Habar berganimizdek, bugun Toshkent shahrida yangidan qurib bitkazilgan “Siroj solih” jome masjidining ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmoxon Alimov, Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi Abdug'ofur Ahmedov, ulamolar va namozxonlar ishtirok etdi.

2000 metr kvadrat maydonida qurilgan masjid loyihasi o'ziga xosligi, milliy va zamonaviy masjidlarning uslublarini o'zida aks ettirgani bilan boshqa jomelardan ajralib turadi. Honaqoh va pastki qism jami 4000 namozxonni sig'dirishga mo'ljallangan. Shuningdek, ayollar uchun alohida tahoratxona va namozxona o'rin olgan.

Masjid loyihasini “Etalon Projest” muassasasi ishlab chiqqan bo'lib, eklektika uslubida, ya'ni, milliy va zamonaviy uslublarning o'zaro uyg'unligi asosida barpo etilgan.


Asosiy xonaqoh erto'la qismi bilan hisoblanganda uch qavatdan iborat bo'lib, namozxonlar yilning har bir faslida yuqori darajadagi shart-sharoitlarni taqdim eta oladi. Minoralar “Harami sharif” minoralarini eslatib yuboradi. Shuningdek, anjumanlar zali, veb-sayt faoliyati uchun alohida videostudiya masjid tarkibidan o'rin olgan.


Tadbir davomida Muftiy hazratlari masjid jamoasini muborakbod etdilar, diniy-ma'rifiy sohadagi so'ngi yangiliklar bilan o'rtoqlashdilar, shuningdek, tadbir davomida Qur'on tilovot qilinib xayrli duolar qilindi.

Eslatib o'tamiz, 2019 yilning 29 may kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Toshkent shahri Olmazor tumani “Siroj Solih” jome masjidi yangi binosining birinchi g'ishtini qo'yib bergan edilar.
Ma'lumot uchun, Toshkent shahrining Qora-qamish mavzesidagi “Siroj solih” jome masjidi 1990 yillarda sobiq sho'rolar davridagi qatag'on siyosati oqibatida o'z yurtidan chiqib ketishga majbur bo'lgan Sirojiddin Solih ismli vatandoshimiz vasiyatiga binoan u kishining mablag'lari hisobidan qurilgan.
Mustaqillik yillaridan to 1996 yilgacha mahalliy masjid bo'lgan, 1996 yildan boshlab jome maqomida faoliyatini boshlagan. 2009 yilda masjid ta'mirlangan.
Keyingi paytda masjid jamoati sezilarli darajada ortib, xonaqoh torlik qilayotgan, binosi ta'mirtalab holga kelib qolgan edi. Shu bois mahalla ahli ezgu niyat bilan masjidni qayta qurish taklifini ilgari surishdi. Ushbu xayrli tashabbus mutasaddi tashkilotlar tomonidan qo'llab-quvvatlangach, 2019 yilning yanvar' oyida masjidda qayta qurish ishlari boshlab yuborildi.
Alloh taolo ushbu masjidni xalqimizga muborak qilsin, yana shu kabi ko'plab jomelar qurilishini nasib aylasin!
O'zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq va samimiy muloqotlar fuqarolarning muammolarini bartaraf etishda muhim omil bo‘lmoqda. Har bir murojaatga alohida e’tibor qaratilishi natijasida ko‘plab masalalar joyida va ijobiy hal etilmoqda.
Xususan, bugun, 4 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi. Muloqot davomida imom-xatiblar faoliyati, haj va umra ziyoratlari, diniy ta’lim tizimi, oilaviy munosabatlar hamda ijtimoiy ko‘makka oid murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Qabulda oilaviy masalalar yuzasidan kelganlarga shar’iy yechimlar va zarur maslahatlar berilgan bo‘lsa, moddiy yordam so‘ragan fuqarolarga belgilangan tartibda amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan yurtdoshlarimiz Diniy idora rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qilishdi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi", deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Shu kabi qabul jarayonlari har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining barcha hududiy vakilliklari va jome masjidlarida imom-domlalar tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati