun ham hayot uchun zarur bo'lgan taom, kiyim, maskan va hattoki mol-dunyo ham zohidlikni oshkora qilish uchun vosita bo'lmasligi lozim.

Aslida zohidlik pinhoniy bir holat bo'lib, har qancha ne'matga ko'milganda ham masrur bo'lmay, shukrini chiroyli tarzda ado etish va ne'mat yo'g'ida maxzun bo'lmaslik haqiqiy zohidlikdir.

Yuqoridagi hadisning sharhida yana shuni aytishimiz mumkinki, kim Alloh taologa U Zotning O'zi joriy qilgan shariatdan boshqa yo'l bilan qurbat hosil etishga harakat qilsa, shubhasiz, adashgan bo'ladi. Chunki bu narsa dinda g'uluvga ketish hisoblanadi.

Imom Ahmad, Ibn Huzayma va Nasaiy Ibn Abbos roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Dinda g'uluvga ketishdan saqlaninglar. Sizlardan oldingilarni dinda g'uluvga ketishdan boshqa narsa halok qilgan emas», deganlar. 

Va bu haqda Abu Soltdan shunday rivoyat qilinadi:

«Bir kishi Umar ibn Abdulazizga maktub yozib, qadar haqida so'radi. U esa quyidagi javobni yozdi:

«Ammo ba'du: Senga Allohga taqvo qilishni, Uning amrida mo''tadil bo'lishni, Nabiyining sunnatiga ergashishni va bid'atchilar yangitdan paydo qilgan narsalarni tark etishni tavsiya qilaman. 

O'zingga sunnatni lozim tut. U Allohning izni ila sen uchun ismatdir. So'ng bilki, odamlar har qanday bid'atni chiqarsalar ham, albatta uning dalili yoki ibrati o'zidan oldin kelgan bo'ladi. Sunnatni esa unga (ya'ni sunnatga – mual.) xilof qilish xatoligini, toyilish ekanini, ahmoqlik va chuqur ketish ekanini yaxshi bilgan zot joriy qilgandir. 

Shunday ekan, o'sha qavm o'z nafsiga rozi bo'lgan narsaga sen ham rozi bo'lgin. Ular ilmga asoslanganlar, o'tkir nazar ila qaraganlar. Ular ishlarni kashf qilishda quvvatli bo'lganlar va o'zlari doim bo'lgan fazlga haqliroqdirlar. Agar hidoyat siz turgan narsada bo'lsa, unga ulardan oldin erishgan bo'lasizlar. Agar «Bu ulardan keyin paydo bo'lgan» desangiz, albatta, uni ularning yo'liga ergashmagan va ulardan yuz o'girganlar paydo qilgan bo'ladi.

Aslida esa avvalgilar o'zuvchilardir. Ular bu haqda kifoya bo'ladigan gapni aytib va shifo bo'ladigan vasfni qilib bo'lganlar. Ulardan past bo'lganlar kamchilikka yo'l qo'yganlardir. Ulardan ustun bo'lmoqchi bo'lganlar hasratga uchraganlardir. Batahqiq, bir qavmlar ulardan past bo'ldilar va jafochi bo'ldilar. Boshqa birlari ulardan yuqori bo'lishga tama qildilar va g'uluvga ketdilar. Ular esa ikkisining o'rtasida, sirotul mustaqiymda edilar».

Dindagi g'uluv ham turlicha bo'ladi. Buning eng yomon turi etarli ilmi bo'lmasa ham, Qur'onni o'zicha tushunish, Sunnatga o'zicha amal qilish va to'rt mazhabdan birortasiga qat'iy ergashmaslikdir.

Yana bir turi esa tasavvufni shariatdan ustin qo'yish, o'zi qo'l bergan piriga ko'r-ko'rona ergashish, hatto unga sig'inish darajasida (astag'firulloh!) e'tiqod qilishdir.

O'rni kelganda aytib o'tish lozimki, dindagi g'uluv ko'p hollarda diniy savodning etarli emasligi bilan bog'liqdir. Ammo diniy bilimlardan anchagina boxabar odamlarning ham ba'zan g'uluvga ketib qolishlari, nazarimizda, ulug' Allohning sinovi, Alloh izn bergan shaytonning vasvasasi oqibatidir.

Binobarin, tasavvuf haqida bahs yuritganimizda, etmishdan ortiq firqaga bo'lingan musulmonlar orasida tafriqa bo'lgani kabi, yuzlab tariqatlar ham aynan bir xil to'g'ri yo'lda emasligini, buzilgan, adashgan tariqatlar ham borligini bilib qo'yishimiz va ulardan ehtiyot bo'lishimiz lozim.

Tariqatlarning va shayxlik da'vosini qiluvchi shaxslarning to'g'ri yo'lda ekanligini aniqlash uchun ularning shariatga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko'rsatgan yo'lga nechog'lik mos ekanliklarini solishtirish kifoya qiladi.

Zero, tasavvufga oid barcha narsalarni azizlarimizdan eshitganimiz yoki ko'rganimiz tarzida emas, azizlarimiz kabi Qur'on va Sunnatni asos qilib olib, ilmiy ravishda o'rganib, yo'lga qo'yishimiz lozim. Bularning barchasi hammamizning ittifoq bo'lib harakat qilishimiz orqali yuzaga chiqishi mumkin.

Ana shundagina Islomning ruhiy tarbiya qismi bo'lgan tasavvuf ixtilofga emas, ittifoqqa sabab bo'ladi.

Ana shundagina Islomning ruhiy tarbiya qismi bo'lgan tasavvuf jaholatga emas, ma'rifatga sabab bo'ladi.

Ana shundagina Islomning ruhiy tarbiya qismi bo'lgan tasavvuf qoloqlikka emas, taraqqiyotga sabab bo'ladi.

Ana shundagina Islomning ruhiy tarbiya qismi bo'lgan tasavvuf janjalga emas, tinchlikka sabab bo'ladi.

Ana shundagina Islomning ruhiy tarbiya qismi bo'lgan tasavvuf tafriqaga emas, birlikka sabab bo'ladi.

Allohim! Ushbu yozganlarimizni mazkur ezgulik yo'lidagi kichik bir qadam sifatida qabul etgin! Omin!

Avval ham aytib o'tganimizdek, «Hadis va Hayot» silsilasida uchinchi juz – «Niyat, ixlos va ilm kitobi», o'ttiz to'rtinchi juz – «Yaxshiliklar va axloq kitobi», o'ttiz beshinchi juz – «Zikrlar, duolar, istig'for va tavba kitobi», o'ttiz oltinchi juz – «Zuhd va raqoiqlar kitobi», o'ttiz ettinchi juz – «Odob kitobi» ham ayni shu maqsadga oidligi bizni yanada quvontiradi. Alloh taoloning yordami ila yana boshqa kitoblar va harakatlar ham bo'lishi umididamiz. Allohim, O'zingning yo'lingdan adashtirmagin! Omin!

 

 ManbaLAR RO'YHATI

1. Sa'id Havvo. «Nafsni poklashda xulosa», Dorus­salom, h. 1405, uchinchi nashr. 

2. Sa'id Havvo. «Ruhiy tarbiyamiz», Dorul kutub al-arabiyya, h.1399.

3. Abulhasan Ali al-Hasaniy an-Nadaviy. «Robboniylik rahboniylik emas», Muassasatu ar-Risola, h.1404, ikkinchi nashr.

4. Abu Bakr ibn as-Sunniy. «Kunduzgi va kechki amallar», Doru ibn Zaydun, h.1410, ikkinchi nashr.

5. Abu Abdulloh Horis ibn Asad al-Muhosibiy. «Nafs odoblari», Dorul Jiyld, Bayrut, m.1984. 

6. Abu Bakr Abdulloh ibn Muhammad. «Nafsni hisob-kitob qilish», Muassasatul kutub as-Siqofiyya, h. 408, birinchi nashr.

7. Ahmad ibn Abdurrahmon al-Maqdisiy. «Qasd qiluvchilar dasturi», Dorul hijra va Dorul bayon, h.1406.

8. Muhammad Shayxoniy. «Ruhiy tarbiya», h.1416, ikkinchi nashr.

9. Soih Ali Husayn. «Tasavvuf va uning tarixidan ko'rinishlar», Manshurotu kulliyyatu da'va al-Islomiya, m. 1994.

10. Abu Homid G'azzoliy. «Oxirat ilmini kashf qilishda faxrli durlar», Muassasatul kutub as-Siqofiyya, h.1407. 

11. Abdulqodir Ahmad Ato. «Solih amallar savobi», Dorul E'tisom.

12. Ahmad Amin. «Axloq kitobi», Maktaba Nahza al-Misriyya, m.1985, o'ninchi nashr. 

13. Burhonuddin al-Buqoiy. «Tasavvuf borasidagi tortishuv», Dorul kutub al-Ilmiyya, h.1400. 

14. Muhammad Zakiy Ibrohim. «Islomiy tasavvuf alifbosi», Maktabatul Odob, h.1415, beshinchi nashr. 

15. Abdulkarim al-Qushayriy. «Kichik qalb tomon», Dorul arabiyyatu lil kitobi, h.1397. 

16. Husayn al-Quvvatliy. «Islomdagi aqliy tasavvuf», Manshurotu doru iqra', m.1998, birinchi nashr.

17. Muhammad Sa'iyd Ramazon Butiy. «Atoning hikmatlari sharhi», Dorul fikr, h.1422. 

18. Muhammad Mahmud Alvon. «Islom va Tasavvuf jurnali», m. 1959, 1 mart, 10-son.

19. Mahmud Sa'iyd Tantoviy. «To'g'ri tasavvuf yo'lidan qoqilish», h.1408, birinchi nashr.

20. Seljuk Eroydin. «Tasavvuf va tariqatlar», Istanbul, m.2001.

21. Kamil Yilmaz. «Tasavvuf va tariqatlar», «ENSAR» nashriyoti, Istanbul, m.2000.

22. Holid Bag'dodiy. «Risolai Holidiya va odobi zikr», Istanbul, m.1993.

23. Muhammad Abdulloh al-Honiy. «Adab», Istanbul, m.1993.

24. Hasan Muhammad Sa'iyd Shannoviy. «Fi riyozit-tasavvufi», m. 2003.

25. Muhammad Moziy Abul Azoim. «Risolatul murshidin val mustarshidin», Dorul Madina al-Munavvara, Qohira, m.1983.

26. «Muhammad Moziy Abul Azoim haqidagi ilmiy risolalar». Dorul Kitobus-sufiy, Qohira, m.1996.

27. «Majallatul buhusi vad-dirosotis-sufiyya», 1-son, m. 2003.

28. Abul Hasan Ali al-Hasaniy an-Nadaviy. «Rijolul Fikri vad Da'vati fil Islomi», Doru Ibn Kasir, Bayrut, m. 1999.

29. Faxruddin Ali Safiy. «Rashahotu aynil-hayoti», Ibn Sino, Toshkent, m. 2003.

30. Muhammad G'azzoliy. «Fannuz zikri vad-duo inda xotamil Anbiyo», Dorul qalam, Bayrut, m. 1992.

31. Muhammad Sa'iyd Ramazon Butiy. «As-Salafiyya», Dorul fikr, Damashq, m. 1998.

32. Abdulkarim ibn Havazon ibn Abdulmalik al-Qushayriy. «Tafsiri Qushayriy – Latoiful ishorot», Dorul kutubil ilmiyya, Bayrut, m. 2000.

33. Imom Ahmad Foruq Sarhandiy Robboniy. «Maktubot».

 

 

KITOB BITDI (Qiyomatda foydamizga hujjat qilsin...)

Kutubxona
Boshqa maqolalar

O‘zbekistonda Imom Moturidiyning 1155 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda

18.04.2025   5445   9 min.
O‘zbekistonda Imom Moturidiyning 1155 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda

Allohga hamd, payg‘ambarlarning so‘nggisi Muhammad alayhissalom va zotning oila a’zolari hamda safdoshlariga salovatu salomlar bo‘lsin. Darhaqiqat, Imom Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy Movarounnahr zaminida yashab ijod qilgan va shu yerda mangu qaror topgan musulmon olamining benazir allomalaridan biridir.

Uning ilmiy merosi va ta’limoti to bugunga qadar bardavom bo‘lib kelmoqda. Hatto bu ta’limot, Imom Ash’ariy ta’limoti bilan birga, bugungi kunda ahli sunna val-jamoa deb tanilgan musulmonlarning to‘qson foizini tashkil etadi. Moturidiylikka mansub musulmonlar esa ahli sunnaning qariyb teng yarmidan iborat. 

Movarounnahr diyori islom olamining yetuk allomalari voyaga yetadigan muborak zamin bo‘lgan. Xususan, Buxoro va Samarqand kabi mo‘tabar shaharlari o‘z davrida jahon ziynati, odamlarni o‘ziga ohanrabodek tortgan ilm-fan va olimlarning qarorgohi bo‘lib, ilmga tashna inson borki dunyoning turli burchaklaridan bu o‘lkaga uning olimlari ichra murodini hosil qilish uchun safar qilar edi. Kim naql ilmi – ya’ni hadis va rivoyatlarni istasa, Imom Buxoriy va Imom Termiziy singari muhaddislar bor. Kim aql va mantiqiy ilmlarga talabgor bo‘lsa, u Moturidiy, Nasafiy, Sobuniy, Sig‘noqiy va Peshog‘ariy kabi mutafakkirlarni topardi. Tilshunoslik, tafsir va adabiyotshunoslik ilmlarini izlaganlar Zamaxshariy va uning maktabidan, falsafa va hikmat ilmi talabidagilar esa Forobiy, Ibn Sino va boshqa zotlardan bahra olishar edi.Har bir talabgor bu diyorda o‘z istagini topgani uchun ham Samarqand “Ilm Ka’basi” – nomini olgan. Insonlarning qalblari Allohning Baytini tavof qilsa, ularning aqllari Samarqand atrofida parvonadek charx urar edi.

Shu bois o‘zbek xalqi o‘zining ulug‘ olimlari bilan faxrlanadi va ularni islom ilmlari sohasining barcha yo‘nalishlarida ko‘rsatgan buyuk xizmatlari uchun e’zozlaydi. O‘zbekiston hukumati o‘zbek xalqining orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga vazifador bo‘lgan. Buni biz Yangi O‘zbekiston Prezidentining bu ulug‘ yurtdan chiqqan yetuk olimlarga ko‘rsatgan e’tibor va e’tirofida yaqqol ko‘rib turibmiz.

O‘zbekiston rahbariyati xalqqa uning milliy o‘zligi va islom sivilizatsiyasini qaytarishni maqsad qildi. Davlat rahbari “Yangi O‘zbekiston” va “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiorlarini ilgari surdi. Hech qaysi millat o‘zining teran ildizlari va asoslarisiz zamonaviylik va sivilizatsiya pog‘onalarida yuksalib, taraqqiy etolmaydi. Shuning uchun ham bu yurt olimlari ulkan hissa qo‘shgan islom ilmlarini qaytarish – taraqqiyot uchun zarurat va yuksalishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.

Prezident o‘z rahbarligi davrida amalga oshirgan dastlabki ishlaridan biri – ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish bo‘ldi. Bular orasida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy  nomlari bilan atalgan markazlar alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, poytaxt Toshkent shahrida, mazkur yurtning islom madaniyati va insoniyat tafakkuriga qo‘shgan hissasini namoyon etuvchi O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi.

Ushbu yo‘nalishda yana bir muhim qadam – islom olami ulamolari bilan fikr almashish bo‘ldi. Bu maqsadda o‘nlab ilmiy anjumanlar tashkil etildi. Ular islomiy ilmlarning aqliy va naqliy yo‘nalishlarini chuqur o‘rganish, ularning mazkur yurt taraqqiyotiga qanday hissa qo‘sha olishi va mamlakatni yanada yuksaltirishdagi o‘rnini belgilashga qaratilgan edi. Bu orqali O‘zbekiston nafaqat islom olamida, balki butun dunyoda ilmiy-ma’naviy yetakchiga aylanishi ko‘zda tutilgan.

Qolaversa, ushbu yo‘nalishda tashkil etilgan eng muhim anjumanlardan biri – 2020 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘ldi. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan yuzdan ortiq islom ulamolari ishtirok etdi. Anjumanda al-Azhar shayxi, doktor Ahmad Tayyib ham qatnashdi. Mazkur anjumanning muhim tavsiyalaridan biri – Imom Moturidiy nomidagi ilmiy markazni tashkil etish bo‘ldi. Bu markaz moturidiylik ulamolari merosini tadqiq etish, ularni keng jamoatchilikka tanitish va ilmiy meroslaridan foydalanish maqsadida ilm nurini sochuvchi maskan sifatida faoliyat yuritishi nazarda tutildi.

Markaz tomonidan o‘zbek va arab tillarida o‘nlab kitoblar nashr etildi. Ularning eng muhimlari – “Ta’vilot al-Qur’on”, Imom Moturidiyning “Kitob at-Tavhid” va “Risolatun fi at-tavhid” asarlarining arab tilidagi ilmiy matni va o‘zbek tilidagi tarjimalari bo‘ldi. 

Shuningdek, Markaz tomonidan ilmiy maqolalarni o‘z ichiga olgan va islomshunoslik hamda moturidiylik ta’limotlariga bag‘ishlangan olim va mutaxassislar tadqiqotlarini chop etuvchi ilmiy-tahliliy choraklik “Moturidiylik” jurnali ta’sis etildi. Markaz xalqaro miqyosda ko‘plab anjuman va ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi. Uning qoshida islom olamining turli mintaqalaridan yetuk olimlar va mutaxassislardan iborat xalqaro ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda.

Sanab o‘tilgan muhim bosqichlardan keyin, joriy yilda Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining yubileyi nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan uning ilmiy va aqidaviy merosini qayta yodga olish hamda qadrlash davlat va jamiyat hayotida muhim o‘rin tutmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yuksak ehtirom bilan qabul qilingan qarorga muvofiq, Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu qarorga asosan turli davlat idoralari va tashkilotlari hamkorligida bir qator tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan. Eng muhim voqealardan biri – 2025 yili Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro konferensiya bo‘lib, unga islom olamining yetakchi ulamolari hamda islomshunoslik sohasida faoliyat yurituvchi mashhur sharqshunos olimlar ishtirok etishidir. Mazkur anjuman Imom Moturidiyning islom olamidagi yuksak maqomini munosib tarzda yoritishni ko‘zlab, “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida o‘tkaziladi.

Shuningdek, tadbirlar doirasida quyidagi yo‘nalishlarda bir qator tanlovlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan:

– xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov;

– O‘zbekistonning diniy ta’lim muassasalari barcha bosqich talabalari o‘rtasida Imom Moturidiy ta’limotiga bag‘ishlangan tanlov;

– imom-xatiblar va islom ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida moturidiylik ta’limoti va manbalari yuzasidan musobaqalar.

Shu qatorda, O‘zbekiston bo‘ylab tanlov g‘oliblari ishtirokida madaniy-ma’rifiy uchrashuvlar, o‘quv-seminarlar va targ‘ibot tadbirlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari,  Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-Tavhid” asarlari hamda moturidiylik ta’limotini tanishtiruvchi boshqa muhim asarlarning o‘zbek va boshqa tillardagi ilmiy-akademik tarjimalari nashr etilishi rejalashtirilgan.

Sanab o‘tilganlardan tashqari, yubiley sanasini muhrlovchi esdalik buyumlari, Imom Moturidiy va moturidiylik ulamolarining hayoti va ilmiy merosi bilan bog‘liq noyob manbalarni tizimli o‘rganish, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tahlil qilish, yuksak sifatli media mahsulotlar, hujjatli filmlar va audiovizual materiallar tayyorlash, ularni mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi belgilandi.

Eng quvonarlisi, Prezident qarorining Imom Abu Mansur Moturidiy maqbarasi joylashgan Samarqanddagi Chokardiza ziyoratgohi  qayta ta’mirlanib, obodonlashtirilishi, bu joy yaxlit kompozitsiyaga ega yodgorlik majmuasiga aylantirilishi xususidagi bandi bo‘lib, barchamiz uzoq kutgan bu yangilik qalbimizga betakror farah baxsh etdi...

Bu yurtda yangi bir ruhiyat ufurib turibdi. Bu ruhiyat hozirgi zamonni o‘tmish bilan bog‘laydi, kelajakni bunyod etishga safarbar etadi. Bu – ilm va ma’rifat qudrati, fikr va aql quvvati, taraqqiyot va tamaddun kuchi, birlik va bag‘rikenglik kuchi, qalb va axloq kuchi, ta’sir va bunyodkorlik kuchidir. Bu yangi ruh – milliy ildizlarga suyangan holda taraqqiyotga yo‘l ochuvchi, chuqur va teran bir tafakkurning ifodasidir. Chunki, har qanday tamaddunning poyasi madaniyatdir. 

Millat o‘z tamaddunini qadrlamas ekan, yuksalmaydi. O‘z tafakkurini, qadriyatlarini boy manba sifatida dunyoga taklif eta olmas ekan, u har tarafdan o‘zlashtirishga muhtoj bo‘lib qoladi. Ammo bizda dunyoni boyitishga qodir fikr, madaniyat va kuch mavjud.

Ajdodlar qoldirgan ilm va madaniyat omonati yosh avlod qalbiga ilg‘or tarzda singdirilishi va o‘z tarixidan faxrlanish ruhida tarbiyalanishi zarur. Prezident qarori va uning ila amalga oshiriladigan ishlar aynan shu maqsadga xizmat qiladi.

Alloh har bir bunyodkor qo‘lni, har bir oqilona qarorni va har bir avlodni ulug‘ ajdodlar bilan bog‘layotgan so‘zni xayrli qilsin – shoyadki, ular o‘z buyuk o‘tmishlarini qayta tiklab, insoniyat karvonini yana ma’rifat, mo‘tadillik, bag‘rikenglik sari boshlab bora olgaylar!

Doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy,
moturidiyshunos olim.

O‘zA