Bu – o'qi degani. Keyin, ilmini ziyoda etishligini so'rash marhamat qilingan. Ilm istash aslida mashaqqatli yumush. Mirzo Bedil uni poyonsiz ummonga o'xshatib, kimki suvning tubiga chuqur sho'ng'isagina marvarid terishi mumkinligini ta'kidlagan.
Shukrki, o'tmishimiz mana shunday benazir zotlarga boy. Tariximiz tarxida ro'y bergan ikkita renesans davri ana shuning yaqqol tasdig'idir. Olimu allomalarimiz fanning qaysi yo'nalishida mashg'ul bo'lishmasin dunyoga dovruq taratganlar. “Ustoz ul-arab val-ajam” – Mahmud Zamaxshariy arablarga arab tilini o'rgatgan olim sifatida musulmon sharqida mashhur. Imom Buxoriyning “Al-Jomi' as-sahih" asari Qur'oni karimdan keyin turguvchi muhim manbaa sifatida talqin qilinadi. Ahmad Farg'oniy Nil daryosining sathini belgilovchi asbob yasab – nilometrga asos solgan, asarlari “Alfraganus” nomi bilan tarjima qilinib, Yevropaning bir qator universitetlarida darslik qo'llanma sifatida amalda bo'lgan. Ibn Sino – meditsina asoschisi, Abu Rayhon Beruniy bobomiz esa Hristofor Kolumbdan bir necha asr muqaddam ulkan ummon ortida quruqlik borligini bashorat qilib – Amerika zaminini ochgan. Amir Temur Sohibqironga farangistonda Yevropaning xaloskori sifatida tilladan haykal qo'yishgan bo'lsa, Ulug'bek Mirzoning dahosi va betakror zakosi butun dunyoga falakiyot ilmidan hozirga qadar saboq berib keladi...
Bu ma'lumotlar burun ham ko'p bor aytilgan, ma'rifiy maqolalar va ilmiy tadqiqotlar mavzusi bo'lib kelgan. Biroq, u xuddiki marvarid donalari kabi tarqoq, bir ipga tizilmagandi. Shuning uchun ham na munosib ziynat va na asliga muvofiq qiymat kasb etardi.
Prezidentimizning buyuk xizmatlari shundan iboratki, poytaxtimizning Hastimom mavzeida qurilayotgan islom madaniyati markazini xalqaro Islom tsivilizatsiyasi markazi sifati nomlash taklifini bildirdilar. Qurilish ko'lami ham ham, faoliyat turi ham shunga muvofiq kengaydi. Ulug'vor o'tmishimizga aloqador barcha osori atiqalar, arxeologik topilmalar, ulug' ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan qo'lyozma va toshbosma asarlarni to'plash, ilmiy-tadqiqot ishlarini yo'lga qo'yish, bugungi kunda shu borada yaratilgan yozma va audiovizul asarlar fondini yaratish masalasiga jiddiy e'tibor qaratdilar.
Markazda arxiv fondi, ta'mirlash ustaxonalari, nashri ishlari olib boriladi. Respublikamiz va xorijlik mutaxassislarning ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug'ullanishlari uchun qulay shart-sharoit yaratiladi. Binobarin, 813 yili al Mamun tomonidan Bog'dodda asos solingan “Bayt ul hikma”, 1004 yili Urganch shahrida xorazimshoh Ali ibn Ma'mun tomonidan tashkil etilgan Akademiya ham bebaho biroq tarqoq toshlarni bir ipga tizish tadoriga bilan boshlangan edi.
Markaz binosi markazidan Usmon mushafining o'rin olishi esa ilmu irfon borasida ulug' ajdodlarimiz qo'lga kiritilgan barcha yutuq va natijalar islom ta'limotiga tayanib erishilganiga ishora. Bu esa islom dini ma'rifatga molik ta'limot ekaniga berilgan yana bir yuksak baho bo'lishi barobarida, qaysi bir sohada bo'lmasin “Bismilloh” bilan boshlangan ish barorli bo'lishiga eslatma hamdir. Muhimi, bu g'oya milatimizni uyg'onishga undaydi. O'sib kelayotgan yosh avlodda ilmga ishtiyoq paydo qiladi. Parvozga shaylaydi. Zotan, muborak hadislarda “Ilm istash har bir muslimu muslima uchun farz” ekani marhamat qilingan.
Zayniddin Eshonqulov,
Samarqand viloyat bosh imom xatibi
Jakarta shahridagi Sharif Hidoyatullah universiteti hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida nufuzli xalqaro anjuman tashkil etildi.
Mazkur anjumanda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari D.Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Obidjon Qodirov ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning boy ma’naviy merosi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Indoneziya o‘zining diniy bag‘rikengligi, ilmiy salohiyati va madaniy xilma-xilligi misollarda ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, Indoneziya Din ishlari vazirligi vakili, doktor A.Salim:
"Islom ilmi birgina jumla orqali cheksiz ma’nolarni ochib bera oladi. Bu uning hayotiyligi va doimo rivojlanib borishidagi kuchidir," – deya ta’kidladi.
Shuningdek, anjumanda Indoneziya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi tarixiy rishtalar, jumladan, Prezident Sokarnoning Imom Buxoriy maqbarasini qayta kashf etishdagi roli, Valisongo orqali islomning tarqalishi kabi mavzular keng yoritildi.