Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Noyabr, 2026   |   22 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:35
Quyosh
06:55
Peshin
12:12
Asr
15:36
Shom
17:20
Xufton
18:35
Bismillah
02 Noyabr, 2026, 22 Jumadul avval, 1448

O‘zbekiston xalqiga Ramazon tabrigi

19.02.2026   33295   4 min.
O‘zbekiston xalqiga Ramazon tabrigi

Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni, butun xalqimizni yurtimizga mehr-oqibat, xayru saxovat va shukronalik timsoli bo‘lgan muqaddas Ramazon oyining kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Albatta, ushbu qutlug‘ ayyomda barchamizni Ramazoni sharifga mana shunday sog‘-omon, birlik va hamjihatlikda yetkazgani uchun Parvardigori olamga cheksiz shukronalar aytamiz.

El-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutadigan, insonni ezgu va savob ishlarga da’vat etadigan ushbu oyni munosib tarzda o‘tkazish maqsadida bu yil ham mamlakatimizda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahalla va uy-joylar, masjid va madrasalarni obod qilish, keksa, nogiron va yordamga muhtoj shaxslarning holidan xabar olish, qo‘shnilar, yaqin qarindoshlarga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ibodat va iftor marosimlarini tartibli o‘tkazishga xonadon va mahalla ahllari, jamoatchilik vakillari tarafidan alohida ahamiyat berilmoqda.

Bularning barchasi bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini, insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilishi tabiiy, albatta.

Ramazon oyining ulug‘ fazilatlari, axloqiy-ma’naviy ahamiyati aynan ana shunday olijanob ishlarda yaqqol namoyon bo‘ladi, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Bu haqda so‘z yuritganda, keyingi yillarda inson qadrini, har bir fuqaroning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy adolat O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, shu asosda amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz xalqimiz hayotini tubdan o‘zgartirayotganini ta’kidlash o‘rinlidir.

Joriy yilni mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilganimiz va bu borada tegishli amaliy ishlarni boshlab yuborganimiz zamirida ham ana shunday buyuk intilishlar mujassamdir.

Jamiyatni yuksaltirish asosi mahalladir. Chunki mahallada o‘sish va o‘zgarish bo‘lsa, butun jamiyat rivojlanadi. Mahallalarimizning yutug‘i va farovonligi pirovard natijada butun jamiyatning yutug‘i va farovonligi sifatida namoyon bo‘ladi.

Aziz do‘stlar!

Qutlug‘ zaminimiz uzra Alloh taoloning marhamati yog‘ilib turgan mana shunday saodatli kunlarda ajdodlar xotirasini, ularning
ezgu ishlari, xayrli amallarini eslash va davom ettirish barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda islom dini va madaniyati ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning muqaddas qadamjolarini obod qilish, ilmiy merosini tiklash va o‘rganish, xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz o‘rtasida targ‘ib etish bo‘yicha ko‘pgina ishlarni amalga oshirayotganimiz sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.

Ulug‘ ajdodlarimizning shonli an’analariga sadoqat bilan yashab kelayotgan xalqimizning azmu shijoati bilan noyob me’moriy loyihalar asosida Toshkent shahrida – Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda esa buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy majmuasini bunyod etish ishlari yakuniga yetkazilganini faxr bilan aytib o‘tmoqchiman.

Ramazoni sharif kunlarida muhtaram ulamolarimiz, ilm-fan va ijod ahli, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ana shu tabarruk maskanlarda buyuk aziz-avliyo va allomalarimiz xotirasiga ehson dasturxonlari yozib, bu muqaddas ziyoratgohlar eshiklarini xalqimiz uchun keng ochishni reja qilganmiz va bu ishlarni albatta amalga oshiramiz.

Afsuski, hozirgi vaqtda jahonning turli mintaqalarida urush va janjallar davom etmoqda. Pok niyatlar qabul bo‘ladigan ushbu muborak ayyomda nizo va adovatlar barham topib, tinchlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik aloqalari qaror topishini chin dildan istab qolamiz.

Fursatdan foydalanib, uzoq va yaqin mamlakatlardagi vatandoshlarimizga, butun musulmon ummatiga ham samimiy tabrik va tilaklarimizni yo‘llaymiz.

Muhtaram yurtdoshlar!

Sizlarni ezgulik, mehr-muruvvat va baraka oyi – mohi Ramazonning boshlanishi bilan yana bir bor tabriklayman.

Ushbu shukuhli kunlarda barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.

Ro‘za kunlarida qilinadigan barcha ibodatlar, ezgu niyat va amallar ijobat bo‘lsin!

Xalqimizni, Vatanimizni Yaratganning o‘zi panohida asrasin!

Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

55 yillik ilmiy maktab: Toshkentda islom ta’limining tarixi va kelajagi muhokama qilindi

30.10.2026   104892   5 min.
55 yillik ilmiy maktab: Toshkentda islom ta’limining tarixi va kelajagi muhokama qilindi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 55 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi, xabar bermoqda iccu.uz.

«Dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalar» mavzusida o‘tkazilgan respublika ilmiy-amaliy anjumanida ma’lum qilinishicha, 2017 yildan buyon 5300 dan ortiq «xatmul kutub» (muayyan diniy-ilmiy asarni ustoz rahbarligida boshidan oxirigacha o‘qish, uning mazmunini o‘rganish va sharhlash) amalga oshirilgan, klassik islomiy manbalarni to‘liq o‘qish va ijoza berish an’analari qayta tiklangan, hanafiy fiqhi bo‘yicha magistratura yo‘nalishi tashkil etilgan.

Shuningdek, anjumanda diniy ta’lim tizimidagi ushbu natijalar ma’lum qilinib, zamonaviy aqidaviy va fiqhiy masalalarga ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqish, tadqiqotlarni kengaytirish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash istiqbollari muhokama qilindi.

Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Islom sivilizatsiyasi markazi va xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, ulamolar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar hamda imom-xatiblar ishtirok etdi.

Anjumanning yalpi majlisida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, «Muftiy Boboxonovlar» jamg‘armasi direktori Jamoliddin Boboxonov va boshqalar ma’ruza qildi.

Notiqlar institutning tashkil topish tarixi, diniy ta’lim rivojiga qo‘shgan hissasi, ushbu dargohda faoliyat yuritgan ulamolarning ilmiy merosi hamda mutaxassislar tayyorlash tajribasiga to‘xtaldi.

«5300 dan ortiq xatmul kutub amalga oshirildi»

Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov muassasaning yarim asrdan ortiq faoliyati davomida shakllangan ta’lim an’analari va so‘nggi yillarda joriy etilgan ilmiy yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi.

«2017 yildan boshlab qadimiy an’analarimiz, madrasalarimizning ta’lim berish usullari orqali mo‘tabar ustozlarimiz va allomalarimizning kitoblarini o‘qitish, “Sahih al-Buxoriy”, “Sunan at-Termiziy”, Imom Moturidiyning kitoblari, Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya”si va boshqa asosiy islom ilmlari manbalarini to‘liq o‘qish, xatmul kutub va yakunda ijoza berish tizimi qayta tiklandi. Bugungi kunga qadar 5300 dan ortiq xatmul kutub amalga oshirildi», — dedi Uyg‘un G‘afurov.

Rektor institutda hanafiy fiqhi bo‘yicha magistratura tashkil etilgani, moturidiylik aqidasi, tafsir va hadis ilmlari yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlanayotganini ham qayd etdi.

Kelgusida ushbu yo‘nalishlarda doktorantura tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu esa klassik islomiy ilmlarni chuqur tadqiq qilish va ilmiy kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Murakkab tarixiy sharoitda shakllangan ilmiy dargoh

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bosh ilmiy xodimi Zohidulla Munavvarov Toshkent islom institutining tashkil topish sharoiti va diniy ta’lim tarixidagi o‘rniga e’tibor qaratdi.

Olimning ta’kidlashicha, institut murakkab tarixiy davrda faoliyat boshlagan bo‘lsa-da, nafaqat O‘zbekiston, balki sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi musulmon jamoalari uchun diniy mutaxassislar tayyorlashda muhim vazifani bajargan.

«Shunga qaramasdan, institut yarim asr davomida minglab ham diniy ilmlarni yaxshi biladigan, ham bugungi tushunchadagi akademik tahsil olgan, ya’ni diniy va dunyoviy bilimlarni o‘zaro uyg‘unlashtirgan ko‘p sonli mutaxassislar tayyorladi. Ular siyosiy-ijtimoiy barqarorlik, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi jarayonlarga o‘zining hayotbaxsh, bunyodkor ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda. Mamlakatda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar institutning ilmiy va ta’limiy imkoniyatlarini kengaytirmoqda, ayni paytda mutaxassislar tayyorlash borasidagi mas’uliyatini ham oshirmoqda», — dedi Zohidulla Munavvarov.

Zamonaviy aqidaviy masalalarga ilmiy yondashuv

Anjumanning ilmiy dasturi ikki sho‘ba doirasida davom etdi.

«Dolzarb aqidaviy masalalar va ularning ilmiy yechimlari» mavzusidagi birinchi sho‘bada Saidafzal Saydjalolov, Abdulaziz Yaxshilikov, Davronbek Abduqodirov va Botirjon Abdullayev ma’ruzalar bilan qatnashdi.

Muhokamalarda sunniylik manbalarida raddiyaga oid qarashlar, zamonaviy e’tiqodiy masalalar hamda Abu Rayhon Beruniyning ilmiy merosida aks etgan diniy qarashlarga oid tadqiqotlar taqdim etildi.

Ma’ruzachilar tarixiy diniy manbalarni ilmiy asosda o‘rganish, ulardagi qarashlarni tadqiq etish va bugungi kunda yuzaga kelayotgan e’tiqodiy masalalarni tahlil qilishning ahamiyatiga to‘xtaldi.

Fiqhiy masalalar: an’anaviy manbalar va amaliy yechimlar

«Zamonaviy fiqhiy masalalar: yangi muammolar va amaliy yechimlar» deb nomlangan ikkinchi sho‘bada Abduvohid Ahmadaliyev, Muhammadmuso Nabijonov, Alijon Ravshanov, Abdulahad Sodiqov, Akmaljon G‘aniyev, Soyibjon Jo‘rayev, Xurshida Usmanova, Sanjar Berdiyev va Sirojiddin Shodmonov o‘z tadqiqotlarini taqdim etdi.

Unda hanafiy mazhabi ulamolarining fiqhiy yondashuvlari, Qur’on va sunnatni talqin qilish masalalari hamda zamonaviy hayotda yuzaga kelayotgan fiqhiy muammolar muhokama qilindi.

Ishtirokchilar an’anaviy manbalarni chuqur tahlil qilish, ilmiy asoslangan xulosalar ishlab chiqish va diniy ta’limda tadqiqot natijalaridan samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Ilmiy tavsiyalar va maxsus to‘plam tayyorlanadi

Anjumanning yakuniy qismida Toshkent islom institutining 55 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan maqolalar tanlovi g‘oliblari hamda Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida tashkil etilgan IV xalqaro olimpiadada sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan talabalar taqdirlandi.

Anjuman yakunida dolzarb aqidaviy va zamonaviy fiqhiy masalalar yuzasidan ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish hamda saralangan maqolalarni maxsus ilmiy to‘plam shaklida nashr etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 55 yilligiga bag‘ishlangan anjuman diniy ta’limning tarixiy tajribasini sarhisob qilish bilan birga, klassik islomiy manbalarni chuqur tadqiq etish, zamonaviy aqidaviy va fiqhiy masalalarni ilmiy o‘rganish hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash istiqbollarini belgilashga xizmat qildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari