Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Mart, 2026   |   13 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:38
Quyosh
06:56
Peshin
12:40
Asr
16:30
Shom
18:19
Xufton
19:30
Bismillah
02 Mart, 2026, 13 Ramazon, 1447

“Biz yoningizdamiz” – o'zbek migrantlariga yordam beruvchi telegram bot

03.03.2021   3034   6 min.
“Biz yoningizdamiz” – o'zbek migrantlariga yordam beruvchi telegram bot

O'tgan yilning sentyabr oyida Jizzax viloyatidagi “Qalb nuri” markazi “COVID-19” pandemiyasi davrida migrantlar hamda ularning oilalariga huquqiy, psixologik, migratsiya va bandlik masalalarida axborot, maslahat berishga qaratilgan “Biz yoningizdamiz” ijtimoiy loyihasi bilan Yevropa ittifoqining 20 ming evro miqdoridagi grantiga sazovor bo'lgandi. Loyiha doirasida o'zbek migrantlari, ularning oilalariga huquqiy, psixologik hamda migratsiya va bandlik masalalari bo'yicha axborot, maslahat beruvchi telegram bot hamda kanal (https://t.me/mehnatmigrantlari) ishga tushirildi.

“Loyihaning o'ziga xosligi shundaki, o'zbek tilida yuritiladigan telegram bot yordamida nafaqat Jizzax viloyati, balki mamlakatimizning barcha hududlari qamrab olinadi. Chunki ayni paytda O'zbekistonning 20 million aholisi internetdan foydalanmoqda. Ularning 19 millioni telegram messenjerdan foydalanadi. Bu deyarli barcha maqsadli auditoriyani qamrab olish imkonini beradi. Foydalanuvchi bot orqali o'ziga noma'lum aloqa ma'lumotlarini yuborishi va tez yordam olish uchun joylashuvini bosishi mumkin. Bundan tashqari, mavzu bo'yicha yangiliklar va foydali ma'lumotlarni nashr etish va foydalanuvchilar o'rtasida muhokama qilish uchun telegram-kanali ishga tushirilishi rejalashtirilgan”, – deydi loyiha rahbari, “Qalb nuri” markazi direktori Nodira Alimova.

Loyiha doirasida 2020 yilning 1 oktyabridan “Mehnat migrantlari/Biz yoningizdamiz” telegram-kanali ham ishga tushirilgan.

Telegram bot esa 2020 yilning dekabr oyida ishga tushirildi. Mazkur bot orqali migrantlar va ularning oilalari hamda aholininig turli qatlamlari pandemiya davrida koronavirus haqida, unga qarshi kurashdagi ijtimoiy axborotlar to'g'risida, shuningdek, foydalanuvchilarning psixolog, yurist maslahatlari va bandlikka oid zarur ma'lumotlar bilan ta'minlanishlariga erishilmoqda.

Bundan tashqari, respublika miqyosida jabrlangan fuqarolarni reabilitatsiya va adaptatsiya qilish markazlarining “Ishonch telefonlari”, O'zbekiston Respublikasining xorijdagi elchixonalari telefonlari, sog'liqni saqlash, bandlik va mehnat munosabatlari tashkilotlarining telefon manzillari ham kiritilgan.

“Telegram-kanal orqali migrantlarga yordam berilishiga to'g'risi, ishonmagandim, – deydi Rossiya Federatsiyasida oilasi bilan og'ir ahvolga tushib qolganda beg'araz yordam bilan uyiga olib kelingan hamyurtimiz D.R. – Oilada kenja farzandman. Shu bois, ota-onam ra'yimga hech qachon qarshi chiqishmagan. 2015 yili uydagilarimning qarshiligiga qaramasdan, Rossiyaga ishga ketishga qaror qildim.

Sankt-Peterburgda, maktabda yaxshi o'qiganim, rus tilini o'zlashtirganim menga qo'l keldi. Tezda daromadli ish ham topdim. Dastlab avtomashina ehtiyot qismlarini yig'ish zavodida, keyinchalik televizor yig'ish korxonasida ishladim. Ota-onamning roziligi bilan 2019 yilda oila qurdim. Turmush o'rtog'im homilador bo'lib, baxtli kunlarimiz boshlangan bir vaqtda butun dunyoni tashvishga solgan koronavirus kasalligi tarqaldi va joylarda karantin e'lon qilindi. Shu tufayli biz ishlab turgan korxonada ham ish shtatlari qisqardi. Bunday paytda, eng avvalo, chetdan kelib ishlayotgan biz, muhojirlar ishdan bo'shatildik.

Bu orada turmush o'rtog'im homilador emasmi, sog'lig'i zaiflashdi. Uyga qaytaylik desak, yo'llar yopiq. Men esa tayinli ish topolmaganimdan har kuni yollanib, bir martalik ish qilishga majbur bo'lib qoldim. Avgust oyiga kelib farzandimiz tug'ildi. Endi bir tashvishim ikki barobarga ortdi. Farzandimga tug'ilganlik to'g'risida Rossiya Federatsiyasidan ma'lumotnoma oldik, ammo tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnomasi yo'q edi. Ana-mana deguncha, kuz kelib, kunlar sovib ketdi. Bu orada xotinim va farzandim betoblanib, shifoxonaga tushib qolishdi. Men nima qilishni, kimdan yordam so'rashni bilmay qoldim.

O'zbekistonda karantin choralari yumshatilib, yo'llar ochildi, biroq biz farzandimning hujjati yo'qligi sababli uyga qaytolmasdik, o'zim ketay desam, oilamni tashlab ketolmadim. Hullas, boshi berk ko'chaga kirib qoldim. Yashash, eb-ichishimiz ham tobora og'irlasha boshladi. Bir kuni telegram-kanallar orqali ish izlayotib, “Biz yoningizdamiz” loyihasi amalga oshirilayotgani, telegram-kanali va bot yaratilgani, unda o'zbek mehnat migrantlariga yordam berilishi haqidagi e'longa ko'zim tushdi. Avvaliga ishonmadim, keyin yordam so'rab ko'ray, mendan nima ketdi, dedim-da telegram-kanalning izohlar qoldirish joyiga hamda kanalni yuritayotgan loyiha ijrochilaridan biri, jurnalist Nargis Qosimovaning shaxsiy sahifasiga ahvolimni yozib yubordim.

Oradan ikki kun o'tar-o'tmay, menga O'zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiyadagi vakolatxonasidan qo'ng'iroq qilishdi. To'g'risi, men bunga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmay qoldim. Bizdan talab qilingan barcha hujjatlarimizni yubordik. Men bilan bog'langan xodimlar shirinso'z bo'lib, uzog'i bilan ikki hafta kutishimizni, hammasi yaxshi bo'lishini aytishdi. Keyin bildimki, Nargis opa ahvolim haqida O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining axborot xizmati rahbari Ortiqxo'ja Norovga xabar beribdi. O'z navbatida O.Norov zaruriy choralar ko'rilishi uchun murojaatni yo'naltirgan ekan.

Oradan aytilgan ikki hafta o'tib, bizga samolyot chiptalari, o'g'limga hujjat va boshqa safar xarajatlarining barchasi Halqaro migratsiya tashkiloti bilan birgalikda hal qilinganini aytishdi. Men o'zimda yo'q xursand edim. Uyda keksayib, sog'ligi yomonlashib qolgan ota-onamning xursandchiligini aytmaysizmi?!

Bizni sog'-salomat Vatanga olib kelishdi va uyimizgacha kuzatib qo'yishdi. Bizga ko'rsatilgan bunday beg'araz yordam uchun bu xayrli ishni boshida turgan barcha tashkilotlarga, mehrli insonlarga, xususan, “Biz yoningizdamiz” loyihasi ijrochilariga shaxsan o'zim va oila a'zolarim nomidan minnatdorlik bildiraman. Migrantlarga yordam beradigan telegram bot va kanali haqiqatan bor ekan va yordam berarkan. Bunday ijtimoiy loyihalar, tashabbuskor insonlar ko'payaversin”.

Aytish mumkinki, milliy va xalqaro qonunchilikka oid axborot, ma'lumot va yangiliklar, o'zbek migrantlariga yordam beruvchi tashkilotlar to'g'risida aynan ona tilida yuritiladigan “Biz yoningizdamiz” telegram bot va kanali nafaqat dunyoning turli joylarida bo'lgan o'zbek migrantlari va ularning oilalari uchun, balki tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bilan qiziquvchi barcha fuqarolar uchun hamisha yonlarida bo'lgan eng qulay dastyor, ishonchli hamroh va foydali maslahatchi bo'lib xizmat qilmoqda.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Hissiyotga emas, aqlga ergashing

27.02.2026   10212   2 min.
Hissiyotga emas, aqlga ergashing

Bugungi axborot asrida inson ongi va qalbi uchun kurash yangi bosqichga chiqdi. Ayniqsa, diniy qadriyatlarga hurmat kuchli bo‘lgan jamiyatlarda kishilarning muqaddas tuyg‘ularidan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, ya’ni manipulyatsiya holatlari tez-tez bo‘y ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar bunday ta’sir o‘tkazishning eng qulay maydoniga aylanib qoldi.

Diniy hissiyotlar orqali ommani junbushga keltiruvchilar, odatda, xolis tahlil va ilmiy asoslarga emas, balki insonning ehtiroslariga urg‘u beradilar. Ularning asosiy quroli emotsional chaqiriqlardir. Masalan, biror ijtimoiy muammoni diniy bo‘yoqlar bilan bo‘rttirish orqali odamlarda himoyalanish yoki agressiya instinktini uyg‘otishadi.

Bunday vaziyatda inson aql bilan fikrlashdan to‘xtaydi va o‘zi bilmagan holda fitnachilarning qo‘lidagi qurolga aylanadi. Vaholanki, Islom dini har bir xabarni tekshirishga va aql bilan ish tutishga chaqiradi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar...” (Hujurot surasi, 6-oyat).

Bugungi kunda yetarli ilmi bo‘lmay, ammo notiqlik mahorati bilan ommani ergashtirayotgan qatlam shakllandi. Ular ko‘pincha murakkab fiqhiy yoki aqidaviy masalalarni yuzaki va populistik tarzda talqin qiladilar. Buning natijasida jamiyatda ixtilof paydo bo‘ladi, ulamolarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otiladi.

Diniy hissiyotlarni suiiste’mol qilish jamiyatni ichdan yemiradi. Birinchidan, bu jarayon yoshlarni manipulyatsiya qiladi. Ikkinchidan, jamiyat muvozanatini buzishga qaratilgan xurujlarga yo‘l ochadi. Eng yomoni, bunday harakatlar dinning asl mohiyati tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat ekanini chetga surib, uni nizolar manbai sifatida ko‘rsatishga xizmat qiladi.

Bunday xavflarga qarshi eng samarali raddiya, bu savodxonlikdir. Har bir musulmon axborot gigiyenasiga amal qilishi, internetda eshitgan har qanday ta’sirli gapni mutlaq haqiqat deb qabul qilmasligi lozim.

Din najot va sakinat manbai bo‘lib, kimlarningdir g‘arazli yoki shaxsiy manfaatlari yo‘lida qo‘llaniladigan boshqaruv vositasi emas. Muqaddas tuyg‘ularimizni virtual firibgarlardan himoya qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir.

Shermuhammad Boltayev,

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo

masjidi imom-xatibi

MAQOLA