Bugun, 29 may – Ramazon oyining fayzli kunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Toshkent shahri Olmazor tumani “Siroj Solih” jome masjidining yangidan barpo etilayotgan binosining birinchi g‘ishtini qo‘yib berish uchun tashrif buyurdilar. Jome masjid poydevoriga tamal toshini qo‘yish jarayonida muftiy hazratlari ushbu masjid mo‘min-musulmonlar uchun ziyo va hidoyat tarqatuvchi, yoshlar ma’rifati yuksalishida hissa qo‘shadigan dargoh bo‘lishini tilab, duoi xayrlar qildilar.
Toshkent shahrining Qora-qamish mavzesidagi “Siroj solih” jome masjidi 1990 yillarda Sobiq sho‘rolar davridagi qatag‘on siyosati oqibatida o‘z yurtidan chiqib ketishga majbur bo‘lgan Sirojiddin Solih ismli vatandoshimizning vasiyatiga ko‘ra, u kishining mablag‘lari hisobidan qurilgan.
Qariyb 30 yil mobaynida masjid ta’mirtalab holga kelib qoldi. Qolaversa, oxirgi paytlarda masjid jamoati sezilarli darajada ortib, xonaqoh torlik qilayotgan edi. Mahalla ahli ezgu niyat bilan masjidni qayta qurish taklifini ilgari surishdi. Ushbu xayrli tashabbus mutasaddi tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangach shu yilning yanvar oyida masjidda qayta qurish ishlari boshlab yuborildi.
2000 metr kvadrat maydonida quriladigan masjid loyihasi o‘ziga xosligi, milliy hamda zamonaviy masjidlarning uslublarini o‘zida aks ettirganligi bilan ajralib turadi. Xonaqoh va pastki qism jami 3500 namozxonni sig‘dirishga mo‘ljallangan. Shuningdek, ayollar uchun alohida tahoratxona va namozxona o‘rin olishi rejalashtirilgan.
Tadbirda ulamolar, mahalla faollari, mo‘ysafid otaxonlar va keng jamoatchilik vakillari ham ishtirok etishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا الحسن بن علي بن عفان العامري نا أبو أسامة عن الأعمش عن شقيق قال: كنت جالسا مع عبد الله وأبي موسى وهما يتحدثان فقالا: قال رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم: ”إن بين يدي الساعة أياما يرفع فيهن العلم وينزل فيهن الجهل ويظهر فيهن الهرج والهرج: القتل.“
Shaqiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Abdulloh va Abu Muso bilan birga o‘tirgan edim, ular gaplashayotgan edilar, bunday deyishdi: Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Qiyomat oldidan shunday kunlar bo‘ladiki, unda ilm ko‘tarilib, jaholat yog‘iladi, harj zohir bo‘ladi, harj – qatldir”, deganlar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi