2022 yilning mart oyida Qorachoy-Cherkasiyada 5 ming kishiga mo'ljallangan jome' masjidning tantanali ochilishi rejalashtirilgan. Bu haqda respublika rahbari Rashid Temrezov viloyat aholisi bilan jonli efir vaqtida ma'lum qildi.
"Biz aynan bir yildan keyin – 2022 yilning 1 martida – Cherkessk shahrida respublika masjidining ochilishini rejalashtirganmiz", - deya gubernatorning so'zlarini keltiradi Interfaks.
Bo'lajak musulmon inshootining poydevori 2007 yilning noyabr' oyida qo'yilgan bo'lib, binoning faol qurilishi 2011 yilning aprel' oyida boshlangan edi. Masjid Vizantiya uslubida qurilgan bo'lib, har biri 52 metr balandlikdagi to'rtta minoralar bilan bezatilgan.
Islam-today xabariga ko'ra, bugungi kunda respublika jome' masjidining maydoni 4,2 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bino 5 ming kishiga mo'ljallangan bo'lib, masjid hovlisida ham ado etiladigan bayram namozlarida 10 mingdan ortiq namozxonlarni o'z bag'riga sig'dira oladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV