Tahorat qilayotganda ko'zlar qattiq yumilmaydi. Aks holda, ko'z atroflariga suv etmasligi natijasida tahorat chala bo'lib qolishi mumkin. Ko'zlar erkin yumib turiladi. Ochib, ichiga suv etkazish shart emas.
«Olamgiriya», «Sirojiya», «Qozixon», «Muhit».
2-FATVO
Tahorat va g'uslda shol odam oyog'ini, garchi kesganda ham sezmaydigan darajada bo'lsa-da, yuvishi vojibdir.
«Olamgiriya», «Tatarxoniya», «Yatima».
3-FATVO
Oyoqlarini yog'lagandan so'ng yuvsa, yog' ostiga suv o'tishiga to'sqinlik qilsa ham, tahorati durust hisoblanadi.
«Olamgiriya», «Zaxira».
(4-FATVO)
5-FATVO
Yomg'ir ostida qolgan yoki oqayotgan ariqqa tushgan kishining hamma a'zosiga suv etgan bo'lsa, tahoratga ham, g'uslga ham o'tadi. Faqat og'zi bilan burnini chayishi kerak bo'ladi.
«Olamgiriya», «Sirojiya».
6-FATVO
Boshiga mash tortmasdan yuvsa ham, mash o'rniga o'tadi, lekin bu makruh sanaladi.
«Olamgiriya», «Muhit».
7-FATVO
Suv bilan istinjo qilishdan oldin ham, undan keyin ham ikki qo'lni uch marta yuvish kerak. «Bismilloh»ni avratni ochmay turib bir marta, istinjodan keyin avratni yopgach, yana bir marta aytish afzaldir.
«Olamgiriya», «Qozixon».
8-FATVO
Misvok ishlatish erkaklar uchun sunnat. Ayollarning saqich chaynashi misvok o'rniga o'tadi.
«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».
9-FATVO
Tahoratda har bir a'zoni uch martadan yuvish sunnat. Agar uch marta to'liq yuvganiga shak-shubha qilsa yoki tahorat ustiga tahorat bo'lsin, degan niyat bilan uch martadan ko'p yuvsa, joizdir.
«Olamgiriya», «Nihoya», «as-Sirojul-vahhoj».
10-FATVO
Bo'yinga mash tortish – mustahab. Lekin tomoqqa mash tortish – bid'at.
«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».
11-FATVO
Masjidda muayyan bir joyni o'zi uchun xoslab olish makruh bo'lganidek, tahorat qilish uchun o'ziga xos idish tutish ham makruhdir.
«Olamgiriya», «al-Vajiz».
12-FATVO
Qulog'idan yiring oqsa, qaraladi: agar og'riq bilan oqsa, tahorat sinadi. Aks holda, sinmaydi. Zero, og'riq quloq ichidagi jarohatdan dalolatdir.
«Olamgiriya», «Muhit», «Zaxira», «Sirojiya».
13-FATVO
Egarsiz ulovga mingan odam uxlab qolsa, qaraladi: agar tekislikda ketayotgan yoki balandlikka o'rmalayotgan bo'lsa, tahorati sinmaydi. Bordi-yu, pastlikka tushayotgan bo'lsa, tahorati ketadi. Egarda uxlab qolsa, tahorati buzilmaydi.
«Olamgiriya», «Muhit».
14-FATVO
Cho'zilib yotgan holda mudrash ikki xil bo'ladi:
Biri – qattiq mudrash bo'lib, odamlarning gurungini eshitmay, anglamay qoladi. Oqibatda tahorat sinadi. Ikkinchisi – engil mudrash, bunda odamlarning gurungini eshitib yotadi. Shu bois tahorat sinmaydi. Uxlagandan yoki el chiqqandan keyin tahoratni yangilaganda, suv bilan «istinjo» qilinmaydi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Zaxira», «Qozixon».
15-FATVO
G'uslda kindik ichiga barmoq bilan suv kiritib yuvish ham vojib amallardandir.
«Muhit».
16-FATVO
G'usl oldidan tahorat qilganda boshiga mash tortadi. Undan keyin boshiga suv quyib, barcha a'zolarini uch bor yuvadi.
«Olamgiriya», «Zohidiy».
17-FATVO
G'usl qilmoqchi bo'lgan odam niyatni dilida qilib, qo'lini yuvish oldidan «Bismilloh»ni aytadi va istinjo qiladi.
«Olamgiriya», «al-Javharatun-nayyira».
18-FATVO
G'uslda suvni ortiqcha isrof qilmaslik, shuningdek, haddan ziyod tejab yubormaslik, qiblaga yuzlanmaslik sunnat darajasidagi amallardandir.
«Olamgiriya».
19-FATVO
G'uslda har bir a'zoni uch martadan yuvish, birinchi martasida ishqalab yuvish, yuvinish asnosida imkoni boricha gapirmaslik, yuvinib bo'lgach, sochiq bilan artinish sunnat amallardandir.
«Olamgiriya», «Munya».
20-FATVO
Junub bo'lgan kishi uxlashdan oldin g'usl qilib olgani yaxshi. Lekin namoz vaqti yaqinlashgunga qadar uxlasa yoki ikki qo'li va og'zini yuvib ovqatlansa, zarari yo'q.
«Olamgiriya».
21-FATVO
Janobatdagi, ya'ni junub bo'lgan odam namoz vaqti kirgunga qadar g'usl qilmay tursa, gunohkor bo'lmaydi. Zero, tahoratsiz odamga tahorat qilish, janobatdagi va hayz yoki nifosdan chiqqan ayolga g'usl qilish namoz o'qish yoki boshqa tahoratsiz holda qilib bo'lmaydigan amallarni bajarish oldidan vojib bo'ladi.
«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq», «Muhit».
22-FATVO
Ishlatilgan suv (obi musta'mal) Imom Muhammad (r.h.) nazdida, pok-tahoratli odamning qo'l, oyoq yoki badaniga yopishgan loy, xamir yoxud kirlarni ketkazish uchun ishlatgan suvi «obi musta'mal»ga aylanmaydi. Demak, uni tindirib, yana ishlatsa bo'ladi. Salqinlash maqsadida cho'milishga ishlatgan suvi ham musta'mal hisoblanmaydi, balki tahorat, g'usl, najosatni ketkazish kabilar uchun ishlatilgan suv, Imom Muhammaddan (r.h.) boshqalar nazdida, nopoklik sifatini oladi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
23-FATVO
Janobatdagi odam g'usl qilayotganida sachragan suv idishdagi suvga tushsa, zarari yo'q. Ammo badanidan oqayotgan suv idishga quyilib tushsa, uni nopok qiladi.
«Olamgiriya», «Hulosa».
24-FATVO
Agar inson qo'lining kaftini mushuk yalagan bo'lsa, qo'lini yuvib namoz o'qishi lozimdir. Aks holda, namozni makruhlik bilan ado etgan sanaladi.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Tabyin».
25-FATVO
Insonning sochi tig' bilan yoki qaychi bilan qirqib olinsa, toza hisoblanadi. Yulib olingan soch nopokdir.
«Olamgiriya», «Ixtiyor».
26-FATVO
Sichqon mushukdan qochib ketayotib, idish ustidan sakrab o'tsa, idish ichidagi suv nopokka aylanadi. Zero, u odatda, mushukdan qo'rqqanidan siyib yuborgan bo'ladi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Hulosa».
27-FATVO
Bir marta ishlatilgan suv (obi musta'mal), Imom Abu Hanifa va Abu Yusuf (r.h.) nazdida, najas, ya'ni nopok hisoblanadi. Imom Muhammad (r.h.) nazdida esa, pokdir. Lekin shunga qaramay, obi musta'mal bilan ho'l qilingan sochiq yoki uning badandan tomchilab tushishidan ivigan kiyim bilan namoz o'qish, har uch imom nazdida ham, joizdir.
«Olamgiriya», «Badoye».
28-FATVO
Tayammum qilishda «Bismilloh»ni o'qib, ikki qo'l barmoqlarini ochiq tutgan holda, panjalarining oldi va orqasi bilan tuproqqa urgandan keyin qo'llarni bir-biriga ishqalab, yopishgan changlarni engillatish, oldin yuzga, so'ngra ikki qo'lning tirsaklarigacha surtib chiqish sunnat hisoblanuvchi amallardandir.
«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».
29-FATVO
Ota bilan o'g'ilda faqat bir kishiga etadigan suv bo'lsa, u bilan ota tahorat qiladi, o'g'li esa tayammum bilan kifoyalanadi.
«Olamgiriya».
30-FATVO
Oyoq kiyimiga mash tortishning shartlaridan biri – poyabzalning kamida uch kunlik safarga yaraydigan bo'lishidir. Yana bir sharti – poyabzal oyoqning oshiqlarini yopib turishidir. Oshiqdan ustki qismi yopilgan bo'lishi shart emas.
«Olamgiriya», «Qozixon».
31-FATVO
Bir oyog'ida jarohati borligidan uni yuvish yoki unga mash tortishning iloji bo'lmasa, ikkinchi oyog'iga mash tortishi mumkin. Shuningdek, oyog'ining oshig'idan pastki qismi kesib tashlangan kishi ham ikkinchi oyog'ini yuvishi va poyabzal ustidan mash tortishi joizdir. Kesilgan joyda uch barmoq miqdori joy qolgan bo'lsa, o'sha joyga mash tortadi. Undan kam bo'lsa, tortmaydi.
«Olamgiriya», «Muhit».
32-FATVO
Janobatdan g'usl qilganda, badanida tangadek joy suv tegmay quruq qolgan bo'lsa, o'sha erini poyabzal kiygandan keyin yuvsa, hadas (ifloslik) etgandan so'ng tahorat qilganda poyabzalga mash tortaveradi.
«Olamgiriya», «Hulosa».
33-FATVO
Tahorat qilganda tangadek joy yuvilmay qolgan bo'lsa, o'sha er yuvilmaguncha oyoq kiyimini kiyib, mash tortishi joiz emas.
«Olamgiriya», «Tabyin».
34-FATVO
Yara ustidagi matoh (bint)ga mash tortish uning ostini yuvish bilan barobardir. Shunga ko'ra, bir oyog'iga mash tortib, ikkinchi sog' oyog'ini yuvgan odam har ikki oyog'ini yuvgan hisoblanadi.
«Olamgiriya», «Tabyin».
35-FATVO
Bir oyog'idagi jarohat ustiga mash tortgach, ikkinchi oyog'ini yuvib, shu sog' oyog'iga poyabzal kiyib olsa, keyingi tahorat qilganda mash tortishi joiz emas. Ammo ikkala oyog'iga poyabzal kiyib olsa, mash tortaveradi.
«Qozixon», «Olamgiriya», «Muhit».
36-FATVO
Oyoq kiyimlariga mash tortib qo'yishni boshqa kishiga buyursa ham joizdir.
«Olamgiriya», «Hulosa».
37-FATVO
Tug'ilgan ikki chaqaloq egizak hisoblanishi uchun ikkinchi chaqaloq ikki oydan kam muddatda tug'ilgan bo'lishi shart. Agar ikkisining oralig'idagi muddat olti oy yoki undan ko'p bo'lsa, ular ikki homila va ikki «nifos» bolalari hisoblanadi.
«Olamgiriya», «Tabyin».
38-FATVO
Hayzdagi ayol, shuningdek, junub kishiga Qur'on oyatlaridan o'qish taqiqlanadi. Lekin turli xil duolar, azon javobi, «Qunut duosi» kabilarni o'qishi mumkin.
«Olamgiriya», «Zahiriya», «Sirojiya».
39-FATVO
Junub kishilar, hayz va nifosdagi ayollar Qur'onni o'qimasdan, oyatlariga qarashlari mumkin. Oyatlarni yozishlari ham joiz emas.
«Olamgiriya», «Javhara», «Zaxira».
40-FATVO
Burnidan yoki yarasidan tinmay qon oqayotgan kishi namozni oxirgi vaqtigacha kutadi. Qon to'xtasa, yaxshi, yo'qsa, vaqt chiqib ketmasidan oldin tahorat qilib, namozni o'qiyveradi.
«Olamgiriya», «Zaxira».
41-FATVO
Idishdagi moyga sichqon tushgan bo'lsa, qaraladi: agar quyuq, qotgan moy bo'lsa, sichqon atrofidagi tegib turgan moylari bilan qo'shib olib tashlansa, qolgan moy toza hisoblanadi. Bordi-yu, moy suyuq bo'lsa, nopok bo'ladi va ovqatdan boshqa, eyilmaydigan narsalarga ishlatiladi.
«Olamgiriya», «Hulosa».
42-FATVO
Hojatxonadagi pashshalar kiyimga qo'nsa, zarari yo'q. Ammo ular ko'p bo'lsa, kiyimni nopok qiladi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
43-FATVO
Nopok tuproq suvga yoki nopok suv tuproqqa aralashtirilib loy qilinsa, u najas hukmidadir. Lekin shu loydan yasalgan idishlarda pishirilgan ovqat toza hisoblanadi.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Hulosa».
44-FATVO
Sut sog'ilayotganda hayvonning qumalog'i sutga tushsa, darhol olib tashlansa, sut nopok bo'lmaydi. Ammo u chayilib ketsa, idishdagi bor sut nopokka aylanadi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
45-FATVO
Istinjoda adad belgilanmagan, balki bir martada toza bo'lsa, shuning o'zi kifoya. Ammo uch martada ham toza bo'lmasa, istinjo chala qilingan hisoblanadi.
«Sirojiya», «Olamgiriya», «Muzmarot».
46-FATVO
Istinjoda faqat chap qo'lidan foydalanadi. Uzrli holatlardagina o'ng qo'l ishlatiladi. Olatdan siydik chiqmay qolgunga qadar uchiga chap qo'lda kesak kabi namlikni o'ziga shimib oladigan narsani tutib turish vojibdir. Bu «istibro» deyiladi.
«Olamgiriya», «Zohidiy», «Zahiriya».
47-FATVO
Har kim istibroni ko'ngli qaror topgunga qadar davom ettiradi. So'ngra shaytonning vasvasasiga e'tibor bermaslikka harakat qiladi. Masalan, tahorat qilib, namoz o'qib turganida soniga sovuq narsa tekkandek seziladi. Ko'pincha bu siydik tomchisi emas, balki shaytonning chalg'itish uchun qilgan ishidir. Shuning uchun suv bilan istinjo qilgan paytda olati va sonlariga suv sepib qo'yish tavsiya etiladi. Shunda shayton vasvasa qila olmaydi.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Muzmarot», «Zahiriya».
48-FATVO
O'zi tahorat qilishga qodir bo'lmagan bemorga o'g'li yoki birodari tahorat qildirib qo'yadi. Lekin xotini bo'lmasa, istinjo qildirilmaydi. Bunda istinjo uning zimmasidan soqitdir. Bemor ayol hukmi ham xuddi shunday. Unga qizi yoki opa-singlisi tahorat qildiradi. Lekin istinjo soqit bo'ladi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Qozixon».
49-FATVO
Hojatxonaga chap oyoq bilan kirib, o'ng oyoq ila chiqiladi. U erda gapirilmaydi, salomga alik olinmaydi, azonga, aksirgan kishiga javob aytilmaydi, o'zi aksirsa, dilida «Alhamdu lilloh» deydi, tilini qimirlatmaydi, avratiga, axlatiga qaramaydi, tupurmay, burnini qoqmay, yo'talmay, ko'zini osmonga qaratmay o'tiradi. Iloji boricha uzoq o'tirmaslikka harakat qiladi.
«Olamgiriya», «as-Sirojul-vahhoj».
50-FATVO
Quduqdan sichqon yoki qush o'ligi topilsa, qaraladi: agar go'shti aynib, hidlangan bo'lsa, shu quduq suvi bilan tahorat qilib o'qilgan uch kunlik namoz qayta ado etiladi. Bordi-yu, aynimagan bo'lsa, Abu Hanifa (r.h.) so'ziga ko'ra, bir kecha-kunduzgi namoz qayta o'qiladi.
«Qozixon».
51-FATVO
Tovuqning yangi tuqqan tuxumi suvga tushsa, suvni nopok qilmaydi.
«Qozixon».
Izoh:
Bu fatvoning ahamiyati shundaki, odatda, hech kim tuxum tushgan suvni iste'mol qilmaydi. Lekin ayrim savodxonlar qozonga yoki idishga xom tuxumni chaqib oqizsa, u haromga aylanadi, chunki tuxum po'chog'ining ustki qismi nopok. Unga tegib tushgan suyuqlik ham nopok bo'ladi, deb odamlarni shubhaga solish hollari uchrayotgani uchun mazkur fatvoni topib yozishga to'g'ri keldi. Demak, tuxum po'chog'ining ustki qismi shar'an toza hisoblanar ekan.
52-FATVO
Daraxt tanasidan chiqqan va turli mevalardan siqib olingan suvlar bilan tahorat qilish mumkin emas.
«Qozixon».
53-FATVO
Junub kishi og'zini chaymay turib, suv ichsa, qaraladi: agar u faqih bo'lsa, ichgan suvi og'izni chayish o'rniga o'tmaydi. Zero, faqih kishi suvni og'izning hamma joyiga tegadigan qilib ichmay, istihola bilan so'rib ichadi. Ilmsiz kishi bo'lsa, ichgan suvi og'iz chayish o'rniga o'tadi. Zero, u so'rib ichmay, og'zini to'ldirib, ho'plab ichadi. Natijada, suv og'izning hamma joyiga tarqaladi.
«Qozixon».
54-FATVO
Go'shti halol hayvonlarning siydigi, Imom Abu Hanifa (r.h.) nazdida, najas, Imom Abu Yusuf (r.h.) nazdida, engil najas, Imom Muhammad (r.h.) nazdida, toza hisoblanadi.
«Qozixon».
55-FATVO
Tovuq, o'rdak, g'ozdan boshqa go'shti halol parrandalarning axlati toza hisoblanadi. Inson, it va yirtqich hayvonlarning axlati najasdir. Lochin, kalxat kabi yirtqich qushlarning axlati kiyimni benamoz qilmaydi. Pashsha, bit, burga qoni ham shunday.
«Qozixon».
56-FATVO
Avvalgi davrlarda ovchilar o'zlari ovlagan hayvonlarning tishlarini bo'yinlariga osib olishlari urf bo'lgan. Bundan odamlar o'rtasida o'z kasbidan faxrlanish maqsad qilingan va aslo tumor ma'nosi ko'zlanmagan. Shariatimizga ko'ra to'ng'izdan boshqa har qanday hayvonning tish va suyaklari pok sanaladi. Fuqaholarimiz ushbu masalani quyidagi fiqhiy misol orqali ifodalaganlar: "Bir kishi bo'yniga it yoki bo'ri tishidan yasalgan taqinchoq ilgan holda namoz o'qishi mumkin" (Qozixon). Bu fatvodan ko'zlangan asosiy maqsad, to'ng'izdan boshqa barcha hayvonlarning xoh go'shti halol bo'lsin, xoh harom bo'lsin suyagi va tishi pok ekani, mabodo namoz o'qiguvchi bilan birga (masalan, cho'ntagida) suyak yoki tish bo'lsa, namozi durust bo'lishini bayon qilishdir. Lekin, bu fatvoda it yoki bo'ri tishidan yasalgan taqinchoqlarni taqishga targ'ib yo'q. Aksincha bunday taqinchoqlarni tumor sifatida (noto'g'ri e'tiqodlar bilan) taqish bugungi kunimizda urf bo'ldi. Buni esa mumkin emasligi hammaga ma'lum.
57-FATVO
Qo'y so'yilganda pichoqni uning yungiga artib, qon izi ketkazilsa, pichoq toza bo'ladi. Shuningdek, metalldan yasalgan qilich kabi boshqa tig'li narsalar ham najosatdan tuproq yoki latta bilan artib tozalanadi.
«Sirojiya», «Qozixon».
58-FATVO
Qo'yning kallasi qonga belangan bo'lsa-da, uni kuydirib, so'ngra qozonga solib, qaynatib pishirilsa, sho'rvasini ichish mumkin. Kalla uni palid qilmaydi.
«Qozixon».
59-FATVO
Go'shtning ustiga so'yilganda oqqan qondan tekkan bo'lsa, uni yuvmasdan ishlatib bo'lmaydi. Ammo go'shtning o'zida yoki tomirlarida qolgan qon bo'lsa, zarari yo'q.
«Qozixon».
60-FATVO
Qozon qaynab turganida, osmondan qush uchib kelib ichiga tushsa, undagi hamma narsa palid (nopok) bo'ladi va to'kib yuboriladi. Ammo qaynamay sokin turganida tushsa, sho'rvaning suvi to'kib tashlanib, go'shti yuvib, qayta ishlataveriladi.
«Qozixon».
61-FATVO
Ikki qo'li shol bo'lib qolgan odam tahoratga ham, tayammumga ham qodir bo'lmasa, ikki bilagini tirsaklari bilan erga, yuzini devorga surtish bilan tayammum qilib, namoz o'qishi mumkin.
«Qozixon», «Naf'ul-muftiy».
62-FATVO
Tahorat qilgandan keyin mo'ylabini, sochini qirsa yoki tirnog'ini olsa, tahorat qaytadan olinmaydi.
«Qozixon».
63-FATVO
Tahorat yoki g'usl qilganda badandagi mavjud kir ustidan yuvilsa, u suvni ostiga o'tkazgani uchun tahorati ham, g'usli ham joiz hisoblanadi. Ammo junub ayolning tirnoqlari ostidagi xamir yoki loysuvoq qilgan kishining tirnoqlari ostida qolgan loy qoldiqlari yoki bo'yoq asoratlari suv o'tkazishi to'g'risida ixtilof qilishgan. Ba'zi ulamolar suv o'tkazadi, deb fatvo berganlar. «Sirojiya» kitobida tirnoq ostida xamir qolgan bo'lsa, g'usl o'rniga o'tmaydi, deyilgan.
«Qozixon», «Sirojiya».
64-FATVO
Junub kishiga g'usl qilishdan oldin ovqatlanishga to'g'ri kelsa, qo'llarini yuvib, og'iz va burnini suv bilan chayib ovqatlanishi mumkin.
«Qozixon».
65-FATVO
Junub kishi peshob qilmay turib yuvingan va namoz o'qigan bo'lsa, namozi durust. Bordi-yu, shundan keyin maniy qoldig'i chiqib qolgudek bo'lsa, Abu Hanifa bilan Muhammad (r.h.)nazdida, g'uslni qayta qiladi, Abu Yusuf (r.h.) nazdida esa, bu holda g'uslni ham, namozni ham takrorlamaydi.
«Qozixon», «Sirojiya».
66-FATVO
Ishtonbog' (yoki kamar) it yungidan qilingan bo'lsa, kiyimni benamoz qilmaydi.
«Olamgiriya».
67-FATVO
Safarda junub, hayzdan pok bo'lgan ayol va mayyit birga bo'lib qolsa va ularda bir kishining g'usliga yarasha suv bo'lsa, qaraladi: agar suv ulardan biriga tegishli bo'lsa, o'sha ishlatadi. Bordi-yu, suv uchoviga qarashli bo'lsa, hammasi tayammum qilib, suvni ichishlari mumkin. Agar suv egasiz bo'lsa, junub g'usl, ayol tayammum qiladi. Mayyit ham tayammum qildiriladi.
«Qozixon».
68-FATVO
Istinjoni tahoratdan keyin qilsa, tahorati buzilmaydi.
«Sirojiya».
69-FATVO
Tahorat qilgach, ikki oyog'ini nopok erga qo'ysa, qaraladi: agar er qattiq va quruq bo'lib, uzoq turmay, darhol oyoqlarini erdan olsa, zarari yo'q. Ammo oyoqlari qurigan, er esa nam bo'lib, oyoqlariga o'sha namlik o'tsa, ularni yuvishi lozimdir.
«Sirojiya».
70-FATVO
Gul, qovun, tarvuz suvlari, sut, sirka kabi suyuqliklar toza hisoblanadi va ular bilan qo'l, kiyimlar yuvilsa, toza bo'ladi, lekin ular bilan tahorat yoki g'usl qilinmaydi.
«Sirojiya».
71-FATVO
Tayammumni barcha er jinsidan bo'lgan narsalar bilan qilish mumkin. Masalan, qum, chang, tosh, ohak, surma, ganch, zirnix (margimush), yoqut, marjon, zumrad, firuza, g'isht va boshqalar. Ammo kul, qo'rg'oshin, oltin, kumush, shisha, tuz, loy kabi narsalar bilan tayammum qilinmaydi. Imom Saraxsiy va Husomiddin (r.h.) so'ziga ko'ra, tog' tuzlari bilan tayammum qilish joiz, suv tuzlari bilan mumkin emas. Oltin, kumush, temir, mis kabi metallar erdan olinib, buyum yasalmay turgan holatida ular bilan tayammum qilish mumkin.
«Sirojiya», «Naf'ul-muftiy».
72-FATVO
To'qqiz yoshga etmagan qiz boladan hayz qoni kelsa, u shar'an hayz hisoblanmaydi.
«Sirojiya».
73-FATVO
Ro'zador kishi tahoratda og'zini g'arg'ara qilmay chayadi. Suv tomoqqa ketib qolish xavfi bo'lgani uchun g'arg'ara qilish makruh hisoblanadi.
«Naf'ul-muftiy»,
«Hoshiyatul Viqoya».
74-FATVO
Qalin soqolli odam tahoratda soqoli ostiga suv etkazishi shart emas, balki ustki qismini yuvib qo'yaveradi. Ammo soqoli siyrak kishi soqoli ostiga suv etkazishi farz amallardan hisoblanadi. G'uslda esa, qalin soqol ostiga ham suv etkazish shartdir.
«Naf'ul-muftiy»,
«Sharhi Niqoya», «Badoye».
75-FATVO
Insonning badanidan chiqqan ter shar'an toza hisoblanadi. Ammo muttasil araq ichishga mubtalo bo'lgan kishining teri najasdir.
«Sirojiya», «Zaxoir».
76-FATVO
Og'iz to'lib qayt qilish tahoratni sindiradi. Ammo ovqat oshqozonga etib bormasidan qayt qilsa, tahorat sinmaydi.
«Sirojiya»,
«Hizonatur-rivoyot».
77-FATVO
Baliqning ichidan chiqadigan qonga o'xshash narsa qon hisoblanmaydi. U tozadir. Zero, qon quyoshga tutilsa, qorayishi kerak. Baliqdan chiqqan narsa esa oftobda oqaradi.
«Naf'ul-muftiy».
78-FATVO
It suvga belanib silkinganida sachragan suv kiyimga tegsa, qaraladi: agar suv it yungini ostigacha ivitgan va uning kiyimga tekkan miqdori bir dirhamcha bo'lsa, kiyim nopokdir. Bordi-yu, it yungining ustki qismigina ivigan bo'lsa, sachragan suv kiyimni nopok qilmaydi.
«Naf'ul-muftiy», «Jome'ul-muzmarot».
79-FATVO
Kiyimning najosat tekkan eri unutilib, uni topish imkoni bo'lmasa, bir joyi qasd qilinib, yuvib qo'yilaveradi. Shuningdek, xirmon yanchiyotgan ot-eshaklar tezagini ajratib olib tashlash qiyin bo'lgani sababli bir qism don olib yuvilsa yoki yuvmay ehson qilinsa, yanchilgan donning hammasi poklangan bo'ladi.
«Muxtasar», «Naf'ul-muftiy», «Hulosa».
80-FATVO
Gilam, palos kabi suvini siqib chiqarish mumkin bo'lmagan narsalarga najas tekkan bo'lsa, ular bir kecha oqar suvga tashlab qo'yish bilan poklanadi.
«Naf'ul-muftiy», «Fathul-Qadir», «Muxtasar».
81-FATVO
Suyuq asalga najas tushsa, uni poklash uchun o'nga ikki miqdorida, ya'ni asalning beshdan biricha suv qo'shib qaynatiladi. Suv bug'lanib tamom bo'lishi bilan yana suv quyib, ushbu jarayon uch marta takrorlanadi.
«Naf'ul-muftiy», «Qunya».
82-FATVO
Badan, kiyim, idish va boshqa narsalarni poklash uchun ishlatiladigan vositalarning turlari ko'pdir. Masalan:
Agar daraxt yoki qamishdan kesib yoki sindirib olinsa va unga najas tegsa, faqat yuvish yoki kesib tashlash bilan toza bo'ladi. Yerga yotqizib terilgan g'ishtlar ham er hukmidadir.
«Naf'ul-muftiy».
83-FATVO
Kiyim yupqaligidan yirtilib ketmasin deb yuvganda siqmagan bo'lsa ham, zarurat yuzasidan shu kiyimda namoz o'qish joiz bo'ladi.
«Naf'ul-muftiy»,
«Durrul-muxtor».
84-FATVO
Zamzam suvi bilan g'usl qilish joiz, lekin istinjo qilish makruhdir.
«Naf'ul-muftiy»,
«Durrul-muxtor».
85-FATVO
Dasht, sahro joylardagi toshlar ustiga siyish, ular bilan istinjo qilish joiz emas. Zero, toshli joylar jinlar maskani hisoblanadi. Shuningdek, suyak va tezaklar bilan ham istinjo qilinmaydi. Zero, suyaklar jinlar ozuqasi, tezaklar esa (jinlar) ulovlarining ozuqasidir.
«Naf'ul-muftiy».
86-FATVO
Qasddan betahorat namoz o'qigan kishi kofir bo'ladi. Imom Halvoniy so'ziga ko'ra, tahoratning farzligini bilib turib, betahorat namoz o'qigan kishi zindiqdir.
«Qozixon».
87-FATVO
Hayz ko'rgan ayol har bir namoz vaqti kirganda tahorat olib, har kuni o'qiydigan joyiga o'tirib, bir namoz o'qiganchalik vaqt mobaynida tasbeh, tahlil o'qib o'tirishi mustahab amallardan hisoblanadi.
«Sirojiya».
88-FATVO
Yirtqich qushlarning og'zidan qolgan suv yoki taom makruhdir. Lekin ular qafas yoki boshqa ihota qilingan joylarda toza emish bilan boqilayotgan, tumshuqlari nopok narsadan ifloslanmayotgan bo'lsa, ularning og'zidan qolgan yoki og'zi tekkan narsa makruh emas. Bu Abu Yusufning (r.h.) so'zlari bo'lib, shunday deb berilgan fatvoni mashoyixlar ma'qullashgan.
«Zaxoir».
89-FATVO
Katta hovuz yoki oqib turgan ariq suviga hayvon tezagi yoki boshqa najosat turlaridan biri tushgan bo'lsa, uni biror idish bilan olib tashlaganda shu idish va uning ichidagi suv nopok bo'ladi. Hovuz va ariq suvi esa pokligicha qoladi.
«Zaxoir».
Ulamolar Usmon (roziyallohu anhu) turli yurtlarga yuborgan Mus'haflarning soni to‘g‘risida har xil rivoyatlar aytganlar. Masalan, Hamza bin Habib az-Zayyyot: «Ular to‘rtta edi», deydilar. Abu Hotim as-Sijistoniy esa yettita bo‘lgan deydilar. Eng to‘g‘ri rivoyat oltitadir: Makkiy, Shomiy, Basriy, Kufiy, Madina ahli uchun umumiy bo‘lgan madaniy va xalifaning o‘zlari uchun xos bo‘lgan madaniy Mus'haflardur. Oxirgisini hazrati Usmon(roziyallohu anhu) o‘zlari uchun olib qolganlar. Ul zot bu mus'haflarning birortasini ham o‘z qo‘llari bilan yozmaganlar, balki ularni yozishga buyurganlar, xolos.
Tarix ulamolari nazdida qurayshlardan birinchi bo‘lib xat yozishni o‘rgangan va o‘rgatgan kishi Harb bin Umayyadir. O‘sha paytdagi xat turi anboriy-himyoriy deb atalardi. U Hijozda tarqagandan so‘ng, Hijoziy deb atala boshladi. Islom dini kelgan paytda arablar orasida mana shu xat turi qo‘llanilar edi va shu yozuv bilan vahiyni, Abu Bakr sahifalarini, Usmon Mus'haflarini yozdilar. Usmon Mus'haflari har xil yordamchi shakl va nuqtalardan holi yozilgan. Unga juz’lar, hizblar va boshqa ko‘rsatgichlarning alomatlari qo‘yilmagan. To Kufa yozuvi paydo bo‘lguncha Mus'haf va boshqa hujjatlar ana shu xatda yozilar edi. Keyinchalik bir guruh xattotlar Kufa yozuvi bilan nusxalar ko‘chira boshladilar. Bu yozuv arab xatining tajvidini va uning yaxshilanishini ko‘zda tutar edi. Bora-bora Kufa ahli yozuvi o‘zining shakli jihatidan hijoziy xatdan qulay ekanligi ma’lum bo‘ldi va kufiy xat deb ataldi. Ana shu vaqtdan e’tiboran Qur’on va boshqa yozuv asarlari qufiy xatida bitila boshladi.
O‘sha zamonda bitiklar terilarga kufiy xat bilan yozilar edi. Bundan boshqa turda xat bitishni arablar bilmas edilar. Islomdan keyin eng qadimiy yozuv bo‘lgan bitiklarni ham terilarga yozdilar. Ular matolarga, xususan, bo‘zdan to‘qilgan Misr matosiga, shuningdek taxta, suyak, tosh va sopollarga yozar edilar.
Abbosiylar davriga kelib, qog‘oz deb ataladigan yangi ashyo paydo bo‘ldi. U yuziga mum surtilgan varaqlardan iborat bo‘lib ko‘rinishidan teriga o‘xshab ketar edi. Qog‘oz yasashni arablar xitoyliklardan olganliklari haqiqatga yaqinroqdir. Chunki xitoylar miloddan oldin ham qog‘oz yasash sohasida mohir bo‘lganlar. Arablar Samarqandni fath qilganlarida bu sinoatni o‘sha yerdan o‘rgandilar, lekin, u Abbosiylar davrining birinchi asridagina keng tarqaldi. Bu paytga kelib terilar kamayib, yozishma va bitiklar uchun yetishmay qolgan edi.(«Qohiradagi Husayn masjidlaridagi Payg‘ambardan qolgan osorlar» kitobi.126-bet («Muxall Efotur-Rasul»)
Arablar ajamlar bilan aralashib, quda-anda bo‘lib, ulardan yangi avlod paydo bo‘lganda, bu avlodning talaffuzida har xil ohanglar vujudga keldi. Bu holat arab tilining buzilishi va Qur’on qiroatiga futur yetishi xavfini tug‘dirdi. Shuning uchun yozuvda qisqa unlilarni ifodalovchi harakat belgilarini (harakatlarni) ishlab chiqish qat’iy zaruriyatga aylandi. Natijada, 67-hijriy yilda Iroq voliysi Ziyod ibn Abihi Abul-Asvad Duvaliyga nahv(sintaksis) darsligini ishlab chiqishni buyurdi. Buning uchun Abul-Asvad e’rob (so‘zlarning jumladagi holatini ifodalash) harakatlarini bildiruvchi nuqtalardan foydalandi. U quyidagicha yo‘l tutdi. Bir kotibni olib kelib, unga: «Agar biror harfdan keyin «a» qisqa unlisini talaffuz qilsam, o‘sha harfning tepasiga nuqta qo‘yasan(fatha), agar «u» qisqa unlisini aytsam, o‘rtasiga (zamma), agar «i» qisqa unlisini qo‘shsam, harfning tagiga nuqta(kasra) qo‘yasan», − dedi. Bunda nuqtalar matn yozuvi siyohidan boshqacha rangdagi siyohlar bilan yozilar edi. Bu arab yozuvining takomillashtirishdagi birinchi isloh edi. Ikkinchi isloh umaviy xalifalardan Valid bin Abdul Malik bin Marvon (86-96 h.) davrida, arab tili ona tillari bo‘lmagan ajam qoriylari ko‘payib, noto‘g‘ri talaffuz tufayli odamlarning qiroatni tushunmay qolish hollari ziyodalashganda amalga oshirildi. Ular «jim», «ho» va «xo»; «yo», «to» va «so»; «sod» va «zod»; «to» va «zo»; «sin» va «shin» kabi shakli o‘xshash harflarni bir-biridan ajratishda qiynalar edilar.
Ibn Xallikon «At-Tas'hif» (Noto‘g‘ri talaffuz) kitobida Abu Ahmad al-Askariydan shunday hikoya qiladilar: Odamlar qirq yildan ziyod, to Abdu-Malik bin Marvon zamonigacha Usmon Mus'haflarini o‘qishda davom etdilar. Iroqda noto‘g‘ri tallafuz qilish ko‘payib ketgandan keyin, Hajjoj o‘z kotiblarini chaqirib, ularga shakli o‘xshash harflarni bir-biridan ajratish uchun belgilar ishlab chiqishni buyurdi.
«Aytishlaricha, Nasr bin Osim bu vazifani o‘z zimmasiga oldi va nuqtalar qo‘yishni odat qildi»( Marokkoda chiqadigan «Al-Lisonul-arabiy»( «Arab tili») majallasi, 43-bet, 6-son 1388y.h.
U nuqtalarni bitta yoki ikkita qilib, harfning ustiga yo tagiga qo‘ydi. Nuqtalar harf bilan bir xil siyohda yozilar edi, chunki ular harfning bir bo‘lagi, deb sanaladi. Bundan kelib chiqadiki, arablar nuqta va harakat belgilarini hijriy birinchi asrning ikkinchi yarmidan, ya’ni umaviylar zamonida ishlata boshladilar. Abul-Asvad Duvaliy harakat belgilarini va Nasr bin Osim nuqtalarni ixtiro qilmaguncha, ular arab yozuvida mavjud emasdilar. Johiliyatdagi yoki hijriy asrning birinchi yarmidagi asarlarda harflar nuqta va harakat belgilari, shuningdek, tovushni qisqa va uzun cho‘zish (madd) alomatlaridan holi edi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)ning maktublari (ularni yozishda kotiblar o‘zlarining yozuv san’ati va tajvid bobidagi bor mahoratlarini ishga solar edilar, chunki, ular Payg‘ambar (alayhissalom)) dan podshohlarga, amiru umarolarga yuborilgan bo‘lib, o‘z vazifasini to‘la ado etishi uchun xati aniq va harflarning shakli to‘liq bo‘lishi kerak edi) ham nuqta va belgilarsiz edi. Usmon Mus'haflarida ham ular yo‘q.(«Muxallafotur-Rasul» 124-bet)
Uch harakat belgilari (i’jom)ni esa Abbosiylar davrining boshlarida yashagan arab tili fanining ustozlaridan biri Xalil Ahmad Farohidiy (vafoti 170 h va 786 m.y.) yo‘lga qo‘ydi.
Bayhaqiy «Shu’abul-iymon»da yozishlaricha, Usmon Mus'haflari keyinchalik tilshunos (nahviy) lar tomonidan ishlab chiqilgan imlo qoidalaridan farq qiladigan, o‘ziga xos shaklda yozilgan. Bu farq olti joyda namoyon bo‘ladi: hazf (yozuvda biror narsani tushirib qoldirish), ziyoda (qo‘shimcha), hamza (arab tilida o‘ziga xos tovushni ifodalovchi belgi), ibdol (bir harfni yoki so‘zni ikkinchisi bilan almashtirish), vasl (birini ikkinchisiga qo‘shib o‘qish), fasl (birini ikkinchisidan bo‘lib o‘qish) belgilari va ikki xil o‘qilishi mumkin bo‘lgan joylar. Isloh natijasida bir xil qoidaga muvofiq yozuv paydo bo‘ldi. Natijada Qur’onning xati muqoyasa qilinmaydigan, o‘zgartirilmaydigan, ixtilof qilinmaydigan va unga qat’iy amal etiladigan yozuvga aylandi. Bu qoidalarni bilish Qur’onga taalluqli ilmlarning biridir.
Usmon Mus'haflari haqida xabarlar
Yuqorida Usmon Mus'haflari oltita edi, dedik. Ulardan biri Basraga, ikkinchisi Kufaga, uchinchisi Shomga, to‘rtinchisi Makkai mukarramaga, beshinchisi Madina ahliga yuborildi va oltinchisi hazrati Usmonning o‘zlarida qolgan edi. Mana shu oltinchi Mus'hafning ustida hazrati Usmon shahid bo‘ldilar va muborak qonlari quyidagi oyat ustiga to‘kildi, degan rivoyat mashhurdir:
Ya’ni «Ularning yomonligidan sizga (ey Muhammad), Allohning o‘zi yetarlidir. U eshitguvchi va bilguvchidir», («Baqara» - 137).
Hazrati Usmon (roziyallohu anhu)) tilovatdan bir xil ta’lim berishni nazarda tutib, o‘sha mus'haflarning har biriga bittadan olim qo‘shib, turli o‘lkalarga yuborgan edilar. Masalan, Zayd bin Sobitga Madina ahliga, Abdulloh bin Soibga esa Makka ahliga qiroatni o‘rgatishni amr etgandilar. Mana shu yo‘l bilan bir xil qiroat hamma tomonga yoyildi va Usmon Mus'haflaridan nusxalar olindi. Usmon Mus'haflari bosh kitob va murojaat qilinadigan asl manba’ sifatida mo‘tabar va muqaddas sanalar, shuning uchun ham ular qo‘riqlanadigan joylarda, nihoyatda ehtiyotkorlik bilan saqlanar edi. Bora-bora ular qimmatbaho yodgorlik sifatida xalifa va podshohlarning xazinalariga ko‘chirilib, odamlar ko‘zidan uzoqlashdi. Agar kimning qo‘liga undan biror nusxa tushib qolsa, hech kimga ko‘rsatmaslikka harakat qilar edi. Davlat to‘ntarishlari, turli ixtilof va talon-tarojlar oqibatida bu Mus'haflarning ba’zilari boshqa mamlakatlarga olib ketildi. Ba’zilari har xil shaxslarning qo‘liga tushdi, taqdiri esa noma’lum bo‘lib qoldi.
Muhammad Tohir bin Abdul-Qodir Kurdiy o‘zining «Tarixul-Qur’on» nomli kitobida shunday yozadi: «Biz Hijoz va Misr kutubxonalarida ko‘p izlanishlar olib bordik, lekin ularning mavjudligi haqida bizlarni qoniqtiradigan hujjatlar topmadik, faqatgina Qohirada chiqadigan «Ad-dunya va kullu shay’» («Dunyo va har bir narsa») majallasining 1937 yil 24 avgust sonida bosilgan «Olmoniya olti oy ichida Hijoz podshosi hukumati bilan tuzilgan bitimga muvofiq, xalifa Usmon Mus'hafining asl nusxasini qaytarib beradi», degan xabarga yo‘liqdik, xolos. Bu xabarga ko‘ra, mazkur Mus'haf Madinadan turk qurolli kuchlari tomonidan olib ketilgan bo‘lib, keyinchalik sobiq imperator Gilyom II ga- topshirilganligi isbot bo‘lgan».(«Tarixul-Qur’on» 119-bet.)
Madina Mus'hafi
Usmon Mus'haflarining ulamo va qoriylar tomonidan eng ko‘p zikr qilinadigani Madina Mus'hafidir. Uning to‘g‘risida imomi Nofi’ ko‘p naql qilganlar.
Ibn Jubayr o‘zining sayohati pirovardida shunday yozadi (uning Madinaga qilgan ziyorati 580-hijriyda bo‘lgan): «Masjidi Nabaviyda saqlanayotgan mus'haf, ustida hazrati Usmon shahid bo‘lgan Mus'haf emas, balki har tomonga yuborilgan Mus'haflarning biridur».
Mavlono Shibli Nu’moniy aytadilar: «Madina Mus'hafini 735 h. yilda Madinai munavvarada ko‘rganlar, uning orqasida shunday yozuv bor edi: «Bu Mus'haf bir guruh sahobalar, shu jumladan, Zayd bin Sobit, Abdulloh bin Zubayr va Said bin Os qarorlari bilan yozildi». Kitobning boshqa tomonida hazrati Usmon Mus'hafni yozish uchun yiqqan boshqa sahobalarning nomlari bor edi. Mana shu sanada Makka Mus'hafi ham mavjud edi».
Samhudiyning «Xulosatul-vafo» kitoblarida, «654-hijriyda Masjidi Nabaviyda sodir bo‘lgan birinchi yong‘in paytida yonib ketgan narsalar ichida kitob va mus'haflar ham bor edi. Ba’zi bir narsalar va Usmon Mus'hafidan boshqa hech narsa omon qolmadi»,— deyiladi. Shunga binoan Usmon Mus'hafi shu sanada Madinada mavjud edi, keyinchalik qayoqqa ketgani ma’lum emas. Ba’zi bir zamondoshlarimiz: «U to turklar Madinadan 1334 yilda chiqib ketgunlaricha mavjud edi. Ehtimol, Ostona (Konstantinopol)ga olib ketilgan bo‘lsa kerak»,− deydilar.(«Tarixul-Qur’on» kitobi)
Bosh Mus'haf
Hazrati Usmonning o‘zlariga xos bo‘lgan Mus'hafga keladigan bo‘lsak, u to‘g‘rida Shotibiy Molikdan shunday rivoyat qiladilar: «Mazkur Mus'haf g‘oyb bo‘lgan, u to‘g‘rida mashoyixlardan hech bir xabar ololmadik».
Ibn Qutayba: «Usmon (roziyallohu anhu) tilovat qilib turib, tepasida shahid bo‘lgan Mus'haf, keyinchalik o‘g‘illari Xolidda edi, undan so‘ng uning avlodlariga qoldi, ular esa birin-ketin olamdan o‘tib ketdilar. Shomning ba’zi mashoyixlari, Mus'haf Tus zaminida, deydilar», − deb xabar beradi.
Umar Rizo hazratlari «Qur’on nima?» nomli kitoblarida shunday yozadilar: «Bir rivoyatda, Usmon (roziyallohu anhu)ning xos Mus'haflari umaviylar qo‘lida edi, deyilgan. Umaviylar Andalusga hijrat qilganlarida uni o‘zlari bilan olib ketgan edilar. Andalusda musulmonlar davlati ag‘darilgandan keyin Mus'haf Fos (Mag‘rib)ga olib kelingan».
Ibn Batutaning aytishicha, VIII hijriy asrda u Fosda mavjud edi va unda qon dog‘lari bo‘lgan.
Samhudiy Madina Mus'hafining Usmon Mus'hafi emasligi to‘g‘risidagi rivoyatning sharhida shunday degan: «Mutaqaddim (avvalgi avlod)larning hech biri u to‘g‘rida zikr qilganini ko‘rmadim, ularning rivoyatlari o‘sha paytda Mus'hafning masjidda bo‘lmaganini taqozo qiladi. Hatto mutaaxxir (keyingi avlod)lardan birinchi bo‘lib tarixni yozgan Ibn Najjor asarlarida ham u to‘g‘rida zikr qilinganini ko‘rmadik».
Barzanjiy hazratlarining «Nuzhatun-nozirin» kitobidagi «Madina tarixi» bobida shunday deyiladi: Hozirgi kunda Madinada mavjud bo‘lgan Mus'hafni sayyidino Usmonga nisbat qilinganini, Al-Matariy va undan keyingilarning Masjidi Nabaviyning o‘rtasida bo‘lgan qubbaning birinchi yong‘indan omon qolganligi to‘g‘risidagi rivoyatdan boshqa rivoyatlarda uchratmadim».
Shom Mus'hafi
Ibn Kasir o‘zining «Fazoilul-Qur’on» kitobida (49-bet) «Bugungi kunda Usmon Mus'haflarining eng mashhuri Shomdagi Damashq jome’ining sharq tomonidagi xonada saqlanayotgan Mus'hafdur. U qadimda Tabariyya (Tiveriada) shahrida edi, so‘ngra taqriban 518-yilda Damashqqa olib kelingan. Men uni ravshan siyoh va chiroyli husni xat bilan teriga yozilgan katta, ulug‘ kitob ekanligini ko‘rdim. Bu tuya terisi bo‘lsa kerak, vallohu a’lam», − deb yozadi.
Mavlono Shibli Nu’moniy o‘zining «Tahzibul-axloq» kitobida shunday deydi: «Abul-Qosim Sabtiy Shom Mus'hafini 657-yilda umaviylar jome’ining xonasida ko‘rgan. Shuningdek, Ibni Abdulmalik uni 725-yilda ko‘rgan edi».
Ba’zi tadqiqotchilar bu (shomiy) Mus'haf bir qancha muddat Peterburgda Rusiya podshohlari qo‘lida bo‘lib, so‘ngra Angliyaga olib ketilgan, keyingi taqdiri nima bo‘lganini hech kim bilmaydi, degan fikrga moyillik bildiradilar. Kimki qo‘lyozma mus'haflar va ular haqida biror manba’ga ega bo‘lgan kutubxonalar to‘g‘risida chuqurroq ma’lumot olmoqchi bo‘lsalar, Shufan kitobining 10-jildiga murojaat qilsin.(Professor Subhi Solih. «Mubohasot fi ulumil-Qur’on» (Qur’on ilmlari to‘g‘risida bahslar), 103-bet.)
Basra Mus'hafi
Ibn Batutaning sayohati to‘g‘risidagi kitobda Basra shahri haqida shunday satrlar bor: «Basra shahrida Ali ibn Abu Tolib masjidi bor. Bir paytlar u shahar o‘rtasida bo‘lib, hozirda markazdan ikki mil (1 mil-750 metr) uzoqlikdadir. Unda jum’a namozlari o‘qiladi va ikki jum’a orasida yopiq bo‘ladi. Mazkur masjidda Usmon (roziyallohu anhu) tilovat chog‘ida qatl etilganlarida qonlari tomgan Mus'haf saqlanadi».
Shahobuddin Marjoniy-Qozoniy hazratlari, qiroatlar xususida tasnif qilganlarning birinchisi Abu Ubayd Qosim bin Sallom Bag‘dodiydur, ikkinchisi Ahmad bin Jubayr Kufiy, deydilar. Qiroatlar xususida har bir yurtdan bittadan imomni sanab beshtaga yetkazganlar. Bular aniqlangan Mus'haflar soniga muvofiqdur, chunki boshqa ikki Mus'haf to‘g‘risida hech qanday xabar eshitilmagan.(«Vafiyya»ning muqaddimasi, 2-bet.)
Qohiradagi Usmon Mus'hafi
Qohiradagi «Sayyiduno Husayn» masjidida ikkita qadimiy mus'haf bor. Ulardan biri sayyiduno Usmon (roziyallohu anhu) va ikkinchisi sayyiduno Ali (roziyallohu anhu)ga tegishli deb hisoblanadi. Barzanjiy aytadilar: «Qohiradagi Mus'hafda xuddi hozirgi kunda Madinai munavvarada mavjud bo‘lgan Mus'hafdagi kabi «fasayakfikahumulloh» oyatining ustida qon izlari bor. Makkadagi Mus'hafda ham shunday. Bundan kelib chiqadiki, kimdir ataylab, mazkur oyat ustiga, Bosh Mus'hafga o‘xshatish maqsadida, qon izlarini tushirgan. Vaholanki, hazrati Usmon qonlarining izi faqat bitta Mus'hafda bo‘lgan. Ehtimol, bular Ibn Jubayr rivoyatida aytilgan, hazrati Usmon har xil yurtlarga jo‘natgan Mus'haflarning ba’zilari bo‘lsa kerak».
Shuningdek, Berlin muzeyida ham bir qadimiy mus'haf bor, yana biri Turkiyada mavjud. Mag‘rib podshohlari yurishlarda hazrati Usmon Mus'haflarini qo‘shindagi birinchi tuyaga yuklab qo‘yar edilar.(«Nafxut-tiyab», 1-jild, 263 -bet.)
Ba’zi sharqshunos olimlar bir qancha tarixiy rivoyatlarni to‘plaganlarki, ularni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Bu rivoyatlar qadimgi ulamolarning Mus'haflarni yoki ularning suralarini musulmon mamlakatlarda ko‘rganliklarini ta’kidlaydi. Mazkur sharqshunos olimlarning boshida professor Kazimirovni tilga olish mumkin. Ushbu rivoyatlardan biz Usmon Mus'haflaridan biri IV hijriy asrning boshlarida mavjud ekanligini bilib olamiz. («Mubohasot» 101-bet).
Shayx Ismoil Maxdumning
«Toshkentdagi Usmon Mus'hafining tarixi»nomli kitobidan