TO'RTINChI QISM
QIROATLAR VA QORILAR
«Qiroat» so'zi arabcha masdar bo'lib, lug'atda «jamlash» va «ko'shish» degan ma'noni bildiradi. Zotan, qiroat qilgan shaxs harflarni jamlagan va bir-biriga qo'shgan bo'ladi. Qur'oni Karim ham suralarni va o'tgan ilohiy kitoblardagi ma'nolarni o'zida jamlagani uchun Qur'on deb nomlangan. Buni biz kitobning avvalgi sahifalarida aytib o'tdik.
Ulamolar istilohida, xususan, Ibn Jazariyning ta'rifida esa: «Qiroatlar Qur'on kalimalarini ado etish kayfiyati haqidagi va ularning ixtiloflarini naql qiluvchiga nisbat beradigan ilmdir».
Ibn Jazariy qorining ta'rifida quyidagilarni aytadi: «Qori – qiroat olimi bo'lib, uni og'zaki rivoyat qilgan kishidir. Misol uchun, agar u «Taysir» kitobini yod olgan bo'lsa ham, agar o'sha kitobdagi narsalarni silsilaga asosan, og'izma-og'iz olmagan bo'lsa, uni boshqalarga o'qitishga haqqi yo'q. Chunki qiroatlar faqatgina eshitish va og'zaki naql qilish bilan hukm qilinadigan narsadir».
«Taysir» – qiroat ilmining imomlaridan biri Abu Amr Doniyning etti qiroatga bag'ishlangan «At-Taysir fil-qiroatil-ashr» nomli kitobidir.
Ushbu ta'rifdan Qur'oni Karimni kitobdan o'qib olgan, ovoz yozish vositalariga taqlid qilib o'rganib olgan-lar va boshqa shu kabilar hech qachon qori bo'la olmasligini anglab olamiz. Agar bir kishi o'z holicha tajvid kitoblarini puxta o'rgansa, so'ng qiroatga oid boshqa kitoblarni ham yodlab, suv qilib ichib yuborgan bo'lsa, o'zi Qur'oni Karimni eng mashhur qorilarga o'xshatib tilovat qilayotgan bo'lsa ham, qori bo'lmaydi. Faqatgina Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga etadigan silsilaga a'zo bo'lgan qoridan og'zaki eshitib, yodlab, o'sha ustozga qayta tilovat qilib, ijozatini olgan kishigina qori bo'ladi.
Ulamolarimiz Qur'oni Karim va qiroatlar o'ziga xos ikki alohida-alohida narsalar ekanini ta'kidlaganlar. Bu borada imom Zarkashiy quyidagilarni aytadilar:
«Bilki, Qur'on va qiroatlar ayri-ayri ikki haqiqatdir. Qur'on Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bayon va e'joz – ojiz qoldirish uchun nozil bo'lgan vahiydir. Qiroatlar esa o'sha vahiy lafzlarining harflar yozilishi yoxud engil, og'ir va shu kabi talaffuz kayfiyatidagi turlichaligidir».
QIROATLARNING MANBASI
Qiroatlarning manbai vahiydir. Bu haqda bir qancha oyatlar va hadislar kelgan.
Alloh taolo Yunus surasida shunday deb marhamat qiladi:
وَإِذَا تُتۡلَىٰ عَلَيۡهِمۡ ءَايَاتُنَا بَيِّنَٰتٖ قَالَ ٱلَّذِينَ لَا يَرۡجُونَ لِقَآءَنَا ٱئۡتِ بِقُرۡءَانٍ غَيۡرِ هَٰذَآ أَوۡ بَدِّلۡهُۚ قُلۡ مَا يَكُونُ لِيٓ أَنۡ أُبَدِّلَهُۥ مِن تِلۡقَآيِٕ نَفۡسِيٓۖ إِنۡ أَتَّبِعُ إِلَّا مَا يُوحَىٰٓ إِلَيَّۖ إِنِّيٓ أَخَافُ إِنۡ عَصَيۡتُ رَبِّي عَذَابَ يَوۡمٍ عَظِيمٖ١٥
«Qachonki ularga ochiq-oydin oyatlarimiz tilovat qilinganida, Bizga ro'baro' bo'lishdan umid qilmaydiganlar: «Bundan boshqa Qur'on keltir yoki uni almashtir», dedilar. Sen: «Men uni o'zimcha almashtira olmasman. Men faqat o'zimga vahiy qilingan narsagagina ergashaman. Albatta, men Robbimga osiy bo'lsam, buyuk Kun azobidan qo'rqaman», deb ayt» (15-oyat).
Alloh taolo Najm surasida shunday deydi:
وَمَا يَنطِقُ عَنِ ٱلۡهَوَىٰٓ٣ إِنۡ هُوَ إِلَّا وَحۡيٞ يُوحَىٰ٤ عَلَّمَهُۥ شَدِيدُ ٱلۡقُوَىٰ٥
«U havodan nutq qilmas. U (Qur'on) yuboriladigan vahiydan o'zga narsa emas. Unga shiddatli quvvat egasi ta'lim berdi» (3-5-oyatlar).
Alloh taolo Haqqo surasida marhamat qiladi:
وَلَوۡ تَقَوَّلَ عَلَيۡنَا بَعۡضَ ٱلۡأَقَاوِيلِ٤٤ لَأَخَذۡنَا مِنۡهُ بِٱلۡيَمِينِ٤٥ ثُمَّ لَقَطَعۡنَا مِنۡهُ ٱلۡوَتِينَ٤٦
«Va agar u Bizga ba'zi yolg'on so'zlarni to'qisa... albatta, Biz uni qudrat bilan tutamiz. So'ngra, albatta, uning shoh tomirini kesamiz» (44-46-oyatlar).
Ushbu oyatlardan ko'rinadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'zlaricha Qur'oni Karimdan biror narsani o'zgartirishga qodir emaslar. Shunday ekan, uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan boshqa biror odam mutlaqo o'zgartira olmasligi turgan ran.
Bu boradagi Sunnatda kelgan dalillar Qur'oni Karimning etti harfda nozil bo'lishi haqidagi mavzuda keltirilgan. Bu erda mazkur sarlavha ostidagi ma'lumotlar doirasida kelmagan bir hadisni eslab o'tish bilan kifoyala-namiz.
Ubay ibi Ka'b roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
«Jabroil va Mikoil alayhimassalom oldimga kelishdi. Jabroil o'ng tarafimga, Mikoil chap tarafimga o'tirdi. Shunda Jabroil alayhissalom:
«Qur'onni bir harfda qiroat qil», dedi. Mikoil esa:
«Undan ziyoda qilishini so'ra, undan ziyoda qilishini so'ra», dedi. Nihoyat, etti harfga etdi. Hamma harf shofiy va kofiydir».
Nasaiy rivoyat qilgan.
Ushbu hadisdan ham ko'rinib turibdiki, Qur'oni Karimni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'zlari ham istaganlaricha o'qiy olmaydilar. Balki farishtalar olib kelgan vahiy asosida qiroat qiladilar. Bu boradagi hadislar mutavotir darajasiga etgandir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur'oni Karimni Alloh taoloning huzurida qanday bo'lsa, o'shanday holida Jabroil alayhissalomdan qabul qilib olganlar. U zotga Qur'oni Karimni Jabroil alayhissalomdan qabul qilib olishni Alloh taoloning O'zi o'rgatganini avval aytib o'tdik.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomdan Qur'oni Karimni eshitib, o'rganish bilan birga, u kishiga o'qib ham berar edilar. U zot Qur'oni Karimni har yili Ramazon oyida bir marta Jabroil alayhissalomga boshidan oxirigacha o'qib berar edilar. Vafot etadigan yillari Qur'oni Karimni boshidan oxirigacha ikki marta o'qib berganlar.
O'z navbatida sahobai kiromlar ham Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan Qur'oni Karimni Alloh taolo ning huzurida qanday bo'lsa, o'shanday holida qabul qilib olar edilar. Asta-sekin sahobai kiromlarning ichida qiroat bo'yicha ko'zga ko'ringanlari zohir bo'la boshladi. Ular boshqa sahobai kiromlarga Qur'oni Karim qiroatidan dars ham beradigan bo'ldilar.
Qiroatda ustoz bo'lgan sahobai kiromlardan hazrati Usmon, hazrati Aliy, Ubay ibn Ka'b, Zayd ibn Sobit, Abu Dardo, Ibn Mas'ud va Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhumni misol tariqasida zikr qilishimiz mumkin. Katta sahobiylar kichiklariga va keyinroq Islomga kirganlarga qiroatni o'rgatar edilar. Ubay ibn Ka'b roziyallohu anhu Abu Hurayra, Ibn Abbos, Abdulloh ibn Soib va boshqa sahobai kiromlarga qiroatdan ustoz bo'lganlar.
O'z navbatida sahobai kiromlardan keyingi avlod tobe'inlar ham Qur'oni Karimni Alloh taoloning huzurida qanday bo'lsa, o'shanday holida qabul qilib oldilar. Asta-sekin tobe'inlarning ichida qiroat bo'yicha ko'zga ko'ringanlari zohir bo'la boshladi. Ular ham boshqalarga Qur'oni Karim qiroatidan dars beradigan bo'ldilar.
Tobe'inlarning vaqtiga kelib, Islom ko'p joylarga tarqalgan, musulmonlarning soni ko'paygan va har bir o'lka o'z qorilariga ehtiyoj sezib qolgan edi. Shuning uchun ham tobe'inlardan qiroatga mohir va ustoz bo'lganlari haqida ma'lumot olmoqchi bo'lsak, ularning turli o'lkalarga bo'lib zikr qilinganini ko'ramiz.
Tobe'inlardan o'zining qiroati va Qur'on ustozi degan nomi bilan Madinada mashhur bo'lganlar: Ibn Musayyab, Urva, Solim, Umar ibn Abdulaziz, Sulayman ibn Yasor, Ato ibn Yasor, Mu'oz ibn Horis, Abdurrahmon ibn Hurmuz, Ibn Shihob Zuhriy, Muslim ibn Jundub, Zayd ibn Aslam va boshqalar.
Tobe'inlardan Qur'oni Karim qiroati va ustozligi bilan Makkada mashhur bo'lganlar: Ubayd ibn Umayr, Ato ibn Abu Raboh, Tovus, Mujohid, Ikrima, Ibn Abu Mulayka va boshqalar.
Tobe'inlardan Qur'oni Karim qiroati va ustozligi bilan Kufada mashhur bo'lganlar: Alqama, Asvad, Masruq, Ubayda, Amr ibn Shurahbil, Horis ibn Qays, Amr ibn Maymun, Abu Abdurrahmon Sulamiy, Sa'id ibn Jubayr, Ibrohim Naxa'iy, Sha'biy va boshqalar.
Tobe'inlardan Qur'oni Karim qiroati va ustozligi bilan Basrada mashhur bo'lganlar: Abu Oliya, Abu Rajo, Nasr ibn Osim, Yahyo ibn Ya'mur, Hasan, Ibn Sirin, Qatoda va boshqalar.
Yuzinchi hijriy sanaga kelib, aqoid, fiqh va boshqa sohalarda, jumladan, qiroat bobida ham musulmonlarning sonlari, millatlari, irqlari, tillari va ehtiyojlarining haddan tashqari ko'paygani e'tiboridan, alohida ilmiy asosga suyangan yo'nalishlar paydo bo'ldi. Bu davr va sharoit talabi edi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlarida sahobai kiromlar sof va fasih arab tili sohiblari edilar. Ular uchun Qur'oni Karimni o'zlashtirib olish qiyin emas edi. Ularning hammalari yuqori darajadagi olim kishilar edilar. Endi esa arablardan ko'ra arab bo'lmagan musulmonlar ko'payib ketgan edi. Arablar ham avvalgilariga o'xshamas edi. Ushbu va yana boshqa bir necha omillar Qur'oni Karim qiroati bo'yicha alohida ilm paydo bo'lishiga va ilmning imomlari paydo bo'lishiga olib keldi.
Qiroatlar va qorilar ancha ko'payib ketdi. Asta-sekin ularni tartibga solish boshlandi. Nihoyat, imom Ibn Mujohid (hijriy 245-324 y.) rahmatullohi alayhi o'zining «As-Sab'a fil-qiroat» nomli kixobini yozib, etti mashhur qiroatni bir kitobga jamlab, tartib berdi va barcha buni qabul qildi. Bu qiroatlarning bir-biridan farqi ba'zi bir so'zlarning talaffuzida va shunga o'xshash kichik narsalarda, xolos. Buni bir qancha fiqhiy mazhablardan faqat to'rttasi tanlab olinganiga qiyoslash mumkin.
Endi o'sha ittifoq qilingan etti qiroat va ularning imomlari kimlar ekani haqida qisqacha ma'lumot olaylik.
Imom Abu Ruvaym Nofe' ibn Abdurrahmon ibn Abu Ruvaym Laysiy. U kishi hijriy 70 yili tavallud topib, 169 sanada vafot etgan. Yetti mashhur qiroat imomlarining biri Imom Nofe' Madaniy asli asfihonlik bo'lgan. Qora tanli, go'zal xulqli va tabiatan hazilkash inson. Imom Nofe' Madaniy ishonchli va ahli solih kishilardan edi. Odamlarga etmish yilga yaqin qiroatdan dars bergan. Madinada odamlarga qiroatdan rais bo'lish shu kishiga nasib etgan. Imom Nofe' Madaniy turli qiroatlar bo'yicha olim va o'z yurtida o'tgan imomlarning izidan ergashuvchi zot bo'lgan.
Imom Nofe' Madaniy rahmatullohi alayhi qachon gapirsa, og'zidan mushk hidi kelar edi. Unga: «Odamlarga qiroatdan dars berishdan oldin xushbo'y surtib olasiz-mi?» deyilsa, «Hushbo'yga qo'limni ham tekkizmayman, uni surtmayman ham. Ammo tushimda Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ko'rganman, u zot og'zimga qiroat qilganlar, o'shandan beri og'zimdan mana shu hid chiqadi», der edi.
Imom Nofe' Madaniydan juda ko'p odamlar qiroatni olgan. Ularning hisobiga etib bo'lmaydi. U kishi Madinai Munavvarada vafot etgan.
Imom Nofe' Madaniy rahmatullohi alayhining qiroati bugungi kunda ham imom Osim qiroatidan keyingi eng ko'p tarqalgan qiroat bo'lib kelmoqda. Hozirda Libiya, Tunis, Jazoir, Mag'rib, Nigeriya, Mali va boshqa Afrika davlatlarida aynan shu qiroat keng tarqalgan.
Imom Nofe' Madaniy rahmatullohi alayhining ikki roviylari – Qolun va Varsh.
Qolun – Iyso ibn Miyno ibn Vardon ibn Iyso ibn Abdussamad ibn Umar ibn Abdulloh Madaniy 220 hijriy sanada vafot etgan. U kishining kunyasi Abu Muso, laqabi Qolun bo'lgan. Qiroati yaxshi bo'lgani uchun Imom Nofe' Madaniy unga shu laqabni bergan. Zotan, «qolun» rumiy tilda «yaxshi» deganidir. U kishi Madinai Munavvaraning qorisi bo'lgan.
Imom Qolunning katta bobosi Umar ibn Hattob roziyallohu anhuning davrida asirga tushgan rumliklardan edi. Uni asirga tushirgan odam Madinaga, Umar roziyallohu anhuning huzurlariga olib kelgan va ansoriylardan bir kishi sotib olgan.
Abu Muhammad Bag'dodiydan rivoyat qilinishicha, Qolun rahmatullohi alayhining qulog'i karnayni eshitmaydigan darajada kar bo'lgan. Ammo uning huzurida biror qori qi-roat qilsa, eshitgan. Ibn Abu Hotim aytadi: «U qulog'i kar bo'lsa ham, Qur'on o'qitar edi. O'quvchining xatosini va ohangni buzishini labidan bilib olar edi».
Varsh – Usmon ibn Abdulloh Abu Sa'id Qibtiy Misriy hijriy 110 yilda tug'ilib, 197 yilda vafot etgan.
Imom Nofe' u kishini «Varshon» degan qushga o'xshatib, «Kel, Varshon», «O'qi, Varshon», deb murojaat qilardi. Keyin bu ism qisqarib, «Varsh», deyiladigan bo'ldi va bu laqab u kishiga ism bo'lib qoldi. Imom Varsh keyinchalik ham shu ism bilan chaqirilishni xush ko'rar va: «Bu ismni menga ustozim Nofe' berganlar», der edi. Ba'zilar: «Varsh – sutdan tayyorlanadigan mahsulot bo'lgan, imom Varsh esa oppoq odam bo'lgani uchun ustozi erkalab shunday laqab bergan», deyishgan. U kishi muhaqqiq qorilarning shayxi va tartil ahlining imomi bo'lgan. O'z zamonida Misr diyorining qiroat bo'yicha raisligi shu kishida bo'lgan. U kishining qiroati juda ham go'zal, ovozi nihoyatda shirali, tilovati tinglab to'ymaydigan darajada chiroyli bo'lgan.
Imom Abdulloh ibn Umar ibn Abdulloh ibn Zozon ibn Feruz ibn Hurmuz ibn Kasir Makkiy. Imom Ibn Kasir 45 hijriy sanada tug'ilib, 120 hijriy sanada vafot qilgan. U kishi Makka ahlining qiroat bo'yicha imomi bo'lgan. O'zi Makkai Mukarramada tug'ilgan. Abdulloh ibn Zubayr, Abu Ayyub Ansoriy, Anas ibn Molik roziyallohu anhum kabi sahobalar bilan uchrashgan va ulardan rivoyat qilgan.
Imom Ibn Kasir rahmatullohi alayhi fasohatli, balog'atli, so'zamol, oppoq soqolli, novcha, jussador, bug'doyrang, shahloko'z kishi bo'lgan. Soch-soqolini hinolab yurgan. U kishi salobatli va viqorli zot bo'lgan.
Imom Ibn Kasir rahmatullohi alayhidan juda ko'p odamlar qiroat o'rganganlar.
U kishining ikki roviylari – Bazziy va Qunbul.
Bazziy – Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Abu Bazza Makkiy. U kishi 170 hijriy yilda tug'ilib, 250 sa-nada vafot etgan.
Imom Abulhasan Bazziy asli fors bo'lib, Hamadon ahlidan edi. U kishi Soib ibn Abu Soib Maxzumiyning qo'lida musulmon bo'lgan.
Bu imom Makkaning qorisi va Masjidul Haromning muazzini bo'lgan. U kishi qiroatda imom bo'lish bilan birga, muhaqqiq va eng yaxshi ish bajaruvchi ham bo'lgan.
Qunbul – Muhammad ibn Abdurrahmon ibn Muhammad ibn Holid ibn Sa'id Makkiy. U kishi hijriy 195 yilda tug'ilib, 291 sanada vafot etgan.
Imom Muhammad ibn Abdurrahmon ibn Muhammad ibn Holid ibn Sa'id Makkiy «Qunbula» nomli qavmdan bo'lgani uchun Qunbul degan nomni olgan. U kishi Hijozda qorilarning shayxi bo'lgan. Uning huzurida ilm olish uchun chor atrofdan odamlar kelib turgan. U zotning siyrati juda ham yaxshi bo'lgan. Uzoq umr ko'rgan. Odamlarga qiroatdan dars berishni o'limidan etti yil oldin to'xtattan.
Imom Zabon ibn Alo' ibn Ammor ibn Uryon Mozaniy Basriy. U kishi hijriy 68 sanada tug'ilib, 154 sanada vafot etgan. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan va boshqalardan hadis eshitgan. Yetti imom qorilari ichida undan ustozi ko'pi yo'q.
Imom Abu Amr Basriy rahmatullohi alayhi Qur'oni Karimni va arab tilini eng yaxshi biladigan kishilardan edi. U kishi sadoqatli, o'ta ishonchli, zohid, ko'p ibodatli va karomatlar sohibi bo'lgan zot edi.
Abu Amr Basriy Makkai Mukarramada tug'ilib, Basrada o'sdi va Kufada vafot etdi.
U kishining ikki roviylari – Duriy va Susiy. Qiroat imomining roviysi uning qiroatini ilmiy ravishda qabul qilib, boshqalarga etkazishda xizmat qilgan bo'ladi.
Duriy – Abu Amr Hafs ibn Umar ibn Abdulaziz Duriy. hijriy 246 sanada vafot etgan. «Dur» Bag'doddagi mavzelardan birining nomi bo'lib, ushbu qiroat imomi Duriy rahmatullohi alayhi o'sha erga nisbat berilgan. U kishi o'z zamonasida kishilarning yaxshi ko'rgan shayxi, ishonchli, sabotli ulug' kishisi bo'lgan.
Imom Duriy qiroatlarni birinchi bo'lib jamlagan zotdir. U kishi qiroatlarni o'rganish va jamlash uchun juda ko'p safarlarda bo'lgan. Yetti harfdagi qiroatlarni yaxshi bilgan.
Imom Susiy – Abu Shuayb Solih ibn Ziyod ibn Abdulloh Susiy. Hijriy 261 sanada vafot qilgan. U kishi o'ta ishonchli va sabotli zot bo'lgan. Qiroatni Abu Muhammad Yazidiydan olgan. Hafsdan imom Osimning qiroatini olgan. Yetmish yoshida vafot etgan.
Imom Abdulloh ibn Omir ibn Yazid ibn Tamim ibn Rabi'a Yahsubiy. U kishi hijriy 8 yilda tavallud topib, 118 sanada vafot etgan. Imom Ibn Omir rahmatullohi alayhining kunyasi Abu Imron bo'lgan. U kishi qiroatda Shom ahlining imomi bo'lgan.
Imom Ibn Omir rahmatullohi alayhi ulug' tobe'inlardan va katta imomlardan edi. Shu bilan birga, mashhur olim ham bo'lgan. U kishi Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayhining davrida ko'p yillar davomida musulmonlarga umaviylar jome' masjidida imomlik qilgan. Imom Ibn Omir Damashqda bir vaqtning o'zida imomlik, qozilik va qorilarning shayxi maqomida faoliyat olib borar edi. Odamlar u zotning qiroatiga jamlangan edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot topganlarida, Imom Ibn Omir rahmatullohi alayhi ikki yoshda edi. U ko'pgina sahobalarni ko'rgan va ulardan ilm olgan.
Imom Ibn Omir rahmatullohi alayhi 110 yoshida, ya'ni hijriy 118 sanada Damashkda Ashuro kuni vafot etgan.
U kishining ikki roviylari – Hishom va Ibn Zakvon.
Hishom – Hishom ibn Ammor ibn Nusayr ibn Maysara Qoziy. U kishi hijriy 153 yilda tug'ilib, 245 sanada vafot etgan.
Hishom ibn Ammor rahmatullohi alayhi Damashq ahlining imomi, xatibi, qiroat ustozi, muhaddisi va muftiysi bo'lgan. U kishi ilmni naql qilishda, fasohatda, balog'atda, rivoyatda mashhur bo'lgan. U zotga ulug' yosh, sog'lom aql va to'g'ri fikr rizq qilib berilgan edi. Odamlar qiroat va hadisdan dars olish uchun Hishom ibn Ammor rahmatullohi alayhining huzuriga uzoqlardan kelishardi.
Ibn Zakvon – Abdulloh ibn Ahmad ibn Bashir ibn Zakvon Qurashiy. U kishi hijriy 173 yilda tug'ilib, 242 sanada vafot etgan.
Ibn Zakvon rahmatullohi alayhi mashhur ustoz, ishonchli roviy, Shomda qiroat shayxi va Damashq masjidining imomi bo'lgan.
Abu Zur'a aytadi: «Ibn Zakvonning zamonida Iroqda ham, Hijozda ham, Shomda ham, Misrda ham, Hurosonda ham undan ko'ra qiroatda peshqadam odam bo'lmagan».
Imom Osim ibn Abu Najud Kufiy. Imom Osimning kunyasi Abu Bakr. U kishi mashhur qori bo'lgan. Tahqiq, balog'at, fasohat va shirin ovoz ila qiroat qilish bilan mashhur bo'lgan. Imom Osim tobe'inlardan bo'lib, Horis ibn Hasson Bakriy, Rifo'a ibn Yasribiydek sahobalardan rivoyat qilgani aytiladi. Qur'oni Karim qiroatini Zirr ibn Hubayshdan, imom Hasan va Husayn roziyallohu anhumoning ustozlari Abu Abdurrahmon Abdulloh ibn Habib Sulamiy va ko'plab tobe'inlardan olgan.
Imom Osim rahmatullohi alayhi Kufada qiroat ilmining shayxi, etti qorining biri bo'lgan. U kishi o'zida fasohat, tahqiq va tajvidda peshqadamlikni jamlagan edi. Qur'oni Karim qiroatida ovozi eng go'zal odamlardan bo'lgan.
Imom Osim ibn Abu Najud hijriy 127 sanada Kufada vafot etgan.
U kishining ikki roviylari – Hafs va Shu'ba.
Hafs – Hafs ibn Sulaymon ibn Mug'ira Bazzoz Kufiy. Kunyasi Abu Amr. Bu kishi imom Osimning o'gay o'g'li bo'lgan. U kishining tarbiyasida o'sgan. Qur'oni Karim qiroatini yoshligidan imom Osimdan juda ham daqiq ravishda o'rgangan.
Hafs ibn Sulaymon rahmatullohi alayhi hijriy 90 yilda tug'ilib, 180 sanada vafot etgan.
Aynan imom Osimdan Hafs rivoyat qilgan qiroat hozirgi kunda butun olam bo'ylab tarqagan. Bizning diyorimizda ham qadimdan shu qiroat joriy bo'lgan. Bizning qiroat imomimiz imom Osim, roviyimiz Hafsdir.
Shu'ba – Abu Bakr Shu'ba ibn Abbos ibn Solim Kufiy rahmatullohi alayhi hijriy 95 yilda tug'ilib, 193 sanada vafot etgan.
Shu'ba ibn Abbos rahmatullohi alayhi katta imom va amal qiluvchi olim bo'lgan. U kishi sunnat ilmining imomlaridan bo'lgan. Shu'ba ibn Abbos rahmatullohi alayhi Qur'oni Karimni o'n sakkiz ming marta xatm qilgan, imom Osim rahmatullohi alayhidan uch marta o'tkazgan.
Imom Hamza ibn Habib ibn Ammora ibn Ismoil Zayyot Taymiy. U kishi hijriy 80 yilda tug'ilib, 156 sanada vafot etgan.
Imom Hamza ibn Habib rahmatullohi alayhi etti mashhur qorining biridir. U kishi Kufada Imom Osimdan keyin odamlarning qiroatdagi imomi bo'lgan. U zot o'ta ishonchli, Allohning Kitobi tajvidini yaxshi biladigan, faroiz ilmining olimi bo'lgan. Shu bilan birga, hadis ilmida hofiz va obid ham bo'lgan. Imom Hamza ibn Habib rahmatullohi alayhi tobe'inlardan bo'lib, ba'zi sahobalarni ko'rgan.
U kishining ikki roviylari – Halaf va Hallod.
Halaf – Halaf ibn Hishom ibn Sa'lab ibn Halaf Bazzoz Bag'dodiydir. U kishi hijriy 150 yilda tug'ilib, 229 sanada vafot etgan.
Halaf ibn Hishom rahmatullohi alayhi o'n yoshida Qur'oni Karimni yod olgan. U zot ishonchli, zohid, obid va olim odam edi. U kishi imom Hamzaga roviy bo'lish bilan birga, o'zi alohida qiroatga imom ham bo'lgan.
Hallod – Hallod ibn Holid Sayrafiy Kufiy. U kishi hijriy 119 yilda tavallud topib, 220 sanada vafot etgan.
Hallod ibn Holid Sayrafiy rahmatullohi alayhi qiroatda o'ta ishonchli imomlardan bo'lishi bilan birga, orif, muhaqqiq va mashhur ustoz ham bo'lgan.
Imom Aliy ibn Abdulloh ibn Bahman ibn Feruz Hamza Kisoiy. U kishining kunyasi Abulhasan. U zot hijriy 119 yilda tavallud topib, 189 sanada vafot etgan.
Imom Kisoiy Hamza Zayyotdan keyin Kufaning qiroat bo'yicha imomi bo'lgan. Qiroatni Hamzadan olgan. Qur'oni Karimni undan to'rt marta o'tkazib olgan. Basraga borib, Halildan arab tili qoidalarini olgan.
Abu Ubayd «Kitabul-Qiroat»da quyidagilarni aytadi: «Kisoiy qiroatlarni tanlar edi. U qiroat ahlidan edi. Qiroat uning hunari va san'ati edi. Qiroatni undan ko'ra to'g'ri biladigan odam yo'q edi».
Abu Bakr Anboriy aytadi: «Kisoiyda bir necha ishlar jamlangan edi. U nahv bo'yicha odamlarning eng bilag'oni bo'lgan. G'arib so'zlarni bilishda tengi yo'q edi. Qur'on borasida yagona edi. Uning huzurida ko'p odamlar jamlanardi. U kursiga o'tirib, Qur'oni Karimni avvalidan oxirigacha o'kir edi. Odamlar eshitib, turli narsalarni o'rganar edilar».
Imom Kisoiy rahmatullohi alayhi bir necha kitoblarning muallifidir. Jumladan, u zotning «Kitabu ma'anil-Qur'an», «Kitabul-qiroat», «Kitabul-adad», «Kitabun-navadir» kabi asarlari bor.
U kishining ikki roviylari – Abu Horis va Hafs Duriy.
Abu Horis – Lays ibn Holid Bagdodiy. U kishi hijriy 240 sanada vafot etgan.
Lays ibn Holid Bag'dodiy rahmatullohi alayhi o'ta ishonchli, hoziq inson bo'lgan.
Hafs Duriy – Abu Amr Hafs ibn Umar ibn Abdulaziz Duriy. U kishi 246 hijriy sanada vafot etgan. Bu zot haqidagi ma'lumotlar avval o'tdi.
Ba'zi bir ulamolar mazkur etti qiroatga yana uchni qo'shib, o'n qiroat, yana boshqalar o'nga to'rtni qo'shib, o'n to'rt qiroat ham qilishgan. Aslida esa ulardan boshqalari ham bo'lgan. Bu qiroatlar, ularning xususiyatlari, oralaridagi farqlari va yana shunga o'xshash narsalar haqida alohida-alohida kitoblar ham yozilgan.
Agar qiroatlar orasidagi farqlar asosan ba'zi bir so'zlarni talaffuz qilish ohangida ekanini e'tiborga oladigan bo'lsak, musulmon ummatining Qur'oni Karimga qanchalar ahamiyat berganiga qoyil qolmay, iloj yo'q. Faqat Qur'oni Karimning talaffuzi uchun shunchalar katta va mislsiz ilmiy ishlarii amalga oshirish hech bir kitobning, hech bir ummatning tarixida bo'lmagan.
Hozirga kelib, mazkur qiroatlar ichida ko'pchilik tomonidan qabul qilinib, amalda qolgani ikkitadir.
Birinchisi – Imom Osimdan Hafs rivoyat qilgan qiroat.
Bu qiroat Islom olamining mashriq va markaziy tarafining barchasida keng tarqalgan.
Ikkinchisi – Imom Nofe'dan Varsh rivoyat qilgan qiroat. Bu qiroat asosan Islom olamining mag'ribiga tarqalgan.
Bu ikki qiroat orasidagi farqlarni mutaxassis ahli ilmlar aniq farqlashlari mumkin. Misol uchun, Osim qiroatida «Ya ayyuhannabiyyu» deb o'qilsa, Nofe' qiroatida «Ya ayyuhannabiu» deb o'qiladi. Osim qiroatida «Vadduha» deb o'qilsa, Nofe' qiroatida «Vadduhe» deb o'qiladi. Holbuki, bu so'zlar mushafi sharifda bir xil yoziladi.
Albatta, har bir qiroatning imomi shogirdlariga o'z ustozidan qanday eshitgan bo'lsa, aynan o'zini naql qilgan. Biror harfning talaffuzida boshqacha bo'lishiga yo'l qo'yilmagan. Shunday tarzda silsila davom etib kelavergan. Qaysi bir talaba qiroatni to'g'ri qiladigan bo'lib etishsa, ustozi unga «ijozat» deb ataluvchi hujjat bergan. Usha hujjatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgacha etib boradigan o'z ustozlari sanadi ham aniq keltirilgan. Bu esa har bir qorining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bog'lanishini ta'minlagan. Ustozdan rasmiy shahodatnoma olgan qori Nabiy sollallohu alayhi vasallamga etadigan sanadga ega bo'lgan. Shuning uchun ham ustoz ko'rmagan, o'zicha Qur'oni Karimni o'qib olgan yoki ustozidan «ijozat» olmagan kishilar qori deb hisoblanmagan.
Bu borada musulmon ummati qilgan tengi yo'q ulkan mehnat, ehtiyotkorlik va mislsiz fidokorlik har qancha maqtovga sazovordir.
Dunyoda hech bir kitob bu shakldagi ehtimomga sazovor bo'lgan emas.
Dunyoda hech bir ummat o'z kitobiga bu shaklda fidokorlik ko'rsatgan emas.
Aytib o'tilgan ma'lumotlarning tasdig'i sifatida vatanimizda qiroat ilmining keyingi davrda tarqalishi va qaror topishida katta hissa qo'shgan qori bobolarimizdan birlarining mashhur etti qiroat bo'yicha «ijozat» silsilalarini hujjat va dalil sifatida keltirishni lozim topdik.
Bu sanad Mulla Ro'zi domla ibn Muhammad Tole' alayhirrahmaning etti mutavotir qiroatdan olgan «ijozat»idir. Unda Mulla Ro'zi domla ibn Muqammad Tole'ning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgacha bo'lgan ustozlar silsilasi, ya'ni sanadi bayon qilingan.
(Asar asl qo'lyozmadan olingan raqamli nusxadan tarjima qilindi)
KYeYINGI MAVZULAR:
Bu – “Yetti qiroat”ning mashoyixlardan, ishonchli ummatdan maxluqotlarning afzali Rasulullohgacha bo'lgan mutavotir sanadlaridir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati